Baloga qolgan surnaychi

“Ozod domlaning beozor hazillari” turkumidan

 

Bundan bir necha yil ilgari Ozod domla bilan Fargʻonaning “Rapqon” sihatgohida bir necha mavsum oilaviy dam oldik. Fargʻonaliklarni bilasiz, mehmon bilan “bir choʻqim” osh ustida hangomalashmasa, koʻngli joyiga tushmaydi. Ustiga-ustak, domlaning shogirdlari koʻp. Xullas, har oqshom choyxona gurungi boʻladi. Ozod aka shaxmatni sport ustasi darajasida oʻynar edi. Koʻpincha oshxoʻrlik bilan “shaxmat jangi” qoʻshilib ketadi. Bir hafta ichida butun boshli sihatgohda Ozod aka bilan bellashadigan “mard” qolmadi.

Oradan ikki haftalar oʻtgach, bu “qoida” buzildi. Yoshi nari borsa oʻttizlardagi koʻrimsiz, pachaqqina yigit balo chiqib qoldi. Domla bilan baravar olishadi. Oʻzi oddiy shoʻpir ekan. “Jang” avjiga chiqqan shunday kunlardan birida Beshariqdan Abdugʻafur bilan Ilhomjon degan ukalarimiz, Qoʻqondan eski qadrdonimiz Oxunjon aka kelib qolishdi. Bir soʻrida osh qilayotgan mehmonlar bilan men, Ozod akaning kuyovi Fathullajon, narigisida domlaning oilasi Sharofat aya bilan mening ayolim oʻtirishibdi. Chekkaroqdagi soʻrida esa boyagi “pachoq” bilan domla shaxmat suryapti.

Xullas, osh damlandi. Ziyoratga kelgan yigitlar “domlani chaqiring, suhbatlarini olaylik”, deb imo qilishdi. Yaqin borsam, Ozod akaning peshonasi tirishgan. “Seytnot”ga tushganga oʻxshaydi. Birpas sabr qilib turdim-da, yotigʻi bilan xabar qildim:

– Osh damlandi, domla…

Ozod aka eshitdimi-yoʻqmi bilmayman. Shaxmatdan boshini koʻtarmadi. Oradan yana ancha fursat oʻtdi. Bu safar mehmonlardan biri yonimizga keldi.

– Domlajon, osh lanj boʻlib ketmasin.

Ozod aka “xoʻp” dedi-yu, qayrilib qaramadi. Nihoyat domlaning ayollari – Sharofat aya keldilar.

– Domlajon, mehmonlar Sizning suhbatingizni olishga kelgan. Kutib qolishdi.

Ozod aka umuman javob qilmadi. Fikri-zikri shaxmatda. Anavi surbet raqibi esa bamaylixotir iljayib oʻtiribdi.

Oradan tagʻin ancha fursat oʻtdi. Oxiri mening ayolim soʻriga yaqin keldi. Domlaga gapirishga jurʼat qilmadi, shekilli, menga shipshidi:

– Osh sovib qolyapti, adasi, mehmonlarning oldida noqulay boʻlyapti.

Xuddi shu payt anavi palakat “Shoh!” deb sipoh surdi. Domla shaxt bilan boshini koʻtarib menga chaqchaydi:

– Xotiningiz muncha koʻp gapiradi, a?! Boshqa xotin olsangiz boʻlmaydimi?!

“Isoning alami Musodan” degan gap qanchalik toʻgʻriligini oʻshanda bilganman…

Ozod akaning mehri ham, koyishi ham nihoyatda samimiy boʻlgani uchun shogirdlari uni chin dildan ardoqlar edik…

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/baloga-qolgan-surnaychi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x