Ishq atalur olamlarning mehvari…

Kakkujon

 

Navo qilding qaylardandir bir zamon,

Koʻngilginam boʻlib ketdi charogʻon!

Tilsimlarga toʻlib-ketdi qahkashon.

Men bir goʻdak, ovozingga qul boʻldim.

Seni izlab oʻrmonlarga yugurdim,

Topolmasdan gʻunchalarga termuldim,

Yigʻlab-yigʻlab dilsizlarga dil berdim…

Sensiz oʻzni gʻarib koʻrdim, tul koʻrdim…

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Navo qilding qaylardandir qay zamon…

 

Kimga saʼva, kimga toʻrgʻay, zogʻ habib…

Kimga chumchuq, kimga turna, andalib.

Toqqa chiqdim, gʻorga kirdim sargʻarib,

Nahot yoʻqmi koʻngil uchun bir tabib?

Shunday ezib oʻtadimi bir armon,

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

 

Tushunmadim shamollarning kuyini,

Koʻzlarimni ochirmadi quyuni…

Harom bildim tulkilarning toʻyini,

Shod qilmadi yoʻlbarslarning oʻyini…

Bir mard surud-tarona-ku mulki jon,

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

 

Ishq atalur olamlarning mehvari,

Odammi qush, qushmi odam sarvari?

Bu olamdan topolmagan dilbarim,

Ravzalarga yelajakman sarsari…

Qaylardasan, qaylardasan, kakkujon?

Navo qilding qaylardandir qay zamon…

 

* * *

Shudgorlangan dala, tuproq hidida

Meni mast qiladi yomgʻir yogʻishi.

Shudgorlangan dala qoldi chetida,

Bolaligim chopgan poklik tovushi.

 

Ketmonida oyning shuʼlasi yongan,

Dehqon otam yelkalagan xirgoyi.

Shudgorlangan dala, yomgʻirli tongdan

Hamon eshitilar, hamondir qoyim.

 

Shudgorlangan dala, endi chetida,

Otam qabri choʻkkan savolchan, gʻampoʻsh…

Mardlik taronasi ustuvor yurtda

Topolmayman bitta hamdardu dilxush.

 

Shudgorlangan dala, tuproq hidida

Meni mast qiladi yomgʻir yogʻishi.

Meni mast qiladi xayol kentida

Shomga yaqin palla, kunning ogʻishi…

 

***

Entikib qaraysan

yillar oʻtsa ham,

Goʻyo sevging mushtoq

kutib turibdi.

Ortingda sargʻaydi

necha bir koʻklam,

Nabirang qoʻlingdan

tutib turibdi.

 

Ey inson, hech qachon

koʻngling qarimas,

Xayoling yoritar

maʼsum nodira.

Arzimas tashvishlar

bir dam arimas,

Chaqmoq yorugʻligi

ekan xotira.

 

***

Qoratogʻda oppoq burgut koʻchgan kun Seni dedim,

Oq daryodan tillo baliq kechgan kun Seni dedim.

 

Yoʻllaringda oʻnqir-choʻnqir xarsang menga doʻst topdi,

Gullaringga oʻzin urgan ninachilar shoirmikin, soʻz topdi.

 

Qabo oʻrab vodiylarni aylanganda qari moh,

Choʻqmoringdan koʻnglim qonab, tortdim qancha-qancha oh.

 

Boraverdim, quva-quva sotilar deb, sotdi dunyo,

Qotil boʻlar nomardlarning oʻrtasiga otdi dunyo.

 

Sotilmasman, toʻpigʻimga kelmas asli nayranglari,

Qaytarolmas changalzordan yili qabon yalanglari.

 

Bu ochunda keldikmi tun, dahri duni ingragan choh,

Qular deb ham toqqa boshla, pulisirot olov nigoh.

 

Bir mardona, ham devona orzular-la togʻdan oshay,

Oy buloqdan qonib-qonib simirgach soʻng quyosh oshay.

 

Qora togʻda qirgʻovullar kechgan kun Seni dedim,

Oq daryodan tillo baliq kechgan kun Seni dedim.

 

* * *

Bedilu gumroh boʻlib tutdim Qoʻlingdan,

Qushnochu yulgʻich boʻlib, ketdim yoʻlingdan.

 

Bekasu bemurodman qilgancha xanda,

Nafsim-ey gulshandadir, koʻnglim gulxanda…

 

Oriflar davrasidan toriqdim, soʻldim,

Mayxoʻrlar qadahida yorugʻlik koʻrdim…

 

Ohular gunoh sochdi, koʻnglimni ochdi,

Boʻrilar gul koʻtarib, koʻnglini ochdi…

 

Notavon telba emas, ichimdagi sas,

Evrilar yaproqchaga qoʻlimdagi xas.

 

Uygʻondim. Tavba berib, yuvding dilimni,

Yangorib, iymon kulib, koʻrgin qulingni…

 

Yigʻlayman, ishqim toshib bemajol tanda,

Siyratim nishondadir, suratim banda…

 

Bir miskin deb oʻzni xokisor yasha,

Yeru osmonlarga jon nisor yasha!

Choʻqqidan hatlab oʻtar odimlar tashla…

Toʻxtab qolgan barcha ezguliklarni

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!

 

Gʻalat olami bu – Isoning shami,

Banda har dam banda, mavlud – bayrami.

Maxluqning Xoliqdan bor qancha kami…

Bilmoq maʼrifatdir, maʼrifat dami (n) –

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!

 

Sariq yaproqlarga boqma sargʻayib,
Daraxtlar omon-ku, oʻylama gʻarib,

Gʻamlarni qargʻama, doʻstday jilmayib,

Koʻklam boʻlmoqlikni kech kuz ulgʻayib,

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!

 

Yelkanga asru mingan, behadik ilgan

Boshginangni dorga, aqlingni shilgan,

Yoʻllaringga toʻsiq, tilingni tilgan

Iblisni itqitguncha taratib jarang,

Qaytadan yasha, hey! Qaytadan yasha!

 

Tamaga bogʻlanding-ku ming bora giryon,

Taqvoga ham koʻngil bogʻlagin bir on,

Nafsing senga ulton, koʻngling oʻlgay xon.
Iymon shafagʻida tanlamoqni rang

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!

Qaytarib boʻlmaydi oʻtgan umrni!

Izlasang asl nurni – totli huzurni,

Koʻnglini koʻrgaysan mohitob hurni,

Ishongin, topgaysan haqiqiy durni,

Qaytadan izla, hey! Qaytadan izla!

 

Hayot deganlari anglangan palla,

Qolgani tuzalmas, tigʻ suqiq yara…

Shijoatli kimdir? Vaqt ila joʻra –

Dunyoni tuzatmoqni shijoat ila

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!

 

Baxt tutgin, kechirgin, sen habib boʻlgin,

Mehr izhor qilgin, ham tabib boʻlgin,

Sof, yoniq koʻngilga andalib boʻlgin,

Ankabut boʻlmagin, yoʻl ustida chang,

Andalib boʻlmoqni qaytadan boshla!

 

Teraklar tepasida qolmadi yaproq,

Hijron buncha uzun, vasl koʻp yiroq,

Dunyoni hech qachon olmagay firoq!

Haq barqaror axir, haqiqat mushtoq,
Qaytadan yasha, hey! Qaytadan yasha!

 

Dushman seni yengdi, sen ham yengmoqni,

Doʻstni kuldirmoqni, Yorni sevmoqni,

Togʻlarga chiqmoqni, bogʻ yaratmoqni,

Mard, halol, pokiza Odam boʻlmoqni

Qaytadan boshla, hey! Qaytadan boshla!..

 

Vafo  FAYZULLOH

 

“Yoshlik”, 2015 yil 12-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/ishq-atalur-olamlarning-mehvari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x