Nosir Muhammad (Nasriddin Muhammadiyev) 1946 yil 2 dekabrda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanining Yakkabogʻ qoʻrgʻonida tugʻildi.
Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetida tahsil oldi (1963–1968).
Mehnat faoliyatini “Toshkent oqshomi” gazetasida boshladi. Oʻtkir Hoshimov, Saʼdulla Karomatov singari atoqli adiblardan ijod sirlarini oʻrgandi. Koʻplab sheʼrlari, tarjimalari, maqolalari matbuotda eʼlon qilindi. 1969–1970 yillarda harbiy xizmatni oʻtab, yana “Toshkent oqshomi” gazetasida faoliyatini davom ettirdi.
Toshkent davlat universitetining Sharqshunoslik fakulteti qoshidagi kechki 2 yillik fors tili kursini bitirib, Eronda fors tili tarjimoni boʻlib ishladi (1976–1979). “Yoshlik” jurnalida adabiy xodim, masʼul kotib (1983–1993), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligining xalqaro axborotlar tahririyati bosh muharriri (1993–1994) vazifalarida faoliyat yuritdi. 1994 yili Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmatida, keyinchalik “Jahon” axborot agentligida faoliyat olib bordi (1994–1995). Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasida “Jahon” axborot agentligi vakili ‒ 1-kotibi (1996–1999), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti (1999–2005) lavozimlarida xizmat qildi. Koʻp yillar Respublika Baynalmilal madaniyat markazini boshqarib keldi.
Nosir Muhammadning “Salom, kelajak” (1980), “Bahor taronasi” (1981), “Listya chinariʼ” (1987), “Nasaf va Kesh allomalari” (2001,2006), “Sumalakdan tosh topdim” (2004), “Anqoni mahram qildingiz” (2004), “Shaytonning isteʼfonomasi” (2008), “Sonmayan ishik” (2008, Turkiya), “Turon davlatlari yilnomasi” (2010), “Hut shamollari” (2012) nomli sheʼriy va ilmiy-ommabop kitoblari chop qilindi. Bundan tashqari koʻplab oʻzbek, rus, turk tillaridagi bayoz, toʻplam va jamoaviy nashrlarda sheʼr, hikoya, badiiy tarjimalari, maqolalari bosildi. Asarlari rus, turk, ozarbayjon va boshqa tillarga tarjima qilindi.
Nosir Muhammad 2008 yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
Shoir 2017 yil 5 iyul kuni Toshkent shahrida vafot etdi.
“Oʻzbek adiblari” (Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan foydalanildi.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/nosir-muhammad-1946-2017/