Yettinchi hayot

Onam Saida Xolmirzayevaga bagʻishlayman

Muallif

 

Kim chekmagan boʻlsa dard, beshak,

Boshlamabdi yashashni, demak…

Rasul Hamzatov

 

Yaratgandan necha bor oʻzimga zavol coʻradim… Axir, mendan, mavjudligimdan nima naf? Koʻzim faqat sharpanigina sezadi, oyogʻim ishlamay qolgan. Koʻrpa-toʻshakka parchinlanib, joyimdan qoʻzgʻala olmasam. Menimcha, bu – barcha gunohlarim uchun Xudoning jazosi.

Hech qachon oʻlimdan qoʻrqmaganman, biroq qon va ogʻriqdan nafratlanganman. Xuddi sanʼatkor Vladimir Visotskiy kuylaganidek:

 

Eh, biz qanchalar xohlar edik,

Naqadar buni biz istar edik,

Uyquga ketgandek oʻlimga ketsang…

 

Narigi xonadan televizor ovozi eshitiladi. Qandaydir qiziqish bilan, zim-ziyo xayollardan chalgʻib unga quloq berdim. Boshlovchi koʻrsatuv ishtirokchilariga Marsel Prustdan oʻn savol berardi. Savollardan biri shunday edi: “Sizga evaziga hech nima soʻramasdan mangu yashashni taklif qilishsa, rozi boʻlarmidingiz?”. Suhbatdoshlar taniqli shaxslar edi. Ularning birortasiyam bu savolga tasdiq javobini berolmadi. Haqiqatan ham, farzandlaringning, yaqinlaringning, doʻstlaringning qazosini koʻrish juda dahshatli boʻladi. Shunda men Oskar Uayldning “Dorion Grey portreti” romanidagi bosh qahramonni nafrat bilan esladim.

Goʻyo gapirayotgan boshga aylanib qolganman. Tanamning boshqa qismlari ilgari boʻlmagandek… Buni his qilish mutlaqo toqat qilib boʻlmaydigan darajada edi. Xuddi jarohatlangan boʻridek bor kuching bilan uvillashni xohlaysan. Meni koʻrishga keladigan odamlar oldiniga har kuni, keyin haftada bir marta yoʻqlashar, soʻngra umuman koʻrinmay ketishardi. Yagona ishonchli yordamchim menga qaraydigan hamshira edi.

Bir joyda yillab yotaverib shuni angladimki, inson oilasisiz, yaqinlari va doʻstlarisiz koʻrpa-toʻshakka mixlanib qolib ham yashashda davom etishi mumkin ekan. Agarda yonimda onajonim boʻlmaganida, bilmadim, qancha yashagan boʻlar edim. Buni aytmaslik, albatta, insofsizlikdan boshqa narsa emas. Doim shunday edi, eslasam, allanechuk boʻlib ketaman. Oilamizga qanday balo, xavf-xatar yoʻlamasin, asosiy zarba onamning gardaniga tushar edi. Men onamni quyoshga tenglashtiraman. Negaki, quyosh bizga nur, iliqlik va nihoyat hayotni baxsh etgan va evaziga hech narsa soʻramagan.

Shu yerda oilamiz qadrdoni Oʻtkir Hoshimovning otam Shukur Xolmirzayev 60 yoshga toʻlishi munosabati bilan aytgan bir gapi esimga tushdi. “Har bir yozuvchining rafiqasiga bir haykal qoʻyish kerak, – degan edi u. – Shukurning rafiqasiga esa ikki haykal qoʻyish lozim”.

Hozirgi ahvolimda faqat bir narsa bilan mashgʻul boʻlishim – xayol surishim va xotiramda nimanidir tiklashim mumkin, xolos. Negaki, endi na oʻqiy olaman, na yozishni uddalayman. Shunda xayolimga hayotimni boshqatdan boshlash imkoni boʻlganida nimani oʻzgartirar edim, degan fikr keldi. Tushundimki, endi hech narsani oʻzgartirib boʻlmaydi. Men Yaratganga va taqdirga ishonaman. Aynan shunday, boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Ha, yana shunday qilgan boʻlar edim…

Balki boshidan oʻzgacha taxallus bilan chiqsam yaxshi boʻlarmidi? Menga buni juda koʻp tanishlarim aytishgan edi. Jumladan, yozuvchi Nazar Eshonqul yozganlarimni doimo otamning asarlari bilan qiyoslab koʻrardi. Biroq endi gʻisht qolipdan koʻchdi.

Gap taxallus haqida ketganda gʻalati bir voqea esimga tushadi. Bir vaqtlar Jizzaxga rahmatli doʻstim va kursdoshim Neʼmat Hayrat oldiga koʻp borardim. U haqda keyinroq “Bu ham oʻtadi” nomli esse yozdim. Uning sharofati bilan Jizzax adabiy muhitiga singishib, koʻnikib ketgandim. U “Sangzor” adabiy klubida faol edi. Bir safar adabiy klub muhokamasida qatnashishimga toʻgʻri keldi.

Oʻshanda 20-25 yoshdagi bir yigitcha yonimga kelib soʻradi:

– Siz ham shoirmisiz?

– Yoʻq, men yozuvchiman.

– Siz qanday taxallus bilan ijod qilasiz?

– Jek London, – dedim jilmayib.

Yigit menga bir lahza taajjublanib qarab qoldi.

Tez orada u, men va vestibyuldagilar – hammamiz zalga kirib, joy-joyimizni egalladik.

Tepada Neʼmat, Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati boʻlimi kotibi Turob Maqsud va hokimiyatdan bir ayol oʻtirardi. Zalda yuzga yaqin kishi bor. Shoirlar birma-bir davraga chiqib sheʼrlaridan oʻqirdi. Va dafʼatan Neʼmat menga maʼnoli qarab, soʻzga chiqishimni eʼlon qildi.

Oʻqilgan sheʼrlar va adabiy klub faoliyati haqida fikrlarimni bildirdim. Shundan soʻng oʻtirganlar ichidan bir qiz: “Sizni koʻproq nima ilhomlantiradi?” deb soʻrab qoldi.

– Pushkindan iqtibos olib shunday deyishim mumkin: “Haqiqiy ijodkor ilhom izlamaydi, balki ilhomning oʻzi ijodkorni izlab kelishi kerak”.

– Ayting-chi, nega oʻzbek farzandi boʻla turib Jek London deb taxallus olgansiz? – bu savol egasi oʻsha, vestibyuldagi yigitcha edi.

– Bu nima deganingiz? Axir, Jek London amerikalik buyuk yozuvchi-ku! Uning taxallusini olishga kim jurʼat etar edi?! Oʻzimga kelsak, umuman taxallus qoʻyishni yoqtirmayman. Shuning uchun ham siz vestibyulda kimligim bilan qiziqqaningizda, xayolimga kelgan birinchi yozuvchining ismini aytib yuborgandim. Bu hazilimni tushundingiz, deb oʻylagandim. Shunday adabiy klubning aʼzosi buni fahmlay olmasligi, Jek London haqida bilmasligi xayolimga ham kelmagandi.

Zalda kulgi koʻtarildi. Shundan keyin yozuvchi Turob Maqsud oʻrnidan turib Jek London haqida gap boshladi va uning “Martin Iden” romanining mazmunini sal boʻlmasa toʻliq gapirib berdi.

Biroz oʻtib meni Jek London deb oʻylagan oʻsha yigitcha yonimga kelib gʻoʻldiradi:

– Uzr, men sizni tushunmabman. Bundan keyin koʻp oʻqishga harakat qilaman…

Bu voqeani “taxallus” sharofati bilan eslayapman.

Shundan soʻng Neʼmat baxtsiz hodisa tufayli kutilmaganda olamdan oʻtganini eshitdim. Juda gʻalati. Bu voqea men avtohalokatga uchrab yotib qolgan paytlarda yuz bergandi. Uni dafn etishganida reanimatsiyada ekanman. Biroq koʻzim ojizlashib borayotganini bundan ancha oldin – 2002 yilning dekabrida payqagan edim.

U paytda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Milliy universitet qoshidagi Oliy adabiyot kursida oʻqirdim.

Har kuni ertalab, odatdagiday, 82 avtobusga chiqish uchun uyimiz yaqinidagi shohbekatga borardim. Oʻsha kun ham xuddi boshqalaridan farq qilmasdi, nazarimda. Havoni harir tuman pardasi qoplab olgandek edi. Dekabr oyi boʻlgani uchunmi, tabiatning bu manzarasidan ajablanmadim. Oʻshanda menga juda yaqin turgan avtobusning raqamini ajrata olmadim.

– Bu nechanchi avtobus? – deya soʻradim yonimda turgan yoshi ulugʻ kishidan.

– Sakson ikkinchi, – dedi u taajjub bilan qarab.

Bir necha lahzadan keyin avtobusda ketardim. Atrofimni yana oʻsha tuman qoplab oldi. Shunda oʻyladim: agar bu tuman boʻlsa, unda nima uchun bu chol men koʻrmagan avtobus raqamini darrov farqlay oldi?! Axir, kechagina atrofimdagi manzaralarni aniq koʻrardim, goʻyo hech narsa yuz bermagandek edi. Biroq hozir, chamamda, uch metr uzoqlikda turgan kishilarning yuzlarini ham koʻrmayotgandim.

Biz Qoraqamishga yaqinlashganimizda kimningdir ovozi eshitildi.

– Iltimos, Respublika koʻz kasalliklari shifoxonasiga qaysi bekatda tushiladi, aytolmaysizmi?

– Keyingisida, – deya javob berdi chiptachi ayol.

Men ham tushishga hozirlandim. Oʻqish bir gap boʻlar, avvalo koʻzimga nima boʻlayotganini bilish kerak edi.

Koʻrikdan oʻtdim. Oʻshanda koʻz shifokorining aytgan gaplari xuddi hukmdek etimni junjiktirib yubordi. Bu – koʻz nerv tolalarining qurishi ekan. U menga koʻzim gavhari asab hujayralaridan tarkib topganini, ular oʻlib boʻlganini bamaylixotir aytdi. Maʼlumki, asab tolalari qayta tiklanmaydi. Men toʻqson olti foizga soʻqir edim. Qolgan toʻrt foizni ushlab turish uchun muntazam davolanishim kerak ekan. Koʻzimning bu ahvolga tushishi kuchli toliqish, meningit yoki kuchli miya chayqalishi asorati, deyishdi.

Ha, men rafiqam bilan ajrashganimda kuchli asabiylashgandim. Bundan tashqari, miya chayqalishini ham boshdan kechirganman. Oʻshanda oʻn kun davolanishim kerak edi. Men esa olti kun shifoxonada yotib, zerikkanimdan chiqib ketdim.

Keyin yana Respublika koʻz kasalliklari shifoxonasida davolandim. Bir necha xususiy shifoxonalarga ham bordim. Ufadan tajriba almashish uchun kelgan koʻz shifokori haqida eshitib, koʻrikdan oʻtishga bordim. Toshkentga Amerikadan vrachlar kelgani haqidagi mish-mishlarlarni ham eshitdim. Oʻsha kuniyoq ularning yoniga oshiqdim. Keyin Samarqandda taniqli professor davoladi. Ikki marta Termizda Oʻzbekiston Qahramoni, professor Rahmon Muhammadiyev operatsiya qildi. Juda koʻp bora xalqona davolash usuli bilan shugʻullanuvchi tabiblar qabulida boʻldim. Xullas, yugura-yugur koʻp boʻldi-yu, natija chiqmadi.

Shundan soʻng hammasiga qoʻl siltadim. Davolanishni toʻxtatdim. Barchasi jonimga tegib, butunlay koʻrmay qolishimni kuta boshladim. Xayolimga tez-tez oʻz jonimga qasd qilish fikri kela boshladi. Chunki hademay butunlay koʻrmay qolaman, deb oʻylardim.

Biroq oradan oylar, yillar oʻtsa-da, hech nima sodir boʻlmayotgan edi. Shunda boriga moslasha boshladim. Soʻqir polkovnik haqidagi “Ayol ifori” filmini qayta-qayta koʻrardim. Hindlarning koʻzi ojiz qiz haqidagi “Zulmatdagi raqs” filmi ham butun ruhimni jodulab qoʻygan edi. Bu filmda koʻzi ojiz, qulogʻi kar qiz universitetga kiradi va aʼlo baholar bilan yakunlaydi. Koʻzi ojiz rus qoʻshiqchisi Diana Gurskaya va soʻqir rok yulduzi Stiven Uanderning qoʻshiqlarini muntazam eshitadigan boʻlib qoldim. “Maslin V bilimlari” koʻzi ojizlar jamiyatining raisi maʼruzalarini diqqat bilan eshitib koʻrdim. Bu jamoada oʻzimni yaxshi his qila boshladim.

Keyinchalik yaqinlarim va tanish kishilarning yuzlarini koʻrmasdan, masofadan turib tanib olishga oʻrganib qoldim. Ularning ovozlari va boʻy-bastidan tanib olardim. Yoʻlni kesib oʻtayotganda yaqinlashib kelayotgan mashinaning motor tovushini eshitib, mendan qanday masofada ekanini bilib olardim. Baʼzida nima yozganimni koʻrmasam ham, yozishga harakat qilardim. Hammasi xotiramda edi.

Qanday sodir boʻldi, bilmayman, xayol olib qochdimi, yoz oqshomlarining birida xorij mashinasining motor tovushini eshitmay qolibman. Yoki yoʻlni kesib oʻtayotib oʻrtada toʻxtadimmi? Mening xira tortgan koʻzlarimga mashina chiroqlari juda yaqin keldi. Kuchli tormoz tovushini eshitdim…

Zarba!!! Hushdan ketdim…

“Tez yordam” mashinasida koʻzimni ochdim va ogʻriqdan chinqirib yubordim. Keyin bilsam, tos suyagim singan ekan.

Yana shifoxona. Oldiniga travmatologiya boʻlimi, keyin nevrologiya. “Turon” sihatgohida ancha yotdim. Turli dorilarni qabul qilaverganimdan koʻnglim ayniydigan boʻlib qoldi.

Vaqt oʻtishi bilan suyaklarim tuzaldi. Biroq endi yura olmas edim. Garchi shifokorlar: “Hammasi yaxshi boʻladi, oyoqqa turib ketasan”, degan boʻlsa ham.

Endi kunlarimni shunchaki yotgan holda oʻtkazishim kerak. Tirik murdadek edim. Oʻzining soʻnggi damlarini kechirayotgan, qurib qolgan daraxtdan farqim qolmagandi.

Bir zamon Arximed: “Menga tayanch nuqtasini koʻrsating, yerni oʻrnidan qoʻzgʻataman”, degan edi. Birorta tayanch nuqta topolmasdim. Xayolimga faqat yomon fikrlar kelardi. Baʼzida boshimni sal koʻtarib, barchasini unutish uchun ustimdan suv quyardim.

Hindular inson ketma-ket yettita hayotni yashab oʻtadi, deyishadi. Men esa yana qachondir oyoqqa tursam, hech ikkilanmasdan aytishim mumkin, ikkinchi emas – yangi hayotimni boshlayman.

Bir paytlar Maxatma Gandining “Yomon narsaga qaramang, yomon narsani eshitmang, yomon narsani gapirmang va yomon narsa haqida oʻylamang”, degan mulohazalarini oʻqigandim. Oʻsha paytlarda bu maslahatlarni umuman bajarish mumkin emasdek tuyulardi. Men endi asabiylashishdan chalgʻish uchun faqat yaxshi narsalar haqida oʻylashga harakat qilib koʻrdim.

Bir zamonlar Jyul Vernga “Asarlaringizni oʻqigan kitobxon Sizni xuddi butun dunyoni aylanib chiqqan boʻlsa kerak, deb oʻylaydi. Bu haqiqatan ham shundaymi?” deb savol berishgani yodimga tushdi. Yozuvchi shunday deb javob qaytargan ekan: “Ha, haqiqatan ham, butun dunyoni aylanib chiqdim. Biroq buni men oʻz kreslomdan qoʻzgʻalmasdan, oʻz tassavvurimda amalga oshirdim”.

Men ham xuddi shunday yoʻl tutdim, koʻzlarimni yumib (darvoqe, ular baribir koʻrmaydi-ku) xayollarim va tassavvurim bilan dunyoning qay bir chetiga safarga otlandim. Biroq qancha urinmayin, Shveysariyaning kengliklari, Niagara sharsharasi yoki hind junglilariga koʻchib oʻtishni eplolmayotgan edim. Balki oʻsha joylarda hech qachon boʻlmaganim uchundir? Biroq men Qirimga, Qora dengiz boʻylariga osonlikcha borib kelardim. Kavkazning Beshtov va haybatli Maʼshuq togʻining yaylovlarini kezardim. Bu joylarning manzarasini tassavvur etish juda oson edi. Negaki, bolaligimda oʻsha joylarni koʻrganman-da!

Yoʻq-yoʻq, qirq yil umrimni bejiz yashamagan ekanman. Eslagan sayin xayolimda juda koʻp xotiralar jonlana boshladi. Mening ham doʻstlarim, dushmanlarim bor edi. Kimdir menga yordam bergan, kimgadir men yordam berganman. Toʻgʻri, oilaviy hayotda omadim chopmadi.

1996 yil, avgust. Oʻsha yillari men har yili yozning bir oyini Yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon” ijod uyida oʻtkazishga koʻnikkan edim. Chunki u yerda otam ijod qilardi.

Bir kuni ijod uyining marmar zinalaridan koʻtarilayotib Jumagul opaga duch keldim va salom berdim.

– Vaalaykum assalom. Otangiz sizga yana 20 kunga xona olib qoʻydi.

Chap tomonimda bir guruh odamlarning yaqinlashganini koʻrdim va beixtiyor ularga qayrilib qaradim.

– Assalomu alaykum, – dedi menga hammadan ham yaqinroq turgan qiz.

Unga qarashim bilan nigohim bir lahza toʻxtab qoldi. Menga bir juft charaqlagan katta koʻzlar tikilib turardi. Feruzarang koʻzlarda nur aks etardi. Bu nur oʻshanda mening koʻzlarimda ham aks etgan boʻlsa kerak. Uning tim qora sumbul sochlari, uzun kipriklari va oʻziga yarashgan burni qalbimni rom qildi. Qiz taxminan menga tengdosh edi, nazarimda. Yonida yana ikki qiz boʻlib, singillari boʻlsa kerak, deb oʻyladim. Va yana bir ayol bor edi.

– Uzr, sizni hech tanimadim, – oʻxshovsiz gʻudurladim uning feruzarang koʻzlaridan koʻzlarimni uzmay.

– Bu – qizim Gulchehra. Men boʻlsa, Gʻani Jahongirovning qizi boʻlaman. U kishi bir vaqtlar otangizni oʻqitgan ekan.

– Ha, ha, esimga tushdi. U kishi bir paytlar adabiyot fondida ishlagan.

– Ha, shunday, – javob berdi ayol.

– Bu yerga kelganingizga ancha boʻldimi?

– Bugun uch kun boʻladi.

– Demak, unda yana koʻrishamiz. Men hozirgina yetib keldim. Yaxshi qolinglar, – deya xayrlashdim.

Zinadan sekin “Mening feruza koʻzlarim uchun sen meni jodugar deding” degan ashulani xirgoyi qilib koʻtarilib borardim. Uchinchi qavatga yetganimda yonimdan ikki kishi oʻtib ketdi. Biri baquvvat, keng yelkali kishi, chehrasi juda tanish koʻrindi. Biroq qancha urinmayin, uni eslay olmadim. Uning yonida esa bashang kiyingan ayol.

– Jahongir, – deya fikrimni boʻldi ayol ovozi. Qayrilib qaradim.

– Men Fotima opangiz boʻlaman. Bu kishini tanigan boʻlsangiz kerak. Boks tarixida afsonaga aylangan jahon chempioni Rufat Risqiyev! Deyarli har kuni otangiz bilan uchrashib turibmiz.

Ular bilan xayr-xoʻsh qilgach, nihoyat otamning hujrasiga yetib keldim. Xonadan har doimgidek tamakining yoqimsiz hidi anqirdi. Otam yozuv mashinkasi oldida xayol surib oʻtiribdi. Men otam bilan koʻrishdim-da, balkonga qaragan derazani ochib qoʻydim.

– Ishlaring qalay? – soʻradi u qoʻllarimni siqib koʻrishar ekan.

– Yaxshi, yomon emas.

Otam oʻchib qolgan tamakisini yondirdi.

– Qachondan buyon boksyorlar sizdan xabar oladigan boʻlib qoldi? Yana qandaydir gʻalati ayollar bilan?

– Nima, sen Rufatni koʻrdingmi? Yonidagi ayol – Fotima, Rufat haqida kitob yozgan. Oʻsha kitobni uch tilda nashr qilishmoqchi. Ular kitobni oʻqib fikr bildirishimni va maʼqul boʻlsa, soʻzboshi yozishimni istashyapti.

– Ha, tushunarli.

– Yangi hikoya haqida oʻylayapsanmi?

– Ha.

– Bu boshqa gap.

– Dada, men boya pastda Jahongirovlar oilasi bilan uchrashib qoldim.

– Bu yerda uning qizi va nevaralari dam olishyapti. Sen tugʻilib oʻsgan yozuvchilar uyi kalitini rahmatli Gʻani Jahongirov topshirgan edi. Ha, aytgancha, uch kundan keyin aylanamiz.

– Boʻpti, tushundim, – deya javob berdim.

Dadam “aylanamiz” deganda gazeta va jurnallar, teleradiokompaniya tahririyatlaridan yozilgan gonorarlarni borib olishni nazarda tutar edi. Bu safar biz yana teatr arboblari jamiyatiga ham kirib oʻtishimiz kerak edi. U yerda dadam “Teatr sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlanishi kutilayotgan edi. Biroq bularning hammasi yana uch kundan keyin yuz berishi kerak. Oʻsha kuni dadam bilan yana bir oz suhbatlashib oʻtirdim-da, keyin xonamga oʻtdim. Narsalarimni joy-joyiga qoʻydim va sochiqni olib basseynga yoʻnaldim.

Basseyn oldidagi oʻrindiqlarda odam koʻp edi: Uygʻunning nevarasi, Uchqun Nazarovning farzandlari, Asqad Muxtorning nevaralari… Burchakda esa menga tanish Jahongirovlar oilasi… Gulchehra onasi va singlisi bilan turardi.

– Siz nimaga choʻmilmayapsiz? – dedim Gulchehraga koʻzim tushishi bilan.

– Men suzishni bilmayman.

– Unda men sizga oʻrgatib qoʻyarman.

Gulchehra sokin jilmaydi. Men esa oʻzimni suvga otdim. Birozdan keyin basseyndan chiqib, yana ularga yaqinlashdim.

– Bilmaysizmi, bu yerda kim shaharga tez-tez tushib turadi? Ahmoqlik qilib sigaret obkelishni unutibman. Agar kimdir borsa, iltimos qilmoqchi edim.

Soʻzimga onasi javob berdi.

– Bu yerga yaqin mahalladagi bir hovlida doʻkoncha bor ekan.

– Uzoq emasmi?

– Yoʻq, yoʻq, unchalikmas. Gulchehra bir marta qatiq uchun borgandi, yarim soatda keldi. Qizim unda Hamid bilan borgan edi. Endi esa u bilan hamroq boʻlgisi yoʻq. Bir oʻzini esa u yoqqa yubormayman. Balki sen Jahongir bilan borib kelarsan? – deya soʻradi u Gulchehradan.

Gulchehra “xoʻp” degandek boshini qimirlatdi.

Birozdan soʻng qalin uzumzor oralab suhbatlashib ketib borardik.

– Eshitishimcha, siz ham yozuvchi ekansiz, shu toʻgʻrimi?

– Ha, toʻgʻri. Oʻzingiz nima ish qilasiz?

– Men pedagogika institutining uchinchi kursida oʻqiyman.

– Qaysi fakultetda?

– Muzika boʻyicha.

– Maktabda musiqa oʻqituvchisi boʻlasizmi?

– Bolalar bogʻchasida muzikachi boʻlishim ham mumkin. Men bolalarni yaxshi koʻraman.

– Men ham.

– Siz, menimcha, “S-1”dagi Yozuvchilar uyida tursangiz kerak.

– Ha, bu uyning kalitini dadamga sizning bobongiz topshirgan ekan.

– Oʻsha uylarga yaqin joyda mening dugonam Mavluda yashaydi…

– Shunday deng. Ayting-chi, Hamid kim oʻzi?

Gulchehra jilmaydi.

– Ha, umi, “Litfond” raisining jiyani. Shu yerda yashaydi. Doim men bilan suhbatlashishga va nima bilandir mehmon qilishga urinadi.

– Anglashimcha, u sizga yoqmasa kerak.

– Ha, u menga yoqmaydi.

Yaqinimizdan ot tuyoqlarining tovushi eshitildi.

Oʻgirilib qaradik. Ot yonimizga kelib toʻxtadi. Unda qoʻlida bir dasta atirgul ushlagan yigit oʻtirardi.

– Sizga nima kerak, Hamid? – deya Gulchehra xoʻmrayib soʻradi.

– Bu sizga, – deya gʻudurladi Hamid qoʻlidagi guldastani uzatarkan.

– Gulni yaxshi koʻrgan qizingizga sovgʻa qilarsiz, menga kerak emas, – dedi Gulchehra.

Hamid izimizdan qolmasdi.

– Hamid, chamamda, Gulchehra sizni koʻrishni istamayapti, – dedim.

– Men unga shunchaki gul sovgʻa qilmoqchi edim. Axir, bu gul-ku, olsa nima boʻpti?!

– Birinchidan, Gulchehra gulni olmoqchi emas, ikkinchidan, gulni olsa nima boʻpti, deb notoʻgʻri aytyapsiz. Qiz bola begona erkakdan gul olavermaydi-ku. Bilmadim, sizlarda qanday, ammo Toshkentda boʻlgʻusi kuyov va kelin uch marta uchrashadi. Birinchi marta – tanishuv, ikkinchi uchrashuvda kafe yoki kinoga borishadi. Uchinchi uchrashuvda esa yigit qizga guldasta sovgʻa qiladi. Agar qiz gulni olsa, demak, unga turmushga chiqishga rozi boʻlgan boʻladi. Agar olmasa… bu yogʻini oʻzing tushunarsan. Keyin, Gulchehra bu yerda yolgʻiz emasligini aytmasam ham koʻrgan boʻlsang kerak.

Hamid otini burib choptirib ketdi.

– U bu atirgullarni ancha tanlagan koʻrinadi.

– Keling, u haqda gapirmaylik, – dedi Gulchehra va chapga burilib bir shingil uzumni uzib oldi. Bir donasini ehtiyotkorona artdi-da, menga uzatdi.

– Qara, qoʻllarim yuvilmagan, sen uni ogʻzimga yaqin obkela olmaysanmi?

U qoʻllarim toza ekanini bilardi, albatta. Biroq uzum donasini ogʻzimga tashladi. Orqaga qaytayotganimizda undan birpas kutib turishni iltimos qildim. Yaqinimizdagi dala gullaridan guldasta yasadim. Sovgʻamni Gulchehraga berganimda u jilmayib gullarni quchogʻiga oldi-da, toʻyib hidladi.

Uning nafasini butun tuygʻularim bilan sezgandek boʻldim. Bu juda goʻzal lahzalar edi, atrofimizdagi manzaralar ham nafosatga burkangan edi.

Shu kundan boshlab bu kabi sayrlarimiz odatiy tus oldi. Kun oʻtgan sayin bir-birimizga koʻnika boshladik.

Dam olish kunlarimiz dadam rejalashtirganidek yaxshi oʻtdi. Bir necha kundan keyin Rufat Risqiyevning haydovchisi bilan borib onam, opam va jiyanlarimni olib keldim. Dadam osh damladi. Men onamni Gulchehra bilan tanishtirdim. Hammasi koʻngildagidek yaxshi ketardi.

Ertasiga dadam bilan tahririyatlarni aylandik. Undan keyin teatr jamiyatida oʻzbek baleti afsonasi Bernora Qoriyeva dadamni mukofot bilan taqdirladi. Yana ijod olamining qator namoyandalari ham mukofot bilan taqdirlandi. Mukofot sharafiga bazm uyushtirildi.

Oʻsha bazm kechasida dadamga Gulchehra haqida gapirdim. Otam bu qarorimdan xursandligini yashirmadi. U bizning birga sayr etganimizni bir necha bor xonasi derazasidan koʻrgan va shunday boʻlishini oldindan bilgan ekan.

Otam bizni har tomonlama bir-birimizga mos va toʻgʻri keladi deb hisobladi. Yonimizga Husan Sharipov kelib oʻtirganida, ular oilaviy hayotimga oq yoʻl tilab qadah koʻtardilar. Goʻyo toʻyimiz allaqachon boʻlib oʻtgandek edi.

Shaharga qaytganimizdan keyin Gulchehra bilan yana bir necha bor Anhor boʻyida uchrashdik. Bu sayrlarimiz avvalgilaridan-da sururli va esda qolarli edi.

“Doʻrmon” ijod uyidan qaytganimizdan ikki hafta oʻtgach, 1996 yilning 29 avgustida bizning toʻyimiz boʻldi.

Ammo ikkimizning birgalikdagi hayotimiz koʻp choʻzilmadi. Bor-yoʻgʻi bir necha yil davom etdi. Bunga bizning yosh va irodasizligimiz sabab boʻldi, deb bilaman. Mayda-chuyda gap-soʻzlar, gap ketidan koʻp quvganimiz va hech qachon bir-birimizga yon bermaganimiz tufayli murosamiz kelishmadi. Oʻylashimcha, men birinchi boʻlib koʻnishim va taslim boʻlishim kerak edi.

Keyin men yana uylandim, ammo baxtli boʻlolmadim.

Chexovning bir hikoyasida oʻqigan edim. Oʻsha asar qahramoni kema sahnida yotganicha jon taslim qilayotib, qontalash boshi bilan dod-uvvos solarkan, oʻz ayolini chaqiradi. Yonidagi ayolini emas – u ikkinchi xotini edi – qachonlardir ajrashib ketgan birinchi xotinini chorlaydi.

Baʼzan men bilan ham xuddi shunday boʻladi, deb oʻylab qolaman. Oʻzimning turli yoqimsiz fikr-xayollarimdan, xotiralarimdan tiyilib, bugungi kunimga qaytaman. Baʼzi xotiralar ezgin ruhimga ilinj, yorugʻlik bagʻishlaydi.

Men ularni Babuga aytib berdim. Babu bu tukli duxobadan qilingan oʻyinchoq ayiqcha. Uning yoqimli panjasiga “Baby” yozuvi tushirilgan. Albatta, bu inglizcha talaffuzda “Beybi” boʻlib jaranglaydi. Menga esa oʻzbek-lotin imlosida oʻqib-talaffuz qilish yoqadi. Babu bilan juda uzoq dardlashgan paytlarimiz boʻlgan. U doimo mening fikrimga qoʻshiladi.

Bir paytlar taniqli fransuz qoʻshiqchisi Edit Piafdan “Siz oʻlimdan qoʻrqasizmi?” deb soʻrashgan ekan.

– Yoʻq, men koʻproq yolgʻizlikdan qoʻrqaman, – deb javob bergan ekan u. Men uning javobini ich-ichdan tushunaman. Yolgʻizlikdan aqldan ozishimga bir bahya qolgan paytlar ham boʻlgan.

Biroq xuddi qoʻllab-quvvatlab turishga kelishishgandek, dabdurustdan hol-ahvol soʻragani yaqinlarim kelishardi. Bir necha marta kursdoshim va doʻstim Davron Rajab yoʻqlab ketdi. Mana, kim bilan suhbatlashishim kerak. Ha, bu Babu emas. Keyin qarindoshlarim, tanishlarim kela boshladi. Qoʻllarimga jon kirgandek boʻldi va oʻrnimdan turib oʻtirishga harakat qildim. Oldiniga ikkala qoʻlim bilan karovatim yonida turgan tumbochkani ushlab, oʻrnimdan turishga harakat qildim. Keyin esa tumbochkani ushlamay ham tik tura oladigan boʻldim. Iltimosimga koʻra, turli audio kitoblar olib kelishdi. Aristotelning “Pompey”i, Gyugoning “Parij cherkovi ilohasi”, Robinzon Kruzo, Shekspirning bir nechta fojealarini ovozli kitoblar yordamida “mutolaa” qildim. Garchi qachonlardir bu kitoblarni oʻqigan boʻlsam-da, ularni intiqlik bilan navbatma-navbat tinglab chiqdim.

Xayolimda ikkita hikoyani pishitib qoʻygandim. “Bahor qaytadi” va “Daydi bulutlar”. Qogʻozda nima yozayotganimni koʻrmasam ham, yoza boshlagan edim. Keyin “Bu ham oʻtadi”, “Birinchi qadam” deb nomlangan esselarimni xayolimda tiklay boshladim. Doʻstim Davron Rajab men bilan uchrashgani adabiyotshunoslarni boshlab kelardi. Bu orada oldingi hamshiram Jannat ham xabar olib turadigan boʻldi. Uning qiziq qiliqlari bor. Oʻzi qozoq millatiga mansub boʻlib, oʻzbekchani toʻla-toʻkis oʻrgangisi keladi. Aslida oʻzbekchada juda yaxshi gapiradi.

U oxirgi kelganida mendan “Zimiston qayerda joylashgan?” deb soʻradi. Men oʻzimni kulgidan tutib tura olmadim.

– Sen bu soʻzni qayerda eshitding?

– Uyimiz oldida oʻzbek ayollari gaplashganida eshitdim. Bir ayol ikkinchisiga, qarang, zimiston boʻp qoldi, ketishim kerak, degandi. Bilishimcha, Sirdaryoda Guliston bor, Samarqandda esa Registon, ammo hayronman, “Zimiston” qayerda joylashgan ekan.

– Jannat, zimiston bu – qop-qorongʻi degani. Bu tuman yoki koʻcha nomini anglatmaydi. Tunda koʻchaga chiqsang, zimistonga duch kelishing mumkin, – dedim men.

Xullas, nimadir yuz berayotgandek edi. Oʻzgarish yaxshilik tomonga edi, nazarimda. Men tikilayotgan qorongʻilik oxirida gʻira-shira nur koʻrinayotganday boʻldi. Va bu gʻira-shira nur borgan sayin yorugʻlashib borayotgandek. Men paypaslanib eshikni topdim va uni ushlab oʻrnimdan turdim. Boshida besh, keyin oʻn lahza va bir daqiqa…

Nazarimda, oldingiga nisbatan ravshanroq koʻra boshlagandekman. Bunday boʻlishi mumkin emas edi-ku. Kuch topib, ogʻriqlarga bardosh berib, mashq qila boshladim. Har kuni shu tartibda harakat qilishga urinardim.

Men jismonan va ruhan oʻlgandim. Qayta tirilishim peshonamda yozilgan boʻlsa, bu albatta, birinchi navbatda onam sharofati bilan edi. Boshimdan kechgan voqealarni qogʻozga tushirar ekanman, hammasi uchun onamga qarzdorlik hissini tuyaman. Taqdirimning baxtli yakun topishiga ishonmagan, umid qilmagan edim. Biroq yana qayta va takror aytamanki, Xudoga va taqdirga ishonaman. Shu kunlarda sekin, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab zinamiz suyanchiqlarini ushlagancha tashqariga chiqdim. Yuzimni kuz quyoshining ojiz nurlari silagandek boʻldi. Bu nurlar menga iliqdek tuyuldi. Yengil shabada koʻnglimni koʻtardi. Agar taqdir hukmi bilan oyoqqa turib ketishim kerak ekan, demak, bu dunyoda hali qiladigan ishlarim koʻp, deb oʻyladim. U dunyoni oʻylashga esa hali vaqt bor, chamamda.

Oliy adabiyot kursida oʻqigan yillarimni tez-tez eslab, xotiralarni qogʻozga tushirishga harakat qilib turaman. Bilmadim, yoqimli xotira boʻlgani uchunmi, oʻsha davrlar ruhimda sogʻinch tuygʻusini uygʻotadi. Agar qirq yillik hayotimning eng yaxshi uch yili haqida soʻrashganida, bir yilni oʻylab koʻrardim-u, qolgan ikki yilini oʻylab oʻtirmay oʻsha Oliy adabiyot kursida oʻqigan chogʻlarim, deb aytgan boʻlardim. Negaki, u yerda oʻzimga oʻxshaganlar bilan adabiyot ummonida birga suzgan edik.

Bizga dars bergan oʻqituvchilarni-ku aytmay qoʻya qolay. Ular oʻqituvchilardek maʼruza oʻqishmas, mashgʻulotlar oʻzaro doʻstona suhbat tarzida oʻtar edi. Dars chogʻida biz oʻzimizni professor va taniqli adabiyotshunoslar bilan tengdek tutardik. Har birining oʻziga xos dunyosi, oʻziga xos dars oʻtish uslubi bor edi. Saboqlarni qanday “hazm” qilish bizning ishimiz edi.

Masalan, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bizga estetika fanidan dars berardi. Esimda, u auditoriyaga kirishi bilan bugungi darsimiz hind eposi “Ramayana” haqida boʻladi, deya eʼlon qilgan edi. Baʼzi hamkurslarimiz norozinamo bir-birlariga qarab olishdi. Menga esa hindlarning bu xalqona asari qiziqarli tuyuldi va asar haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishni xohladim. Buning ustiga, bilishimcha, u kishi eposni oʻzbek tiliga tarjima qilgan. U asar mazmunini goʻyo Brahma ilohining yonida turgandek hikoya qilib berardi. Xonada barcha tinglovchilar, hatto boya mavzudan norozi boʻlayotganlar ham eposning davomi bilan qiziqib qolishgandi.

Ha, Muhammad Ali mavzuni tinglovchilarga yetkazish psixologiyasini mukammal egallagandi. Axir, har yili bir oy davomida AQSHning Vashington shahrida dars berayotgani bejiz emasdi-da.

U bir gal bizdan: “Siz dunyo deganda nimani tushunasiz?” deb soʻrab qoldi. Shoirlarimiz har doimgidek bittadan sheʼr oʻqib berishdi. Doim shunday boʻladi: shoirni davraga taklif qilsang yoki soʻz bersang, oʻzining eng yaxshi chiqqan sheʼrini oʻqib berib, vaziyatdan chiqishga harakat qiladi. Shuning uchun ham shoir deymiz-da ularni.

Kursda nosirlardan ikki kishi edik. Ikkinchi prozachimiz savolga javob berar ekan, dunyo – hech qachon chiqib boʻlmaydigan panjara, deb falsafa soʻqishga harakat qildi.

– Siz aytgandek panjara boʻlsa, demak, uni buzib tashqariga chiqish kerak, – dedi Muhammad Ali.

– Men bu panjarani buzolmayman. Bu narsaning imkoni yoʻq, deb oʻylayman, – deb oʻz fikrida turib oldi kursdoshimiz.

Javob berish navbati menga keldi. “Nazarimda, – dedim, – dunyoni qanday koʻrishimiz, bu bizning ayni paytdagi ruhiy holatimizga, ichki nigohimizga bogʻliq. Agar ichimizda zulumot boʻlsa, ogʻriq-qiynoqlar taʼsirida butun olam bizga jahannam kabi tuyulishi mumkin. Aksincha boʻlsa, yaʼni borligʻimiz yorugʻ tuygʻular ogʻushida boʻlsa, dunyoni jannatga tenglashtiramiz. Yaʼni, hammasi ayni damda suyangan haqiqatimizga bogʻliq”.

Javobim ustozimizga yoqqanini angladim. Nazarimda, u dunyoning aslida nimadan iborat ekanini bilishimizni, toʻgʻri idrok qilishimizni istaganday edi. Ruhiy notinchlik, bezovtalik bilan yozilgan asarlar doim bahsga sabab boʻlardi. Men u kishi bilan uch yildan keyin, otam vafot etgan kuni uchrashdim. Otamning shogirdlari, tutingan ukalari koʻp edi. Ularning ayrimlari oʻsha kuni hamdardlik bildirishga ham kelmadi. Biroq Muhammad Alini otamning barcha maʼraka kunlarida koʻrdim. Garchi, toʻgʻrisini aytganda, u kishi bilan otam judayam yaqin emas edi. Ammo yozuvchi sifatida bir-birlariga hurmat bilan qarardilar.

– Yozayapsanmi? – degan edi u otamning maʼrakalaridan birida.

– Ha.

– Bu yaxshi, eng muhimi shu, unutma…

Bu jumla otamning soʻzlarini eslatdi. U doim yozishdan toʻxtatmasligimni, birinchi navbatda ijod muhim ekanligini taʼkidlar edi.

Shu kunlarda Sayyora opam bilan telefonda gaplashdim.

– Yozuvchilar uyushmasi raisi qabulida boʻldim. Otamning asarlari beshinchi jildi nashri haqida suhbatlashdik. U seni ham soʻradi.

– Men haqimda nima dedi? Mayli, aytmasangiz ham boʻladi, bilaman. U “Jahongir yozyaptimi?” degan boʻlsa kerak?!

– Ha, u aynan shunday deb soʻradi.

Bu gap menga katta kuch, dalda boʻlganini sezdim. Ichimda bir ovoz “Taslim boʻlma, Jahongir, sen yana yozishing kerak” deganday boʻldi. Va hozircha yozganlarimni sizga ilindim…

 

Jahongir XOLMIRZAYEV

 

“Yoshlik”, 2016 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ettinchi-hayot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x