Vanka

Chexov asarlari oʻzbek kitobxonlariga yaxshi tanish. Yozuvchining asarlari XX asrda Choʻlpon, Abdulla Qahhor, Mirzakalon Ismoiliy, Sami Abduqahhor, Odil Rahimiy, Odil Sharopov kabi adiblarning tarjimalari orqali kitobxonlar koʻnglidan joy olgan. “Vanka” hikoyasi ham oʻzbek tilida Chexovning 1957 yili chop etilgan “Tanlangan asarlar”i birinchi jildida Odil Rahimiy tarjimasida berilgan. Quyida hikoyaning yangi tarjimasi eʼtiboringizga havola etilyapti. Uni yosh tarjimon Nodirabegim Ibrohimova oʻzbekchalashtirgan. Zukko oʻquvchi oldingi va keyingi tarjimalardagi oʻziga xosliklar, yutuq-kamchiliklarni ilgʻab olishi shubhasiz.

Tahririyat


 

Anton CHEXOV

 

Bundan uch oy muqaddam etikdoʻz Alyaxinga shogirdlikka berib yuborilgan toʻqqiz yashar bolakay Vanka Jukovning bayramdan oldingi kechada uyqusi kelmadi. U xoʻjayin va boshqa ustalar ketishini poylab turdi, soʻng ustozining javonidan koʻpikli siyohdon, zang bosgan peroli ruchka va qogʻoz oldi. Yozishdan oldin eshik va derazalarga hadik bilan qarab qoʻydi, dastali tokchalar oraligʻidagi qorongʻilik qariga koʻz qirini tashladi. Entikib-entikib nafas oldi. Qogʻoz oʻrindiqda turar, bolaning oʻzi esa oʻrindiq qarshisiga tizzalagandi.

“Aziz bobojonim Konstantin Makarich! – yoza boshladi u. Sizga maktub bityapman. Kelayotgan bayram bilan qutlayman va jamiki ezgu tilaklarni bildirib qolaman. Mening otam ham, onam ham yoʻq, faqat siz borsiz, xolos”.

Vanka koʻzlarini qorongʻi derazaga tikdi, unda sham yogʻdusi miltillardi. Bolakayning xayolida Jivarevlarnikida tungi qorovul boʻlib ishlaydigan bobosi Konstantin Makarich gavdalandi. Bu mitti jussali, ozgʻin, ammo epchil va harakatchan cholning yoshi oltmish beshda boʻlib, doim yuzlari kulib turar, koʻzlari esa sarxush boqardi. Kunduzlari chol jamoa oshxonasi yoki gazxonada uxlar, tunlari esa keng poʻstiniga oʻralgancha yogʻoch shaqildogʻini doʻqillatib qoʻrgʻon atrofida aylanardi. Cholning ortidan esa boshini eggancha keksa it Kashtanka va kuchukcha Vyun ergashdi. Vanka unga qora yungi va suvsarnikiga oʻxshash uzun gavdasi tufayli shunday laqab qoʻygandi. Bu Vyun deganlari ehtirom bilan tizzalab turgancha oʻzinikilarga va begonalarga ham erkalanar, uning bu koʻngilchanligi ortiga achchiqlik ham yashiringandi. Hech kim unday tezkorlik bilan sakrab, muzlikdan oshib oʻtib, tovuq oʻgʻirlashga qodir emasdi. Shuning uchun ham Vyunning orqa oyoqlariga urishdi, ikki marta oyogʻi bilan osib ham qoʻyishdi, har hafta oʻlgudek kaltaklashdi, biroq u har safar omon qolardi.

Hozir ham bobosi darvoza yonida turib koʻzlarini uzoq-uzoqlardagi qishloq cherkovining yorqin qizil derazalariga tikkancha qoʻshnilar bilan chaqchaqlashib oʻtirgandir. Yogʻoch shaqildogʻini belbogʻiga boylab olgan. U sovuqdan qoʻllarini ishqab, keksalarga xos hingirlab kuladi, tamakini chimdilab bosadi.

– Tamakidan iskarmiz, balki? – deydi chol sigara sotuvchisiga.

Ular tamaki hidlab aksirishadi. Bobo taʼriflab boʻlmas zavq bilan kulgancha qichqiradi:

– Tortsang-chi, yaramas!

U shunday deb tamakini kuchuklarga iskatdi. Kashtanka ham aksirdi va tumshugʻini saraklatib xafa boʻlgancha nari ketdi. Vyun esa deyarli aksirmadi va dumini likillatib turaverdi. Ob-havo ham ajoyib: musaffo, sokin va tiniq. Hamma yoq zim-ziyo esa-da, qishloq koʻrinib turadi: oppoq tomlar, moʻrilarda moʻralayotgan tutunlar, qirov bosgan daraxtlar, qor uyumlari. Osmon esa yaltiroq yulduzlarga toʻla, Somon yoʻli ham yaqqol koʻzga tashlanadi – goʻyo bayramdan oldin uni yaxshilab yuvib, qor bilan artib qoʻyishgan.

Vanka chuqur nafas oldi, peroni sozlab, yana yozishda davom etdi:

“Men esa kecha jazolashdi. Xoʻjayin sochimdan tortib hovliga olib chiqdi va uzangi bilan savaladi, chunki belanchak tebratib oʻtirib, bilmay mizgʻib qolibman. Hafta boshida beka menga selyodka tozalashni buyurgandi, baliqni dumidan tozalashga kirishgandim, u buni koʻrib baliqni oldi-da, tumshugʻi bilan yuzimga tushirdi. Xalfalar doim ustimdan kulishadi, mayxonadan sharob olib kelishga yoki xoʻjayinlarnikidan bodring oʻgʻirlashga joʻnatishadi, xoʻjayin boʻlsa qoʻliga ilingan narsa bilan uradi. Ovqatning mazasi yoʻq. Ertalab non berishadi, tushlikda boʻtqa, kechki payt yana non. Choy bilan shoʻrvani oʻzlari tushirishadi. Dahlizda uxlayman. Bolalar yigʻlab qolguday boʻlsa – tamom, umuman uxlamayman, belanchakni tebratib chiqaman. Bobojon, jon bobojon, menga rahmingiz kelsin, bu yerdan qishloqqa, uyimizga olib keting, oʻzim ketolmayman… Tiz choʻkib oʻtinim soʻrayman, bir umr duo qilaman… Iltimos, meni olib keting, yoʻqsa oʻlib qolaman…”

Vanka ogʻzini mahkam yopib, qoraygan qoʻllari bilan koʻzlarini ishqaladi va hoʻngrab yubordi.

“Men siz uchun tamaki ezib beraman, – davom etdi u. – “Iso haqqi-hurmati, etiklaringizni tozalab beraman, Fedkaning oʻrniga choʻponlik ham qilaman. Bobojonim, oʻlimdan boshqa choram yoʻq. Qishloqqa piyoda qochib ketishni ham oʻyladim, ammo etiklarim yoʻq-da, sovuqdan qoʻrqaman. Katta boʻlganimda oʻzim sizni boqaman, hech kimga xafa qildirmayman, vafot etsangiz, haqingizga duo qilaman.

Moskva katta shahar. Uylar hashamatli, tulporlar koʻp, qoʻy-qoʻzilar yoʻq, itlar qopagʻon emas. Bu yerda bolalar yulduz taqib yurmaydi, cherkovda qoʻshiq kuylashga esa hech kimni qoʻyishmaydi. Bir marta bir doʻkon rastasida tayyor ipi bilan qarmoq sotilayotganini koʻrdim. Judayam ajoyib, hatto bitta qarmogʻi bor ekan, u bilan bir pudli laqqani ham tutsa boʻladi. Yana shunaqa doʻkonlarni koʻrdimki, boylar uchun qurol-yarogʻ sotilarkan, har birining narxi yuz rubldan balandda boʻlsa kerag-ov… Goʻsht doʻkonlarida esa otib kelingan qarqur, bulduruq, quyon goʻshtlari bor. Ammo u yerda oʻtirganlar bularni qayerdan ovlashganini aytishmaydi.

Bobojon, agar xoʻjayinlarga archa sovgʻa qilishsa, tilla yongʻoqni olib, yashil sandiqchaga yashirib qoʻying. Olga Ignatyevnadan iltimos qiling, Vanka uchun, deb ayting”.

Vanka seskangancha nafas oldi va yana deraza tashqarisiga tikildi. U mehmonlar uchun bobosi bilan oʻrmonga borib archa kesishlarini esladi. Baxtiyor damlar edi! Bobosi izillar, ayoz gʻuvillar, ularga qarab Vanka ham dagʻillardi. Archani kesishdan avval bobosi trubkasini olib, tamakini uzoq hidlar, sovuqda muzlab turgan Vankaning ustidan kulardi… Qirov bosgan yosh archalar kimdir kelib kesib ketishini kutayotgandek koʻrinardi. Shu paytda qorli doʻngda quyon chopayotganini koʻrib qolishadi. Bobo oʻzini hayriqishdan toʻxtatib qololmaydi:

– Ushla, ushla uni!.. Eh, yaramas!

Arralangan archani bobo xoʻjayinnikiga olib borar, soʻngra oʻsha yerda uni tozalashardi. Hammadan koʻp Vankaning sevimli opasi – xoʻjayinning qizi Olga Ignatyevna kuyib-ishlardi. Vankaning onasi Pelageya hayotligida xoʻjayinlarnikida mehmonxona xizmatkori boʻlib ishlardi. Olga Ignatyevna oʻshanda Vankaning qornini toʻygʻizar, ish yoʻqligidan unga oʻqish, yozish, yuzgacha sanash, hatto raqs tushishni ham oʻrgatardi. Pelageya vafot etgach, yetim qolgan Vankani bobosi turadigan oshxonaga, u yerdan esa Moskvaga etikdoʻz Alyaxinnikiga joʻnatishdi…

“Tezroq kela qoling, bobojonim, – yana yozdi Vanka, – oʻtinib soʻrayman, meni bu yerdan olib keting. Mendek yetimga rahmingiz kelsin, bu yerda hamma meni turtadi, bir burda nonga zorman, qanchalik zerikkanimni aytishga til ojiz, doim yigʻlayman. Yaqinda xoʻjayin dasta bilan boshimga urdi, oʻzimdan ketib, yerga yiqildim, zoʻrgʻa oʻzimga keldim. Mening kunim itlarning ham boshiga tushmasin. Aytganday, Alyonaga, birkoʻz Yegorkaga va aravakashga mendan salom ayting. Garmonimni hech kimga bermang. Nabirangiz Ivan Jukov bu yerda yolgʻiz qolgan, sizni intizorlik bilan kutaman, bobojon”.

Vanka qogʻozni toʻrt bukladi va tunov kuni bir tangaga xarid qilgan konvertiga soldi… Ozroq oʻylab turib, peroni qoʻliga oldida, manzilni yozdi:

“Qishloqdagi bobomga”.

Soʻngra gardanini qashlab xayolga choʻmdi va qoʻshib qoʻydi: “Konstantin Makarichga”. Hech kim unga xalal bermaganidan koʻngli toʻlib, boshiga qalpogʻini qoʻndirdi-da, nimchasini ham kiymay koʻylakchan holda koʻchaga yugurdi…

Goʻsht doʻkoni yonida oʻtirganlar bolakayga xatlarni pochta qutisiga tashlash kerakligini aytishdi. Maktublarni sarxush aravakashlar olib, yer yuzi boʻylab qoʻngʻiroqchalarini chalgancha tarqatar ekan. Vanka pochta qutisiga yugurib yetdi va qimmatli maktubini u yerga tashladi…

Bolakay bir soatdan soʻng shirin orzular ogʻushida qattiq uyquga choʻmdi… Tushiga pechka kirdi. Pechka ustida yalang oyoqlarini osiltirib bobosi oʻtirarmish va maktubni oshpaz ayollar oʻqib berarmish… Pechka atrofida Vyun dumini likillatib yurarmish…

 

Ruschadan Nodirabegim IBROHIMOVA tarjimasi.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/vanka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x