Seni topgunga qadar…

Baxtiyor oʻqishga kirib oʻz nomiga mos baxtiyor yigitga aylandi. Buning birinchi sababi hammaga ham nasib etavermaydigan talabalik baxtiga erishgani boʻlsa, ikkinchisi koʻnglini nurli-nurli orzularga toʻldirgan muhabbatga roʻbaroʻ kelgani boʻldi. Kursdoshi Muhayyo quvnoq, shu bilan birga koʻngilchan qiz ekan. U bilan kutubxonada gaplashib qolishdi. Yulduzlari yulduzlariga toʻgʻri keldi shekilli, soʻzlari soʻzlariga toʻgʻri keldi. Keyin telefonlashadigan, xat yozishadigan boʻlishdi. Bu qiz nimasi bilandir odamni oʻziga tortib turadi. Shoʻx-shandon, koʻngli ochiq, kirishimli. Har kim bilan tezda el boʻlib ketaverishi Baxtiyorga yoqmaydi-yu, biroq buni hozircha sezdirmaydi. Hali munosabatlari mustahkamlanmay turib rashk qilsa, qaytaga oralari buzilishi mumkin.

Xullas, Baxtiyor shu qizga koʻngil qoʻydi. Muhayyo ham unga mayl bildirdi, sal ochiqroq izhorlariga ham deyarli eʼtiroz qilmadi. “Bu gaplarga hali erta, hozir bizning asosiy maqsadimiz – oʻqish” degan aqlligina gapni aytdi, xolos. Mana, ikki oydan oshdi, ular kunda-kunora bir-birlari bilan xat yozishib turadi. SMSlar koʻpincha sevgi, sogʻinch yoki doʻstlik haqidagi sheʼr, toʻrtlik yo birorta hikmatli soʻz boʻladi. Filologiya fakultetida oʻqishgani, buning ustiga har ikkovi ham adabiyotga ixlosmand boʻlgani uchun shu usulni maʼqul koʻrishadi. Baxtiyor tunov kuni bir kitobdan ajoyib uchlik topib oldi. Shu zahoti telefonida terib, Muhayyoga joʻnatdi:

Seni topgunga qadar

Qandoq yashadim?

Nahotki yashadim?

Javobini intiqib kuta boshladi. Besh daqiqalardan soʻng telefon yerga tushgan tanganing jarangi kabi tovush chiqardi. Xat keldi! Unda “Rahmat. Chiroyli sheʼr ekan” degan soʻzlar bitilgandi. Baxtiyor bir necha kun shu sheʼrning taʼsirida yurdi. Misralar ongida qayta-qayta takrorlanadi, aylanib-oʻrgilib xayoliga yana kelaveradi. Baxtiyor ora-sira, haqiqatan ham, Muhayyoni uchratguncha qanday yashagan ekanman, deb oʻylab qoʻyadi.

Soch kaltalatish yoki ust-bosh olishda urf, uslub degan narsalarga umuman eʼtibor qaratmaydigan Baxtiyor endi bu narsalarga alohida ahamiyat beradigan boʻldi. Bugun uydan kelgan pul va stipendiyasini jamlab bozorga bormoqchi. Kim bilan borsa ekan? Bir kalladan ikki kalla yaxshi-da baribir. Ha, Xurshid bilan borgani maʼqul! U ham yotoqxonada turadi. Kiyimiga juda eʼtibor beradigan bola. Yoʻq demas.

Baxtiyor darsdan soʻng Xurshidga iltimosini aytdi.

– Joʻra, jon deb boraman. Faqat bugun emas. Bugun uchrashuvim bor, – deb javob berdi Xurshid.

– Ie, juda pishiq ekansiz-ku, oshna! Birpasda birovni ilintiribsiz-da, – dedi Baxtiyor. Shunday dedi-yu, ichida oʻzi uyalib ketdi. “Ilintiribsiz” degan soʻz oʻziga ham tegishliday tuyuldi.

– Manmas, qiz mani sevadi. Muhayyoni bilasiz-ku, oʻsha. Sevishib qoldik. Bugun uchrashuvga chiqmoqchimiz. Ajoyib qiz-da oʻziyam, zoʻr-zoʻr sheʼrlarni topib manga joʻnatadi. Mana, bir oʻqib koʻring.

U shunday deb qoʻl telefonini uzatdi. Baxtiyor ochib qoʻyilgan SMS-xatni oʻqiy boshladi:

Seni topgunga qadar

Qandoq yashadim?

Nahotki yashadim?

Baxtiyorning koʻz oldi qorongʻilashib, qulogʻi zingʻillab ketdi. Har bir soʻz choʻgʻ boʻlib turgan sim kabi ongiga jaz-jaz botar, qonini qaynatib, ichini alangalatar edi.

– Endi, xafa boʻlmaysiz-da, joʻra. Bir kun nari-berisi. Ertaga bozorlashamiz. Shimniyam, koʻylakniyam zoʻrini olamiz. Qizlar atrofingizdan ketolmay qoladi. Boʻpti, man quyonni rasmini chizdim.

Xurshid shoshilgancha chiqib ketdi. Baxtiyor chuvalashib ketgan fikrlarining bosh-ketini topolmas, oʻylab oʻyiga yetolmasdi. Xayolida birgina “Nahotki?!” degan soʻz aylanar, lekin unga javob topishga majoli yoʻq edi. U xonada uzoq turib qoldi. Oxiri Muhayyoning qoʻl telefoniga qoʻngʻiroq qildi. Biroq javob boʻlmadi. U esa ixtiyorsiz qayta-qayta raqam teraverdi. Oltinchi-yettinchi urinishda goʻshak koʻtarildi:

– Ha, Baxtiyor, namuncha, tinchlikmi? Man band edim, telefoningizni ololmadim.

– Tinchlik, koʻrishsak degandim, sizga aytadigan zarur gapim bor.

– Qanaqa gap? Aytavering.

– Yoʻq, koʻrishganda aytaman. Hozir qayerdasiz? Yoningizga boraman.

– Yoʻq-yoʻq, hozir kelmang. Man xolamlarnikiga borishim kerak. Ikki-uch soatlarda boʻshayman. Katta kutubxona oldida koʻrishamiz. Boʻladimi?

– Boʻladi.

– Unda xayr.

Telefondan uzuq-uzuq tovush eshitila boshladi. Baxtiyorning aʼzoi badani dagʻ-dagʻ qaltirar, bu narsa boya ovozida ham sezilgan edi. U gʻazabini bosolmas, uyi yongʻin ichida qolgan odamday nima qilishini, qayerga chopishini bilmas edi. Endi xayolini “Shunday qiz-a?!” degan oʻy egallab olgan, javobi qoʻrqinchli bu savol yigitning yuragiga oʻtkir xanjar boʻlib urilar edi.

Baxtiyor tishini tishiga qoʻyib kutdi va nihoyat ikki soat oʻtdi. Keyin telefondan xat yozdi: “Men ketyapman”. “Kutubxona oldida boʻlaman” degan javob keldi narigi tomondan. Avtobusda ketib borarkan, Baxtiyor gapni nimadan boshlab, nimada tugatishni, nafratini qanday sochishni oʻylar, lekin fikri chalkashib ketar, yuragi koʻtarilib boʻgʻziga tiqilib qolganday edi. Nihoyat avtobus universitet bekatida toʻxtadi. Baxtiyor ilk qadamlaridanoq oyoqlari shalvirab ketayotganini his qildi. “Yoʻq, bunaqasi ketmaydi, oʻzingni qoʻlga ol”, deb oʻziga oʻzi dalda berdi.

Kutubxonaga eshigi yaqinidagi eman oldida Muhayyo turardi. Oʻng yelkasiga qora sumka osgan, nigohlari yerga qadalgandi. Unga koʻzi tushdiyu Baxtiyorning bor gʻazabi, aytishga hozirlagan gap-soʻzlari havoga bugʻlanib ketganday boʻldi. Chunki qarshisida fikru xayolini oʻgʻirlagan, yuragini butunlay zabt etgan Muhayyo emas, boshqalardan farq qilmaydigan, el qatori bir qiz turardi.

 

Orif Tolib

 

2014

https://saviya.uz/ijod/nasr/seni-topgunga-qadar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x