Men bahorman, muzlagan otash…

Oʻzbek sheʼriyati bogʻidan Aʼzam Oʻktam daraxtini tuyqus ilgʻay olasiz. Bu daraxtning salqinlarida, shamollarida necha bor yoʻqlik va borlik haqida oʻylaganmiz.

Uning koʻzlari oʻtkir, quloqlari ziyrak, yuragining qaʼrlarida iztirobli sirlari bor edi. Dunyoning alamli gʻovurlari, achchiq gʻuluvlari uni tez ulgʻaytirib qoʻygan edi.

Shoirni ichkin anglash, tushunish hamisha ogʻir kechadi. Satrlarning ortida, satrlarning sathida, uning teran tublarida nelar borligini barcha ham idrok etolmaydi. Lekin bilamizki, sheʼriyat yovuzlikka sudrayotgan nafsga qarshi kurashadi. Kichikni ulugʻlaydi, katta ketganni yerga imlaydi. Baribir haqiqatni aytadi, aytaveradi. Sheʼriyat shuning uchun ham abadiydir.

Shoir cheksizlikdan chekka tomon simdor tortib, ularni birlashtira oladi. Cheksizlikning cheki borligiga sizni ishontira oladi.

Shoir har joyda, har vaqtda, vaqtdan tashqarida ham mavjud, nomavjud. Bilim yoʻlining ich-ichidan, Alloh visoliga yetkazuvchi yoʻldan ketyapgan darvesh, vaqt hukmfarmosidan, kishanlaridan mutlaq ozod bir zotdir.

Oʻzbek sheʼriyati bogʻida Aʼzam Oʻktam daraxtini tez ilgʻab olasiz. Bu daraxt koʻp zamonlar ajoyibu gʻaroyib mevalarini armugʻon qilajak. Bu daraxt bogʻni sargʻaytirib qoʻymaydi, doim qayta tugʻilib, qayta oʻlib, qayta tirilib, shovullab turaveradi.

 

Rauf Parfi.

2003.17.07

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/men-bahorman-muzlagan-otash-2/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x