Azmu jazm bilan ish tut

Buyuk bobomiz Amir Temurning hayot va faoliyat yoʻli biz – avlodlarga juda katta ibrat maktabidir. Buyuk davlat arbobi va sarkarda boʻlgan Sohibqiron yuksak bilim va salohiyat egasi edi. Tarixiy asarlar, yodnomalarda bunga juda koʻp misollar keltirilgan. Zamondoshlarining yozishicha, Temur bobo har qanday sohaning bilimdoni bilan bemalol ilmiy bahsga kirisha olgan. Quyida havola etilayotgan oʻgit va fikrlar aqlu idrokimizga oziq boʻlishi shubhasiz.

 

Amir Temur oʻgit va yoʻriqlaridan

 

 

Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qatʼiy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.

Kengash ikki turli boʻlur: biri – til uchida aytilgani, ikkinchisi – yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulogʻiga quyardim va dilimga joylardim.

Agar ikki xatarlik yoki bir xatarlik ishni qilishga toʻgʻri kelgudek boʻlsa, ikkovidan barobar qutulish chorasi topilmagach, bir xatarini ixtiyor etmoq kerak.

Davlat ishlarining toʻqqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur.

Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini oʻzimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar koʻnglidan joy oldim.

Qilmoqchi boʻlgan ishlarini qilmasdan qoldirmasinlar. Agar biror ishni qilmaslikka soʻz berar ekanlar, yaqiniga ham yoʻlamasinlar. Xotirdan chiqmasinkim, Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.

Azmu jazm bilan ish tutdim. Biror ishni qilishga qasd etgan boʻlsam, butun zehnim, vujudim bilan bogʻlanib, bitirmagunimcha undan qoʻlimni tortmadim.

Xarob boʻlib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan koʻpriklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi koʻpriklar qursinlar, yoʻl ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yoʻllarga kuzatuvchi va soqchilar qoʻysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yoʻllarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli boʻlsin. Yoʻlovchilar mollarini gʻaflat bosib, oʻgʻirlatib qoʻymasliklarining vazifasi ham oʻshalarning zimmasida boʻlsin.

Hokimlar, sipoh va raiyatdan qaysi birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora koʻrdim.

Har kimning qadr-qimmatini, tutgan mavqeini va har narsaning oʻlchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak.

Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni oʻzimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda boʻlishga intildim.

Doʻst-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelgudek boʻlsa, doʻstlarga shunday muomala qildimki, doʻstligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda boʻldimki, ularning dushmanligi doʻstlikka aylandi.

Eng baland minora ham yerdan koʻtarilgay.

Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yoʻlini toʻsdim.

Shijoatli kishilarni doʻst tut, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.

Hech kimga gʻazab bilan qattiq muomala qilmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning gʻazabiga duchor boʻlmayin va ishimni buzib, holimni tang aylamasin deb.

Menga iltijo qilib kelgan badkirdor odamlar xoh menga yaxshilik qilgan boʻlsinlar, xoh yomonlik, saltanat taxtiga oʻtirganimdan keyin ularni xayr-ehsonlarim bilan xijolatga qoʻydim. Menga qilgan yomonliklarini qilmagandek koʻrib, ularni yomon qilmishlari daftari ustiga afv qalamini tortdim.

Sarmoyasi qoʻlidan ketib qolgan savdogarga oʻz sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli mikdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan boʻlsa, unga ekin-tikin uchun zarur urugʻ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin.

Yaxshilarga yaxshilik qildim, yomonlarni esa oʻz yomonliklariga topshirdim. Kim menga doʻstlik qilgan boʻlsa, doʻstligi qadrini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom koʻrsatdim.

Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir toʻgʻri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.

Hech kimdan oʻch olish payida boʻlmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, koʻngli buzuq qoʻrqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 4-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/azmu-jazm-bilan-ish-tut/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x