Badmast kuyovnavkarlarning beparda qiyqirigʻu yer tepinishlaridan halovatini yoʻqotgan qishloq nihoyat tinchidi. Kelin ketdi.
Koʻp oʻtmay, xonadonlardagi chiroqlar birin-ketin oʻchib, koʻchalar qorongʻilik qoʻynida qoldi. Bu paytda qoʻshni qishloqdan childirmaning taka-tumi, toʻy gʻovuri eshitila boshlagan, qiz uzatgan qishloq esa, bu ovozlarga mungʻayibgina quloq tutib, maʼyus sukutga choʻmgan edi.
…Qorongʻi qishloqdan chiqib kelgan baland boʻyli bir yigit ikki tomonida qator teraklar saf tortgan yoʻl boshida bir zum toʻxtadi. Choʻntagidan sigareta olib tutatdiyu istar-istamas yana yoʻlga tushdi.
Oldinda, u yurib borayotgan yoʻl adogʻidagi qishloqda, atrofi baland devorlar bilan oʻralgan hashamatli bir hovlida toʻy boʻlyapti. Toʻkin-sochin stollar atrofida deyarli boʻsh joy qolmagan. Kuy-qoʻshiqlar shoʻxchan, baytu gʻazal, qutlovlar koʻtarinki. Hamma xursand. Toʻyxona toʻlqinlanadi.
Hovli toʻridagi uzun stol ortida kelin-kuyov, ularning doʻstu dugonalari… Kuyov – doʻppisi ostidan sochlari koʻpirib chiqqan, toʻlagina, oqish yuzli yigit – ancha shoʻx, ochiqqinaga oʻxshaydi, yonboshidagi yigitlarga tez-tez allanimalar deb qoʻyadi. Ular ogʻizlarini kaftlari bilan toʻsib kulishadi. Kuyov qadahini doʻstlari bilan yashirincha urishtiradi-da, shipshiydi: “Qani, ha, olinglar!”. Keyin kelinga oʻgiriladi, uning yuzidagi harir pardani sal koʻtarib, nimadir deb shivirlaydi, qoʻliga qadah tutqazadi, oʻz qadahi bilan sekin urishtirib qoʻyadi: “Oling!..” Kelin sezilar-sezilmas bosh irgʻaydi-da, bir zum paysallab labiga olib boradi. Kuyov kelinning stolga qaytib qoʻygan qadahiga qarab norozi bosh chayqaydi. Oʻz qadahini bir koʻtarishda boʻshatib, stolga taq etkazib qoʻyadi. Yana xiyol engashib, kelin bilan hazillashgan boʻladi, soʻngra joʻralari bilan… Kuyov xursand, kuyovjoʻralar, kelinning dugonalari… Kelin ham… albatta xursand boʻlsa kerak. Axir, bunaqa shodiyona umrda bir marta boʻladi!
Kelin-kuyov oʻrinlaridan qoʻzgʻalib, sal bosh egib turishdi. Miqti gavdali, jingalak soch, koʻzlari qattiqqina bir yigit dona-dona qilib gapira boshladi:
– Qarshimizda gunohkorona bosh egib turgan mana bu ikki yoshga bir qarang-a! Ular shu paytgacha turli xilvatgohlarda pinhona uchrashib, oshiq-maʼshuq boʻlib yurishgan, ahdu paymonlar qilishgan. Kim bilsin, balki ular kuni kecha xuddi shu vaqtda hammadan bekitiqcha, anavi Koʻksoy boʻylarida uchrashishgandir. Lekin, mana bugun bizning qarshimizda bosh egib turishibdi. Balki koʻpchilik oldida birinchi bor shunday yonma-yon turganliklaridan iymanishayotgandir. Boshingizni koʻtaring, azizlarim! Bugun sizlar kelin-kuyov nomini oldingizlar. Istardimki, kelasi yili xuddi shu mahalda Hasan-Husan yoki Fotima-Zuhra farzandlar koʻrib, ota-ona nomini olingizlar!..
Yigitning soʻzi qiyqiriq va qarsaklar bilan olqishlandi. Kelin-kuyov joylariga oʻtirishdi. Xonandalar qoʻshiq boshladi.
Shu payt toʻyxonaga boyagi yigit kirib keldi. Uni sudragudek qilib kelin-kuyovga yaqinroq stollardan biriga oʻtqazishdi. Yigit qizarinqirab, yon-veridagilar bilan bosh irgʻab soʻrashgan boʻldi. Bir oz oʻtib tevarak-atrofni, hovlini gir aylantirib qoqilgan gilam va palaklarni koʻzdan kechira boshladi. Nihoyat, palaklardan biridagi nikoh ramzi – qoʻsh uzuk va ular oʻrtasidan unib chiqqan gulning, keyin bir-biriga talpinib turgan kaptarlar tasviriga koʻzi tushdi. Xiyla vaqt palakka tikilib qoldi. Nazarida, kaptarlar jonlangandek boʻldi… Ana feruza osmon. Balandda, juda balandda kaptarlar uchyapti. Ana, ular bir-biriga yaqinlashib kelmoqda… Yigit koʻzini palakdan oldi, biroq sal oʻtmay, yana beixtiyor kaptarlarga tikildi, ular yana jonlandi… U endi nigohini pastroqqa qaratdi. Ana ular – harir pardali kelinchak, doʻppili, xushbichim, baxtiyor kuyov…
Oʻrinlaridan turishyapti. Nega? Ha, birov tabriklaydi shekilli… Kim ekan u? E-ha, Bahri shoir-ku, u gapirmasa, yotib uyqusi kelmas. Hozir hoynahoy “Kuy, gʻazal, oh!..”, deb monolog boshlaydi. Yoʻq, avval eʼlon qiladi: “Hurmatli oʻrtoqlar, men sizlarga ulugʻ shoirimiz Alisher Navoiyning klassicheskiy gʻazallaridan birini aytib beraman”, deydi. Ana, aytdi, aynan shunday dedi. “Ogʻirroq kuy boʻlsin”, deyaptimi…
– Hov, mulla yigit, mundoq ochilib oʻtirsangiz-chi, buncha oʻy surib ketdingiz?
Yigit roʻparasidagi – boʻyinbogʻini bemalol boʻshatib, yoqalarini ochib olgan, yuzlaridagi terni roʻmolcha bilan hadeb artayotgan semiz kishiga xijolatomuz boqdi:
– Kechirasiz, amaki… Qani, ovqatga qarang.
– Bizlar olyapmiz, sizdi mazangiz yoʻq, yigit. Yotsiramay, yeb-ichib oʻtirish kerak. Toʻyga nima uchun kelganmiz? Qani, ushlang buni!
Yigit oʻziga uzatilgan qadahni oldi-da, sochlari oqarib qolgan, yuzlari semizlik va ichkilikdan jigarrang tusga kirgan kishiga kulimsirab tikildi: “Ha, albatta, toʻyga yeb-ichgani kelamiz-da, mulla aka!”
– Qani, oling-chi, kutyapmiz!.. Ha, balli, mana, zakuska!
Shu payt har-har yerdan qarsak ovozlari eshitildi: Bahri shoir “Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz…” deb “gʻazal”ini tugatgan edi.
– Lokin, mulla yigit, Navoiy ham shigʻirni zap qotirgan ekan-da! Bolaga ham gap yoʻq, talant ekan, nastoyashiy talant. Bopladi!
– Ha, u Navoiyni doim boplab yuradi… – dedi yigit ogʻir xoʻrsinib.
Bir ozdan keyin kelin-kuyovga koʻzi tushib, hayron qoldi: yana oʻrinlaridan turishibdi. Endi kim gapirarkin? Majlis qilib yuborishadi, shekilli. Ie, kim dedi? Uning nomini aytdimi? Nega u gapiradi? Nima deb gapiradi? Bu odam qiziqmi oʻzi?! Yoki chiqib ketsami? Endi qayoqqa chiqib ketardi?.. Hamma unga qarayapti. Qarsak chalishyapti. Mana, raislik qiluvchi toʻgʻri uning ustiga bostirib kelyapti. Yoʻl-yoʻlakay xonandalarning torini ham soʻrab oldi. Qoʻshiq ayttirmoqchimi unga! Shu koʻrgulik ham bormidi endi?!
Eh, asli nima qilardi kelib?
Mayli, anavi radiokarnaylarning baqiriq-chaqirigʻi uni tonggacha uxlatmasin edi. Bir kecha ming kecha emas, chidasa boʻlardi. Oshiq-maʼshuqlik haqidagi vaʼzlarni jimgina tinglab, koʻra-bila turib, yolgʻonchilik qilayotganlar ustidan huzur qilib kulib yotaverishi mumkin edi-ku?!
Nega keldi?! Nega?!
Oʻzi ham bilmaydi. Faqat toʻyxonaga yaqinlashib qolgandagina hushyor tortdi. Orqasiga qaytmoqchi boʻldi, biroq… vaqt oʻtgan edi. Qoʻyarda-qoʻymay ichkariga sudrashdi. Mana endi…
Yigit qoʻlida tor, gangib-garangsigan ahvolda oʻrtaga chiqdi. Bir bola mikrofon tutdi.
– Shoʻx-shoʻxidan boʻlsin, Kamoljon!..
“Shoʻx-shoʻxidan… Nimani aytaman, qandoq aytaman?!” U goʻyo torni sozlayotgandek ancha muddat tiringlatib turdi. “Shoʻx-shoʻxidan…” Xayolida nuqul shu soʻz tinmay charx urardi… Nihoyat, tor tilga kirdi. Yigit birdan oʻziga keldi: “Munojot”-ku!” Ammo, titroq barmoqlari endi unga boʻysunmadi.
Oq tunukali baland tomga oʻrnatilgan radiokarnaylar torning nozik, hazin sadolarini qishloq uzra tarata boshladi, soʻng xuddi ohanglardek hazin qoʻshiq yangradi:
Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi…
Toʻyxona jimjit boʻlib qoldi. Yoʻq, toʻyxona butunlay tinchimagan, shirakayf toʻyxoʻrlar oʻzaro gurung qilishar, har yer-har yerdan kulgi koʻtarilib turar, “Ha, doʻst!”, degan ovozlar eshitilib qolar, lekin yigit bularni eshitmas edi. Nazarida, bu yer toʻyxona emas, qishloq chekkasidagi kimsasiz yalangligu, u yolgʻiz oʻzi qoʻshiq aytayotgandek edi.
…Ana, pastda Koʻksoy shovillab oqyapti. U esa soy boʻyida, baland tollar koʻlankasida osmonga tikilgancha chalqancha yotibdi. Yonida oppoq harir koʻylak kiygan, boshiga kelinchaklar misol toʻr yopingan bir qiz… Qiz nozik barmoqlari bilan uning sochini taraydi, koʻzlariga mehr bilan tikiladi, allanimalar deb shivirlaydi.
U esa baxtdan yuragi togʻdek yuksalib, osmonning feruzaligiga, Koʻksoyning toza suvi aslo koʻrinmasligiga, tollarning soyasi faqat halovat baxsh etishiga ishonadi…
Qoʻshiq tugadi. Qarsaklar, olqishlar, yana talablar…
Tor tagʻin tilga kirdi. Yangi qoʻshiq boshlandi:
Sunbulayo sunbula, oʻrab olay gul bilan…
Oʻrtaga bir yigit va qiz tushdi, bir-biriga im qoqib raqs boshladi.
Sunbulayo sunbula, oʻrab olay gul bilan,
Mani koʻnglim san bilan, san ketarsan kim bilan?
Qadamingda gullar ochilsin…
Qoʻshiqchining koʻzlarida yosh yiltiradi. Ovoziga bilinar-bilinmas titroq kirdi.
Atrofdagilar: “Yashang!”, “Kam boʻlmang!”, “Doʻst”, deb uni olqishlar, qoʻshiqchi ularning gapini eshitmas, ularni koʻrmas, koʻz oʻngida yolgʻizgina bir kaptar jonsarak uchib borar edi.
Sunbulayo sunbula, oʻrab olay gul bilan,
Mani koʻnglim san bilan, san ketarsan kim bilan?..
Yigit oʻrtanib kuylar, oʻrtanib boʻzlar, hech narsadan bexabar olomon esa uni shodon, mastona qiyqiriqlar bilan olqishlar edi…
Orziqul ERGASH
1980 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/toy-oqshomida/