Taniqli yozuvchi Alisher IBODINOV huzurida
Abdulla Qodiriyning Otabegi ot surib oʻtgan Qamchiq dovoni qoshidamiz. Inson qoʻli bilan bunyod etilgan dovondagi tunelga poyezd sirli tuygʻudek shoshqin kirib boradi. Poyezd tuneldagi deyarli yigirma kilometr masofani bosib oʻtgunicha xayolimda Hamid Olimjonning misralari aylanadi: “Vodiylarni yayov kezganda, Bir ajib his bor edi menda…”. Qanchalar nafis, mehrli satrlar… Soʻlim vodiyning jamolini koʻrish, unga oshno boʻlish hissi yurakni entiktiradi. Kuchli bir kechinma vujudni chulgʻab, tuneldan tashqariga chiqamiz va goʻzal, mehmondoʻst Fargʻona vodiysi baayni bizni qutlagandek koʻz oʻngimizda yastanadi.
* * *
Yozuvchi kim aslida? Uning turish-turmushi, ijod bilan baqamti hayoti qanday kechadi? Uning ilhom manbai nima? Vatan va xalq oldidagi asl burchi, uni his etish, qabul qilish tarzi qanday kamol topadi? Yozuvchi Alisher Ibodinovning nomini adabiyotga qiziqa boshlagan paytlarimdanoq eshitar edim. Uning “Latofat” doʻkonidagi qatl” “Gulsafsar hidi” kabi kitoblarini unda-bunda uchratib, keyinchalik astoydil qiziqib oʻqiy boshladim va adib bilan bir suhbatlashish istagi tugʻildi. Telefondagi suhbat oʻz oti oʻzi bilan suhbat-da. Ammo ijod odami bilan diydorlashuv emas, aslo. Biroq yozuvchi bilan oramizda ulugʻ Qamchiq dovoni bor. Mana, nasiba ekan, bugun shu dovondan oshdik. Darvoqe, u kishi Fargʻonaning mashhur Oltiariq tumanida istiqomat qiladi. Zotan, ijodkor uchun oʻz ijodiy erkinligini qoʻlga kiritishda, meningcha, joyning oʻrni unchalik ham muhim emasdek.
– Kelinglar-ey, – dedi u kishi – men uchrashuvni orzulagan oʻzbekning bir kamtarin, ammo haddili adibi Alisher Ibodinov, narvon ustida turgani holida. U ishkomdan uzum uzayotgan edi.
Alisher aka yorugʻ bir tabassum bilan bizni qarshilaydi. Koʻrishamiz. Soʻngra, oʻzbekona bir tiniq mulozamatlar qurshovida mening koʻp zamonlar kutgan suhbatim boshlanib ketadi.
– Alisher aka, qariyb qirq yillik ijodingizda xalqimizning ijtimoiy, madaniy hayotidagi turli evrilishlarni baholi qudrat, vijdon amriga xilof bormay tarannum etib kelayotirsiz. Sizning-cha, adabiyotning asl vazifasi nima?
– Bu juda katta va jiddiy savol, aslida. Buni tushuntirmoq yoki berilajak javobni tushunmoq uchun ayrim xotiralarni aytishim lozim boʻladi. Bu Yaratganning ulugʻ neʼmati Soʻzga boʻlgan mehrimning, ayni paytda adabiyotning sezdirmaygina bajarayotgan vazifasining bir chetini ilgʻashimizga koʻmak berar, balki. Shu bois ilk savolingizni “Sizning adabiyotga kirib kelishingiz qanday roʻy berdi?” tarzida oʻzgartirsak, nima deysiz?
– Maʼqul.
–… 1974 yilning kech kuzi. Hind okeanining iliq suvlarini tigʻday kesib, poyonsiz lojuvard maʼvo uzra yashil nuqtalarday sochilgan Chagos orollari tomon suzayotgan harbiy kema – “Admiral Senyavin” kreyseri tezligini susaytirdi. Bu manzilda harbiy flotdagi qismimizga tegishli pochta boʻlib, uni olishimiz kerak edi. Darvoqe, men harbiy xizmatni dengiz flotida oʻtaganman. Ummonlardan yurakka toʻlqin olib, yigitlikning zavqini adabiyotga esh qilib dengizchi boʻlib yurgan bir kunlar edi-da. Xoʻsh, shunday qilib, kechga yaqin pochtalar ega-egasiga tarqatila boshladi. Xatlar… Ona Oʻzbekiston nafasi, onajonim hidi, sogʻinchlarga malham boʻluvchi mujdalar… Ikki-uch oy ichida onam, opam, oʻrtoqlarim yozgan xatlar anchagina. Choʻlu biyobondagi tashna odam yoʻlida duch kelgan buloqqa tashlanganidek yutoqib qoʻlga olaman ularni. Xatlar orasida odatdagidan boshqacha, oddiy konvertdan kattaroq va koʻk rangdagi xatjild diqqatimni tortdi. Tepasida “Guliston” jurnali tamgʻasi. Qiziqib darrov ochdim. Jurnalning rasmiy xat qogʻoziga oʻng tomonga xiyol qiyshaytirib yozilgan dastxat. Umrimning oxirigacha biror satri xotiramdan oʻchmaydigan xat. Xuddi shu xat keyinchalik butun hayotimni oʻzgartirib yubordi. Bu – sevimli yozuvchim, ustoz Asqad Muxtorning oʻz qoʻllari bilan yozilgan, mening besh oy burun jurnalga joʻnatgan hikoyamning taqdiri xususida edi. Xullas, hikoya ularga maʼqul boʻpti, jurnalning kelgusi soniga rejaga qoʻyilibdi ham. Koʻzlarimga ishonmayman. Vatandan ming-minglab chaqirim olisda, Hind okeanining asov toʻlqinlari kema bortiga bosh urib yotgan joyda Asqad Muxtordan maktub olish tushimga ham kirmagan edi.
Xullas, harbiydan qaytib Toshkentga keldim. Asqad Muxtor domla bilan koʻrishdim. Harbiydaligimda yozgan hikoyalarim bosilgan ikkita jurnalni oldim. Koʻnglim togʻdek oʻsdi. Endi oʻqishga kirishim qolgan edi. Oʻqishga ham shu kabi yaxshi odamlarning, rahbarlarning undovi, koʻmagi bir boʻlib kirib ketdik. Soʻngra poytaxtdagi adabiyot olamida ijodiy yoʻl qidirib dovdirashlar, hali u, hali bu tahririyatga hikoya eltish, ustozlar bilan tanishish, ularning hayot va ijod xususidagi toʻxtamlarini tinglashdek qaynoq ijodiy muhit bizni qamrab oldi.
Bugun siz tengi yoshlarning kitoblari 20 ming nusxada bosilayotganini eshitib oʻsha davrlarim yodga tushadi. Lekin bugungi avlodning yutugʻi, ustunligi ham borki, bu ham boʻlsa, sizlarning yoshligingiz ozod va obod vatanda kechayotir. Adabiyoti ham, yosh isteʼdodlari ham mustaqil boʻlgan bir zamon keldi-da. Buni qadrlamoq kerak.
Keyingi oʻn-oʻn besh yilda oʻzbek nasri ne-ne ulkan chinorlaridan ayrilmadi. Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzayev… Ularning nasr maydonida bayroq koʻtarib, dovrugʻ qozongan chogʻlarini koʻrdik. Ammo mana shu ustozlarning ham ijodiy jihatdan negadir “egni qisiq”ligini sezib qolardik. Negaki, adabiyotda erkinlik yoʻq edi. Tuygʻular sotsrealizm qoʻllarida bandi edi. Ammo adabiyot inson, millat erki uchun kurashar edi. Goh visolga, goh hijronga “pana”lab adabiyot erk istar edi. Sheʼriyatda ham shunday hol bor edi. Erkin aka, Abdulla aka, Rauf Parfi, Anvar Obidjon, Usmon Azim va boshqa koʻplab shoirlarimiz sheʼriyatning yuksak mezonlarini Yurt va millat ozodligiga boʻylata oldilar.
Bugungi yoshlar nima haqida yozishlari kerak, degan savol ham paydo boʻlishi mumkin. Bugungi avlod endi ozod Vatan farzandlarining koʻnglini, didini, qolaversa, insoniyligini tarbiyalashga hissa qoʻshmogʻi zarur. Axir, mustaqillikni asrash degani hech qachon tugamaydigan ish. Bu ishni vatanparvarlar bajaradi-ku!
Shu zaylda men va men tengi avlod vakillari ham adabiyotga kirib kelishgan edi. Endi birinchi savolingizga javob bersam…
– Menimcha, endi hojat qolmadi-yov?..
– Farosatli yigit ekansiz, rahmat.
– Sizga ham tashakkur.
* * *
Fargʻona – Toshkent yoʻllarida poyezd yeldek yeladi. Al-Fargʻoniy, Margʻinoniy, Nodirabegim, Uvaysiy, Muqimiy, Choʻlpon, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf singari siymolarni bergan goʻzal vodiydan Toshkentga poyezd ildamlaydi. Bu poyezd vagonlarida, kim bilsin, kelgusida oʻzbekning sharafini olamga yoyadigan ne-ne oʻgʻil, qizlar bordir. Men ana shunday yoʻlovchilar qurshovida poytaxtga, yozuvchi Alisher Ibodinovning suhbatidan koʻnglim toʻlib qaytardim.
Joʻrabek JAHON gurunglashdi.
https://saviya.uz/hayot/suhbat/ummonlardan-yurakka-tolqin-olib/