Vataningni rozi qil

Yurtimizdagi koʻpchilik jurnalist va tarjimonlar, adabiyotshunos va ijodkorlarning ustozi, atoqli olim hamda hassos publitsist Gʻaybulla Salomov hayot boʻlganida shu kunlarda 85 yoshga kirar edi. Men Gʻaybulla aka bilan oʻtgan asrning 80-yillarida, Til muammolarini oʻrganish va xalq bayramlari hamda marosimlarini tiklash yuzasidan tuzilgan komissiya tarkibida birga faoliyat yuritgan davrimizda tanishganman.

Gʻaybulla Salomov oʻsha vaqtlarda, 1982 yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1984 yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan. Domla 1993 yili Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Farmoniga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.

“Yaxshidan bogʻ qoladi”, deydi xalqimiz. Yaxshi olimdan, albatta, koʻz nuri va qalb qoʻrini, aqlu zakovatini, taʼbir joiz boʻlsa, butun umrini sarflab yaratgan oʻziga xos ilmiy maktabi qoladi. Ustoz Gʻaybulla Salomov oʻzidan ayni shunday maktab qoldirgan zotlardandir.

Oʻzbek olimi sobiq tuzum davridayoq asos solgan tarjimashunoslik maktabining dovrugʻi nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida, xususan, Fransiya, Bolgariya, Slovakiya, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Armaniston, Ozarboyjon, Qozogʻiston, Tojikiston mamlakatlari ilmiy doiralarida eʼtirof etilgan. Yana bir ahamiyatli jihat – Gʻaybulla Salomov rus, tojik, ozarboyjon tillarida yoza olgan va shu tillarda maqolalar chop ettirgan. Domlaning xorijiy davlatlarda doimiy aloqada boʻlgan hamkasblari, doʻstlari ham koʻp edi.

Chindan ham, “Gʻaybulla Salomovning oʻzbek tarjimashunosligi maktabi” deya nom olgan ilmiy maktab mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida munosib oʻringa ega. Bu maktab istiqlol yillarida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarjimachilik sohalari taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Taniqli olimlar Abduzuhur Abduazizov va Najmiddin Komilov oʻz davrida haqli ravishda eʼtirof etganidek, Gʻaybulla Salomovning ilm-fan rivoji yoʻlidagi samarali xizmatlari tufayli tarjimashunoslik – ikki tildagi matnni chogʻishtirish yoki bir tildagi maʼnoning ikkinchi tilda aks etishini aniqlashgina emas, balki oʻzbek tilining salohiyati, boyligi va imkoniyatlarini koʻrsatish, jahon adabiyotini milliy zaminda qayta yaratish ekani tan olinib, tarjimashunoslik shu jarayonni umumfilologik aspektda tadqiq qiladigan fan ekanligi aniqlandi. Tarjima Vatan adabiyotini boyitish, oʻzaro maʼnaviy qadriyatlar, fikr-gʻoyalar almashish vositasi, tarjimon esa chinakam ijodkor adib, deb qaraladigan boʻldi. (Qarang: “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2007 yil 41-son)

Domlaning bevosita saʼy-harakatlari bilan oʻsha paytdagi ToshDU (hozirgi Milliy universitet) negizida sobiq ittifoqda birinchi boʻlib tashkil etilgan “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi bugungi kunda ham izchil faoliyat yuritmoqda. Gʻaybulla Salomov mamlakatimizda eng koʻp shogirdlar tarbiyalagan zahmatkash olimlardan biridir. Domlaning ilmiy rahbarligida 57 kishi fan nomzodi, 5 kishi fan doktori boʻlgan. Ular orasida mamlakatimizning koʻzga koʻringan fan va madaniyat xodimlari, jamoat arboblari bor.

Ustozning badiiy tarjimachilik va tarjimashunoslikka doir ilmiy-nazariy asarlari kutubxonalarda, Internet sahifalarida faol izlab-topib oʻqilayotgan nashrlar sirasiga kiradi. Jumladan, “Maqol va idiomalar tarjimasi”, “Til va tarjima”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Doʻstlik koʻpriklari” (N. Komilov bilan hamkorlikda), “Adabiy anʼana va badiiy tarjima”, “Tarjima nazariyasi asoslari” kabi kitoblari tadqiqotchilar, oʻqituvchi va talabalar uchun muhim hamda qiziqarli manbalar hisoblanadi.

Gʻaybulla aka, avvalo, oʻzlari alloma va pokiza qalbli zot sifatida umr boʻyi talabayu shogirdlariga tarjima nazariyasi va amaliyoti darsi bilan bir qatorda, insoniylik, odamiylik va odamoxunlikdan saboq berdi. Bundan ming yillar ilgari Abu Ali ibn Sino “Yaxshi inson – yerdagi farishta”, degan ekan. Bu aynan Gʻaybulla as-Salomga mos va xos taʼrifdir.

Domla mohir tarjimon va munaqqid, publitsist va shoir ham edi. Buni u kishining Gʻaybulla as-Salom taxallusi bilan bitilgan “Ey, umri aziz”, “Armon”, “Vahiydan kelar bir sado”, “Tolibnoma”, “Ezgulikka chogʻlan, odamzod”, “Halollik bozorda sotilmaydi”, shuningdek, “Jahongashta “Boburnoma” (N. Otajonov bilan hammualliflikda) kabi maʼnaviyat va maʼrifat, tarix va madaniyat masalalariga oid bir qator asarlari yaqqol tasdiqlaydi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida ustoz Gʻaybulla domla bilan yana koʻrishib, bir muddat muloqotda boʻlish imkoni tugʻilgan edi. Oʻshanda domla Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchilariga islom huquqidan dars berayotganimni soʻrab bilgach, “Juda toʻgʻri, adolat posbonlari bugun qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ham, olis moziydagi fiqh va shariat arkonlarini ham oʻzlashtirgani maqbul”, degan edi.

Soʻngra ustoz portfellaridan uchta yangi chiqqan kitobini olib, har biriga alohida qunt va mehr bilan dastxat bitib bergandi. Bugun kitobxon, kitob va kutubxona mavzusida soʻz ochilsa, shaxsiy kutubxonamda taniqli olim va adiblarning dastxati yozilgan yuzdan ortiq nodir kitob borligini faxr bilan aytaman. Shu kitoblar orasida ustoz Gʻaybulla as-Salomning shaxsan tuhfa etgan kitoblari men uchun nihoyatda moʻtabardir.

Gʻaybulla Salomovning milliy madaniyat va ilm-fan taraqqiyotiga, demakki, milliy mustaqilligimizga qoʻshgan katta ulushi – olimning oʻzbek tarjimashunosligi maktabini asoslab, bu ilm sohasini ham nazariy jihatdan puxta ishlab chiqqani, ham uni tahsil-taʼlim jarayoniga amaliy tatbiq etganidir.

Shuningdek, Gʻaybulla Salomov avvalboshda lugʻatchilik va qomuschilik masalalariga doir yetuk ilmiy ishlar yozgan boʻlib, keyin shu asosda Ibrohim Moʻminovdek zabardast alloma bilan yelkama-yelka turib, dastlabki milliy qomusimiz tamal toshini qoʻyganlardan biri boʻldi.

Bundan tashqari, sobiq tuzum davrida qirgʻin-qatagʻon qilingan Abdulla Qodiriy, Sanjar Siddiq, Abdulhamid Choʻlpon, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, Gʻafur oʻulom kabi ziyolilarimizning tarjima merosi Gʻaybulla Salomovning koʻpyillik mehnati tufayli oʻrganildi va bu adiblarning tarixiy xizmati munosib taqdirlandi.

Shu kabi xayrli ishlarning aksariyati Istiqlolga erishishimizdan oldin, mustamlaka zamonida domlaning partiyasizligi, kommunistik partiyaga kirishni istamagani tufayli boshiga tushgan savdolarga qaramay, sabot va matonat bilan roʻyobga chiqargan saʼy-harakati natijalariga ayrim misollar, xolos.

Mustaqillik yillarida professor Gʻaybulla as-Salom umrining qolgan qismini navqiron avlodga, boʻlgʻusi rahbar kadrlarga maʼruzalar oʻqish va maʼnaviy-maʼrifiy asarlar yozishga bagʻishladi. Xususan, ustozning soʻnggi kitoblaridan birida shogirdlariga, komillikka intilayotgan barcha yoshlarga mana bunday nasihati joy olgan:

”Bilgan qadar bil. Bilganingni yaxshilikka sarfla. Yovuz, fosiq, nobakor, sotqin, xudosiz, qalbi qulflangan odamlardan yiroq yur. Zolim, nopok, qotil, munofiq, xudbin kimsalar bilan ulfatchilik qilma. Hech qachon oʻz Rabbing marhamati va rizq-shafqatidan noumid qolma. Tilingni yolgʻon bilan bulgʻama. Tuhmatga doxil va kafil boʻlma. Haromdan hazar qil. Seni oq yuvib, oq taragan Vataning, xalqing, ota-onangni rozi qil”.

 

Akmal SAIDOV,

professor

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/vataningni-rozi-qil/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x