XX asrda yaratilgan adabiyotimiz tarixida dastlab: “(Bobur) ikkita devon tuzib, birida oʻzbek tilidagi, ikkinchisida fors-tojik tilidagi sheʼrlarini toʻplaydi” (N. Mallayev. Oʻzbek adabiyoti tarixi. 1963) deyilsa, keyinroq: “Bobur oʻzining lirik merosini ikki devonga toʻplaganki, bulardan biri 1519 yilda Kobulda tartib berilib, uni shartli tarzda Kobul devoni deb atasak, ikkinchisi Hindistonda 1528-1529 yillarda tuzilgan boʻlib, uni olima S. Azimjonova Boburning “Hind devoni” tarzida nomladi va nashr ettirdi. Ammo Kobul devoni hozircha nomaʼlum boʻlib qolmoqda” (Oʻzbek adabiyoti tarixi. 3-jild. 1978) deya taʼkidlanadi.
Shu tarzda adabiyotshunosligimizda Boburning ikki devon tuzganligi haqida “gʻalati mashhur” paydo boʻlgandi. To hanuz adabiyot darsliklarida bu takrorlanib keladi. Aslida, ustoz olimlarning gaplarida biroz jon bor. Faqat…
Keling, bir boshdan soʻzlaylik.
“Boburnoma”ning bir oʻrnida muallif Samarqand hokimi “Foʻlod Sultonga devonimni yibordim”, deb yozadi. Bu voqea 1520 yilga toʻgʻri keladi. Shunga koʻra, Bobur oʻz devonini shu vaqtda tuzgan, deyish ham mumkin. Lekin keyinchalik bitgan yana bir ruboiysida u:
Devonima ne rabtu ne tartibedur,
Ne jadvalu ne lavhu ne tazhibedur —
deya maxsus taʼkidlaydi.
Demak, Bobur oʻz sheʼriy toʻplamini anʼanaviy mumtoz devonchilik qolipiga batamom solishga ulgurmagan va hozirgacha uning mukammal devoni qoʻlyozmasi maʼlum emas.
Haqiqatan ham, Bobur devonining qoʻlyozmalari nechta? Qay biri toʻla va sahih matnga ega?
Shoir sheʼriyatini oʻrganish va targʻib etishga munosib hissa qoʻshgan olimlarning xulosalari esa yillar osha turlicha boʻlib kelgan. Jumladan, D.Ross bir, F.Koʻpruli, A.Samoylovich va A.Qayumov ikki, S.Hasanov toʻrt, Sh.Yorqin besh va B.Yujel olti nusxasi haqida maʼlumot bergan.
Eng soʻnggi tadqiqlarga koʻra, dunyo kitob xazinalarida saqlanayotgan Bobur devoni qoʻlyozma nusxalarining adadi oʻnta ekanligi maʼlum boʻlmoqda. (Shulardan toʻqqiztasi haqida “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”da xabar berganmiz.)
Demak, Hindistonda uch, Fransiyada bitta, Angliyada bitta, Pokistonda bitta va Toshkentda bitta qoʻlyozma saqlanadi. Bularning ichida, shubhasiz, eng moʻtabari – Rampur nusxasidir. Garchand bu qoʻlyozma 21 varaqdan iborat boʻlib, unda Boburning “Risolai Volidiya”si hamda atigi: 2 masnaviy, 24 ruboiy, 2 gʻazal, 3 qitʼa va “Risolai aruz”dan kichik parcha oʻrin olgan boʻlsa-da, juda qimmatli manba. Avvalo, u Bobur tiriklik vaqtida, uning tahriri ostida koʻchirilgan va muallifning dastxati(avtografi) saqlanib qolgan yagona qoʻlyozmadir. 1528 yili chiroyli taʼliq xati bilan koʻchirilib, sahifalariga unvon ishlanib, bezalgan, oltin suvi yuritilgan va Humoyun mirzoga joʻnatilgan bu qoʻlyozmaning dastlabki sahifasidagi Bayramxon va 19b-varaq hoshiyasidagi Shoh Jahonning yozuviga binoan unda Bobur dastxati aniqlangan. Aynan ana shu jihatlarni koʻzda tutib, uni dastlab ingliz sharqshunosi Denison Ross, keyinchalik vatanimizda akademik S.Azimjonova va yaqinda Rampurdagi Rizo muzeyi mudiri, professor Aziziddin Husayn faksimilesini eʼlon qilgan edi.
Yana, qoʻlyozma qadimiyligi, ziynati, miniatyura bilan bezalgani va xatining goʻzalligi borasida XVI asr ikkinchi yarmida kitobat qilingan Parij nusxasi ham ajralib turadi. Boburning lirik sheʼrlari eng koʻp jamlangan qoʻlyozma esa Istanbul universitetidagi manbadir. Unda boshqa nusxalarda uchramaydigan Boburning bir necha, jumladan, fors tilidagi sheʼrlari mavjud.
Biroq mazkur qoʻlyozmalar orasida mumtoz devon tuzish anʼanasi asnosida tartib berilgan va har radif harfiga sarlavha qoʻyib husnixat bilan nastaʼliqda koʻchirilgani London nusxasidir. Taxminimizcha, uni devon tartibiga kotib Hayot Ali keltirgan. Manba hind rojasi Ajit Sing Jayb Bahodur buyrugʻi bilan hijriy 1190 (milodiy 1776) yili kitobat qilingan. Unda yana ikki temuriy – Sulton Husayn mirzo va Sulton Masʼud mirzo Shohiy devonlari keltirilgan.
Umuman, mazkur devon qoʻlyozmalari bir-birini takrorlashi bilan ajralib turadi. Masalan, Hindistonda koʻchirilgan(Rampur nusxasi istisno) qoʻlyozmalarning matni deyarli bir xil (London nusxasi ham Hindistonga oid). Islomobod nusxasi esa Parij nusxasining takroridir. Birgina Toshkent nusxasi XX asr (1996) mahsuli boʻlib, unda anʼanaviy devonchilik shaklidan biri – janrlar ketma-ketligi mavjud boʻlsa-da, mumtoz devonchilikning muhim sharti — arab alifbosining tartibi saqlanmagan. U professor S.Hasanovning tashabbusi va koʻrsatmasi bilan Toʻxtamurod Zufarov tomonidan chiroyli nastaʼliq xatida koʻchirilgan.
Bobur ijodiy merosiga qiziqish tufayli XX asrga kelib uning lirik asarlarini devon holiga keltirish va sheʼrlarining sahih matnini yaratishga doir ayrim urinishlar boʻldi. Shu kunga qadar Bobur sheʼriyatidan namunalar turli tarzda bir necha bor chop etildi. Ular ichida Bobur devonining yigʻma shakldagi ikki nashri muhim. Bular afgʻonistonlik olima Shafiqa Yorqin va turkiyalik olim Bilol Yujel tarafidan amalga oshirilgan. Ular oʻzlarigacha boʻlgan jami boshqa nashrlardan batafsilroq soʻzboshi, izohlari, matnining nisbatan toʻlaligi va birmuncha ilmiy apparatlar bilan taʼmin etilganiga koʻra ajralib turadi. Lekin ularni ham mukammal ilmiy izohga ega, toʻla-toʻkis va sahih matn darajasida deb boʻlmaydi.
Bobur devonining qoʻlyozmalari yuzasidan izchil tekshirishlar koʻrsatmoqdaki, shoir devonining ilmiy-tanqidiy matnini tuzish juda ham zarur ekan. Biroq Boburning oʻzi tuzgan yoki tuzdirgan, tahrirdan oʻtkazgan toʻliq (yoxud nisbatan toʻliq) devon qoʻlyozmasi qoʻlimizda boʻlmas ekan, ilmiy-tanqidiy matnni tuzib boʻlmaydi. Negaki, muallifning oʻzi devonni qay tartibda tuzgan, anʼanaviy mumtoz devonchilikning qoidalariga qatʼiy amal qilganmi-yoʻqmi, degan savollar qalqib chiqaveradi. Ustiga-ustak, ilmiy-tanqidiy matnga asos asl (tayanch nusxa boʻlgulik) mukammal qoʻlyozmaning oʻzi amalda yoʻq. Chunki ilmiy-tanqidiy matn barcha yoki eng moʻtabar qoʻlyozma nusxalar asosida yaratilishi matnshunoslik ilmida qabul qilingan.
Zikr etilgan qoʻlyozmalardan maʼlum boʻlmoqdaki, ular shoir sheʼrlarining devon tuzish uchun yigʻilgan jamlanma, qoralamasi va keyinchalik ulardan koʻchirilgan nusxalardir, xolos. Toʻgʻri, Londondagi “Devoni Bobur podshoh” (u shunday nomlangan) qoʻlyozmasi devon holida. Biroq u ham keyinchalik qoʻlyozma kotibi tarafidangina shunday tuzilganini aytdik. Bobur tiriklik chogʻida koʻchirilgan Rampurdagi nusxa esa umuman devon tartibida emas va unda shoirning lirik sheʼrlarining oʻzi sanoqli.
Mazkur vaziyatda matnshunoslikda qoʻllaniladigan yana bir muhim va ilmiy tajribadan muvaffaqiyatli oʻtgan ishonchli matn turi juda qoʻl keladi. Bu ham boʻlsa – yigʻma-qiyosiy matndir. Unda Bobur sheʼrlarining qoʻlyozmalararo farqlari, joylashish tartibidagi oʻzgachaliklar, soʻzlarning turli shaklda kelishini bir sistema asnosida ham matnni yigʻib, ham oʻzaro qiyoslab, ham uni tuzatilgan-sahih matn shaklida koʻrish mumkin boʻladi. Masalan, Boburning:
oʻurbatta ul oy hajri meni pir qilibtur,
Hijron bila gʻurbat manga taʼsir qilibtur —
deb boshlanuvchi sermazmun besh baytli gʻazali bor. Ushbu gʻazal boshqa gʻazallardan farqli ravishda Bobur devonining ikki nusxasidangina oʻrin olgan (Rampur va Istanbul universiteti qoʻlyozmalari). 1528 yili bitilganiga koʻra, u shoirning oxirgi sheʼrlaridan biri. Sheʼr matnidagi ayrim farqlarni hisobga olmaganda, u shu kungacha deyarli toʻgʻri tabdil etib kelingan. Ammo gʻazaldagi eng muhim bayt, aniqrogʻi, misradagi bir soʻz yanglish oʻqilgan. Bu esa sheʼrning asl mazmunini anglashga xalal beradi. Uchinchi bayt shu tarzda:
Taqdirdur ul yonu bu yon solgʻuchi, yoʻqsa,
Kimga havasi Sanbalu tatyir qilibtur?
Bobur sheʼrlarining ayrim zamonaviy nashrlarida “havas Sanbalu, tatyir”(1982), “havasi Sanbalu Tatyir”(1994, 2007, 2008) deb berilgan hamda “Sanbal” va “Tatyir” “Hindistondagi joylar nomi” deya izohlangan. Baʼzilarida hatto“sunbuli tatyir”(1976) yoki “sunbulu taqdir”(1996) tarzida gʻalat keltirilgan.
“Sanbal” chindan Hindistondagi bir viloyat va bu nom “Boburnoma”da ham keladi. Lekin “tatyir” soʻzi mavhum boʻlib qolmoqda. Bunday joy nomi “Boburnoma”da ham, Hindistonda ham yoʻq.
Aslida baytda Bobur nafaqat oʻzi, balki oʻgʻli Muhammad Humoyun taqdiriga ham ishora qilmoqda.
Masalani ravshanlashtirish maqsadida “Boburnoma”ga murojaat etsak.
Asarning hijriy 932(milodiy 1525) yil voqealari bayon etilgan qismida Bobur 13.844.000 tanga daromadga “…Sanbalni dagʻi Humoyungʻa inoyat qildim…” deya taʼkid etadi. Asar oxiridagi (936/1528-1529 yil) voqealar qismidagi soʻnggi tarixiy hodisa ham aynan Sanbal viloyatiga yuborilgan Humoyun hayotining bir qiyin dami bilan bogʻliq: “…Va Muhammad Humoyun, Sanbalgʻakim, aning joygiri edi, ruxsat berildi. Olti oygacha anda edi; zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa tortar. To onki biz eshittuk, farmon berildikim, Dehligʻa kelturub, Dehlidin kemagʻa solib keltursinlarkim, hakimi hoziqlar koʻrub, dardigʻa davo qilsunlar…”.
Modomiki, masala shunday ekan, baytdagi “tatyir” umuman xato boʻladi. Sheʼr toʻgʻri va aniq berilgan Rampur nusxasida bu soʻz “nazir” deb, Istanbul universiteti nusxasida esa soʻzdagi “yo” harfi nuqtali, qolgan harflar nuqtasiz berilgan. Balki shuning uchun yanglishishlar kelib chiqqandir. Demak baytni:
Taqdirdur ul yonu bu yon solgʻuchi, yoʻqsa,
Kimga havasi Sanbalu nazir qilibtur? —
deya oʻqish kerak.
Endi “Boburnoma”dan keltirilgan voqealar bilan bogʻlasak, qoʻshmisraning mazmuni aniqlashadi. Yaʼni kishini dam u, dam bu tomon yoʻllaguvchi taqdirdir; agar shunday boʻlmasa edi (Hindistonning) Sanbal(degan joyi)ni oʻz farzandiga nazir(teng) qilishni kim ham havas qilardi. Chunki taqdir boʻlmasa edi, oʻsha tomon borilmagan boʻlurdi. oʻazalning keyingi baytlarining mazmuni ham shunday yechimga keltiradi.
Bu birgina gʻazal baytini qoʻlyozmalararo qiyoslashdan keyingi natija. Vaholanki, devondagi oʻnlab sheʼrlar matnidagi xatoliklar faqat va faqat oʻzaro qiyoslarda maʼlum boʻladi.
Matnlardagi oʻzgarish va farqlar faqat soʻzlarning turlicha kelishida emas, balki butun-butun misralarda ham uchraydi…
Qoʻlyozmalardagi Bobur sheʼrlarini oʻrganish natijasida deyarli har bir sheʼr yuqoridagi kabi oʻzgarishlarga ega ekanligi maʼlum boʻlmoqda. Biroq shuni taʼkidlash joizki, qoʻlyozma nusxalardagi tahrirlarning qay birini muallif, qay birini kotiblar amalga oshirgani masalasi butkul hal qilinadi, degan iddaodan yiroqmiz. Faqat qoʻlyozmaning yaratilish (koʻchirilgan) vaqtidan kelib chiqib taxminiy fikrlar bildirish mumkin. Shunday esa-da, yigʻma-qiyosiy matn davomida Bobur lirikasining eng nozik jihatlari, oʻziga xos originalligi, uslubning oʻzgachaligi, soʻz qoʻllashdagi mahorati, shoirona oʻxshatishlarning goʻzalligi kabi sifatlarga yanada yaqindan oshno boʻlish, tanishish, oʻrganish imkoniyati yaratiladi. Qolaversa, Boburday mumtoz shoirimiz devonining sahih va mukammal matni yuzaga keladi. Unda ijodkorning oʻzbek va fors tilidagi barcha sheʼrlari ilk bora yaxlit devon holiga keltiriladi. Nashr tartibi masalasida anʼanaviy devon tuzilishi boʻyicha yoʻl tutiladi.
Otabek JOʻRABOYEV,
filologiya fanlari nomzodi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bobur-devonining-sahih-matni-bormi/