Husayn Voiz Koshifiy (1440-1505)

XV asrning ikkinchi yarmida Xurosonda Alisher Navoiy atrofida toʻplangan alloma, shoir va donishmandlar orasida mashhur va qomusiy talant egalaridan biri Voiz Koshifiydir.

Kamoliddan Husayn Voiz Koshifiy taxminan 1440 yillarda Xuroson viloyatidagi Sabzavor shahrining Bayhaq kentida tugʻilgan, uning ota-onasi, bolaligi haqida hozircha hech qanday aniq maʼlumot yoʻq. Bizningcha, u boshlangʻich maʼlumotni Sabzavorda olgan. U arab, fors, turkiy tili, matematika, astronomiya, kimyo, musiqa, adabiyot, fiqhdan toʻliq maʼlumotga ega boʻlgan. Yoshligidanoq voizlik – soʻz sanʼati bilan shugʻullangan. Koshifiy Sabzavorda tez orada koʻzga koʻringan voiz – notiq boʻlib tanilgan. Keyinchalik Nishopurda 1455–1468 yillarda esa Mashhadda yashab, voizlik qilgan. 1468 yilning oxirlarida Abdurahmon Jomiyning tavsiyasi bilan Husayn Voiz Koshifiy Hirotga keladi va qolgan um-rini asosan Hirotda Temuriylar rahnamoligida oʻtkazadi. Maʼlumki, XV asrning ikkinchi yarmida Temuriylar, xususan Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning madaniyat markazi edi. Tarixchi olim Sayyid Nafisiyning aytishicha, Koshifiy umrining oxirida Hindistonga qilgan safari haqida ham deyarli maʼlumot yoʻq. Husayn Voiz Koshifiyning ikki kizi va bir oʻgʻli boʻlib, oʻgʻli Faxriddin Ali as-Safiy oʻz davrining katta shoiri, yozuvchisi va olimi (“Rashohoti ayn al-hayot” asari bilan mashhur) boʻlib yetishgan. Ali as-Safiyning islom tarixiga, paygʻambarlar hayotiga, adabiyotga, Xoʻja Ahrorga, axloqqa, kimyoga bagʻishlangan oʻndan ortiq ilmiy va badiiy asarlari bor. Husayn Voiz Koshifiy 1505 yilda Hirotda vafot etadi.

Kamoliddin Husayn – allomaning ism sharifi, voiz (notiq) – laqabi, Koshifiy (kashf qilmoq, yaratmoq) – adabiy taxallusidir. Husayn Voiz Koshifiy asarlarini oʻz davrining ilmiy tili – fors tilida yozgan boʻlib, undan koʻpgina ilmiy, badiiy tarjima asarlari ham meros qolgan. U falsafa, axloq, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, siyosat, tarix, kimyo, astronomiya, matematika, musiqa, voizlik, sheʼr sanʼati, din tarixi, fiqh, tibbiyot kabi fanlarga oid 200 dan ortiq asar yozganligi manbalardan maʼlum. Koshifiyning Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik va H. Sulaymonov nomidagi Qoʻlyozmalar institutlarida 45 nomdagi asarlarining 197 qoʻlyozma va 75 tosh bosma nusxalari saqlanmoqda. Bundan tashqari u oʻz davrining koʻzga koʻringan iloxiyotchi olimi boʻlib, hadisni, Qurʼoni karimni yoddan bilgan, hatto Qurʼonga toʻrt kitobdan iborat sharh ham yozgan. Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, “Risolai Hotamiya”, “Anvori Suxayliy”, “Futuvvatnomai Sultoniy”, “Tavsiri Husayniy”, “Javohirnoma” kabi oʻndan ortiq asari arab, tatar, eski oʻzbek, urdu, turk, nemis, ingliz, fransuz va boshqa tillarga tarjima qilingan. Hozirgi kunda Koshifiy asarlari Parij, London, Berlin, Sankt-Peterburg, Moskva kabi shaharlarda, Iroq, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Bangladesh va boshka sharq mamlakatlarining kutubxonalarida saqlanmoqda. Chet mamlakatlarda Koshifiy asarlariga qiziqish XVIII–XIX asrlardayoq kuchli boʻlib, Gʻarbiy Ovroʻponing X. G. Kin, M. Duayt, D. D. Donalson, E. Braun, A. A. Arberri, E. S. Kennedi, E. Rozental, X. Masse, K. S. Lambton, R. Levi, A M. Shasteri kabi mashhur olimlari Markaziy Osiyo va Eronning XIV–XV asrlardagi madaniyati tarixini atroflicha oʻrganishga harakat qilganlar va Koshifiyning ijodi, merosiga yuqori baho berganlar.

Koshifiy ijodini oʻz davrining yirik tarixchisi Xondamir “Xulosat ul-axbor” asarida: “Ul janob nujum ilmida ham zoʻr mahoratga ega edi, chunonchi uning taʼbirlari Qazo oʻqi singari bexatar boʻlardi. Uning balogʻatoyotlik hamda fasohatsifatlik kitoblari koʻp va behisob boʻlib, ularning koʻpi oliymaqom amir Alisherning atoqli nomi bilan ziynatlangan. Amir Alisherning inoyati va iltifoti ul janobning hol sahifasiga hamma vaqt tushib turardi…” deb taʼriflaydi. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarining toʻrtinchi majlisida: “Mavlono Husayn Voiz “Koshifiy” taxallus qilur, Savzavorliqdur. Yigirma yilgʻa yaqin borkim, shahrdadur va Mavlono zufunun va rangin va purkor voqe boʻlubtur. On fan boʻlgʻaykim, dahli boʻlmagʻay. Xususan vaʼz, insho va nujumki, aning haqqidur va har qaysida muttayyin va mashhur ishlari bor…” deb yuksak baholagan.

Husayn Voiz Koshifiy Hirot madrasalarida talabalarga taʼlim-tarbiya bergan, Xuroson shaharlarida axloq-odobdan vaʼz aytgan. Koshifiy oʻz asarlarida ijtimoiy-axloqiy hayot, maʼnaviyat masalalariga katta oʻrin ajratadi, siyosat, davlatni boshqarish, shoh bilan fuqarolar oʻrtasidagi munosabat, jamoani idora etish, yetuk insonni tarbiyalash muammolari uning ijodida katta oʻrin egallaydi. Ularda insonparvarlik, xalqparvarlik, yuqori maʼnaviyatga ega boʻlish, madaniy yuksalish gʻoyalarini ilgari suradi. Uning “Axloqi Muhsiniy”, “Risolai Hotamiya”, “Anvori Sixayliy”, “Axloqi Karim”, “Javohirnoma”, “Lubbo ul-maʼnaviy fi-intixobi masnaʼviy”, “Iskandar oynasi”, “Tafsiri Husayniy”, “Futuv-vatnomai Sultoniy” kabi asarlari shular jumlasidandir. Bu asarlardan Xuroson mamlakatida, Hirotda va boshqa shaharlardagi madrasalarda talabalar uchun darslik sifatida foydalanilgan. Mutafakkir bu asarlarida oʻzining hayotdan olgan soboqlari, tajribalari asosida xalqchillik, insonparvarlik, ijtimoiy hayot, adolat, halollik, sofdillik, poklik, toʻgʻrilik, rostgoʻylik haqidagi fikrlarini oʻqimishli, qiziqarli hikoyatlar, rivoyatlar yordamida bayon etadi. Bu asarlar Koshifiy tili bilan aytganda “Hikmati amaliy” asosida yozilganligidan bugungi kunda ham juda katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

Husayn Voiz Koshifiy insonni dunyodagi eng yuksak olijanob mavjudot deb biladi.

 

Odam nomi yaxshilik bilan eslash tufayli boqiydir,

Hayotlik ayyomining hosili yaxshi nom orttirishdir,

 

– deydi.

Bu Voiz Koshifiy axloqiy taʼlimotining yetakchi gʻoyasidir. U salbiy axloqiy xislatlarni qoralaydi va ularning inson hayotida va jamiyat uchun katta zarar olib kelishini qator hikoyat va rivoyatlar bilan koʻrsatadi.

Husayn Voiz Koshifiy yaxshilik va yomonlik, adolat, vijdon, burch tushunchalari haqida ham atroflicha fikr yuritadi. Axloq normasi insonlarning xulq, feʼl atvorlarini tartibga solib turuvchi axloqiy talablardir. Koshifiy ijobiy xislatlarni kishilarda boʻlishi shart boʻlgan insoniy fazilat deb tushunadi va sabr, hayo, iffat, pokizalik, sobitqadamlik, saxiylik, saxovat, rostgoʻylik, shijoat, kamtarlik, hushyorlik, baland himmatlik, diyonatlilik, ahdiga vafolik, andishalilik, izzat-hurmatni bilish, sir yashira olish kabi fazilatlarni birma-bir taʼriflab oʻtadi. Koshifiy axlokdi inson deganda, ilm-maʼrifatga intiluvchi, haqiqat va adolatni sevuvchi, adolatsizlikka qarshi kurashuvchi, mard, harakatchan, olijanob, saxiy, ochiq qalb insonni tushungan.

Axloq masalalarini yoritishda Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy” (Husayn Boyqaroning oʻgʻli – Abdulmuhsin Mirzoga bagʻishlangan) asari eng mashhur va muhim ahamiyat kasb etadi. Koshifiy oʻz asarlarida siyosat, davlatni boshqarish masalalari boʻyicha ham oʻz davri uchun muhim fikrlarni olgʻa suradi. U davlatni odilona boshqarishda siyosatdan foydalanish kerakligini alohida taʼkidlaydi:

 

Jahonda pok suv ichmakka boʻlmas hech kim qodir,

Agar shohlar siyosat tigʻin eliga qilmasa zohir,

 

– deydi.

Siyosat mamlakatni boshqarish uchun zarur, u shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy ishdir. Siyosat adolatli boʻlsa, mamlakat, jamiyat rivoj topadi, xalqi farovon yashaydi. Siyosatni odil podshohlar adolat bilan boshqarishlari kerak:

 

Mamlakat tobqoy siyosatdin nizom,

Gar siyosat boʻlmasa yetgay xalal,

Topmagʻay olam ishi aslo tuzut.

Besiyosat hech vaqtu hech mahal.

 

Yoki:

“… Adl (adolat – R. M. ) siyosatsiz mavjud boʻlmas. Siyosat yoʻq boʻlsa, sardorlik zaif. Na uchunkim mulku-millat ziynati, dinu davlati musallahi siyosatdur”, deb mamlakat taraqqiyotini, adolat qaror topishini ham Koshifiy siyosatga bogʻlaydi.

Demak, Husayn Voiz Koshifiy shoir, yozuvchi, olimgina emas, balki dono siyosatchi ham boʻlgan. Uning jamiyat, davlat, tinchlik, ixtiloflarni osoyishtalik bilan hal etish zarurligi toʻgʻrisidagi fikrlari hozir ham oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda.

Voiz Koshifiy Alisher Navoiyning maʼnaviy davrasida boʻlgan XV asr Xuroson va Movarounnahr madaniyatining rivojiga katta hissa qoʻshgan hamda oʻz asarlari bilan soʻnggi avlodlarga katta taʼsir koʻrsatgan mashhur allomalardan boʻlib tarihda qoldi. U qomusiy ijodi bilan oʻz davri maʼnaviy yuksalishi yoʻlida faol xizmat qildi va nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Sharq umuminsoniy, madaniy boyliklarini kuchaytirishga sezilarli taʼsir koʻrsatdi.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

 

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/husayn-voiz-koshifiy-1440-1505/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x