Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Choʻlponning toʻrt jildli asarlar toʻplami nashr qilindi
Abdulhamid Choʻlpon uzoq yashamadi. Qatagʻon-qirgʻin mashinasi uni ruhan majaqlab, jisman mahv etdi. Biroq shoir ruhi oʻlmadi. Asarlari mazmunidagi choʻlponona ruhiyat hali bu kungacha yashab keladi; odamlarning his-tuygʻulariga taʼsir etadi. Zavqlantiradi, oʻylantiradi, oʻrtantiradi va lirik-rubobiy kayfiyat bagʻishlaydi…
XX asr oʻrtasida yarim asrdan koʻproq tanaffus boʻldi. “Katta tanaffus” mahali oʻquvchilar shoir sheʼrlarini yashirib, boshqa kitoblar muqovasi ichiga berkitib oʻqishdi. “Kishan kiyma, boʻyin egma, Ki sen ham hur tugʻulgʻonsen” kabi erk va ozodlik ruhi ufurib turgan misralari mudragan yuraklarni uygʻotdi; bunday pafos koʻngil koʻzi ochiq ziyolilar qalbini buloq suvidek pokladi. Nihoyat, uzoq musofirlik, sarson-sargardonlik safaridan soʻng ozod kunlari Choʻlpon erkin yurt bagʻriga, hur Vatan quchogʻiga chinakam yulduzdek porloq shoir boʻlib qaytdi, ardoq topdi.
Bugun shoir adabiy ijodi el ardogʻida; asarlari taʼlimning barcha bosqichlarida oʻqitilmoqda; tadqiqotchilari ham yetarli. Ayni damda ularning sochilib yotgan sadafdek soʻzlarini, shoirning koʻngil sirlarini oʻz davrining vaqtli matbuotidan, adabiy toʻplamlardan izlab topish, jamlab yuzaga chiqarish ishi ham toʻxtagani yoʻq. Qatagʻon-qirgʻin dovuliga yoʻliqqan bu avlod adiblarining asarlari mustaqillik zamonida qayta-qayta bosildi. Bular orasida 2016 yili “Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan toʻrt jildli “Asarlar”i alohida oʻrin tutadi. Toʻrtinchi jildda adibning adabiy-tanqidiy, ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy maqolalari oʻrin olgan.
Tabiiyki, ushbu kitobda yangilik nisbatan koʻp. Yuzdan ortiq maqolaning ellikdan koʻprogʻi keyingi izlanishlar samarasi, ayni chogʻda, avvalgi nashrlarda yoʻl qoʻyilgan tabdildagi xato-kamchiliklarning koʻpchiligi tuzatilgani seziladi. Toʻgʻrisi, ushbu nashr ustida filologiya fanlari nomzodi D. Neʼmatovaning jiddiy ishlaganini, kitobni yangi manbalar bilan boyitganini alohida taʼkidlash lozim. Uchinchi jild hajman eng salmoqlisi. Uni professor N. Karimov va dotsent N. Yoʻldoshev nashrga tayyorlagan; jildda Choʻlponning uch dramasi, dunyo adabiyotidan tarjima qilgan U. Shekspirning “Hamlet” va A. S. Pushkinning “Boris Godunov” asarlari kiritilgan. Choʻlponshunos Dilmurod Quronov tayyorlagan ikkinchi jildga adibning “Kecha va kunduz” romani, hikoyalari jamlangan. Bu manbalarning sinchkovlik bilan tabdil etilib, kitobxonlarga yetkazilganiga shubha yoʻq. Adabiy tur va janrlar asosida tartib berilgan har bir kitobda fazilatlar koʻp…
Toʻgʻrisi, Choʻlponning lirik merosi jamlangan birinchi jild koʻproq eʼtiborimizni tortdi. Shoirning sheʼriy biografiyasini tasavvur qilishga yordam beradigan ushbu jildni zahmatkash choʻlponshunos Naim Karimov toʻplab, nashrga tayyorlagan. Sheʼriy matnlarning ayrim misralaridagi xato va kamchiliklarning oʻrinli tuzatilgani, izohlarga aniqlik kiritilgani alohida tahsinga munosib. Choʻlpon “Qaytish” degan sheʼrida:
Yana hamdamsiz qoldim,
Koʻnglimga alam oldim,
Qoʻlimga qalam oldim,
Yana jinlanmakchiman! –
bandining oxirgi misrasidagi “jinlanmakchiman” soʻzi 1994,2013 yillardagi nashrlarda “jonlanmakchiman” tarzida xato berilgan edi. Shoirning “jonlanish”i bilan “jinlanish”i oʻrtasida katta bir tafovut bor. “Jinlanish” shoir Choʻlponning gʻaroyib tafakkuri, sochilgan sirlari toʻgʻrisida koʻp maʼlumot beradi. Chunki aynan shu soʻz “qalandardek yurib dunyoni” kezgan shoirning oʻziga “Qalandar” taxallusini tanlagani mohiyatini, “koʻhna bir devona”, “majnunsifat galdir” tabiatini, xayoli koʻkka uchgan “jinni yurak” hovliqishlarini namoyon qiladi. Julqunboy 1923 yili yozgan “Tilak” nomli hangomasida “Hozirgi shoir va adiblarimizdan: Fitratga insof, Elbekka ilhom, Choʻlponga jinnilik, oʻoziga toʻzim… tilaymiz”, deb oʻrinsiz yozmagan edi. Choʻlpon tabiatan oʻziga xos nazarli, yuksak isteʼdodli, shoirona jazavali shaxs boʻlgan, bizningcha. 20-yillarda erkalatib, Julqunboycha “jinnilik” tilashni muhit hazmi koʻtarar edi. Ammo sekin-asta tuhmat va tanqidlar boshlanayottan bir pallada shoir oʻzidan, qalamidan qoniqmadi. Chunki yozgan sheʼrlari uning ishongan togʻi, yeru osmoni edi. Koʻngli boʻshliqqa toʻlib borayotganini sezgan shoir “koʻngil chechagini” – chin sheʼriy kayfiyatini qoʻmsadi. Shu bois 1927 yili yozgan haligi sheʼrini “Qaytish” deb nomladi, chin sanʼat, haqiqiy ijod quchogʻiga qaytishga chogʻlandi. Shu bois, u “yana jonlanmakchi” emas, balki “yana jinlanmakchi” boʻldi. Shoir shunday niyatni koʻngliga tugib turarkan, oradan uch-toʻrt oy oʻtib, shoʻrolarning qizil matbuotida shoir shaʼnini toptaydigan, yil boshida chiqqan “Ayn” maqolasining davomi oʻlaroq “Aqlli jinni”(K. Aliyev, 1927 yil 12 oktyabr. “Qizil Oʻzbekiston” gazetasi) degan maqola paydo boʻldi. Shoir boʻhtonlar boʻhroni ostida qoldi; unga “burchak jinnisi”, “devona” sifatlari taqaldi.
Darvoqe, eski yozuvdan tabdil qilib koʻchirar ekanman, “Aqlli jinni”ning zarur bir qirrasi ham chiqib qoldi.
Choʻlponning ogʻzaki aytgan yoki allaqanday qogʻoz parchalariga yozib ketgan sheʼriy misralari borligini eshitar edik. Shoirga ayb taqash, uni tanqid etish va ozod inson ruhini sindirish uchun yozilgan “Aqlli jinni” tarkibida Choʻlponning ikkita toʻrtligi bor. Birisi “Epoxa” haqida. Maqola muallifi yozadi: “Bu – epoxa (davr) papirusi qutusigʻa mana bu sheʼrni yozib:
Bunday “Epoxa”ni chekib tugating,
Kullari koʻklarga sovrilib ketsin!
Endi bu bechora odam bolasi,
Olovsiz, tutunsiz kunlarga yetsin! –
deyishi bilan “kambagʻallar davri – biz, boylar, mayda burjuaziya laganbardorlari – mafkurachilarini yondirdi. Bu davrning(mehnatkashlar davrining) kuli koʻkka sovrilib, yer bilan yakson boʻlsin”, deb qichqiradi…”. Talqinda yaqqol biryoqlamalik bor; haligi sheʼr esa tarixiy dalil. Bu toʻrt qatorni koʻpchilik eshitgan. Ammo Choʻlponning “Epoxa”gacha “Toshkent”ga yozgan toʻrt qatori ham bor. Maqoladan koʻchirma: “Choʻlpon shu yilning 26-nchi sentyabrida(1927 yil nazarda tutiladi – B. K.) “Toshkant” papirusining qutisigʻa sheʼrini yozib, markaziy idoralarimizdan bittasiga qoldirib ketadi.
“Toshkant”ning kulini koʻkka sovurmoq,
Oʻzbek yigitga yarashadimi?
Ayniqsa, “toshkent”li bir shaharparast,
Shahrini chekishga tirishadimi?
Qarang, Choʻlpon bu bilan nima demakchi? Bu “millat – vatan deya berib chakagim tushdi, millatlarni oʻzaro qirpichoq boʻlishlarini taʼmin qila olmadim, noʻmirim oʻtmadi”, demakchi-da, avvalgi fikridan qoʻl siltab, “shaharchilik” maqsadini ilgari surmakchi…”.
“Toshkent” hamda “Epoxa” papiroslarining qutisiga gʻayrishuuriy ravishda hazil, soʻz oʻynatib yozgan narsalarini matbuotga olib chiqib muhokama etish, shu asosda Choʻlponni ashaddiy dushman ijodkori qiyofasida koʻrsatishga urinish maqola muallifining asil maqsadi. Choʻlponshunoslik tarixida “xalq dushmani”, “millatchiligi”ga oid aybnomalar bor. Bu “jinni” maqola bilan mafkura korchalonlari shoirga yana bir ayb taqagan, yaʼni “shaharchilik” – mahalliychilik ham qilgan boʻlib chiqadi. Shu bois muallif mamlakatning turli hududlari orasida hamkorlik borligi, ular oʻzaro “aka-ukalik bilan madaniyat tarqatib” yurishganiga urgʻu beradi. Holbuki Choʻlpon oʻsha toʻrt qator sheʼri bilan kashandalar chekadigan papirosga “Toshkent” degan tabarruk nomni qoʻyish shartmidi; boshqa nom qurib qolganmidi, demoqchi boʻlgandir. Biror joyda bosilmagan bu toʻrt qator sheʼrga vulgar maʼno bergandan koʻra, unga estetik-axloqiy jihatdan yondashilsa, shoirning narsa-predmetlarga toʻgʻri nom qoʻyish yuzasidan joʻyali bir fikr bildirayotgani oydinlashadi.
Qiziq, Choʻlpon oʻz shaxsiga qaratilgan bunday haqoratomuz tuhmat gaplardan keyin qanday xotirjam yashadi? Nechuk ijod qildi? Ehtimol, shunday tahlikalardan qand kasalini orttirib olgandir. Taʼqibchi xufiyalarning koʻzlari va matbuotda to oʻlimigacha yozilgan “xalq doʻst”larining soʻzlari Choʻlpon boshini kundaga qoʻydi. Shoir oʻlimidan oʻn yillar oldin oʻldirila boshlandi. Tirik jonga hayot shirin koʻrinadi. Shunday ijtimoiy-siyosiy hujumlar taʼsirida Choʻlpon jinlanishni tashlab, jinday oʻzgarishga majbur boʻlgandir ehtimol. “Soz”ini sozlab, “Joʻr”ini jamlagandir, balki…
Qarang, oʻrnida tuzalgan bitta shoyista soʻz tasavvurga shu kabi bir dunyo assotsiatsiya berishi mumkin. Shoirning dardu dunyosini, kayfiyati, hatto adabiy-ijtimoiy muhit ruhiyatini anglashga koʻmaklashadi…
Yana, birinchi jildda “Parcha” sheʼrining “Xavflidir chunki anglamas yurak” misrasidagi xatolik “anglamay yurmak” tarzida toʻgʻirlangani, Choʻlpon tarjima qilgan turk shoiri Ali Ulviyning “Qor” sheʼrining mundarijadan olinib tashlangani, “Goʻzal Fargʻona”, “Bu nima narsa?”, “Oppoq oy” kabi sheʼrlarning avval chiqqan nashrlardagi nuqsonlari oʻnglangani yangi kitobning muhim yutugʻi sanaladi.
Biroq qiyosiy tadqiq va sheʼriy matnlarni asliga moslab tiklash ishlari davom etishi lozim. Chunonchi, “Asarlar”dan “Shahrimiz qulochi” sheʼrini oʻqidim.
Quloch otadi shahar,
Qulochlari keng.
Uch gazmikin, bilmadim,
Nimalarga teng!…
Bandda mantiqsizlik yoʻqmi? Shahar qulochi uch gazmikan? Qoʻlimda manba bor edi. Aniqlashtirish uchun lotin imlosida 1935 yili “Guliston” jurnalida bosilgan nusxaga qaradim. “Uch gazmikin, bilmadim” oʻrnida “Uning azmi, bilmadim” misrasi turibdi. Shaharning azmi, yaʼni kattaligi haqida gap borayotgan ekan. Bunday qiyoslab oʻqish va tuzatishga daʼvatlar keyingi nashrlar takomili uchun yordam berishi tabiiy…
Choʻlpon gohida “rassomdek xayolin chiza olmagach”, shoir sifatida oʻzini juda ojiz sezadi, baʼzida beixtiyor “muhabbat osmonida goʻzal Choʻpon”ga aylanadi. Goho somon parchadek muhit girdobiga topshiradi soʻzini, baʼzan uzoq safarga chiqqan yoʻlovchi hisoblaydi oʻzini. Nima boʻlganida ham, shunday ziddiyatlar girdobida ijod etgan shoir oʻzining “tovushi naydek” kuyi borligini yaxshi biladi. Choʻlponning sadafdek sochilgan soʻzlaridan bamisoli marvarid shodalarini tuzish – choʻlponona matnlarni sahihlashtirib, qiyosiy-tanlama nashr uchun maxsus ilmiy-nazariy prinsiplar ishlab chiqish, “Toʻla asarlar”ini sharh va izohlari bilan qayta bosishga tayyorlash va, umuman, adabiy merosining toʻliq manzarasini yuzaga chiqarish ishi hozirgi davr adabiyotshunosligi yelkasida turibdi.
Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/cholponning-sochilgan-sirlari/