Oʻgʻil-qizlarimizda kitobga mehr uygʻotishni mamlakat siyosati darajasiga koʻtargan Prezidentimizning fikrlarini xayolimda oʻtkazar ekanman, koʻnglimda bir armon uygʻondi: “Agar mening rahmatli onam hayot boʻlganlarida naqadar suyunardilar…”. Chunki onam oʻqituvchi edi. Uning kiyim-kechakka, buyumlarga bino qoʻyganini, birovning boyligi, hashamati haqida koʻngli sust ketib gapirganini eslay olmayman. Lekin yaxshi kitoblar haqida soʻz ochsa, ogʻzidan bol tomardi. Uyimizda kattagina kitob javoni boʻlib, onam kitoblarni xuddi kutubxonadagidek qilib: “Jahon adabiyoti”, “Bolalar adabiyoti”, “Mumtoz adabiyot”, “Rus adabiyoti” deb boʻlimlarga ajratib qoʻygandi. Qoʻni-qoʻshni, qarindoshlardan kimdir kitob soʻrab chiqsa, qora charm jildli umumiy daftarga ism-familiyasini, kitob nomini yozdirib, “Oldim, oʻn kun(yo oʻn besh kun)da oʻqib, qaytarib olib kelaman”, deb qoʻl qoʻydirib olardi.
Esimda: qarindoshlarimizdan biri kelin tushirgan edi. Oradan uch-toʻrt hafta oʻtgach, ularnikida qandaydir yigʻin boʻldi. Kelinchak dasturxonlar yoziladigan turli oʻlchamdagi xontaxtalarni tenglashtirish uchun ularning oyoqlari ostiga kitoblarni qoʻygan ekan, onamning jon-ponlari chiqib ketgan:
– Sizga qaynbobo, qaynmomo boʻlmish xeshlarim qahatchilik paytlari nosfurushlar yalinib kelganida ham, gugurtning bahosi osmonda boʻlgan chogʻlari tutantiriqqa soʻraganlarida, evaziga mana buncha pul beramiz, deyishganda ham bu kitoblarni bermay, qosh-qovogʻi orasida asraganlar. Har koʻrganlarida peshonasiga surib, tavof qiladigan bu tabarruk kitoblarni oyoq ostiga qoʻysangiz nonkoʻrlik boʻladi-ku, – deya qattiq-qattiq gapirgan. Oʻsha kelinchak keyinchalik bolalariga:
– Kitobni qoʻllaringni yuvib ushlanglar. Boʻlmasa, Poshsha buving urishadi, – deb turardi.
Poshsha buvi, yaʼni rahmatli onam (u kishi qishloqning faol ayollaridan edi, yigʻinlar, turli tadbirlarga koʻp borardi) qayerga borsa, bizga – uch aka-singil farzandlariga kitob olib kelardi. Faqat nimagadir (balki oʻzlarining oilasi Ukrainaga surgun qilinib, qatagʻon azobini tortganlari uchunmi) vatanparvarlik, tarixiy mavzulardagi kitoblarni olib kelardi. Men “Spartak”, “Qilich va qalqon” kabi kitoblarni oʻqib chiqqanimda 5-6 sinflar oʻquvchisi edim. Keyinchalik onam “Navoiy”, “Qutlugʻ qon”, “Oʻtkan kunlar” kabi asarlarni oʻqishga ruxsat berganlar. Onam bizni yolgʻiz oʻstirayotgani uchunmi(dadam olti yoshligimda vafot etgan), qattiq nazorat qilardi. Uchovimizning ham oʻzimizga yarasha vazifalarimiz bor edi: lekin kitobxonlik borasida erkin qoʻyardilar, yaʼni men:
– Opa, kechqurun Oygul dugonamlarnikiga chiqaman, qizlar toʻplanishadi, oʻqigan kitoblarimni gapirib beraman, – desam, hech qachon “yoʻq” demasdi. Faqat qaytganimdan soʻng qaysi kitoblarni gapirib berdim, qanaqa savol-javoblar boʻldi – hammasini soʻrardi.
Faqat oilamizda emas, maktabimizda ham kitobxonlik kayfiyati hukmron edi. Adabiyot muallimimiz Otajon Tojiboyev qayerdandir “Kitob-pochta” degan tashkilotning manzili va kitoblar roʻyxatini olib keldi. Biz xat yozib, kitob soʻrardik. Ular esa pochta orqali kitob joʻnatardi. Pochtachi amaki kajavali mototsiklida dasta-dasta kitoblar olib kelardi. Oʻrovlarni oʻsha paytning oʻzidayoq ochib:
– Senga qanaqa kitob kelibdi? – deya bir-birovimiznikini titkilar edik. “Bir qizga ming oshiq”, “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas” kabi kitoblarni olganimni eslayman.
Yangi kitob kelganida koʻnglimda cheksiz bir quvonch uygʻonar edi. Ayniqsa, Jek Londonning “Martin Iden”, Chingiz Aytmatovning “Sarvqomat dilbarim” kabi kitoblarini oʻqigandagi zavq-shavqimni hech qachon unutmayman. Uy yumushlariga, dala yumushlariga qarashamanmi, hamisha xayolimda oʻsha kitob qahramonlari yurardi, ular bilan xayolan suhbatlashardim, xayolan taqdirlariga aralashardim. Ular mening ikkinchi hayotimga oʻxshardi. Institutga kirgach, kitoblar bilan doʻstligimizning davom etishiga adabiyot oʻqituvchimiz, filologiya fanlari nomzodi Asqarali Sharopov sababchi boʻldi. Domla oʻqish yilining boshidayoq bizga oʻqishimiz shart boʻlgan adabiyotlar roʻyxatini yozdirardi. Hech esimdan chiqmaydi: birinchi seminar Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulugʻbek” fojiasi mavzusida boʻldi. Men minbarga chiqib: “Mirzo Ulugʻbek” fojiasi haqida u adabiyotshunos unday degan, bu adabiyotshunos bunday degan, deb sayrayotgan edim, domla:
– Men bu tragediya haqida adabiyotshunoslar nima deganini yoddan bilaman. Menga “Mirzo Ulugʻbek” haqida sen oʻzing nima deysan, shu kerak! – dedi.
Asqarali Sharopovning kitob oʻqigan-oʻqimaganimizni soʻrash usuli ajoyib edi: domla butun boshli roman yoki qissadan uch satr yoki besh satrda aytilgan, bir qarashda oʻquvchining nazariga ilinmaydigan voqealar haqida soʻrardi: “Mirzakarim qutidor eshigining qulfi qanaqa qulf edi?” yoki “Sultonmurodning otasi kim boʻlgan?” tarzidagi savollarni berardi. Agar har bir sahifani diqqat bilan oʻqimasangiz, bunday qitmir savollarga javob topib bera olmasdingiz. Shuning uchun avval oʻqigan asarlarimizni qayta muqaddima, kulminatsiya va hokazo boʻlaklarga ajratib oʻqirdik.
Domlaning sharofatidan qoʻlyozma holida Choʻlponning sheʼrlarini oʻqib, yod olganmiz, uning sheʼriyati boʻyicha lugʻatlar tuzganmiz. “Asqad Muxtor sheʼriyati falsafasi”, “Saida Zunnunovaning “Ruh bilan suhbat” dostonidagi shartlilik”… Men oʻzimiz adabiyot fani boʻyicha yozgan kurs ishlarimiz mavzusini aytganimda turdosh institut, turdosh fakultetda tahsil olayotgan maktabdoshim hech narsani anglamay, ogʻzi ochilib oʻtirgan… Demoqchimanki, kitobxonlik, mutolaa – kishi hayotiga yaxshi insonlarning sharofati bilan kirib kelishi mumkin ekan. Shu oʻrinda yana bir voqea esimga tushdi. Darxon mahallasida yozuvchilar uchun maxsus qurilgan uyda yashaganimizda yozuvchi-shoirlarning rafiqalari bilan juda inoq edik. Ularning biri shifokor, biri – oʻqituvchi, biri – uy bekasi, xullas, turli kasb egalari edi. Lekin oilasidagi kitobxonlik muhiti hammasiga yuqqandi. Navroʻzda sumalak pishirib, qozonni ochadigan paytgacha kitobxonlik qilardik. Navbatma navbat shu uyda turuvchi yozuvchilarning asarlarini qoʻlyozma holida oʻqirdik. Mashrab Boboyevning “Gurung”, Sharof Boshbekovning “Tushovini uzgan tulporlar” dramalarini oʻchoq boshida oʻtirib(har yigirma betdan oʻquvchi almashardi) oʻqiganmiz.
Ha, shunaqa, kitob oʻqiydigan davra oʻz qobigʻiga bekinib, yer bagʻirlab qolmaydi. Ruhan koʻtarilish, yuksalish boʻladi bu davrada. Men ana shunday ruhiy yuksalish, koʻtarilishni bugun yoshlar davrasida his qilganimda qanchalar suyunganimni bilsangiz edi. Yaqinda Oʻzbekiston Milliy universiteti talabalari orasida tashkil etilgan “Kitobxon talaba” koʻrik-tanlovining soʻnggi bosqichida hakamlar hayʼati safida ishtirok etganimda xuddi oʻzimning kitob oʻqib, ajoyib zavqqa choʻmib yurgan damlarim esimga tushdi. Tanlovda jurnalistika, xorijiy filologiya fakultetlari talabalari bilan birga iqtisod, biologiya, fizika fakultetlari talabalari ham ishtirok etganidan quvondik. Lekin baʼzi ishtirokchilarning juda joʻn kitoblarni tanlaganini koʻrib: “Ustozlar talabalarga oʻqishi kerak boʻlgan kitoblarni tavsiya qilishsa boʻlarkan”, deb oʻyladim. Demak, kitob oʻqish oʻrgansa boʻladigan jarayon ekan. “Mening bolam kitob oʻqishga qiziqmaydi”, “Kitob oʻqisam, boshim ogʻriydi”, degan gaplar dangasaning shunchaki bahonasidek gap ekan. Chunki onamning oʻz vaqtida xuddi shu tarzdagi bahonalarni aytadigan oʻquvchilarining ota-onasiga:
– Oʻqimasa, oʻqit! – deganlarini eshitganman.
Rahmatli onam, maktabdagi, institutdagi ustozlarimiz sabab oʻqilgan badiiy asarlar foydasini har lahzada – bahslarda, savodxonlik masalalarida, minbarlarga soʻzga chiqqanimda, odamlar orasiga kirganimda sezaman. Egallagan kasbimning nonini halollab yeb yurganim, birovning oldida tilim qisilmasligi, fikrimni oʻxshatib bayon eta olishim – hamma-hamma holatlarda oʻqishni oʻrgatgan, oʻqishni sevdirgan insonlarni minnatdor boʻlib eslayman.
Prezidentimiz bir suhbatlarida:
– Hali poda boqish uchun ham ilm kerak boʻladi, – dedi. Davr shu qadar shitob bilan taraqqiyot qilmoqdaki, texnika shu qadar jadal rivojlanmoqdaki, darhaqiqat, inson ilmsiz bir qadam ham olgʻa yurolmasligiga amin boʻlyapmiz. Buyuk insonlar kelajakni hamisha oldindan koʻra oladilar. Demak, mamlakatimiz rahbarining:
– Oʻqing, oʻqiting! – deganlarini faqat bugunimiz emas, ertamiz uchun ham zaruriyat deb bilishimiz shart ekan.
Oʻqish – bilim…
Oʻqish – zavq…
Oʻqish – xayoliy sayohat…
Oʻqish – oʻzingni anglash…
“Oʻqish”ning ochilgan sifatidan tashqari yana ming bir sifati mutolaa davomida ochiladi, ochilaveradi… Demak, oʻqiymiz!
Qutlibeka RAHIMBOYEVA
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oqimasa-oqit/