Qoʻlimda Abdulla Qahhorning “Haq soʻzning kuchi” (1989) kitobi. Mabodo bugun har xil sayoz asarlarni yozib tashlayotgan ayrim yozgʻuvchilarimiz uchun maxsus kurslar tashkil etilganida edi, men ikkilanmasdan ushbu kitobni ularga oʻquv qoʻllanmasi sifatida tavsiya qilardim.
Ehtimol, shunda adabiyotimizda tanqiddan tuban, yurakdan emas, qorindan chiqarib yozilayotgan (Abdulla Qahhor iboralari) “asar”lar soni keskin kamaygan boʻlarmidi.
“Boshidan oʻtgan tabib” deyishadi. Haq gap. Esimda, yozgan ul-bul mashqlarim matbuotda eʼlon qilinib qolgan paytlari edi. Oʻzimcha yozish oson ish ekan-ku, degandek anchayin havolanib yurardim. Tasodifan qoʻlimga Abdulla Qahhor asarlari toʻplamining oxirgi jildi tushib qoldi. Maqolalar, suhbatlar, qaydlardan iborat qora muqovali kitobni bir oʻqidim, ikki oʻqidim, uch… Shundan soʻng ancha vaqtgacha bir satr ham yozolmay yurdim. Zero, endi asl Adabiyot mening gʻoʻr tasavvurimdan mutlaqo oʻzgacha ekanligini, gʻira-shira boʻlsa-da, anglab yeta boshlagandim. Koʻz oldimda yangi bir dunyo paydo boʻldi…
Oʻshanda men yozganlarimning aksariyati – har qancha ogʻir boʻlmasin, ochigʻini aytganda – uch pulga qimmat mashqlar, nari borsa, “boʻri tishiga sera kislotasining taʼsiri” qabilidagi oʻylab topilgan soxta bitiklar ekanligiga amin boʻldim. Eng asosiysi esa, mashqlarimning kattagina qismi puflab shishirilgan shardek chiroyligina boʻlib turganiga, ammo ularga Abdulla Qahhorning birgina “Bu asarni yozishdan maqsad nima edi?” degan oʻtkir savolini yaqinlashtirsam, bas, sharlar paqillab yorilib ketishiga amin boʻldim.
Menga shu kitobni roʻbaroʻ qilgani uchun taqdirimdan minnatdorman. (“Haq soʻzning kuchi” oʻsha kitobning qayta qurish yillari chop etilgan nashri.)Toʻgʻri, kamtarona bitiklarim ustoz talab qilgan darajadagi “yuqori planka”ga yaqinlashgan ham emasdir, ammo men hech boʻlmasa ularni oʻqiganimda uyalib ketmayman…
“Rangsiz, nursiz, haroratsiz yozilgan asarlar hayotni chuqur oʻrganmasdan, uning achchiq-chuchugini tatimasdan, oʻsha hayot odamlarining qalbiga qalbni payvand qilmasdan, dardsiz, ehtirossiz, yaʼni ilhomsiz yozilgan asarlardir”. Baayni bugungi kunda aytilgandek yangrayotgan bu soʻzlarni A. Qahhor bundan deyarli yarim asr burun qogʻozga tushirgan.
“Adabiy vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji boʻlsa yozuvchining boshiga chertib koʻrishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berishni oʻzining kasbi hisoblaydi. Bu xildagi shubha bandalari uchun yozuvchi ularning hukmini kutib qora kursida oʻtirgan gunohkor: kitobxon, tomoshabin esa bogʻcha yoshidagi bolalar!..”. Ustoz 1963 yili bu gaplarni kuyib-pishib yozgandi. Yaqin-yaqingacha badiiy asarlarga oʻzining siyosiy-gʻoyaviy nuqtai nazaridan baho beradigan bir kishi kaminaning odam savdosiga bagʻishlangan mashqini oʻqib qolib, “Xalqlar orasidagi doʻstlikka raxna solinmasmikan?” qabilidagi gumonlar aralashgan aybni yopishtirishga uringandi. “Baraka topgur, buning xalqlar orasidagi doʻstlikka hech qanaqangi aloqasi yoʻq, oʻzimiznikilar tomonidan aldab sotilayotgan oʻzimizning odamlar haqida” deb har qancha tushuntirish befoyda. Nihoyat, yurtimizda odam savdosiga qarshi alohida qonun qabul qilingandan keyin esa bu kishi butunlay teskari gaplarni gapiradi: “Bu juda muhim mavzu. Bizga srochno bir narsa yozib bering endi…”.
Kitobdan Abdulla Qahhor 1963 yili yozgan “Toʻylar muborak…” sarlavhali maqolasi ham oʻrin olgan. Mabodo ushbu “Toʻylar muborak…” bugun matbuotimizda eʼlon qilinganida edi, shubhasiz, juda dolzarb mavzu koʻtarib chiqilgan maqola sifatida eʼtirof etilardi.
Holbuki, oradan ellik yildan ortiqroq vaqt oʻtib ketgan.
Zamonlar oʻzgardi, davrlar oʻzgardi, dunyoqarashlar oʻzgardi, biroq oʻzbekning toʻyi masalasi hamon eski hammom, eski tos boʻlib turibdi. Fikrimiz dalili uchun maqoladan bir iqtibos keltiraylik:
“Oʻgʻlining toʻyiga yetti yarim ming soʻm sarf qilgan 69 yashar bir cholni koʻrdim. Chol toʻyga atab yostiqqa pul tiqib yurgan ekan, toʻyga yaqin oʻgʻlining qoʻlidagi pullarni ham qoqishtirib olipti, 200 kilo guruch damlash bilan toʻyni boshlab yuboripti. Quda tomon ham albatta “bir chol”dan qolishmaslikka harakat qilganligi turgan gap. Toʻy oʻtgan hovlini, yangi oilaning roʻzgʻorini koʻrdim. Solinayotgan ikki uy, bir dahlizning usti yopilmay qolipti. Chol-kampir oʻzlari turgan uyni yoshlarga boʻshatib berib, hozircha tokning tagida yotib yurishar ekan”. Bu misolda oʻzgartirish ham deyarli kerak emas, nari borsa “soʻm” oʻrniga “dollar” deb oʻqing va, qarabsizki, bunday “bir chol” shunday yoningizdagi qoʻshningiz yoki mahalladoshingiz ekanini bilasiz-qoʻyasiz. Ehtimol, bu “bir chol”ning biron benomus sudxoʻrdan foyizga qarz olganini ham eshitgan chiqarsiz…
Abdulla Qahhor maqolasi yozilgan zahoti tezlikda eskirib qolishini, yaʼni toʻylar ichimliklardan xoli, ortiqcha chiqimlarsiz oʻtkazila boshlashini orzu qilgandir. Toʻy muammosi oradan yarim asr oʻtgandan keyin ham “dolzarb mavzu” boʻlib qolishi ul zotning xayoliga ham kelmagandir.
Yoki ashulachilik mavzusini oling. Bugungi kunda kim koʻp – qoʻshiqchi koʻp, “yulduz” koʻp. Ularning matbuotda “Ijodim!.. Muxlislarim!.. Xalqimga xizmat qilaman!..” qabilidagi tumtaroq jumlalar bilan ogʻiz koʻpirtirib chiqishlarini oʻqisangiz, beixtiyor yoqa ushlaysiz. Baʼzan-baʼzan paydo boʻlib qolayotgan tanqidmonand maqolalar avvali qoʻshiqchilikda keyingi yillari erishilgan muvaffaqiyatlar sanogʻi bilan boshlanib, ayrim xonandalarga ming istiholalar ila yengilgina dakki berib oʻtish bilan tugaydi. Vaholanki, bundan ellik besh yil burun Abdulla Qahhor “Ashula toʻgʻrisida” deb nomlangan maqolasida bosib kelayotgan bu illatning mohiyatini ochib bergan: “Ashula janrining bulgʻanishiga faqat xalturachi shoir, xalturachi kompozitorgina sabab emas, bu haqda yaxshi, hatto oldingi safda turgan shoir va kompozitorlardan ham oʻpkalashimiz kerak. Bular, aftidan, nafsoniyat tuygʻusini yoʻqotib qoʻyishgan: har kuni, har soatda radio va televizorda, sahnada xalturani koʻrib, eshitib turib oriyatlari kelmaydi, norozi boʻlishmaydi, hatto bunga eʼtibor ham qilishmaydi”.
Bundan orttirib bir nima deyish qiyindir…
Nazarimda, adabiyotimiz, tilimiz haqida Abdulla Qahhor kabi kuyinib qalam tebratgan yozuvchi kam boʻlsa kerak. Aynan shu sababli ham kitobdagi “Badiiy ocherk toʻgʻrisida”, “Hayot qoʻshigʻi”, “Yoshlar seminarida soʻzlangan nutqdan”, “Ilhom toʻla ijod uchun”, “Hayot hodisasidan badiiy toʻqimaga”, “Chexovdan oʻrganaylik”, “Ijodiy faollik va jasorat haqida”, “Radio xodimlari bilan suhbat”, “Uyat”, “Kitob shavq bilan oʻqilishi kerak” singari maqolalarni har gal qayta oʻqiganimda, oʻzim avval unchalik eʼtibor bermagan muhim fikrlarni ilgʻagandek boʻlaman.
“Juda boy, chiroyli tilimiz bor, – deb yozadi Abdulla Qahhor. – Bu tilda ifoda etib boʻlmaydigan fikr, tuygʻu, holat yoʻq!”. Bu gaplar faxr bilan aytilganiga ellik yildan oshdi… Ulugʻ yozuvchimizning yana bir orzusi amalga oshib, tilimiz davlat tili maqomini olganiga ham chorak asrdan koʻproq vaqt oʻtdi. Ammo… Yodingizda bordir, Abdulla Qahhor “Oʻtmishdan ertaklar”da Olim buva tilidan ishlatgan eng ogʻir haqoratli soʻkish “kelgindi” edi. (“Chol doʻgʻayib ketdi. – Hozir koʻrpangni koʻtar,… kelgindi! – dedi”.) Bugun esa, televizordan millionlab tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilayotgan “kelgindi” “kuyov”u “kelin”lar, “qaynona”lar haqidagi kinolarni bemalol tomosha qilaveramiz… Ozor topayotgandir ustozning ruhi poklari…
Yosh yozuvchilarning mashqlarini kamoli diqqat bilan oʻqib borgan Qahhorning quyidagi mulohazasiga eʼtibor qarating: “Buyuk Pushkin hozir tirik boʻlsa, “Hayot qoʻshigʻi” degan hikoyalar toʻplami chiqargan Maʼruf Hakimning qulogʻidan choʻzib, yuziga bir tarsaki urar va: “Pushti gullagan oʻriklar oʻz gullarini toʻkib, dovuchcha tugar edi”, “Otning jilovini siltab, tezlashini qistadi” dema, “Oʻrik gulini toʻkkan edi”, “Otni jadallatdi” degin, der edi”.
Yaqinda kitob rastalarini aylanib yurgan chogʻimiz “Bu yerda falon yozuvchining asarlari sotilayapti” degan eʼlonga koʻzimiz tushib qoldi. Bunday yozuvchi paydo boʻlganidan bexabar edik, shu sababli qatorlashib turgan, qalin muqovali “roʻmon”lardan xarid qildik. Oshning taʼmini bilish uchun bir tovoq yeyish shart emas, bir choʻqim kifoya qilgani kabi biz ham zoʻr berib targʻib-tashviq qilinayotgan “durdona” asarlardan bir-ikki sahifa oʻqidik. Ammo… Ammo Abdulla Qahhor Chexovdan misol keltirganidek, shakar sepib berilgani bilan ham qurbaqani yeb boʻlmaydi… Vaholanki, kitob muharriri falonchi, unga soʻzboshi yozgan pistonchi – hamma-hammasi taniqli nomlar.
Yana najot istab Qahhorga murojaat qilaman: “Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan boʻlsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qoʻyar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bogʻliqdir”. Aftidan, haybarakallachi qalamkashlarda bu ikki fazilat yetarli darajada emas.
“Yozuvchi oʻzi his qilmagan narsa toʻgʻrisida yozsa, buni oʻqigan oʻquvchi ham hech narsani his qilolmaydi. Oʻquvchining qalbiga taʼsir qilmagan narsaning adabiyotga hech tegishliligi yoʻq”. Abdulla Qahhorning bu purhikmat gaplari adabiyotning tamal toshini belgilovchi mezon emasmi, deb oʻylanib qolaman. Axir, aynan adabiyotga tegishli boʻlmagan kitoblar soni arifmetik progressiya bilan oʻssa, oʻquvchilar saviyasi, didi geometrik progressiya bilan pastga tushib ketadi demoqchi edik…
Abduqayum YOʻLDOSHYeV
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/eskirmagan-ogitlar/