Mohir tarjimon, sinchkov muharrir, ardoqli yozuvchi Nosir Fozilovni soʻlim “Doʻrmon” ijod uyidaligini eshitib, besh-olti tengqur ijodkor yoʻlga otlandik. Bordik, uchrashdik, gurunglashdik. Ustozning hayot haqidagi samimiy suhbati biz uchun ham maktab, ham tajriba ekani uchrashuv davomida bilinib turardi. Adib xalq ichidan topgan qiziq-qiziq oʻxshatishlarni, betakror iboralarni, ustozlaridan oʻrgangan oʻgitlarni, yozuvchilik, muharrirlik tajribasini, til va adabiyotimiz rivoji yoʻlidagi xayrli ishlarga munosabatiyu bu borada bajarilishi kerak boʻlgan ishlar yuzasidan takliflarini biz bilan oʻrtoqlashdi. Gurung tor davrada qolib ketishini istamadik. Taassurotlarimizni siz bilan boʻlishgimiz keldi.
“Ingichka va yoʻgʻon, Anjanda boʻgʻon”
Yozuvchini qushga oʻxshataman. Qush bugʻdoyi oʻrib olingan joy – angʻizga boradi, boshoq terib, donini bolasiga olib keladi, oʻzi ham yeydi, shuning evaziga yashaydi. Yozuvchi ham oʻsha qushlarday joyma-joy kezib, xalqni kuzatishi, odamlar ogʻzidagi tesha tegmagan soʻzlarni, gaplarni, iboralarni topishi, sayqallashi va yozilajak asarlarida ishlatib, ularni yana egasiga qaytarib berishi kerak.
Yozuvchilik haqida oʻylay boshlasam, bundan qirq-ellik yil oldingi voqealar kinotasmaday koʻz oldimga kela boshlaydi. Masalan, Oʻlmas Umarbekovning “Sevgim, sevgilim” nomli birinchi qissasini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida muhokama qiladigan boʻldik. Sanasak, yozuvchi qissasining oʻn uch joyida “ingichka qosh” degan iborani ishlatibdi. Qizlarga nisbatan. U paytlarda detalma-detal, hatto verguligacha muhokamaga tortilardi. Majlisni Turob Toʻla olib boryapti. Yonida Asqad Muxtor oʻtiribdi. Aziz Abdurazzoq bilan qitmirligimiz tutdi-da, qoshlari koʻzining ustini qoplab turadigan Tolib Yoʻldoshni askiya qilmoqchi boʻlib, prezidiumga xat yozdik:
“Oʻn uchta ingichka qosh
Boʻlar bir Tolib Yoʻldosh.
Uni yozdi Aziz Abdurazzoq
Va Nosir Qozoq”.
Turob aka xatni oʻqidi-da, sharaqlab kulib yubordi va Asqad akaga surib qoʻydi. Asqad aka kulmaydi, xatni jiddiy turib oʻqidi va choʻntagidan ruchka chiqardi-da, qogʻozning orqasiga nimadir yozdi. Keyin xatni Turob akaga qaytarib berdi. Turob aka uni choʻntagiga solib qoʻydi. Xullas, yigʻilishdan chiqib, Aziz Abdurazzoq bilan Chilonzorga – uy-uyimizga yetib olish uchun Turob akaning mashinasiga chiqqanimizda: “Asqad aka nima dedi”, deb soʻradik. Turob aka choʻntagidagi xatni oldi-da, yana sharaqlab kulib yubordi. Oʻshanda Asqad aka xatning orqasiga: “Ingichka va yoʻgʻon, Anjanda boʻgʻon”, deb yozib qoʻygan ekan. Qarang, adabiychadagi “boʻlgan” degan soʻzimizni andijonliklar “boʻgʻon” tarzida talaffuz etar ekan.
Nosir ogʻaning “changyutkich”i
Mirtemir akaning 100 yilligini nishonlash uchun Toshkentdan Turkistonga bordik. Mashinadan tushayotib, shimimga changmi, loymi tekkizibman. Xotin kishi baribir xotin kishi-da – rafiqam roʻmolchasini olib, oʻsha joyni darrov artishga tushdi. Bizni kuzatib turgan ikki qozoq qardoshimiz “Nosir ogʻam Toshkentdan oʻzi bilan “pilesos”ini ham opkepti”, desa boʻladimi! Qarang, qanday chiroyli oʻxshatish.
Yana bir yili Shahrixonga bordik. Pichoq olay deb bozorga tushdim. Ikki cholning gurungiga quloq tutdim: “Bizning yerlar juda yaxshi-da, shudgorga oyogʻingni tiqib tursang, qulogʻingdan barg chiqib ketadi”.
Mana, yozuvchi soʻzni qayerdan olishi kerak! Bunaqa noyob topilmalarni, betakror oʻxshatishlarni yozuv stoli oldida ming yil oʻtirib oʻylasangiz ham topolmaysiz. Bu singari soʻzlar bugʻdoy boshogʻiga oʻxshab bitta-bittalab teriladi, yon daftarga qayd qilinadi va kerak mahali sayqal berilib, ishlatiladi.
Qoʻlyozmaning yigirma yettinchi nusxasi
Abdulla Qahhor qoʻlyozmalarini qayta-qayta yozishdan hech erinmasdi. Dala hovlisidan bir ariq suv ayqirib oʻtardi. Oʻsha ariq ustida soʻrisi boʻlardi. Soʻri ustidagi xontaxta yonida oʻtirib yozardi. Bir bet yozib, oʻqib koʻrib, yoqmasa, gʻijimlab otib yuborardi, yana yozaverardi. Koʻp qoʻlyozmalar shu singari suvga oqib ketgan. Bir gal asarining uch betini yigirma yetti marta koʻchiribdi. Oʻsha uch betlik yigirma yettinchi nusxani Said Ahmad akaga bergan. Bu yozuvchining “Asarlaringni yaxshilab ishla, tilga eʼtibor ber”, degani edi.
Soʻz talashgan Abdulla Qahhor
Abdulla Qahhor “Zilzila” degan qissa yozdi. Ilgariroq yozib tashlab qoʻygan ekan, men borib jurnalda bosish uchun undirib keldim. Oʻn sakkiz-yigirma betlik qoʻlyozma edi. Asarni nashrga tayyorladik. Korrekturasini yozuvchiga berib yuborsak, kasal holiga qaramasdan mashinaga oʻtirib tahririyatga kelibdi. “Vahobjon, buni siz koʻrdingizmi?” dedi Abdulla Qahhor. Vahob Roʻzimatov “ha”, deb javob berdi. “Mana bu yerda “Mashina gur etib oʻt olib, tutun chiqarib ketdi”, degan joyim bor ekan. Siz “dud” deb oʻzgartiribsiz. Nega unday qildingiz?” dedi yozuvchi. Vahob aka “Dud” menga yaxshiroq koʻrindi”, dedi. Abdulla Qahhor “Yaxshiroq koʻrinsa koʻringandir, lekin men “tutun” deya oʻzbekcha yozganman. Tilimizni mana shunaqa qilib rasvo qilamiz”, deb oʻz qoʻli bilan matndagi oʻsha soʻzni tuzatib ketgan edi. Yozuvchi shuni telefonda aytib, tuzattirib qoʻysa ham boʻlardi. Lekin keksayib qolganiga qaramasdan, bitta soʻzning orqasidan oʻzi keldi. Qarang, yozuvchining soʻzga hurmatini! U kishi shunday – tilning zargari edi-da! Mana bular esdan chiqmaydi.
Lugʻatda yoʻq degani tilda yoʻq degani emas
Asar yozish jarayonida eski oʻzbek tilidagi “jigi”, “murt”, “urt”, “yulun” singari soʻzlardan foydalanishga toʻgʻri keladi. Shunday paytlar baʼzan ayolim bilan tortishamiz. U “Bu soʻz adabiy tilda, izohli lugʻatlarimizda yoʻq”, deydi. Endi, qanaqa qilib isbot qilasiz. Lekin garchi odamlarning yodidan koʻtarilgan eski oʻzbek tilidagi oʻshanday soʻzlar hozirgi adabiy tilimizda, yangi lugʻatlarimizda boʻlmasa-da, ularni qoʻrqmasdan, dadillik bilan adabiyotga, adabiy asarlarga kiritaverish kerak. Bu soʻzlar lugʻatlarimizda, adabiy tilimizda yoʻq deb muomaladan chiqarib tashlayversak, tilimiz kambagʻal boʻlib qoladi. Bu soʻzlar sekin-sekin lugʻatlarga ham kiradi. Til mana shular orqali boyiydi-da. Vaholanki, bizning til boyligimiz ortiq boʻlsa bordir, hech qaysi xalqnikidan kam emas. Masalan, tilimizda “opa”, “xola”, “egachi”, “amma” kabi soʻzlarimizni olaylik. Tojik birodarlarimiz bularni yoppasiga “Xohar” deb qoʻya qoladi. Ruslar esa “jiyan”, “amakivachcha”, “boʻla”ni “plemyannik” deydi-qoʻyadi.
Toshpoʻlat Hamidning “doʻlop”i
Tilni sheva soʻzlari hisobiga ham boyitish mumkin. Masalan, Surxondaryo elining oʻz shevasi bor, oʻz atamalari bor. Deylik, oʻsha yerlik yozuvchi asarida shevasidagi goʻzal soʻzlardan foydalandi. Tanqidchilar “Sen tushunarsiz soʻzdan foydalanding, bu soʻz adabiy tilda yoʻq”, deya “urishishi” kerak emas. Agar oʻsha soʻz foydali boʻlsa, izoh berish kerak. Natijada adabiy til yana bitta yangi soʻz bilan boyiydi. Hech boʻlmaganda, tilimizdagi bor soʻzning boshqa maʼnodoshi paydo boʻladi.
Buxoroda Toshpoʻlat Hamid degan yaxshi shoir oʻrtogʻim bor edi. U “Ha, doʻlop qilib yuribsanmi?” derdi. Men esa “Doʻlop”ing nimasi?” deyman. Keyin bilsam, bu soʻz Buxoroda “toʻpolon” maʼnosida ishlatilarkan. “Doʻlop” soʻzi “Toʻpolon”ning yana bir maʼnodoshi boʻlib adabiy tilimizga, imlo va izohli lugʻatlarimizga kirsa, buning nimasi yomon!?
Men ham baʼzida tugʻilgan joyim – Turkistonimdagi soʻzlardan foydalanaman. Buni kimdir qabul qilsa, boshqa birov inkor etadi. Bahsda haqiqat tugʻiladi.
Tilning nozik jihatlari
Qardosh xalqlarda baʼzi soʻzlar ikki xil maʼnoda ishlatilishi mumkin Tarjimon bunga eʼtiborli boʻlishi kerak. Chimkentga bordim. Oʻsha yerlik oʻzbek yosh shoirlari kelib, menga: “Haftalik toʻgaragimiz bor. Shunga “Sayqal” deb nom qoʻygandik. Qozoq doʻstlarimiz bunga monelik qilib, toʻgarak nomini bu soʻz bilan atamaslikni iltimos qilyapti”, deyishdi. Men shoirlarga: “Qardoshlarimiz toʻgʻri aytibdi”, deb javob berdim. Negaki “sayqal” soʻzini oʻzbeklar “jilo” maʼnosida ishlatishsa, qozoq doʻstlarimiz bu soʻzni oʻziga oro berguvchi tannoz ayollarga nisbatan qoʻllaydi.
Yana bir misol. “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deymiz biz oʻzbeklar. Bu soʻz qozoq doʻstlarimizda “gina” maʼnosida keladi. Qozoqlar davrasida: “Majlisda falonchi odam fistonchi odamga “noz” aytdi”, deyolmaymiz. Negaki, soʻzning maʼnosi oʻzgarib ketadi.
Fosh degan soʻzimizni olaylik, bizda bu soʻz biror ishni, biror narsani oshkor qildi deb ishlatiladi. Lekin qozoq adabiyotshunoslari “mahorat bilan ochib berdi, taʼrifladi” degan jumlani “fosh” qildi tarzida qoʻllaydi.
Muharrir – tilning qoʻriqchisi
Tilni saqlashda muharrirlarning oʻrni katta. Abdulla Qahhor, Asqad Muxtor, Vahob Roʻzimatov, Nizom Komilov, Ibrohim Gʻafurov kabilarni oʻshanday muharrirlar sirasiga qoʻshish mumkin. Biz ham ulardan ozmi-koʻpmi oʻrgandik, oʻrganganlarimizni amalda qoʻlladik, qoʻllayapmiz.
Yaqinda Husniddin Sharipov haqida bir narsa qoralab, matbuotga berdim. “Domla Sharipov” deb sarlavha qoʻygandim. Chunki u kishini tahririyatda shunday atardik. Sarlavhani “Koʻngil husni” deyishibdi. Koʻngilning oqligini eshitganmiz, koʻngilning qoraligi haqida ham gap bor. Koʻngil qoladi, yuksaklarga koʻtariladi, deymiz. Lekin uning husni boʻlishini endi eshitishim. Biror narsani bilsa-bilmasa, tavakkaliga qoʻllayverish kerak emas. Bu oʻrinda muharrir tuzataman deb aslida buzgan. Bu – soʻzni his qilmaslikdan. Oʻsha maqolada bugunga kelib oq yemi chiqib ketgan: “Imoningiz salomat boʻlsin, joyingiz jannatdan boʻlsin!” degan soʻzlardan qochib, oddiygina qilib: “Biz sizni sogʻindik, domla Sharipov”, deya yakunlagandim. Gazeta muharrirlari “Oʻlgan odamni ham sogʻinadimi?” degan xayolga borgan, shekilli, soʻngsoʻzimni olib tashlabdi. Lekin shunisi quvonarli boʻldiki, maqola Husniddin Sharipov haqidagi kitobda koʻnglimdagiday boʻlib chop etildi.
Yana bir gap. Tahririyatga uncha-muncha odam qoʻlyozma koʻtarib kelavermaydi. Astoydil yozuvchi boʻlaman degan odam qoʻlyozma olib kelsa, siz uni oʻqib koʻrsangiz, tahrir qilsangiz, muallifga maslahatlar bersangiz, bu, avvalo, xayrli va savobli ish. Muallifni tahririyatdan xafa qilib chiqarib yuborishdan osoni yoʻq. Chin muharrir bunday qilmaydi.
Matnning poydevori boʻladi
Har bir yozilgan narsada matnni ushlab turadigan tayanch, poydevor boʻladi, yaʼni bu – yozuvchining aytmoqchi boʻlgan gapi, xulosasi. Agar mana shu tayanch boʻlmasa, matn qulab tushadi. Jurnalga yozuvchilar haqida bir dasta hangoma bersam, tahririyatdagilar qoʻlyozmaning sahifaga sigʻmay qolgan joylarini shartta olib tashlabdi. Oqibatda jurnalda bosilib chiqqan material pati yulingan tovuqqa oʻxshab qolibdi – xulosa qirqib tashlanibdi. Bunday ishlar har qanday odamning taʼbini xira qiladi. Ularni muharrir deb boʻlmas. Agar oʻshalar muharrir boʻlganida sahifaga sigʻmayotgan xulosani qaychilashdan avval sal bosh qotirishgan boʻlardi. Bu muallif matniga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas!
Matnni qisqartirish kerak boʻlsa, biz gapni, abzatsni emas, soʻzlarni qisqartirardik. Shunda muallifning fikri qolardi, matnning sopi oʻzidan chiqardi. Asarning umumiy ruhi ham buzilmasdi.
Sarlavha topish oson emas
Tahririyatning proza boʻlimida ishlagan kezlarim, koʻplab asarlarning nomlarini oʻzgartirishga toʻgʻri kelgan. Masalan, namanganlik Turgʻun Poʻlat degan yozuvchimiz “Kurortda” degan bir asar olib keldi. Men unga “Ichkuyov” deb nom qoʻydim. Muallif rosa tortishdi, yoqa boʻgʻishish darajasigacha bordi. Oxiri: “Bor, nashriyotda xohlagan nomingni qoʻyib chiqaraver! Lekin jurnalda asaring “Ichkuyov” boʻlib bosiladi”, dedim. Bir kun qarasam, asar “Ichkuyov” nomi bilan kitob boʻlib chiqibdi. Gap shundaki, boy-badavlat oilaga bir jurnalist ichkuyov boʻlib kiradi. Murosasi kelishmay qolib, oiladagi qingʻirliklarni felyeton qiladi. Bu “ichki yov” boʻlmay, nima boʻlsin? Jurnalist ham “ichki yov”, ham “ichkuyov”.
Qutlugʻ farmon
Prezidentimizning “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Universitet tarkibida uchta fakultet – oʻzbek filologiyasi, oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish, oʻzbek-ingliz tarjima fakultetlarining tashkil etilishi, qolaversa, Oʻzbek tili va adabiyoti ilmiy tadqiqot instituti va Oʻzbek tili va adabiyoti muzeyining universitet tarkibiga olinishi til va adabiyot borasida yaxlit, mukammal tizim yaratilganini bildiradi. Bu tilimizga, madaniyatimizga hukumatimizning yuksak eʼtiborini koʻrsatuvchi fakt. Bu tilimiz va adabiyotimizga eʼtibor davlat siyosati darajasida degani.
Qutlugʻ farmon til va adabiyotga daxldor koʻplab masalalarga yechim topishga imkon beradi. Jumladan, tilimiz grammatikasi, fonetikasi, orfografiyasidagi baʼzi bir nuqsonlarni tuzatish tilchi olimlarimizning asosiy vazifalaridan biriga aylansa, nur ustiga nur boʻlar edi.
Hali bajaradigan ishlarimiz koʻp
Mana, mustaqillik tufayli, xudoga shukr, nashriyotlarimiz koʻpaydi. Lekin bu degani hay deydigan xoʻja yoʻq, degani emas. Hamma oʻz bilganicha qoralagan qoʻlyozmasini kitob qilib chiqaraverishi kerak, degani emas. Lekin, afsuski, bugun shunday qoralamalar bu nashriyot bosmasa, unisida chiqib ketyapti. Yozuvchilarimiz nashriyotga kelib, noshirning stoliga pulni qoʻyadi, mana, fleshka, deydi. Noshir fleshkani oladiyu tugmachani bosadi. Qarabsizki, kitob tayyor.
Yigirmatalab “roman” yozgan yoshlarimiz paydo boʻlyapti. Bu nima degan gap? Ularda qanday mavzular bor? Nimalar yoritilgan? Endi shularni nazoratga olishning vaqti kelmadimikan?
Adabiyot insonni tarbiyalashi, tarbiyalaganda ham milliy ruhda tarbiyalashi kerak. Asarning arqogʻi – asl maqsadi, bizningcha, shunday boʻlishi kerak. Har qanday asarni milliy ruhda yozsangiz, xalq oʻqiydi. Lekin qahramoningizning ustidagi libosi oʻzbekcha-yu, oʻzi boshqa millat odami boʻlsa, oʻquvchi asaringizni bir chetga surib qoʻyadi. Rusga doʻppi kiydirgan bilan u oʻzbek boʻlib qolmaydi, yo boʻlmasa, oʻzbekka shapka kiydirib qoʻygan bilan u rusga aylanib qolmaydi.
Avvalo, adabiyotning yoʻlini toʻgʻri belgilab olish kerak. Axloqsizlikni, zoʻravonlikni targʻib qiladigan kitoblarning yoʻlini toʻsmoq lozim. Yoshlarimizning oʻsha asarlarni oʻqib, “Hayot shu ekan-da” deb notoʻgʻri tushunishlariga yoʻl qoʻymasligimiz kerak.
Oʻzimizning ming yillardan beri asrab-avaylab kelayotgan milliy ruhimiz, milliy odob-axloqimiz, milliy udumlarimiz bor. Yozajak asarlarimizda shular aks etishi eng maqbul ish. Bizga mumtoz yozuvchilarimiz, mumtoz ustozlarimiz nafis adabiyotni meros qoldirgan. Nafosatni kuylashni oʻrgatgan. Uni bulgʻashga, unga dogʻ tushirishga hech kimning haqqi yoʻq.
Gurungni Fozil JABBOROV qogʻozga tushirdi.
“Yoshlik”, 2016 yil 7-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/men-sizga-aytsam/