Maqsad
Aytar soʻzim koʻpdir mening,
Yotar dilda qalashib,
Qoʻlga qalam olar boʻlsam,
Qolar navbat talashib.
Hayratlarim, hasratlarim,
Kechinma-yu oʻylarim…
Xushomadga oʻtishadi
Yuragimni yalashib.
Barchasini bayon qilib
Yashamoqdir tilagim,
Kelar hatto dardimni ham
Toʻkib, boshin silagim.
Qogʻozlarga, ovozlarga
Koʻchsa edi hayoti…
Oʻzimga ham keragim yoʻq –
Boʻshab qolsa yuragim!
Chunki sen borsan
Koʻzlaringga tikilsam bir zum,
Tanim uzra tarqalar huzur.
Ammo seni topmasa koʻzim,
Ishtiyoqim gʻalayon tuzur.
Senki mavjud – betizgin kuchim,
Sen boʻlmasang – men hech kimmasman.
Bu olamda borliging uchun –
Oʻlsam hamki koʻzim yummasman!
Yurak
Qanday yigit edim oʻshanda?!
Halovatda.
Qalbi hur, magʻrur.
Seni koʻrib, kutilmaganda –
Olovlandi yurak qurmagʻur.
Quchgim kelar yonimda tursang,
Sensiz nochor holimni koʻrsang…
– Sizga nima boʻldi? – deb soʻrsang,
Kalovlandi yurak qurmagʻur.
Endi yoʻlim sen tomon faqat,
Hijron mening nazdimda – ofat,
Qarashingdan topgancha rohat,
Havolandi yurak qurmagʻur.
Qoʻyding, deya, nimalar qilib,
Betobman, deb, ginalar qilib,
Kiprigingni ninalar qilib,
Davolandi yurak qurmagʻur.
– Muhabbatdan boshqasi bekor,
Boshqa bari-bari boʻlmagʻur.
Yuragingni ber, deya, dildor –
Navolandi yurak qurmagʻur.
Sensan
Koʻzlaringni ohu desam,
Ogʻudan ham yomon chiqdi,
Oʻzing ayt-chi, qaysi oshiq –
Bu savdodan omon chiqdi?
Men zulmatda qolib, shams-u –
Qamar sening tomon chiqdi,
Ne bir dardga duchor etding,
Kechay desam davo – sensan!
Nigohingdan koʻz qamashdi,
Qalb qamashdi, hushim yoʻqdir,
Sen ishtirok etmagan oʻy,
Sen kirmagan tushim yoʻqdir,
Yuragimni shikor etding,
Endi koʻngil qushim yoʻqdir,
Nafas yetmas, lablarimga –
Labingni bos, havo – sensan!
Shundogʻam agʻyorlarimning
Bisyor edi zahmatlari,
Va nega ham qodir boʻlur –
Ado dilning nafratlari?!
Vujudimni chirmab olmish
Magʻlubiyat gʻaflatlari,
Yaratganning rahmatiday
Ne ajab, muddao – sensan!
Oshiq yana abgor dilim –
Gohi mulzam, gohi xursand,
Bu olam shunchalar oydin,
Sen haqingda xayol sursam,
Bir jilmayish javob boʻlgay –
Hukming sari savol sursam:
Siri uchgan bu dunyoda –
Buncha sirli maʼvo – sensan?!
Rahmdillik koʻchasiga –
Yoʻling tushib qolsa bir kun,
Momo Havo qadamingni –
Oʻz izmiga olsa bir kun,
Va yuraging qatlariga –
Qaynoq hislar solsa bir kun,
Parvardigor menga koʻrgan –
Shoyad oʻshal ravo – sensan!
Yuragim seniki…
Yuragim seniki –
nima qilsang qil!
Ixtiyor sendadir, sendandir hukm.
Koʻksim kengligidan kelib qoʻrgʻon qur,
U menga qalb, senga vatandir chunki.
Ozod yashagaysan unda, azizam,
Yogʻiylar dastidan chekmagaysan dard.
Butun mamlakating uzra men oʻzim –
Xitoy devoridan mustahkam sarhad.
Barcha balolarga oʻzim nishonman,
Toshmi u, nayzami va yoki oʻqmi?..
Yurting osmonida uchmas, ucholmas,
Shunday ekan, nechun hadik va qoʻrquv?!
Baralla qoʻshiq ayt ishqning madhida,
Jannatiy bir koʻrkka boʻlursan shohid.
Hech kim xalal bermas, gohi-gohida
Borsa mehrim borar darvozang qoqib.
Unda oʻy surasan tiniq, bokira,
Huzuringda bahor, tegrang lolagun.
Kulgichingga chopar labing sohili,
Baxtning quchogʻida masrur malagim!
Kipriging qitiqlar tuygʻular tongi,
Shafaqdagi sheʼr ham senga atalgan.
Vatan senikidir, sen uchun mangu,
Sen qanday kechasan bunday vatandan?!
… Bir umr sen bilan yashagim keldi,
Biroq meni qiynar shunday ehtiyoj:
Mening vatanimni topib ber endi,
Mening mamlakatim darvozasin och!
Oʻtib borar
Kun oʻtdi,
oy oʻtdi,
yil oʻtib borar,
Hanuz koʻchangdan bir dil oʻtib borar.
Ishqidan boshqasi yolgʻon dunyoning –
Umri ham, oʻrni ham bil, oʻtib borar.
Nurli nuqtam yoʻqdir koʻzingdan boʻlak,
Soʻzlar soʻzmidirki, soʻzingdan boʻlak?!
Hech kim tushunmaydi oʻzingdan boʻlak –
Ishqning shevasiga til oʻtib borar.
Besh kunlik dunyoning bir kuni – yoshlik,
Sohir lahzalarning turkumi – yoshlik.
Bu tutqun yurakning erkimi, yoshlik?
Koʻrkingdan koʻksimga gul oʻtib borar.
Men aytsam yurakning poralaridan,
Bu dunyoning oq-u qoralaridan,
Sevgi va sadoqat oralaridan –
Taassuflar ila qil oʻtib borar.
Aslida sir dunyo, asrorli dunyo,
Balki shu sababdan asrarli dunyo.
Dildan dilga koʻchgan saslarmidi yo –
Tuygʻu toʻkilmasi – sheʼr oʻtib borar.
Oʻzni anglamakdan boshlandi bari,
Koʻzni namlamakdan boshlandi bari,
Sizni “san”lamakdan boshlandi bari,
Endi qaysarlikka feʼl oʻtib borar.
Bilmam, bu savdoda kim chiqar gʻolib?
Sen bunda yasharsan taqdirdan nolib,
Raqiblar keladi uchqur ot solib –
Goʻyo loyqalangan sel oʻtib borar.
… Yil oʻtdi.
Oy oʻtdi.
Kun oʻtib borar,
Yolgʻon dunyoda bir chin oʻtib borar.
Koʻngilga taqdir deb atalgan taskin,
Taskin deb atalgan tin oʻtib borar.
Hadik
Hayron boʻlmang, sizdan shafqat tilasam,
Soʻrab qolsam, dil dardingiz bormi, deb.
Oʻzim toʻzdim, sochingizni silasam,
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Tun tunardi sochi, qoshi, koʻzida,
Kun kulardi yana uning yuzida,
Olov boʻlib oʻrmaladim izida,
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Chaqmoqdayin chaqnoq davrim oʻtdi, bas,
Balki bugun hatto nolam oʻtlimas,
Meni toʻgʻri tushuninglar, iltimos –
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Zorlarimni tinglab, balki kularsiz,
Bilmasangiz, bir kun kelib bilarsiz,
Yo jonga jon, yo dardga dard ularsiz,
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Oʻngda koʻrgan diydorini tush qilib,
U ham sizday bir qiz edi xushqiliq.
Sehrimi yo mehrim sabab, ishqilib –
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Shundan buyon oʻz-oʻzimda emasman,
Va hech qizga yolgʻon soʻzni demasman.
Lekin inson yashar baxtga havasmand,
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb.
Koʻrinishdan kuymaganga oʻxsharsiz,
Baxtim boʻling, koʻrsin ana oʻshal qiz.
… Siz oʻzingiz boʻlmang yana oʻshal qiz?!
Kuydi koʻngil bir kuydirgi yorni, deb!
Orif TOʻXTASH
“Yoshlik”, 2016 yil 7-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/sohir-lahzalarning-turkumi-yoshlik/