Tarxi toza publitsistika

Erkin Aʼzamning “Ertalabki xayollar” kitobi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi badiiy publitsistika kengashining yillik yigʻilishida yakdil eʼtirof etildi. “Oʻzbekiston” nashriyotining annotatsiyasida adibning chorak asr davomida matbuotda bosilgan tarxi toza publitsistik asarlari jamlanmasiga dolzarbligi, ohorini yoʻqotmagan maqola, fiqra, suhbat, esse va ocherklari saralab olingani, jonsarak muallif olamni, odamni toʻkis koʻrish istagida kuyinib-koyinib qalam tebratib, oʻquvchini fikr mudroqligidan fikr uygʻoqligiga daʼvat etishi taʼkidlanadiki, kitobni oʻqib chiqqan kishi bu xulosa-bahoga toʻliq qoʻshiladi.

Erkin Aʼzam shu choqqacha bizni avval gazeta-jurnallarda chop etilgan, keyin alohida kitoblar holida nashr qilingan hikoya va qissalari bilan xushnud etib kelayotgan boʻlsa, maqola, fiqra, intervyu, esse, ocherklarini matbuotda oʻqigan, radioda eshitganimizni aytmasak, kitob holida koʻrmagan va koʻrishni juda-juda xohlagan edik.

Erkin Aʼzamning badiiyati bilan publitsistikasi orasida mushtarak va farqli jihatlar darhol koʻzga tashlanadi: hikoya, qissa, roman, ssenariylaridagi aniq va quyma tasvir, tiniq va boʻrtiq xarakter, jozibali va ohorli obraz, rostgoʻy badiiy toʻqima; maqola, suhbat, esselariga xos dolzarb mavzuga tezkor munosabat, mantiqiy muhokama va obrazli tafakkur birligi, mutanosibligi, dangallik, choʻrtkesarlik, toʻgʻri gap kelganda tuqqanini, hatto oʻzini ham ayamaslik, burama jimjimadorlik va rasmiylikdan xolilik…

Va barcha turdagi katta-kichik bitiklariga xos sirli, sehrli antiqa sarlavha-ochqichlar topish, emin-erkin, roʻy-rost, mardona fikrlash, dilda borini oqizmay-tomizmay tilga chiqarish, Surxon koloritining milliy ruhga vobastaligi, hech kimnikiga oʻxshamaydigan, goh murch taʼmini beradigan yoqimli, totimli yumor, goh qalampirnamo oʻtkir, achituvchi hajv, soʻzni nozik his etish va hokazo.

Qarang, kitobning nomi “Ertalabki xayollar”. Nega endi ertalabki, kechki yo tungi xayollar emas? Savolga muqovaning toʻrtinchi betidagi “Chiqish soʻzi”da hazil-chin ohangda javob beradi: “Ertalabdan negadir chirsillab turaman… Bu vaqtda olamning bor gʻamu tashvishi goʻyo kaminada: mushkul muammolar, haqsizliklar, norasoliklar. Koʻngilda shularga qarshi tiyiqsiz isyon joʻsh uradi. Bugunoq borib, shu masalani hal qilmasam! Bugunoq borib, shu gaplarni shartta-shartta aytib solmasam! Boʻldi shuncha zamon musichaga oʻxshab yurganim, chidab kelganim yetar! Bu nima bedodlik, axir!

Ammo choshgohga yaqinlashganda bor shijoat oʻz-oʻzidan soʻnadi. Boyagi shashtdan qaytiladi. Yana bir muddat kutaylik-chi, zora, hal boʻlib qolsa, oʻrniga tushib ketsa… Dunyoda boshqalar ham bordir, qarab turishmas! Ana shunday ogʻir-bosiq, serandisha, xullas, el qatori “yaxshi odam”ga aylanib qolaman. Lekin ushbu toʻplamdagi gaplar mening “yomon odam”lik paytimda tugʻilgan fikr-mulohazalardan iborat desa boʻladi”. Oxirida maqolalar toza koʻngil, xolis niyat bilan yozilganini eslatadi. Ammo bu taʼkidlashsiz ham oʻquvchi muallifga toʻliq ishonadi.

“Gapni oʻzimdan boshlasam” otliq soʻzboshisida “yozuvchi mardum oʻzidan ortganda, koʻnglidagini oshigʻich izhor etish ehtiyoji paydo boʻlganda publitsistikaga qoʻl uradi”, deya taʼkidlagan. Bitiklariga koʻpda tutilmagan, jumboqnamo sarlavha-ochqichlar (“Quroq dasturxon”ga taklif”, “Shoshmasdan shoshiling”, “Koʻz-koʻz qilmang, koʻz tegar”, “Yalash boshqa, siylash boshqa”, “Gar-garchilik”, “Hoziriylar”, “Oʻzim oʻqimaganman, lekin zoʻr”, “Zar yamoqlar”, “Qachon oʻzbekcha gapiramiz?”, “Butunlarning butuni”, “Pichirlashni bilmagan odam”, “Nosoz arava qachon yuradi?” va hokazo) qoʻygani muallifning mavzuga nisbatan yengilroq yondashganidan emas, aksincha, oʻzlarini tuproqqa, xasga mengzagan ulugʻ ustozlardan ulgu olib, kamtarlik qilib, ijodi, isteʼdodini kamtarin chogʻlagani, jiddiy masala, ogʻriqli muammolarni goh keskin, goh hazil libosiga burkab, jamoatchilik fikrini qoʻzgʻatgani dalolatidir.

Erkin Aʼzam adib, jurnalist, kinossenarist sifatida yurt kezishni yaxshi koʻradi, Surxondaryoga, tugʻilib oʻsgan Boysuniga tez-tez borib turadi, chet mamlakatlarda boʻlgan. Kezish, kuzatish, sezish, ishonch hosil qilish sinchkov muallifga siyosat, ijtimoiyat haqida bilib, koʻrib taqqoslab yozish, Vatan mustaqilligini teran his etish, cheksiz gʻurur, iftixor tuygʻusiga toʻlib-toshib, koʻnglidagini qogʻozga tushirish imkonini beradi. XX asr adogʻida, mustaqillikning ilk yillarida yozilgan maqola, safarnomalar adib ijodining yetuk, mazmundor, maroqli publitsistik naqshlaridir.

Mustaqilligimiz bir yilligi tantanasida madhiya yangrab, hamma oʻrnidan turib ketganda tuyqus koʻzidan tirqirab yosh chiqqanini, koʻz yoshlarini artmaganini, Vatanni oʻsha lahzalarda chinakam his etganini eslab yozadi: “Vatan – istiqlolga, istiqbolga esh bir tuygʻu ekan. Mening birovga qoʻshilib kulishim, birovga qoʻshilib yigʻlashim qiyinroq. Yigʻlasam – oʻzim yigʻlayman, kulsam – oʻzim kulaman. Xudo bergan feʼl. Oʻzgartirolmadim. Oʻsha lahzalarda kim quvonchdan kulgan boʻlsa kulgandir, mening yigʻlaganim rost! Har qalay, kulgidan yigʻi chinroq degan fikrdaman”.

Ha, odam nafaqat kuyganida, balki haddan ziyod quvonganida ham tabassum pardasini koʻzyoshlari yuva boshlaydi. Ayniqsa, bir asrdan ziyod davom etgan umummilliy xoʻrlikka chek qoʻygan Mustaqillik mujdasi taralgan lahzada bu hissiyot yuz chandon kuchliroq boʻladi.

“Tilda emas, dilda boʻlsin”, “Insoniylik mezoni”, “Hokim, holva, gʻurur va andisha”, “Ishq boshqa, havas boshqa”, “Mantiq lozim, meʼyor lozim” maqolalarida mustaqillikning ilk yillarida duch kelingan muammo va qiyinchiliklar, Prezidentimiz, hukumatimizning mashaqqatlarni yengish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, moddiyat bilan maʼnaviyat, qorin toʻqligi va koʻngil toʻqligi mutanosibligi, shaʼn, gʻurur, insoniylik, mehr-oqibat, axloq masalalari, mol-mulkka, hoyu havasga hirs qoʻyib oʻzidan ketgan boyvachchalar, xolis va shifobaxsh, gʻarazli va barbod qiluvchi tanqid va shu kabi muammolar dadil oʻrtaga qoʻyiladi, oʻjar dalil va misollar keltiriladi. Bir misol. Toʻy-hashamlarda ortiqcha dabdaba, isrofgarchilik, oʻzini koʻrsatishga, qoyil qoldirishga moyillik, odamlar vaqti, holati bilan hisoblashmaslik haqida koʻp gapirildi, yozildi, hali yana aytilajak, yozilajak. Har qalay, nahor oshlarini soat yettidan oldin oʻtkazmaslik, bazmlar vaqtini cheklash lozimligi borasidagi chiqishlarning foydasi boʻldi, jumladan, bunda Erkin Aʼzamning “Mantiq lozim, meʼyor lozim” maqolasi ham muayyan hissa qoʻshdi, deb oʻylaymiz.

“Tafakkur” jurnaliga peshlavha sifatida yozilgan qirqdan ortiq fiqralari hajman qisqa (bir bet atrofida) boʻlsa-da, har birida dolzarb muammoga jiddiy yondashilgani bilan eʼtiborga loyiq. Muallif fiqralarida bir mavzu, bir-ikki misol bilan cheklanadi, aslida moʻlroq misol keltirishi, koʻproq fikr bildirishi mumkin edi, lekin oʻquvchini, sizu bizni ijodiy hamkorlikka, tahlilni davom ettirishga, jamoatchilik fikrini qoʻzgʻotishga taklif etganday boʻladiki, koʻzlagan asl muddao ham shu edi, nazarimizda. Munosabat, daʼvat, baho antiqa, gʻaroyib topildiq – sarlavha, ishoraning oʻzidan boshlanadi: “Zarchapon”, “Andishasiz andishalar”, “Adabiyot “oʻz oʻziga xizmat”mi?”, “Oʻxshaydi, oʻxshaydi, oʻxshaydi”. Jumboqnamo tuyilgan baʼzi sarlavhalar maʼnosi matn oʻqilgandan keyin anglashiladi.

“Hoziriylar”. Shunday soʻz bor ekanmi? Boʻlmasa – boʻlar. Lugʻatga kirmagan gap koʻp-ku. Faqat oʻtayotgan kunning, hozirning bandalari, yoʻq, bandilarini “hoziriy” demay nima deysiz? Kichik fiqrada katta masala koʻtariladi: “Bugunni koʻrib tursang-chi, ertaga bir gap boʻlar” naqliga amal qilib, ertani, oqibatni, oxiratni paqqos unutib, yakkash shu kun, shu damni deb, daqiqaning quli boʻlib qolayotganlar, shubhali yoʻllar bilan mol-mulk orttirib, bir dumalab boy boʻlib, oxirida sinib ahvoli voy boʻlayotganlar taqdiri qalamga olinadi. “Gar-garchilik” fiqrasi loygarchilik, isrofgarchilik, arzongarchilik, hiylagarchilik, soxtagarchilik, yasamagarchiliklar haqida. Baʼzilariga izoh ham beriladi, masalan, arzongarchilikka: yozmasdan turib kitob chiqarish, chala-chulpa tajriba orttirib kinofilm yaratish, ovoz-povoz boʻlmasa-da “yulduz”likka daʼvogarlik… “Namkashlik” adabiyotda kim haqdadir nimadir deyilsa, darhol oʻziga olib, nam tortib, qarshi chora qoʻllash payida boʻlguvchilar, “Zar yamoqlar” toʻy-poʻylarga borib yuradigan, lekin reklama orqali oʻzini mashhur qilib koʻrsatishga intiladigan ommabop, hammabop yallachi kimsalar, jaydari yulduzlardan bahs etadi.

Shunday antiqa, ohori toʻkilmagan mavzu, muammoga ishora qiluvchi fiqralar jamlangan katta boʻlimga qoʻyilgan “Shap-shap deguncha…” sarlavhasini, rost gap, hazm qilishim qiyin boʻldi. Yurt, odamlar taqdiriga daxldor jiddiy, hayotiy masalalar qalamga olingan boʻlimga vazminroq, siporoq nom tanlansa boʻlarmidi… Sarlavha asar darvozasi ekanligini muallif hammadan ham koʻra yaxshiroq biladi.

Kitobning “Yoʻl-yoʻlakay” (adabiy qaydlar), “Yondoshlar, zamondoshlar” (portret va xotiralar), “Menimcha… Menimcha…” (suhbatlar) boʻlimlaridan joy olgan turfa bitiklar Erkin Aʼzamning tajribali jurnalist, oʻtkir publitsist, bilimdon kinoshunos, nuktadon munaqqidligidan dalolat berib turibdi. Toʻgʻri, muallif asosiy mashgʻuloti adiblik ekanini, boshqa ish qoʻlidan kelmasligini, maqolanavislik bilan jiddiy shugʻullanmaganini, kino sanoatiga shunchaki, ssenarist sifatidagina yaqinligini eslatib tursa-da (kamoli kamtarinligidan, albatta – S. U.), fiqra, maqola, ocherk, esse, suhbatlari buning inkoridir. Jurnalistlikka oʻqigan, umr boʻyi, oʻzi aytganiday, “roʻznomaxoʻr” boʻlib, nashriyotu tahririyatlarda ishlab, katta-kichik, yaxshi-yomon qoʻlyozmalarni tahrirdan, tahlildan oʻtkazib kelayotgan boʻlsa, xizmati, vijdoni zamon dardiga aylangan masalalarga tezkor munosabat bildirishni taqozo etsa, qanday qilib bu soha bilan jiddiy shugʻullanmasin. “Erkinlikning sharti”, “Demokratiya nadir?”, “Tilda emas, dilda boʻlsin”, “Tanqiddan muncha qoʻrqamiz?”, “Bir arbobga savollar”, “Tarqoq dard”, “Qachon oʻzbekcha gapiramiz?”, “Bilib gapirganga nima yetsin”, “Ozod, mustaqil vatandan ulugʻ asar yoʻq”, “Axborot qirolligida”, “Aldangan avlodning andishalari” kabi maqola, suhbatlarida matbuot qozonida qaynab kelayotgan ijodkorning ushbu soha holati, muammolari, ogʻriqli nuqtalaridan yaxshi xabardorligi koʻrinib turibdi.

“Toʻymas” afsus-nadomat bilan keskin yozilgan, qon bosimi baland maqola. Chet eldan koʻp pul bilan kelgan bir banda bir necha kvartira sotib olgani, zoʻr joylar qilib, qoʻsha-qoʻsha imoratlar qurgani, bir zum tinim bilmagani, lekin odamga oʻxshab bemalol, bahuzur yashamagani, bir kechada ajal olib ketgani, bu umrdan savollar qolganini taassuf bilan yozadi: “Oʻlibgina ketar ekansan, shuncha dahmaza kimga kerak edi? Odamzod bir burda non bilan ham toʻyadi-ku! Yashayman deganga odmiroq bir boshpana ham kifoya qiladi-ku!”. Muallif koʻplar kuzatgan bunday misollar, koʻnglidan kechgan fikrlar, tugʻilgan savollarga shunday javob beradi: “Koʻz toʻymaydi, koʻz! Bitta hovlim ikkita boʻlsin deydi, ikkita mashinasi toʻrtta boʻlishini xohlaydi”. Publitsist “boshqalar oʻlsa oʻlar, men hali-veri oʻlmasligim kerak deb oʻylaydigan, muqarrar ajal bilan shartnoma tuzmoqchi boʻlgan” nafs bandalari fojiasiga toʻxtalib, bunday noxush holatlarga zamon bergan erkinlikni birgina nafs erkinligi deb bilish sabab boʻlyapti, deb oʻquvchini hushyorlikka chaqiradi.

Erkin Aʼzam qisqa yozishga intilishi, sergaplikka – “soʻz boʻtqasi”ga tobi yoʻqligi, fikrni oʻnta gapdan koʻra bitta jumlada ifodalashga harakat qilishini bot-bot taʼkidlab turadiki, fiqralari, ixcham maqolalari buning dalili. Kitobning “Menimcha… Menimcha…” boʻlimidagi suhbatlarning bir qanchasi “uningcha… uningcha”ning savollari, mulohazalari hisobiga ancha keng chiqqan, lekin qiziqib oʻqiladi, hatto yana davom etishini xohlab qolasiz. Intervyu, suhbat qoʻsh muallif, qoʻsh masʼuliyat mahsuli. “Intervyu olding, oʻzing nima berding?” savoli bejiz emas. Koʻp narsa jurnalistning bilogʻonligi, topogʻonligi, respondentni qiziqtira bilishi, dilidagilarini sugʻurib olishiga bogʻliq. “Aldangan avlodning andishalari”, “Dunyoning oʻzi shunday – savol”, “Oʻzingizga ishoning, boshqasi bekor”, “Qalamdan boshqa qurolim yoʻq”, “Qalbi bedor qahramonlar”, “Jaydari soʻzlarimdan xijolatda emasman”, “Yozuvchining qismati, Nobel mukofoti va boy berilgan fursat haqida” va boshqa suhbatlar bir qadar uzoq va maroqli kechganiga sarlavhalari ham ishora qilib turibdi.

Adabiyotshunoslik, sanʼatshunoslikka aloqasiz, tanqidchilik bilan shugʻullanmaydigan yozuvchi yoʻq hisobi, kimdir koʻproq, kimdir kamroq deganday. Erkin Aʼzam bu sohalarga daʼvo qilmagan holda, mazmundor maqola, taqriz, portret, xotiralar bitadi, maroqli suhbatlar beradi. Hikoya-qissalar yoza, kitoblar chiqara, qoʻlyozmalarni tahrir qila boshlagan kezlaridanoq janrlar tabiatiga oid tadqiqotlarni oʻqib borish bilan birga, oʻzi ham ancha-muncha narsalar yozib qoʻygan ekan. Adabiy janrlar xususida yozgan maqolalari, oʻzi kamtarona etyud deb hisoblasa-da, qiziqib oʻqiladi. Hajman sanjobligi, ifoda koʻlami, qahramonlar doirasining cheklanganligi, tasvir, bayonning siqiqligi, loʻndaligi, yozmoq uchun insoniy did va isteʼdod kerakligi hikoyaga; bir yoki bir necha qahramonning muayyan bir hayotiy muammo atrofida boshidan oʻtgan voqealar silsilasi qissaga; soʻz, harakat, ehtiroslar birligi sahna asarlariga; laxtak-laxtak yaxlit manzara, montaj esa kinoga xos asosiy xususiyatlar ekanligi aytiladi, misollar keltiriladi. “Ildizidan uzilmay…” maqolasida (1985) oʻsha kezlarda yosh yozuvchi hisoblangan tengqurlarining jahon adabiyoti ilgʻor anʼanalaridan ijodiy foydalanayotganini maʼqullagan holda, boy milliy merosimiz, ustozlar tajribasiga mahkam suyanib ish koʻrishayotganini taʼkidlaydi, Togʻaydagi shoirona ruh, xalq dostonlariga xos baxshiyona ohanglar, Xayriddindagi tiyran hayajonga toʻliq insoniy dard tasviri, oʻzbaki lafz jarangi, Murodga xos yaxshi maʼnodagi uslubiy beboshlik, goʻl-mugʻombirona qochiriqlarni dalil sifatida keltiradi. Oʻsha kezlarda yozilgan boshqa maqolasida asarda maqsad maʼlum bir nuqtaga yoʻnaltirilishi, suratkash ham koʻpchilikni suratga olganda uskunasini hammaga baravar emas, markazda turganlarga qarab toʻgʻrilashi, bunda, tabiiyki, kimlardir suratda xiraroq chiqishi mumkinligini qayd etadi. Adib tanqidchilarni bamisoli bir bogʻbon, muayyan badiiy asarning duogoʻyi, targʻibotchisi, botiniy maʼnolarni kashf etuvchi, kitobxonga, muallifning oʻziga-da sharhlab beruvchi zukko bir charogʻbon, sinchi, ilhom parisi deya ardoqlashi bunday xolis maqtovlarni kam eshitadigan soha mutaxassislariga xush yoqsa, ne ajab. Shuhrat Rizayevning “Iztirob sanʼati” kitobiga, Muhammad Sharifning ilk toʻplami “Tolkoʻprik”ka iliq taqrizlar bagʻishlagani fikrimiz dalilidir.

Erkin Aʼzam portret, esse, xotiralar yozishning havosini olganlardan. Yigirmadan ortiq yondoshlari, zamondoshlari haqida mehr-ixlos bilan bitgan insholari kitobidan joy olgan. Yoʻl-yoʻlakay bir-ikki chizgi, detal bilan taʼrif-tavsif etilgan ijodkorlar esa ancha. Adib oʻzi yaxshi bilgan, vaqtida suhbatlarini koʻp olgan, ishlab, hamkorlik qilib xoʻp sinagan, eʼtiqod qoʻygan insonlar haqida mehr bilan qalam surgan. Baʼzilari (masalan, Abdulla Qahhor, Ozod Sharafiddinov, Shukur Xolmirzayev)ga bir emas, ikki, uch publitsistik qasida bagʻishlaydi. Portretlarning sarlavhasiyoq kimga bagʻishlanganiga ishora qilib turadi.

Erkin Aʼzam badiiyati singari publitsistikasining ham sir-sinoati, ohanrabosi, jozibadorligi koʻp, shulardan biri va, eng asosiysi, boy tilida, maftunkor soʻzida, soz uslubida. Adib nomiga yarashiq erkin, xalqona, oʻzbekona yozadi, dilida bori tiliga chiqadi, chiroyli, yaltiroq iboralar qidirmaydi, yurakka yetib boradigan taʼsirli soʻzlar topadi. Muallifning qatʼiy imon-ishonchicha, har qanday vazminlikni adabiy mohirlik bilan ifoda etish, qalovini topib qorni yondirish mumkin. Kuyinchak adib til, uslub masalalariga doimo eʼtibor berib keladi: “Kamroq yozish yoʻlini axtarayapman… Yozish sanʼat boʻlgani kabi sukut saqlash, jim turish ham bir sanʼat. Bemavrid ogʻiz juftlayverish obroʻ keltirmaydi”. “Yana gʻashga tegadigan olmosh bor – oʻz… U oʻz xotiniga qaradi…” (1996). “Adabiy matn bir qaynovda tayyor boʻladigan qiyom emas” (2012). Adib soʻz bilan soʻzlashishni, ayrim kalomlarning oʻzbekcha muqobilini topishni xush koʻradi, “mentalitet” oʻrnida “zehniyat”, “pragmatik” oʻrniga “naqdparast”ni ishlatadi. Bunday misollar koʻp.

Aziz oʻquvchi, bamisoli gid singari men sizni “Ertalabki xayollar” kitobi sahifalariga sayohatga chorlamoqchi, adib publitsistikasidagi eʼtiborimni tortgan oʻrinlar va oʻzimning ayrim mulohazalarim bilan tanishtirmoqchi, toʻplamni oʻqishga ragʻbat uygʻotmoqchi boʻldim. Yaxshisi, kitobni oʻzingiz mutolaa qiling, zavq oling, fikr yuriting.

 

Saydi UMIROV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tarxi-toza-publisistika/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x