Onamning peshonasi
Uyquda edimmi,
qimirlabdi Yer…
Bir chiziqni koʻrdim shiftda ajinday.
Onam taskin berib,
kuyunmagin der:
Dunyoning ishlari hamisha shunday.
Nogoh ming chiziqni bir joyda koʻrdim,
Ajinday darz ketdi ichimda soʻzlar.
Xudodan yashirib, nima ham qildim,
Onam peshonasi edi u, doʻstlar…
Kurash
Gavjum edi bu galgi davra,
Hayqirardi tinmay olomon.
Ota kurash tushgan shu palla
Tomoshaga keldi yosh oʻgʻlon.
Ayyor chiqdi raqibi picha,
Kurash derlar buning otini.
Ota nogoh olomon ichra
Koʻrib qoldi zurriyodini.
Shunda yodga oldi har doim
Farzandiga oʻrnak boʻlganin.
Koʻrib chidolmadi oʻgʻlining
Koʻzi jiqqa yoshga toʻlganin.
Koʻp chirandi, ammo ishoning,
Yetmas edi raqibga kuchi.
Oʻgʻil qarab turar – otaning
Ogʻriqlarga toʻlardi ichi.
Koʻnikolmay bu holga sira,
Bosolmasdi bir dam gʻazabin.
His qilardi oʻgʻil oldida
Yiqilmoqning ogʻir azobin.
Axir, ayting, yengilsa, uni
Oqlarmidi bir juft qora koʻz.
Yerda yotgan ota holini
Izohlashga topilarmi soʻz.
Yozgim kelmas hech qolganini,
Yurak sanchar oʻsha joyida.
Axir, qulayotgan daraxtni
Koʻrish ogʻir nihol poyida.
Kimyogar doʻstimning oʻylari…
Sunʼiy gul yasab tongda
Biroz xayolga toldim.
Unga bol izlab kelgan
Arini koʻrib qoldim.
Buni uzoq oʻyladim,
Tajribam tugaguncha.
Sheʼrda ikki ogʻiz gap
Ilmda keng tushuncha.
Oʻyladim, moddalarning
Birlashuvi bir chaqa.
Qanday birlashgan ekan
Toshlar bilan toshbaqa.
Ishonmadim, muhabbat
Koʻngilda yashar, desa.
Bilmadim, sevib qolish
Fanda qanday hodisa?
Bagʻritosh dedi bir qiz,
Oshib ketgandim haddan.
Tuni bilan oʻyladim
Koʻnglim qaysi moddadan?
Bilmas edim ne uchun
Koʻzimga yosh toʻlishin.
Bir tomchi yosh qurimay
Qayerlardan kelishin?
Mening gunohim qayda,
Qayda mening savobim.
Gul yasamayman boshqa,
Shudir mening javobim.
Sunʼiy gulga termulib
Yigʻlab, oʻy surib qoldim.
Axir, unda jon bergan
Arini koʻrib qoldim.
Tarbiya
Ohu yolgʻiz bolasi bilan
Borar edi choʻqqi tomonga.
Nogoh sezdi – daraxt ortidan
Ovchi uni olar nishonga.
Bir lahza ham qimir etmay u,
Bolasiga soʻz qotdi shu tob:
– Qorachigʻim, biz nishondamiz,
Oʻtinaman, qulogʻingni yop.
– Siz kuyunmang, – dedi yosh ohu,
Boʻl degansiz hamisha botir.
Men qoʻrqmayman oʻq ovozidan,
Ona, mendan olmang xavotir.
Ohu dedi: – Ey nuridiydam,
Quvontirding meni bu zamon.
Nasib qilsa, bu toʻsiqlardan
Birgalashib oʻturmiz omon.
Ammo hozir qoʻrqaman, garchi
Dushmanga-ku berarmiz firib.
Lek oʻljadan ayrilgan ovchi
Nojoʻya soʻz aytar hayqirib.
Shu soʻz oʻqdek uchib havoda,
Oʻqdan battar qalbimni tilar.
Bolam, sening quloqlaringni
Oʻsha soʻzdan asragim kelar.
Sabri tugab borar ovchining,
Tayyor turar u oʻt ochishga.
Ammo nechun ona ohuning
Gʻayrati yoʻq sira qochishga.
Qil ustida tursa ham bu jon,
Bir soʻz takror aylanar shu tob.
– Nuridiydam, mening oppogʻim,
Oʻtinaman, qulogʻingni yop…
***
Shundoqqina yoʻl chetida
Bitta daraxt yolgʻiz oʻsar.
Sargʻaytirar bargin quyosh,
Mevasini shamol uzar.
Chayqaladi daraxt ogʻir,
Soʻzlamoqqa urinadi.
Koʻzlariga goho olov,
Goh xazonlar koʻrinadi.
Nima qilsin, oʻtkinchi ham
Uzib yemas mevasini.
Daraxt soʻzlar, lekin hech kim
Tushunmaydi shevasini.
***
Haydasam ham qari itimni,
Bir kun oʻtmay kelar edi u.
Qolmas edi oʻzga yerlarda,
Nimanidir bilar edi u.
Shoʻxlik qilib qancha buzsam ham,
Tark etmasdi uyasin ari.
Nish urardi sira chekinmay,
Nimanidir bilganday bari.
Oʻldirganman chumolilarni,
Yerga ezib bosganman mahkam.
Arz qilmasdi hatto birovi,
Nimanidir bilar ular ham.
Olislarda yurgan, ey odam,
Balki senga ayondir bari.
Bugun yana tushdi yodimga,
Qari itim, chumoli, ari…
Bobur ELMURODOV
“Yoshlik”, 2016 yil 7-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/bugun-yana-tushdi-yodimga/