Mahallamizda hamma bir-birini taniydi. Agarda biror begona yoki yangi koʻchib kelgan kishi uchrab qolsa, Toʻlgʻon momo albatta soʻrab-surishtirishga tushadi. Uning tabiati shunaqa: mahalladagi barchani bilishi ustiga kimningdir biror noxush odatini sezib qoldimi, yuzing-koʻzing demaydi, shartta gapirib tashlaydi. Toʻgʻrisoʻz va dangalchiligidan hech kim gina-kudrat qilmaydi. Yaqinda qoʻshnimiz Nodira opaning onasi qishloqdan mehmon boʻlib kelgandi. Qishlogʻimizdagi urfga koʻra, mehmon hurmatiga bir lagan chuchvara tugdim-da, qoʻshninikiga oʻtdim. Mehmon toʻrda, Toʻlgʻon momo yonda, birgalikda hangomani qizitgandan-qizitib, gurunglashib oʻtirishardi. Salom berib, hol-ahvol soʻrashib boʻlishim bilan eshikdan katak-katak kattagina sumka koʻtargan kelinchak kirib keldi. Salomdan soʻng u:
– Mehmon xola, u-bu narsa xarid qiling, nabiralaringiz xursand boʻladi, – deb sumkasidan ancha-muncha buyum va kiyimlar chiqarib, ularni maqtay boshladi. Kim paypoqqa, kim jemperga va yana kimdir kaltachalarga xaridor boʻlib, kelinchak ancha-muncha savdo qilib qoʻydi. Oradan biroz vaqt oʻtgach, Toʻlgʻon momo savdosini qilib boʻlgan kelinchakka yuzlandi:
– Tanimadim, qizim, qoʻshni mahalladanmisiz? – dedi.
– Yoʻ-oʻ-oʻq, xola, yaqinda toʻy qilgan Iqbol opaning keliniman, – dedi narigi koʻchaning uy raqamini aytib. – Doʻkoni bor-ku…
– Boʻldi-boʻldi… Iqboloyning keliniman, deng. Bilasizmi, kelin, oʻttiz besh yil boʻldi qaynonamning bu olamdan oʻtganiga. Ammo haligacha “maydaqand”ning asli nomini aytolmayman, – dedi dasturxondagi shakarli idishga ishora qilib. Sotuvchi kelinchak gap nimadaligini, Toʻlgʻon momoning qaynonasi ismi Shakaroy boʻlganini darhol tushundi va qizargan yuzlarini yashirishga urindi. Davradagi boshqalar ham oʻylanib qolishdi. Momo iboli oʻzbek ayollarining azaliy urf-odatlariga ishora etgandi. Oʻtmishda momo va onalarimiz kelinlik paytlaridan boshlaboq hurmat-izzat ifodasi sifatida eri, qaynota, qaynona, qaynogʻa, qayni, qayinbeka va erining boshqa yaqinlari ismini aytmagan. Eriga avvaliga “oʻzi”, oʻzlari” kabi soʻzlar bilan murojaat etsa, keyinchalik farzandli boʻlgach, “dadasi”, xoʻjayin” deb yoki toʻngʻichi oʻgʻil bola boʻlsa, uning ismi bilan murojaat etgan. Toʻgʻri, hozir ham koʻpgina kelin va kelinchaklar bu udumga qisman rioya etishib, erini “xoʻjayin”, dadasi” deb murojaat qilishadi va bu erkakka boʻlgan hurmatni bildiradi. Lekin baʼzilarining “Falonchi aka” deb chaqirishi juda gʻalati eshitiladi. Axir, aka boshqa, er boshqa-ku?! Toʻlgʻon momo shuning uchun toʻlib gapiradi-da!
Kelinlarning qaynota, qaynona, qaynogʻa va boshqalar ismini atamasliklari ham, eng avvalo, ularga boʻlgan hurmat-ehtirom ifodasidir.
Yaqinda bir voqeaning guvohi boʻldim. Tahririyatimizga yosh kelin va uning qayinbekasi kirib kelishdi. Kelin mahallaga doir bir shikoyat bilan kelgandi.
– Familiyangiz kim? – deb soʻradim undan, qoʻlimdagi arizaga ham qaramay.
– Siz ayting, opa! – dedi u qayinbekasiga yuz burib.
Qayinbekasi mamnuniyat bilan jilmayganicha, otalarining ism-familiyasi aytdi. Negadir bu holatdan koʻnglimda allaqanday iliqlik paydo boʻldi. Ular bilan yaxshigina suhbatlashib, tegishli maslahatlarimni berib joʻnatdim.
Toʻgʻri, barcha kelinlarning oʻz eri va uning yaqinlari oʻrtasidagi munosabati qatʼiy tarzda shu qoida asosida boʻlishi kerak, demoqchi emasman. Harholda, shunga yaqin muomala va munosabatlardan oʻzaro hurmat-eʼtibor yuksaladi, shaddodroq kelinlarni qoʻying, baʼzi yoshlarimiz orasidagi betgachoparlik, andishasizlik kabi illatlar oʻrnida yaxshi xulq-odoblar shakllanadi, deb oʻylayman.
Bu kabi yaxshi udum va odatlarimiz juda koʻp. Ularni qoʻllash bilan maʼnaviy boyligimiz ortadi. Bu boylikni bobolar va momolardan olamiz. Oramizda Toʻlgʻon momo singari ulugʻlarimiz bor ekan, bilmaganimizni bilamiz, oʻrganmaganimizni oʻrganamiz. Bugungi katta avlod oʻrta, kichik va kenja avlodlar uchun beqiyos mazmunli dorilfunundir. Bu dorilfunundan nafaqat qadimiy urf-odat va qadriyatlarimizni, balki milliy maʼnaviyatimizni, turmush tarzimizni, insoniylik, mehr-oqibat, halollik, oxiratni oʻylab yashash, yaxshilik, mehr-shafqat singari ezgu fazilatlarni oʻrganishimiz mumkin. Ularni bezavol saqlash, boyitish va yillar osha sayqallash barchamiz uchun ham qarz, ham farz.
Tozagul ALLANAZAROVA
“Mirzachoʻl ovozi” gazetasi bosh muharriri.
“Yoshlik”, 2016 yil 9-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/maydaqand/