Mirxond (1433–1498)

Mir Muhammad ibn Sayyid Burxonuddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy – Mirxond oʻrta asr tarix fanining koʻzga koʻringan namoyandalaridan biridir. Ota-bobolari buxorolik boʻlib, fiqh ilmida zamonasining yetuk olimlari sifatida mashhur boʻlgan. Ulardan Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy (vafoti – tax. 1300) fiqh ilmida peshqadam olim boʻlganligi uchun “toj ash-shariʼa” (shariat toji) nomi bilan nom chiqargan va Sharqning mashhur fiqh olimi Sayyid Burxonuddin Margʻinoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur-rivoyat fi masoil ul-Hidoya” (“Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar”) nomli sharh yozgan. Ubaydulloh ibn Masʼud al-Mahbubiy (vafoti – 1346) “toj ash-shariʼa soniy” (ikkinchi shariat toji) nomi bilan tanilgan va “Sharh ul-viqoya”, “An-nihoya muxtasar ul-viqoya” nomli mashhur kitoblar yozib qoldirgan. Mirxondning otasi Sayyid Burxonuddin Xovandshoh ham oʻz davrining bilimdon kishilaridan boʻlib, Temuriylar hukmronligi davrida Balxga kelib qolgan va oʻsha yerda vafot etgan.

Mirxond 1433 yili Balhda tugʻilgan boʻlsa-da, umrining deyarli koʻp qismini Hirotda oʻtkazdi. Uning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid maʼlumotlar juda kam boʻlishiga qaramay, nabirasi Xondamir “Xulosat ul-axbor” kitobida bobosi haqida quyidagilarni yozadi:

“Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chogʻlarida turli ilmlarni tahsil etish va nafis fazilatlarni kamoliga yet kazish yoʻlida tirishqoqlik va zoʻr mehnat qildi… Qisqa vaqt ichida bilimdonliqda zamon fozillarining peshqadami boʻlib oldi. U

(koʻproq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osor-atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Olijanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forigʻ qildi, ammo feʼlu atvori maishat ahli bilan qoʻshilishga yoʻl bermadi, zavqu shavqqa berilmadi… Dars berish va amru maʼrifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo koʻrinmadi. Ammo (bu hol)… orzu va omonlikning qiblagohi, yaʼni olijanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin doʻsti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borgunicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topmagunlaricha davom etdi”.

Xondamirning yana bir maʼlumotiga qaraganda, Navoiy Mirxondga oʻzining “Ixlosiya” xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan, soʻng umrining oxirida, taxminan bir yil Gozirgohda istiqomat qilgan. 1497 yilning bahorida ogʻir kasallikka chalinib, 1498 yilning 22 iyun kuni olamdan oʻtgan.

Navoiyning koʻrsatmasi va homiyligi bilan Mirxond yaratgan asarning nomi “Ravzat us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xulafo” (“Paygʻambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bogʻi”) boʻlib, unda dunyoning “yaratilishi”dan to 1523 yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida boʻlib oʻtgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. “Ravzat us-safo” muqaddima, xotima va jugʻrofik qoʻshimchadan tashkil topgan. Asar yetti jilddan iborat: 1) Dunyoning “yaratilishi”dan to Sosoniy Yazdigard III (632–651) davrigacha oʻtgan tarixiy voqealar; 2) Muhammad paygʻambar va birinchi toʻrt xalifa davrida boʻlib oʻtgan voqealar; 3) Oʻn ikki imom tarixi; Umaviya va Abbosiya xalifalari; 4) Abbosiylar bilan zamondosh boʻlgan sulo-lalar (asosan Eron, Markaziy Osiyo va Hindistonda); 5) Moʻgʻullar, Chingizxon, uning avlodi, Eron va baʼzi qoʻshni mamlakatlarda moʻgʻullar hamda ulardan keyin Temur davrigacha mavjud boʻlgan sulolalar; 6) Amir Temur va uning zamonidan to Sulton Abu Saʼid oʻlimigacha (1469) boʻlib oʻtgan voqealar; 7) Sulton Husayn Boyqaro va uning farzandlarining tarixi (1523 yilgacha).

Xondamirning taʼkidlashicha, ushbu asar bizga maʼlum boʻlgan holda Mirxond tomonidan tugatilmagan. Uning yettinchi jildining matni, shubhasiz, Xondamirning qalamiga mansub. Bu fikrni tasdiqlaydigan quyidagi maʼlumotlarga eʼtibor berish kifoya: Xondamir “Maʼosir ul-muluk” va “Xulosat ul-axbor”ning xotimasida Mirxondga toʻxtalib, Temur tarixiga oid qogʻozga tushirilgan har xil materiallarga ega boʻlmaganligi uchun, oʻz asarini tugata olmagan va agar fursat topilsa, (Xondamir) bobosi asarini tugatishga yoʻl topgan; asarda bayon etilgan tarix to 1523 yilgacha yetkazilgan, vaholanki, Mirxond 1498 yili vafot etgan; yettinchi jildning matni Xondamirning “Habib us-siyar”ini III jild 3 qismining ikkinchi yarmi bilan deyarli bir xil.

“Ravzat us-safo”ning “joʻgʻrofik qoʻshimchasi” esa Mirxond va Xondamir tomonidan amalga oshirilgan. Unda turli “ajoyibotlar”, baʼzi dengizlar, daryolar, muhim shaharlarning qisqacha taʼrifi bayon etilgan. Asar ustida olib borilgan oxirgi tahrir ham Xondamir tomonidan bajarilgan.

Asarning I–VI jildlari bir-biriga bogʻliq boʻlib, mustaqil ahamiyatga ega emas. Uning soʻgati qismi, xususan VII jildi original boʻlib, XV asrning ikkinchi yarmi tarixini oʻrganishda katta ahamiyat kasb etadi.

“Ravzat us-safo”ning qoʻlyozma nusxalari koʻpgina jahon kutubxonalarida saqlangan boʻlib, asar matni Bombey (1845, 1848, 1864), Tehron (1853–1857, 1954) va Lakxnav (1874, 1883, 1891)da chop qilingan. Asardan ayrim parchalar rus, fransuz, ingliz hamda nemis tillarida koʻp bora nashr etilgan. Asarning eski oʻzbek tiliga oʻgirilgan nusxalari ham mavjud.

 


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/mirxond-1433-1498/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x