Onamning ertaklari

(turkum)

 

Onajonim Mastura Shirinxoʻja qizi xotirasiga va

barcha front orti fidoyilariga bagʻishlayman.

 

“Shotutli”ga kelgan podsho

Oʻshanda hali oʻnga ham kirmagan jimitdaygina qizchaman. Gʻayratim ichimga sigʻmaydi. Ayamning yonlarida chipillab paxta terib yuraman. Terimga chiqishim havasga. Hech kim chiqqin, deb dalaga sudramaydi. Qaytaga darsingni qil, qoʻgʻirchogʻingni oʻyna, deb qaytarib turishadi. Ayniqsa, ayam. “Koʻp ichikma, bolam, hamma mehnat hali oldingda”, deb turadilar ikki gaplarining birida.

Endi oʻylab qarasam, ayam rahmatli hammasini oldindan koʻrib turgan ekanlar-da…

U paytlarda paxta-paxta loʻppi-loʻppi boʻlib ochilar, bittasiga doʻppi toʻlardi. Rostdanam shunaqamidi yo menga shunaqa tuyulganmi, haligacha bilmayman. Lekin boshqa bir narsa yaxshi esimda: gʻoʻzaning boʻyi juda baland boʻlardi, egatga kirsam boshimgacha koʻmib yuborardi. Ayrim joylarida hatto kattalar ham koʻrinmay ketishardi…

Oʻsha kuni “Shotutli” dalada edik. Terimchilar tushlikdan qaytib, endi egatlarboshiga tizilishayotgan edi brigadir ot yoʻrttirib kep qoldi. Otiyam, oʻziyam qora terga tushgan.

– Bolalarni koʻzdan bekiting, koʻrinishmasin! Tez boʻlinglar! – dedi hovliqib.

Ortiqcha ajablanib oʻtirmadik, chopib, chopqillab dala ichkarisiga kirib ketdik. Oʻrmonday bir yerida toʻxtab, etaklarimizni yechib tashlab, oʻgʻilu qiz aralash bekinmachoq oʻynay boshladik. Oʻyin yoqmadimi, qiziqishim ustun chiqdimi, ortimga qaytdim. Qarasam, uvatda toʻrt-besh kishi: rais, brigadir, hosilot, qolgani notanish odamlar. Ayamning orqasiga bekinib, razm soldim. Haligi notanish odamlardan bittasi nimalardir deyapti. Boshqalari bosh irgʻab, “xoʻp-xoʻp”lab turishibdi. Haligi odam, koʻrinishidan hammasidan yosh, ozgʻingina. Shapkasini qoʻliga olib olgan. Uzun-uzun qop-qora sochlari damba dam peshonasiga tushadi, u bosh silkib qoʻyadi-da, jon kuydirib soʻzida davom etadi. Sheriklariga bir narsalarni uqtiradi.

Ayamning yengidan tortdim.

– U kishi kim, aya?

– Poshshomiz shu kishi, Fayzulla Xoʻjayev, – dedilar ayam negadir shivirlab.

– Aya, poshshomiz bizlardi yomon koʻradimi?

– Nimaga unaqa deysan, qizim?

– Bekininglar, deyishdi-ku?

Ayam kuldilar.

– Mayli, keyin tushuntiraman. Hozir gapirmay tur, xoʻpmi…

Mehmonlar ketishgach, ayam tushuntirdilar. Bu gaplar haligacha qulogʻimdan ketmaydi.

– Poshshomiz yomon koʻradimi, deysan. Asti unaqa emas-a! Poshshomizni hamishagi aytar gapi: bolangni oʻyla, bolangni ehtiyotla. Oʻzingni boʻlganing boʻldi, bolangni ezib qoʻymagin, deydilar. Haliyam Xudo obroʻ berdi, seni koʻrib qolmadilar. Emasa, meni rosa izza qilardilar. Endi ertadan chiqmaysan, xoʻpmi, bolam. Oʻqishingni qil, oʻynagin. Sen hali oʻyin bolasisan. Hammasiniyam mavridi bor…

Ayamning aytishlaricha, Fayzulla Xoʻjayev shotutni maqtabdi. Uni dala oʻrtasida qoldirib yaxshi qipsizlar. U koni shifo daraxt, debdi. Hatto, nasib qilsa, keyingi yil yozda tutxoʻrlikka kelaman, deb vaʼda beribdi. Shu gapi yaxshi boʻlganmish. Chunki, anovi hovliqma brigadir ukki koʻzini shotutga tikib yurgan ekan, endi qoʻl tekkizolmas emish. Kechagiday esimda: ayam bu gaplarni yosh qizchalarday quvonib, koʻzlari yoshlanib aytib bergandi. Keyin bagʻirlariga bosib, Fayzullo bobongni duo qil, poshshomizning boshi toshdan boʻlsin, degin qizim, sening duong ijobat boʻladi, tishlaring butun, degandilar…

Ayamning bu gaplari magʻzini koʻp oʻtmay fahlab yetdim. Sababi – tez ulgʻaydim. Ayajonimning oʻlimi meni tez ulgʻaytirdi. Beshinchimizni dunyoga keltirayotib, dunyodan oʻtdilar. Oʻgay ona qoʻlida qoldik. Koʻp oʻtmay ikki ammang, bir togʻang ham ketma-ket yetaklashib, ayamning oldiga ketishdi. Kichik togʻang ikkimiz bu sergʻalva dunyoda mungʻayib qolaverdik. Xuddi oʻsha kunlarda Fayzulla Xoʻjayev haqida ham shum xabar tarqaldi.

Ayam, ukalarimni tuyqus yoʻqotib qoʻyganimdan gangib qolib, fojea maʼnisini unchalik anglab yetmagandim. Fayzulla Xoʻjayev qismatini eshitib esa mushtday qizcha uvvos tortib yigʻlaganman. Dunyo koʻzimga tangu tor koʻrinib ketgan. Oʻzimni bu dunyoda gʻaribu benavo boʻlib qolganimni endi chinakamiga tushunib qolganman.

Esimda: oʻshanda qishloqda vahimali mish-mishlar oʻrmalab qoldi. Ayniqsa, Qurbonxoʻja degan hosilotimizni qoʻllarini kishanlab, haydab ketishgach, vahimalar battar kuchaydi: Fayzulla Xoʻjaning dumi emish, hali koʻpchilikni yostigʻini quritisharmish, degan gaplar chiqdi.

Oʻshanda Fayzulla Xoʻjayev kelib ketganidan soʻng Qurbonxoʻja amaki bolalarni daladan quvlaydigan, ota-onalariga dakki beradigan boʻlgandi. Uni bolalar juda yaxshi koʻrar, lekin kattalar, ayniqsa, mening oybiyim1. ga oʻxshaganlar otgani oʻq topisha olmasdilar.

Hosilot dala boshiga kelishi bilan dagʻdagʻa qilardi:

– Qani, bolalarni hayda. Koʻzimga koʻrinmasinki, qamchi yeydi. Agar bekitib qolsang, oʻzing yeysan. Insofing qurgʻurlar, nechchi marta aytishim kerak, ular hali goʻdak, mayib qilasanlar, deb!..

Oybiyim undan oʻlarday qoʻrqardi-yu, lekin bilganidan qolmasdi.

– E, ovozing goʻrdan chiqsin, – deb qargʻanardi-da, meni boshimdan bosardi. – Boʻyingni yer yutgur, oʻtir! – derdi. Bir pas oʻtib, yana baqirardi: – Hoy, oʻlib qoldingmi, tur endi!

Oʻrnimdan turganimda hozirgina chopiq qilib yurgan tengqurlarim qishloq yoʻlini changitib ketib borishayotgan boʻlardi. Qarama qarshi tomonga yoʻl olgan haligi xaloskor amakining oti esa koʻrinmas, uning tuyoqlari koʻtargan chang allaqachon bosilgan boʻlardi. Ne boʻlgandayam yolgʻiz otning changi edi-da…

Hamma oʻz tashvishiyu vahimasi bilan, men shotutni oʻylayman. Fayzulla Xoʻjayevning nazari tushgan edi, hali uniyam kesib tashlashmasa edi, deyman qoʻrquvga tushib. Aytishlaricha, Qurbonxoʻja hosilot ukki koʻz brigadirning chaquvi bilan qamalgan emish. Fayzulla Xoʻja bilan yaqin edi, deganmish. Shotutniyam shunaqa deb kestirib yuborsa-ya!.. Yoʻq, brigadirning esiga kelmadimi, boshqa sababdanmi, shotut omon qoldi…

(Dalaning qoq oʻrtasidagi bu ulkan shotut bizning bolalik davrimizdan ham yagona esdalik boʻlib yaqin yillargacha saqlanib kelgan edi).

Shu taxlit, bolaligim, butun umrim “Shotutli”da, uning atrofidagi dalalarda oʻtdi. Avval oʻgay onam ishlatdi. Keyin urush boshlanib, zamon oʻgaylashib ketdi. Birov-birovga boqmay qoʻydi. Keyinchalik borib xiyol yumshaganday boʻldi. Xullas, shu yoshimgacha qancha poshsho almashdi, kattakon almashdi. Savlat toʻkib “Shotutli” uvatiga kelganlari ham boʻldi. Lekin, eslolmaymanki, loaqal birortasi Fayzulla Xoʻjayevday yoki Qurbonxoʻjaday bolalarni daladan quvlagan boʻlsin!..

 

***

Zarbuvi

Avji saraton. Ish degani qaynagan. Gʻoʻza chopiq, sugʻorish, bir yoqda arpa, bugʻdoy bosh tortib, oʻroqqa kelib turibdi. Ustiga ustak daryo toshib, bir-ikki daʼfa damba bosishgayam opketishdi…
Hozir esa dala chekkasida gʻuj boʻlganimizcha gʻoʻza chopiq qilyapmiz. Gʻuj boʻlib olganimiz sababi – bir oz nishab boʻlganidan bu yerlarni suv bosgan. Qotgan. Charchin boʻlib yotibdi. Agar bir egatdan tegadimi, ikki egatdanmi, koʻplashib chopmasak, kimning chekiga tushsa, yolgʻiz oʻzi chopiq qilib chiqquncha boʻlari boʻladi.

Hech birovimiz churq etmaymiz. Faqat ketmonlarimiz taraq-turugʻi eshitiladi. Oftob tikkaga kelib, zabtiga olyapti. Bir mahal orqamizdan Anzirat opa deganimizning ovozi qattiq-qattiq eshitila boshladi.
 – Hoy, Rohat, bu nima qiliq, nimaga hakkalatib ketmon urib ketyapsan?! Kap-katta xotin. Qayt, orqanga. Voy-boʻy, Hanifa, senga nima balo boʻldi?! Hay, uyatsiz-a, hannot-a!..

Anzirat opaning sannab ketganidan bilamizki, dala boshida brigadirmi, boshqa bir kattami koʻringan. Shundan opamizning ham “kattaligi” tutgan. Anzirat opamizning bunaqa kuydi-pishdiligi kattalarga xush yoqadi. “Ha, yashang, yanga, kam boʻlmang, – deya maqtashadi. – Bizga sizdayin patriotlar kerak. Chunki, bu yer ham frontday gap. Frontdagiday jon olib, jon bermasak, hosil qayoqda!” – deyishadi.

Opamiz shishinqirab gʻayratga minadi. Har qulochkashlab ketmon urishga tushib ketadiki, qoʻyaverasiz. Kattalar ketishgach, tengqurlari uni: “E, oʻl koʻtarma boʻlmay! Buncha sannading, yarim kosa atala ortiqcha olmoqchimisan?” deya turtkilashga tushishadi. U sirtiga yuqtirmaydi. “Voy, koʻtarma boʻp nima qipman, yaxshi ishlaylik desam yomonmi? U yoqdagilarga foydamiz tegsin, tezroq kelishsin, deyman-da”. Bu gapi oʻrin oʻtavermasa, yana vaj topishga urinadi: “Xoʻp, men sannadimu, ular sizlarga indashmadi. Agar shu aldam-qaldam ishlaringni oʻzlari koʻrishsa nima boʻlardi, otang qolmay, enang qolmay halollab ketishardi, toʻgʻrimi?!”.

Har holda bu gapi joʻyaliroq tuyuladi. Lekin nafsilamirini aytganda, hammamiz sidqidildan ishlaymiz. Anzirat opaga oʻxshagan taftishchilarga hojat yoʻq.

Zarbuvi degan opamiz bor. Anzirat opa, ayniqsa, uni kutkilab yuradi. “Zarbuvi ayyor, Zarbuvi ichidan pishgan. Ogʻirdi ustidan, yengilning ostidan yuradi”, degani-degan. Bizning gʻashimiz keladi. Gʻashimiz keladi-yu, aksiga olib Anzirat opaning gapini tasdiqlaganday, ishlab turgan yerimizda Zarbuvi opa oʻz-oʻzidan yoʻqolib qoladi. Anzirat opaga esa xudo beradi: “Ana aytmadimmi, Zarbuvi yana gum boʻldi. Bahonasi – buzoqcha. Shoʻraning poyasiga avaylabgina bogʻlab qoʻygan buzoqchasi yechilib ketgan boʻladi…”.
Chindanam ishimiz yengillashib, bir chekkaga chiqishimiz bilan, hov narida buzoqchasini yetaklab Zarbuvi opamiz koʻrinadi. Boz ustiga bizdan kechirim soʻraganday, gapirinib kelaveradi: “Ha, qurmagur, bejogʻim mol. Mudom orqangdan sarsonman…” Hammamiz kulib yuboramiz. Zarbuvi opa boʻlsa tushunmay alanglaydi…

Mana hozir ham koʻrinmay turibdi. Haligina yurgandi gʻimirlab. Anzirat opaning sannay boshlaganidan bildikki, kimdir kelyapti. Bosh koʻtarib qarasak, brigadir Jabbor amaki. U koʻklamda urushdan qaytgan. Bir qoʻli belbogʻi bilan boʻyniga osilgan. Bemajol holidayam tinim bilmaydi. Hali dala boshida, hali qishloqda. Bizga ishni taqsimlab berib, oʻzi qabul qilib oladi. Hech kimga qattiq gapirmaydi. Ayniqsa, biz yoshlarni doim olqab, erkalab yuradi. U kishini koʻraversak, negadir bizning ham erkalik qilgimiz, sogʻingan otalarimizning mehrini undan olgimiz kelaveradi.

Jabbor amakiga Anzirat opa peshvoz chiqib, erkakchasiga qoʻsh-qoʻllab koʻrishdi. Jabbor amaki ham oʻrtogʻi bilan gaplashganday hazillashdi.

– Menga qara, nega qizlarimni qiynab qoʻyding?

– Nima qipman, qiynab, har kungi ishimiz-ku, Jabbor aka!

– Peshin boʻpti-ku, och qolmadilaringmi?

Rostdan ham hech birovimizning esimizga kelmabdi ovqatga chiqish. Ovqat deganim mosh atalami, sadaqasi ketay, goʻjami, ishqilib bir narsa boʻlar. Keyin har birimiz uydan keltirgan bitta, yarimta qotgan-qutgan nonlarni oʻrtaga tashlaymiz. Ha, oʻrtaga tashlab baham koʻramiz.

Koʻrdikki, Jabbor amakining biz bilan oʻtirgisi bor. Shu bahonada chaqchaqlashib koʻnglini yozadi yoki biror ish chiqib qolgan boʻlsa, oʻrtaga maslahatga tashlaydi.

Xullas, dala chekkasiga, yakkatol soyasiga chiqdik. Boʻy qizlar alohida, qolgan-qutgan Anzirat opa tenggilar alohida davra olib oʻtirdik. Jabbor amakini Anzirat opa oʻz davrasiga, hatto oʻz yoniga oʻtqazdi.

– Zarbuvi koʻrinmaydi? – deb qoldi bir mahal Jabbor amaki.

– Hali yuruvdi timirskilanib, – dedi Anzirat opa bepisand, – buzogʻi yechilib ketganmi…

Yonidagi bir-ikkitalar kulib qoʻyishdi. Jabbor amaki nari beridan gap berib, yaxshigina choyxoʻrlik qilib turganimiz ustiga qishloq yoʻlida qora koʻrindi. Birinchi boʻlib Anzirat opa tanidi.

– Jabbor aka, ana Zarbuvingiz… Tovba, qishloqqa ketib qopti-ya pismiqoy. Hammamizni laqillatib yuradi. Buzogʻi koʻrinmaydi, qayerda qolgan ekan?!

Anzirat opa Zarbuvi yetib kelguncha bir dunyo gapni gapirib tashladi-yu, Jabbor amaki boʻlsa, eshitmaganday jimgina oʻtiraverdi.

Zarbuvi opa brigadirni koʻrib esankiradi. Nima qilarini bilmay toʻgʻri uning boshiga bordi.

– Assalom… Jabbor aka…

– Hm, nima qilib yuribsan, – dedi brigadir qovoq uyub.

– Non yopdim, Jabbor aka, kechirasiz…

– Kechasi nima ish qilding?

– Kechasi kir yuvdim, Jabbor aka, kir yuvdim, kechiring. Aytmoqchi, – jonlanib ketdi Zarbuvi opa, – sizga non opkeldim. Mana, issiqqina. Yeb oling.

Zarbuvi opa qoʻltigʻidan non oldi-da, toʻp etkazib dasturxonga tashladi.

– Oling, issiqqina.

Anzirat opa negadir “Voy, oʻlay!” deb yubordi. Brigadir bir zum dasturxonga tikilib qoldi-da, Zarbuviga qaradi.

– Nonni buncha kuydirding, Zarbuvi, qop-qora-ku?! – dedi.

– Yoʻgʻ-ye!

Zarbuvi opa dasturxonga boʻylab qaradi. Keyin “Voy, man oʻlay!” deb baqirib yubordi-da, yuzini qoʻllari bilan toʻsgancha oʻtirib oldi. Davradagilar gur kulgu koʻtardi. Bizning davradagilar ham boʻylab qarashib, nima gapligini bilishgach, kulguga qoʻshilishdi. Ayrim shaytoni zoʻrlar kulaverib, choʻzilib qoldi. Shoʻrlik Zarbuvi opamiz shoshgani yo qoʻrqqani shunchalikki, non oʻrniga non yopuvchi rapidani qoʻltigʻiga qistirib kelavergan ekan. Hammaning ichagini uzguday kuldirib qoʻydi-da, oʻzi bir chekkaga chiqib, hoʻng-hoʻng yigʻlashga tushdi.
Buni koʻrgan Jabbor amaki hangomatalab xotinlarni “Bas qilinglar!” deb jerkib berdi. Keyin oʻrnidan turib qishloqqa joʻnadi. Koʻngli buzilib ketdi-da, shekilli…

Zarbuvi opaning eri urushda. Uch-toʻrt yoshlardagi oʻgʻilchasi bilan qolgan. Buning ustiga akasining bevasi tashlab ketgan goʻdakni ham boqib olgan. Shu ikki goʻdakni ustidan tongda qulflab kelarkan-da, choshgohda oʻgʻrincha borib ovqatlantirib qaytarkan… Uning orqasidan esa bizlar har xil gap-soʻz qilib, ayyordan olib yalqovga solib yotarkanmiz… E, u zamonlar…

 

Yangam

…Bizlar-ku, hammamiz oqimiz oqqa, qizilimiz qizilga ajralib deganday boʻy koʻrsatib kelayotgan navnihollar edik. Lekin, Anzirat opa tenggilar ham bizdan unchalik katta emasdi, keyin ular ham bir-biri bilan husn talashib-tortishsa arziydigan koʻrkam, suluv juvonlar edi. Lekin baribir mening Hulkar yangajonimga teng keladigani yoʻq edi. Yangam suluvlarning suluvi edi. Amakim armiyada. Yangam doim meni yonboshida olib yuradi. Baʼzan kechqurunlari uyiga ham olib ketadi…

E, uning shirinsoʻzligini…

Yangam daryoning naryogʻidan kelin boʻlib tushganlar. Qishloqlarini sogʻinadilar. “Shu sabil, olisga tushgan kelinchakka qishlogʻining kuchuklari vovullasayam bulbulning chah-chahiday yoqimli eshitilarkan”, deb hazil qiladi. Chinmi, hazilmi, toʻy boʻlib kelganidan keyin qishlogʻiga birinchi borishida koʻchasidagi teraklarni bir-bir quchoqlab yigʻlagan ekan.
Hali aytganimday amakim urushda. Yangamga quloch-quloch xat yozadi. Men oʻn besh yoshli qizcha amakimning “suluvim, shakarim, asalim”, deb erkalab yozgan xatlarini oʻqib beraman. Men oʻqiyveraman, yangam lov-lov yonib oʻtiraveradi. Shunaqayam chiroyli boʻlib ketadiki,… oʻziyam kelinmisan, kelin edi-da!.. Boʻychan, navniholday nozik, egilma qoshlari qop-qora…

Xatni oʻqiyversam xiyol moviytob koʻzlari chaqnab, nurlanib boraveradi. Va oxirida xuddi amakimning oldida turganday uyalib, boshini egib oladi. Xatni oʻqib tugatganimdan keyin ham koʻtarmaydi. Xayolga choʻmib ketadi-da, bir mahallar: “Ha, qiz poshsha, oʻqimaysizmi?” deydi. “Boʻldim-ku!” deya boʻynimni qisaman. Shunda yangam ovqatdan toʻymay qolgan boladay xafa boʻlib ketadi. Xatni qoʻlimdan olib, nimchasi choʻntagiga soladi-da, ketmonini olib kesak maydalashga tushib ketadi. Endi jahl bilan qulochkashlab ketmon uradi, ketmon toshga tekkanday daranglaydi, kesaklar ushalib, har yoqqa uchadi, oppoq chang koʻtarilib, yangamni oʻrab-chirmaydi. Yana bir mahallar qarasam, yangam katta bir kesak ustidami, uvatdami, bosh solib oʻtirgan boʻladi. Astagina yonlariga borib oʻtiraman. Qoʻllarida haligi maktub, koʻzlarida milt-milt yosh…

Amakimdan mana shunaqa xat kelgan kunlari bilardimki, yangam kechqurun meni uyiga olib ketadi. Ne mahalgacha oʻtirib javob xati yozamiz. Bechora yangam shuncha shoʻx, biyron boʻlishiga qaramay xat yozish paytimizda gung boʻladi, qoladi.
 – Yanga, ayting, nima yozay, desam, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, qizposhsha, yozavering bilganingizni, deydi. Yokim mendan uyalarmidi, bilmadim…
Bir kuni xat yozib oʻtirgan edik. Salom-alikdan boshlab, har xil qishloq yangiliklaridan yozdimu yangamdan soʻradim.

– Yanga, endi gapingiz boʻlsa, ayting, nimani yozay?..

Qoʻlidagi bolasini emizib, uning yuziga termulib oʻtirardi u. Choʻchib boshini koʻtardi, mudrab qolgan ekan.

– Ayting, nima yozay?..

Shunda yangam bechora:

– Anovi tokchada piyola bor. Piyolada ajriq bor. Shu ajriqni yozing, – desa boʻladimi. Avvaliga hayron boʻldim-da, keyin sharaqlab kulib yubordim.

– Yanga, nima deyapsiz, ajriq dalada qolgan!..

U choʻchib boshini koʻtardi.

– Voy men oʻlay, nima deb valdiradim?! Unaqa yozmang, – dedi. – Qurib ketsin ajrigʻi, kechasiyam tinchlik bermaydi!..

Oʻsha kunlar bir haftadan beri ajriq terib, dala tozalayotgan edik… Ha, paxtani ekib olgunimizchayam bir azob edi…

 

***

Sogʻinganim

Koʻksoy boʻyida tushlik qilyapmiz.

Boʻy qizlar alohida davra olgan, xotin-xalaj alohida.

Topgan-tutganlarimizni oʻrtaga tashlab, allaqachon yeb-ichib bitirganmizu lekin hech birimizning turgimiz yoʻq. Xuddi qozonda bir narsa pishyapti-yu, biz shuning ilinjida oʻtirgandaymiz…

Har tugul bu narsa Anzirat opamizning yodiga tushib qoldi.

– Hoy, oʻtirishimizni qaranglar!..

Yalt etib unga qaradik.

– Yana kami bormi?! Yeyarimizni yeb, icharimizni ichib boʻldik. Turaylik endi. Qani, har kim tursin, gunohi toʻkilsin. Omin, oblohu akbar!

Bu gap ayniqsa bizning davradagilarga, yosh-yalanglarga malol keldi. Buncha ishsirab qolmasa bu opay! Mudom shu: turaylik, ishlaylik, gʻayrat qilaylik… Lekin haddimiz sigʻib bir narsa deyolmaymiz. Oʻzi tenggilar gapirsa boshqa gap.

Anzirat opaning “Oblohu akbar”iga qoʻshilib, beixtiyor omin qildigu baribir qoʻzgʻala qolmadik. Jonimizga Mehri opamiz ora kirdi.

– Anzirat, nima boʻldi? – Mehri opa oʻrnidan turib, qoʻlini qoshi ustida soyabon qilgancha toʻrt tomonga alanglab oldi. – Hech kim yoʻq-ku!.. – dedi-da, joyiga qaytib oʻtirdi.

Hammamiz kuldik. Qachonki, Anzirat opaning gʻayrati tutib, bizni tergay boshladimi, yoki oʻz-oʻzidan ishimizni taftish qilib, ovozi qattiq-qattiq chiqaverdimi, bilamizki, uvatda birorta kattaning qorasi koʻringan boʻladi. Dugonalari uning qiliqlariga birda kulishsa, birda jerkib berishadi. “E, koʻtarma boʻlmay oʻl! Yarim kosa goʻja koʻproq ichmoqchimisan?” deyishadi. Opa tilini bermaydi.

– Halol ishlaylik deyman-da, dugon. Biz yaxshi ishlasak, erlarimizga nafi tegadi. Urushdan tezroq qaytishadi, deydi. Opa hozir ham oʻzini oqlagan boʻldi. “Mehri, ishlasak oʻzimiz uchun ishlaymiz-da, dugon. Birgad yo hosilot uchun emas-ku!..” dedi-da, lekin gap ohangidan ancha boʻshashgani sezilib turardi.

Demak, opalarimizning ham ishtiyoqlari boʻlmay turibdi. Rost-da, osmon koʻm-koʻk boʻlsa, havo iliqqina, mayingina boʻlsa, baland-balandlarda qaldirgʻochlar vijirlab yurgan boʻlsa, manovi Koʻksoy suvi tip-tiniq boʻlib, buralib-buralib oqib yotgan boʻlsa…-da, biz hammasini qoʻyib, shudgorning qoq oʻrtasida turib olib, sandalday-sandalday kesaklarni changga botib, changga belanib maydalab yursak!..

Paytdan foydalanish kerak!..

– Mehri yanga, jon yangajon! – dedim men yalinchoq koʻyda.

– Joni yanga, – dedi u bizning davramizga boʻylab qarab.

– Bitta Xidir sarson boʻlib bering, keyin turamiz. Anzirat opa, maylimi?..

Soʻnggi gapim moʻljalga tegdi.

– Anzirat opa, maylimi emish! – deb qoldi Rohat opa deganimiz jahllanib. – Anzirat kim boʻpti?! Hosilotmi, birgatmi!.. Mehri oyti Xidir sarsonam boʻlib beradi, boshqayam!.. Gap tamom! Anzirat bir narsa deb koʻrsin-chi, nima qilarkinman!

– Nima qilasiz, opa? – dedi kimdir piq etib kulib.

– Oʻzi biladi nima qilishimni!

Tushunganlar kuldi, biz tushunmasak-da, qiyqirib Rohat opani quvvatladik.

– E, yashang, opa, yaxshiyam siz borsiz!..

– Mehri oyti, singilchalardi sazasi oʻlmasin, bitta Xidir sarson boʻlib bering, – dedi Rohat opa deyarli buyruq yoʻsinida. – Bir yayrashsin…

Niholday xushsuvrat Mehri opa tuppa-tuzuk Xidir sarson podachi qiyofasiga kirdi-qoldi. Lab-lunji osilib, sochlari majnunvash toʻzgʻigancha, bir oyogʻini sudrab bosib, davra aylana boshladi…

“Podachi” duduqlanib, “osh halol” soʻraydi. Non berganlardan yogʻliq patir soʻrasa, moshxoʻrda, mastava berganlarni “nega qozoningdagi osh-palovni yashirasan, op chiqmaysan?!” deb izza qiladi. Yana shunaqa antiqa yeguliklar, shirinliklar otini tutadiki, unaqa narsalarni allaqachonlar unutib yuborganmiz, taʼmiyu tusini ham eslolmaymiz. Qishloqning erka “podachi”si esa sarxil-sarxil neʼmatlarni yodimizga tushirib, ogʻizlarimizni suv ochtirib, qorinlarimizni quldiratib-quldiratib, oxirida yana Mehri opamizga aylanib, joyiga kelib oʻtirdi. Uni yana qistadik.

– Mehri oyti, endi bitta Zarbuvi boʻlib bering, jon oytijon, yoʻq demang!..

Badani xiyla qizib olgan Mehri opamiz endi koʻpam yalintirmaydi.

– Zarbuvi boʻlaymi. Hozir. Zarbuvi, oʻzingam qarab tur, oʻxshaymanmi, yoʻqmi…

Zarbuvi opamiz beozor iljayib qoʻyadi.

Mehri opa oʻrnidan turib, butalar orqasiga oʻtib ketadi-da, u yoqdan Zarbuvi boʻlib chiqib keladi: roʻmoli qiyshaygan, lozimining bir pochasi shimarilgan, koʻylagining ham bir yengi himarilib, bittasi halpillagan, qoʻltigʻiga nimadir qistirilgan… Davra oldiga hovliqib keladi-da, birdan taqqa toʻxtaydi. Tek qotadi.

– Voy, Jabbor akam-ku! – deydi vahimaga tushib. – Endi nima qilaman?.. Meni soʻyadi-ku! Yoʻq, soʻymaydi, bechora, chumchuqniyam soʻyolmaydiyu… lekin oʻldiradi-da baribir!..

Biz uning har bir gapiga gur-gur kulamiz.

“Zarbuvi” oʻzini tartibga solmoqchi boʻladi: pochasiga koʻzi tushadi. “Voy, oʻlay!” deb engashadi-da, himarilgan pochasini tushirib, ikkinchisini himaradi. Yana kulgu. Roʻmolini tuzatgan boʻlib, ikkinchi tomonga qiyshaytirib yuboradi. Keyin davramizga yaqin keladi. Oʻzi hali turib ketgan boʻsh oʻrin tepasida turib oladi.

– Assalom, Jabbor aka!.. Yaxshimisiz, esonmisiz?..

“Jabbor aka” jahl qilib alik olmaydi, shekilli, qaytadan salomlashib, soʻrasha boshlaydi.

– Assalom, Jabbor aka, assalom!.. Ha, eshitdingizmi, xayriyat.

Yaxshimisiz, esonmisiz?.. A?.. Qay goʻrda juribsan, deysizmi? Juribman-da, eski goʻr, yangi goʻr qilib, aylanib… Voy, oʻlay, yoʻq, nan yapdim, kir juvdim, siyir sovdim, buzoq iydirdim, choʻmildim… E, man oʻlay, bolalarni choʻmiltirdim, keyin oʻzimam… A? Kechasi nima qilding, deysizmi? Kechasi qildim-da shu ishlarni! Sahar turib, nan yapdim. Ha, aytmoqchi, esginam qursin, sizga nan apkeldim. Mana. Sal boʻlmasa qoʻltigʻimda qop ketaykan!..

“Zarbuvi” qoʻltigʻidagi narsani – buklogʻliq qora nimchasini toʻp etkazib dasturxonga tashlaydi.

– Oling, Jabbor aka, sizga apkeldim. Endi kamroq urushing. Oling, issiqqina, qizlarga bermang, oʻzingiz maz-za qilib jevoling… Voy, nima? Kuyib ketibdi, deysizmi? He, yoʻq, sal qizarib pishgan, singgagina. Oʻzimginaga oʻxshab qizarib pishgan. Yana nima deyapsiz? Qop-qora-ku, deysizmi? Qani, qani, koʻray-chi… – egilib, nimchasini olib qaraydi. – Voy, man oʻlay, rapida-ku!.. Man tentakkinani kechiring, jon birgad aka, bir sapar kechiring! Ha, buni yeb turing, keyingi sapar, albatta kuymaganidan apkelaman. Manavi yebtoʻymaslarga ham bering, ha, yeb olinglar!..

Boshida iljayib, qimtinibgina oʻtirgan Zarbuvi opaning oʻzi ham gur-gur kulgiga qoʻshila boshladi. Soʻlgʻin yuzlari yorishib, yasharibgina borardi. Shoʻrlik opamiz har erta ikki goʻdagini ustidan qulflab keladi-da, choshgohda oʻgʻrincha borib, ovqatlantirib qaytadi. Peshinda imkon topsa yana borib keladi. Shunday qilib, ish orasida halloslab, haliqib ikki-uch qishloqqa borib-qaytadi. Yana sogʻin sigirini buzogʻi bilan yetaklab yuradi. Ularga har kuni oʻt oʻrib borishi kerak. Shuning uchun ham yolgʻiz boshi bilan baʼzan dovdirab, noqulay ahvollarga ham tushib turadi. Non oʻrniga non yopadigan rapidani koʻtarib keladimiyey…

Kula-kula nihoyat tinchiymiz. Shunda ham u yer, bu yerdan birovi oʻzini bosolmay piq etib kulib yuboradi-da, yana butun davra boʻylab kulgu koʻtariladi. Ajab, Mehri opaning oʻzi sira kulmaydi. Hayajonlangan, hovliqqan, xijolat chekkan “Zarbuvi” suratida oʻtiraveradi. Roʻmoli bir tolmonga qiyshayib, oʻzi ham butun gavdasi bilan shu tomonga ogʻib ketaveradi. Unga koʻzingiz tushganning oʻzidayoq, kulgingiz qistaydi.

Rohat opa chidayolmadi.

– E, boʻldi-e, hozir ichagim uzilib ketadi, – dedi. – Boʻldi, dedim.

Shundagina Mehri opa oʻzini qoʻyib yuborib, iljaydi.

Ozgina fursat oʻtib, Mehri opani yana qistay boshladik.

– Bunisiga rahmat, opajon, endi bitta Shakar checha boʻp berasiz, keyin bas…

Shakar chechamiz ham davrada. Bizning qistovimizdan avvaliga alang-jalang boʻlib, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Keyin nuqul iljayib, Mehri opaga qaray boshladi. Mehri opa unga qarab:

– Checha, nima deyapti bularingiz, – deya bosh irgʻadi-da, keyin bizga oʻgirilib, – Checha boʻlishim uchun bir-ikki kosa turshakob ichib olishim kerak edi-ku, – dedi.

Hammamiz kulib yubordik. Shakar chechamiz uyalganidan kichkina qoʻlchalari bilan yuzlarini bekitdi.

– Yaxshisi, oʻzlari aytib bersinlar, toʻgʻrimi qizlar? – dedi Mehri opa.

“Toʻgʻri, toʻgʻri”, deb chugʻurladik baravariga.

– E, oʻlsin, nimasini aytadi, aytguligi yoʻq, – dedi Shakar checha qoʻl siltab. Ammo, sezib turibmiz, chechaning ham qulfi dili ochilib boryapti. Mehri opa boʻlsa bilintirmasdan uni gapga solib yuborish payida.

– Checha, shunchalik koʻp ichib yuborganmidingiz turshakobni?..

– Nafsi bad koyishi jon-da, Mehrijon. Ogʻzimga yoqib qop, ichaveribman, ichaveribman…

– Ha-ha, keyin nima boʻldi?

– Keyin oʻsha bilganingiz-da.

– Bitta menmas, hammamiz bilib boʻlganmiz. Oʻzingiz aytib berganingiz tuzuk-da.

– Oʻlmang siz… Mayli, aytaman-ku, har yerda gapirib yurasizlar-da…

Baravariga “gapirmaymiz”, dedik-da, yangi hangoma eshitishga chogʻlandik.

– Qurgʻur, nafsi badlik qilib, turshakobdan toʻyib-toʻyib ichib opman. Avvaliga bilinmadi. Keyin sigirni yetaklab, yoʻlga tushishim bilan qorin damlayverdi, desangiz. Biyday dala, zogʻ koʻrinmaydi. Hech kim yoʻq-ku, deb, oʻzimni xiyol boʻsh qoʻyibman, desangiz… – Bu yogʻini aytmaydi. Sukut qiladi. Har yer, har yerdan piq-piq kula boshlaymiz. Checha iljayib, qizarinib davom etadi. – Shuytib, oʻlgur chechalaringiz yoʻlda ketib boryapti, dunyoning hisob-kitobiga yetmay. Bir tarafda otasidan xat kelmay qoʻygan. Es-hushim oʻzimda emas, nima boʻldi, nima qoʻydi, deb… Yetib keldim-da, sigirni bogʻlab qoʻyay deb hov anovi terak tagiga bordim. Bunday qarasam, yetovimdagi sigir yoʻq-da, quruq arqonni sudrab kepman. Sal narida ot mingan Jabbor aka turibdilar. “Assalom, Jabbor aka, sigirim qani?” debman. “Sigirmi? Ha, allaqachonlar yechilib qolgan edi. Bilmadim, oʻttiz toʻqqizmi, qirq birida edimi”, desalar boʻladimi!.. “Voy, sharmanda!” deb oʻtirib qopman. Qarasam, Jabbor aka kula-kula oʻtib ketyaptilar. Orqalaridan chopib borib, uzangilariga yopishdim. “Jon akajon, birov bilmasin. Emasam, oʻzimni Oqdaryoga tashlayman!” deb turib oldim. Birgadirni-ku, daryoga tashlayman deb qoʻrqitib, soʻzini oldim. Lekin ogʻzimning jilovi yoʻq men oʻlgir, toʻgʻri kelib Mehri oytilaringizga yorilibman. “Shunaqa ayb ish qip qoʻydim, birov bilmasin, siynijon”, debman. Keyin qarasam, bittasi Shakar checha, turshakobdan yana bormi, deydi. Bittasi, sigiringizni topdingizmi, deydi. Yana bittasi piqir-piqir kuladi. Ha, oʻldim endi, dedim. Mana shundan bu yogʻiga otim turshakob. Bilmadim, qachon qutilaman?..

– Endi qutilib boʻpsiz, – dedi Rohatoy opamiz, – eshitmaganmisiz, bitta yigit choyxonada gashtakxoʻrlikda oʻtirib, sizdaqa ayb qip qoʻyibdi-da, nomusiga chidolmay qishloqdan bosh olib chiqib ketibdi. Shu ketganicha, qirq yil deganda qaytibdi. Sekin oʻsha choyxonaga borib moʻralabdi. Qarasa, uch-toʻrtta boboy oshxoʻrlik qilib oʻtirishgan ekan. Bittasi aytarmishki, falonchi oshnamiz bitta ayb qip qoʻyib, badar ketdi-ya, dermish. “Obbo, qirq yildan keyin ham oʻshaning gapi ekan-da!” deb haligi odam peshonasiga bir urib, qishloqdan yana chiqib ketgan ekan. Ana shunaqa, Shakar checha!..

…Mehri opa oʻrnidan turib, Rohat dugonasining boshiga keldi.

– Hoy, Rohatmusan, qizim, – dedi talaffuzini oʻzartirib.

– Ha, Rohatman, pochcha, – dedi hushyor Rohat opamiz darrov tushunib. – Yaxshimisiz?

– Ha, man yaxshi. Lekin sani saloming qani, yeb qoʻydingmu?

– Pochchajon, assalom. Kechiring.

– Xay, bezaral, bezaral… Xay, ering yaxshimi?

– Yaxshi boʻlsalar kerak, pochcha. Xat kep turibdi.

– E, ha, ketgandi-ya. Xay, boshi toshdan boʻsun. Bachalaring yaxshimi? Otlari nima edi, ha, Kozim, Nozim. Najmiddin… Hammasi yaxshimi?

– Yaxshi, shukur, shukur…

– Katta boʻlobtular?

– Katta boʻlishyapti, shukur.

– Xay, manga qara, ham-ma yaxshimi?

– Ha, ham-ma yaxshi, haam-ma!..

Gur kulgu koʻtariladi. Gap shundpki, pochcha deganimiz shaharda turadi. U kishining ikki xotini boʻlib, birovi Rohat opaning ammasi ekan. Gap chiqibtiki, kimda kim ikki, uch xotinli boʻlsa, bittadan ortigʻiga taloq bermasa, qamalarmish, degan. Shunda haligi pochchamiz katta xotinining javobini berolmaydi-da, suyukli kichik xotini – Rohat opaning ammasiga bir ogʻiz shaʼma qiladi. Ammasi ham Rohat opaning oʻzi singari choʻrtkesar ekan, oriyati qoʻzib, shartta chiqib ketibdi-da, Rohat opalarning uyiga kelib oʻtiribdi…

Shunday qilib, hangoma davom etadi. Mehri opamiz pochcha suratida turgancha soʻrashish bilan mashgʻul: oʻzing yaxshimi, ering yaxshimi, bachalaring deb, nomma-nom aytib, keyin qozon-tovoq, echki-uloqqacha surishtirgach, chuqur nafas olib, xay, hamma yaxshimi ishqilib, deydi. Har galgi “hamma yaxshimi”da gur kulgu koʻtariladi. Oxiri xotinlardan birining “pochcha”ga rahmi kelib:

– Rohat oʻlgur, bechora pochchamizni ezib yubording-ku! Ammajonim ham yaxshi yuribdilar. Sizga salom aytdilar, demaysanmi!.. – dedi sharaqlab kulib.

“Pochcha” bu gaplarga eʼtiborsiz yana boshidan tushib, soʻrashishda davom etdi. U yaxshimi, bu yaxshimi, hamma yaxshimi…

Shu taxlit hangoma, oʻyin-kulgu bilan boʻlib, vaqt oʻtganini sezmaymiz. Lekin, koʻnglimizning bir chekkasida baribir bir oʻy gʻimirlab turadi: bu zavqli daqiqalar hademay tugaydi. Yana shudgor, chang-tuproq, sandalday kesaklar… Mehnatdan-ku, choʻchimaymiz. Lekin xavotirli oʻy-xayollar oʻrovida qolishdan qoʻrqamiz.

Anzirat opaga razm solaman, ich-etini yeb borayotgani aftidan koʻrinib turibdi. Ayni shu tobda brigadirmi, boshqasimi kep qolsa, unga taʼna qiladigandek, unga ishonchi yoʻqoladigandek. Nima qilsin, tabiati shunaqa ekan-da. Har qancha ichini it tatalamasin, chidashga majbur. Endi faqat yo Mehri yo Rohat opagina nuqta qoʻyishi mumkin hangomaga…

Nihoyat “pochchamiz” zerikdi shekilli, soʻrashishni bas qildi.

– Hoy, Rohat qizim, bu qip-qizil shudgorda nima qip yuribsan? – dedi.

– Ish, pochcha, ish…

– Qanoqa ish?

– Kesak maydalaymiz. Ana qarang, huv oʻsha kesaklarni bir boshidan maydalab, unday qilamiz.

– Ibi, nimaga kerak maydalab?

– Chigit ekamiz, arpa-bugʻdoy ekamiz. Sholi ekamiz.

– E, shunoqami, man oʻylabman ish yoʻqligidan kesak parchinlab yuribsizlar, deb. Ibi, qizim, qanoqa parchinlaysizlar, judo katta-ku. Sandolday-sandolday boʻp yotibdi-ku?!. Xay, mayli… (atrofga alanglab) ishqilib hamma chiqqanmi dalaga?

– Hamma chiqqan, pochcha.

– Tagʻin aldayopsan-a!.. Ammangga oʻxshab, sanam mani qon qilding, qizim. Hamma yaxshimi, deyman, yaxshi deysan. Bilaman oʻzimam, oʻsha ammangni yaxshiligini. Lekin yaxshiligidan manga nima naf, opchiqmaysanmi xumparni kesak maydalashga, mundoq salom-alik qilib ketarduk.

– Ho, yoqmay qolsin!. Ha, mayli, aytib koʻrarman… Endi gap munnay pochchajon: sizgayam bitta ketmon beramiz. Biz bilan kesak parchinlaysiz.

– Mayli, qizim, mayli… ku-ya, oʻlsun bel chidamaydi-da.

– Chidaydi. Bir gap boʻp qolsa, ammajonimiz bor!

– Hoy, boshidan shunoqa demaysanmi, duxtarjon! Tilingga shakar!..

“Pochcha” boshini saraklatib, tanglayini takillatib, davrani shodmon aylanarkan, gur-gur kulgu koʻtarardik. Tinchiganimizdan keyin Rohatoy opamiz “pochchasi”ni yoniga oʻtqazdi.

– Endi pochchajonim, dasturxonga duo qilsangiz!..

– Xay, mayli, qizim, – “pochcha” fotihaga qoʻl ochdi. – Omin, qasd qilganlar past boʻlsun. Urushga yurgan bachalarni hammasi chopib-chopqillab qaytib kelsun. Hammangni bagʻriginang toʻlub qolsun. Anovi boʻy qizginalar hammasi egalik boʻlsun, xoʻjalik boʻlsun…

– Ammajonimiz… – luqma qoʻshdi qaqajonlardan biri.

– Ammajonlaringam qayda boʻlsa, omon boʻlsun… – Rohatga qarab kuldi. – Xay, hamma yaxshimi, ishqilib.

– Yaxshi, yaxshi, pochchajon. Omin qiling.

– Xay, hamma yaxshi boʻlsun. Omin. Ollohu akbar!

Hammamiz beixtiyor, sira ogʻrinmay omin qildik-da, gurra qoʻzgʻaldik. Boshqalarni bilmadimu men qushday yengil edim. Dala boʻylab tarqaldik. Har kim oʻziga ajratilgan boʻlaklarga qarab ketdi. Birovlar yolgʻiz oʻzi, birovlar uch-toʻrttadan boʻlib olishgan…

Atrofda bahor. Osmon koʻm-koʻk. Dala chetlaridagi tol-terak xivchinlarida qush tilidakkina boʻlib yaproqchalar koʻrina boshlagan. Koʻksoy suvi tip-tiniq, ilon izi boʻlib, jimgina oqib yotibdi. Baland-balandlarda yangigina uchib kelgan qaldirgʻochlar charx uradi. Havo biram yoqimliki…

Biz, endigina boʻyga yetib, oqi oqqa, qizili qizilga ajralib kelayotgan qizlar ham, turmush koʻrgan, bola-chaqa orttirgan, lekin hali bokiralik davrlaridan olislab ulgurmagan suluv-suluv opalarimiz ham atrof-jonibga beeʼtibormiz. Qulochkashlab ketmon uramiz. Kesak maydalaymiz. Changga belanib, yuz-boshlarimiz boʻgʻriqib, nozik bellarimiz mayishib, qoʻllarimiz qavarib yer tekislaymiz. Lekin oh-voh qilmaymiz, charchadik, toldik demaymiz. Goʻyoki bu ishlar azal-azaldan manglayimizga bitib qoʻyilganday…

Mana oradan necha zamonlar berida turib, baʼzan oʻylab qolaman. Qiyratma urush borardi oʻshanda. Vahima, qoʻrquv, xavotir. Hatto urush boshlarida kechalari uyimizda chiroq yoqishga ham qoʻyishmas, derazalarga qora parda tutishni buyurishardi. Xullas, shunaqa bir serhadik, notinch zamonlarda ham biz biyday dala-dashtlarda haligidaqa oʻyin-kulgular, hangomalar qilardik. Tavba, deyman, yoshlik ekan-da. Yoshlikda odam mast boʻlarkan-da, dard-alam ham, hasratu tashvish ham yoshlikni bukolmas ekan-da… Yana kim bilsin, bu ham Ollohning irodasidir. Togʻday gʻam bersa, togʻday bardosh ham berar ekan-da. Balki, gʻamzada koʻngillarimiz oʻziga taskin-tasalli izlagan va uni oʻyin-kulgudan, samimiy davralardan olgandir-da…

Gulday paytlarimizni notinch zamonlar yelga uchirdi, deb baʼzan oʻksib qoʻyaman. Ammo baribir oʻsha davrlarni qoʻmsayman, oʻsha dilkash, oʻsha dilsoʻz davralarimizni sogʻinaman. Bot-bot oʻsha davrlarga, oʻsha davralarga qaytgim kelib qoladi…

 

Orziqul ERGASH

https://saviya.uz/ijod/nasr/onamning-ertaklari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x