XX asr oʻzbek bolalar adabiyotining soʻnggi choragi hamda istiqlol davri nasri va nazmidagi shakliy, janriy rang-baranglik, mavzu dolzarbligi, mazmundorlik koʻlami haqida soʻz borganda uni Anvar Obidjon ijodisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. U har qanday mavzuni yoritishda bola qalbiga mos ohang, davr ruhini aks ettira oladigan va ayni paytda gʻoyat qiziqarli uslub, oʻziga xos jilo bera olgan shoir, adib va dramaturgdir. Ayniqsa, zamon bilan hamnafaslik, jahon adabiyoti anʼanalarini oʻzbek bolalar adabiyotiga singdirish, jumladan, bolalar nasrida ham modernistik obraz va detallar yaratishda milliy ohang uygʻunligida talqin etish ham Anvar Obidjon ijodiga xos tamoyildir.
Adibning “Dahshatli Meshpolvon”, “Oltin yurakli Avtobola” asarlari yoki “Alamazon va uning piyodalari”, “Yaltiroq tugma” dilogik qissalari shu jihatdan oʻzbek bolalar adabiyotida yangi voqelik hisoblanadi. Bu asarlardagi obrazlar ham shu kunning qahramonlari. Va ular oddiy bola emas: dahshatli Meshpolvon, gʻaroyib, olovqalb Alamazon yoki temirtan Avtoboladir. Ular tinib-tinchimasgina emas, ozodlik va haqiqat uchun, oʻz erki va haq-huquqi uchun kurashchuvchan, jasur hamda erkparvar bolalar. Adib shu sababli “Alamazon” turkumidagi qissalarini yosh avlodga, aniqrogʻi “ona yurtning jasur farzandlariga” bagʻishlagan.[1.100]
“Alamazon va uning piyodalari” qissasining bosh qahramoni – Alamazon. U toshtaqaliklar shevasida gurkirab yonayotgan gulxanni anglatadi. Alamazon yoshligidanoq kitobga mehr qoʻyib, jahon bolalar adabiyotidagi tengdoshlari Chippolino, Buratino, Tom Soyer, Gek Finni, oʻzbek xalq dostonlaridan Ravshanbek, Alpomish kabi qahramonlarni savodi chiqqandan buyon taniydi, shuningdek, oʻzbek va jahon mumtoz adabiyot durdonalaridan bahramandligi ayonlashadi. Alamazon bu kitoblarni shunchaki oʻqish bilan cheklanmay, ulardan taʼsirlanib, doʻsti Eshmat bilan xazina qidirib topish, topganda uni nimalarga sarflash haqida reja tuzadi. Eng avvalo, yaylov etagida oʻn ming kishilik stadion, koʻp qavatli uylar, marmar devorli kattakon choyxona qurish, koʻchalarga asfalt yotqizib, koʻprikni yangilash, umuman, qishloqlarida zamonaaviy inshootlar barpo etishni oʻylaydi, hatto butun umri boshlangʻich sinflarga dars berish bilan oʻtgan Ahmadali otaga atab terak boʻyi haykal oʻrnatmoqchi boʻladi. [1.7]
Yozuvchi bu asarni 1976–78 yillarda yozganiga eʼtibor berilsa, uning dolzarbligi va kelajakni yorqin tasvir eta olish mahorati yanada oydinlashadi. Ayniqsa, bolalar kitobxonligida hikmat koʻpligi Alamazonning uygʻoq tafakkuri bilan koʻrsatib berilgan. Rost, qissadagi voqealar ertaklarga xos sayohat, tush koʻrish, tilsimlanish motivlari yordamida tasvirlanadi. Goh ilmiy-fantastik, goh realistik boʻyoqlarda badiiy talqin etilgan hikoyalar zaminida hayot haqiqati yotadi, albatta. Alamazon togʻasi professor Ogʻabek Turkoniy olib kelgan antiqa dori – uni tatib koʻrganda kishi xuddi ertaklardagidek murod maqsadga yetishiga qiziqib qoladi: buni oʻzi va oʻrtogʻi Eshmatda sinab koʻradi. U Jek Londonning “Uch qalb” kitobidagi qahramonlar, ularning gʻordan topgan behisob xazinalari haqida xayol surib yurganidan, oʻzlarining Jandagʻorida ham “xazina bijib yotgan”iga ishonganidan, dori taʼsirida uxlagach, tushida Zimistonsaroy orqali Yulduzistonga kelib qoladi. U yerda Humo Xartum, Qoʻtirlar sulolasi, Isqirtlar mamlakati va ular boshqargan tuzum hamda odamlari bilan tanishishga muyassar boʻladi. Tirtiq, Shilpiq, Qoʻtir Beshinchi, Malika Maston, Idris Ibrohim, Barri Baraka, Fisqiddin Makru Maraz, Isom Ittu Iskabtopar, Hoshim Heziddin Xum kabi ismlariyoq ularning tashqi koʻrinishi, kasb-kori va feʼl-atvorini bildirib turuvchi kishilar bilan tanishadi. Bu yurtda Qoʻtirlar sulolasi tugab, Isqirt Birinchining taxtga oʻtirish marosimi jarchi tilidan shunday bayon qilinadi:
“-He-he, he-ye-ye-yey! Eslilaru nodonlar, xafalaru shodonlar, goʻng hidlagan choʻponlar, gul hidlagan juvonlar, eshitmadim demanglaro-o-ov! Isqirt Birinchi padari oliylari mamlakat aholisiga katta gʻamxoʻrlik koʻrsatib, bugundan eʼtiboran ularni yuvinish va choʻmilishdek mushkulotdan butunlay ozod qiladilar… qasddan yuvinayotgan yoki choʻmilayotgan paytda qoʻlga tushirilgan baliqpadarlar esa xavfli gʻalayonchi sifatida achigan zindonga tashlanadilar.” (36-b.)
Bolalar adabiyotining oʻziga xos xususiyatlari tasnif qilinganda uning ikki yoʻnalishli ekani, bolalar uchun asar syujeti, kattalarga esa gʻoyasi muhimligi taʼkidlanadi. Mazkur asar katta-yu kichik kitobxonga birdek xizmat qila olishi shundan. Bolalar qahramonlarning nomlanishidan, Isqirt Birinchi yuvinishni yomon koʻrgani uchun butun mamlakat isqirtlikka yuz tutishi, unga xizmat qiladigan Dutoriy singari shoirlarning “Yuvilmagan betingiz muncha chiroyli, Mogʻor bosgan etingiz buncha chiroyli, U yoningiz kir erur, bu yoningiz kir…” qabilidagi sheʼrlar bitib, irkitlikni ommalashtirishga hissa qoʻshganidan miriqib kulsa, yetuk tafakkurli insonlar bu kinoyalar ostida zil-zimbil dard, yaqin oʻtmishdagi tarixining majoziy tasviri aks etganini yaqqol anglaydi. Shu maʼnoda asardagi Yulduziston, Ajdarobod, Yelkantogʻ, Tandir, Jandagʻor, Issiqgʻor, Qoʻchqorsoy kabi joy nomlari ham ramziy tamsillardir.
Adibning oʻrta asrlar tarixi, sobiq mustabid tuzum davri voqealarini goh xalq dostonlari ohangida, goh hajvga yoʻgʻirib, goh esa bolalarga xos yashirin tilda aks ettirishi bejiz emas. Unda uchragan joy va odamlar nomi biror geografik xarita yoki asarda uchramaydi. Bularning koʻpchiligi muallif topilmasi. Ammo ular oʻquvchini mushohadaga undaydi. Chunki har bir ifoda va obraz talqinida ramziylik ustuvor. Qahramonlar oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloq, yurti tarixini, ulugʻ mutafakkirlar qoldirgan maʼnaviy merosdan bahramand boʻlishni juda-juda xohlaydi, dinini chala-chulpa biladigan, oʻtmishidan xabarsiz, soxta, isqirt dohiylar boshqarishi tufayli nopoklikka yuz tutgan mamlakat qachondir yorugʻlikka chiqishiga ishonishadi. Bunda Humo Xartum alohida oʻrnak boʻladi. Zotan, Alamazon uyqudan uygʻonsa ham gʻordagi odamlarni Yorugʻ dunyoga boshlab borishga vaʼda beradi: “-Azizlarim, menga ishoning, men baribir sizlarni yolgʻiz qoldirmayman. Sizlarni, siz bilan birga Yulduzistondagi hamma odamlarni qorongʻi gʻordan yetaklab chiqaman…”
Asarning bosh gʻoyasi – Yorugʻ dunyoga chiqish. Bu soʻz zamirida nima yotgani endi barchaga maʼlum. Uning cheksiz mohiyati va imkoniyatlari chorak asr davomida birma-bir namoyon boʻlib kelmoqda. Ammo asar yozilgan vaqtda chindan ham oʻsha “Qora tuynuk” qachon ochilishi nomaʼlum edi. Istiqlol tufayli Humo qushi xalq boshiga qoʻndi. Natijada, avlod-ajdodini tanimay ulgʻayayotgan Yulduziston farzandlari Zimiston saroydan qutulganiga amin boʻlamiz. Yorugʻ dunyo nafaqat bugungi kunlar, balki, keng dunyoga intilish, tanilish timsoli hamdir.
Shu maʼnoda Anvar Obidjonning “Alamazon va uning piyodalari” qissasida intellektual salohiyati yuqori boʻlgan yosh qahramonning vatanparvarlik, yurtparvarlik tuygʻulari yorqin namoyon boʻlgan. Asarda xalq onaga, mamlakat esa uning yoʻrgagidagi goʻdakka oʻxshatilishida ham hikmat bor. Mamlakat necha asrlik tarix davomida turli amaldorlar qoʻlida har xil kuyga tushsa-da, xalq oʻzligida sobit qolib, qadriyatlari, urf-odatlari, maʼnaviy merosini butunlay unutib yuborgani yoʻq, degan qarash mavjud.
Umuman, qissada oʻtmish va kelajak, tarix va taqdirlar erk va ozodlik motivlarida oʻzaro tutashadi. Humo Xartum, shoh Feruz, Majiddin Ravshaniy, professor Ogʻabek Turkoniy obrazlari talqinida olis va yaqin tariximizdagi hayot bilan birga kelajakda qilinajak kashfiyotlar uygʻunlashib ketadi. Asar “hazilga oʻch” bolalar uchun lirik va komik maylga sugʻorilgan boʻlsa-da, undagi bosh gʻoya har bir kitobxonning tafakkuri bilan birga ulgʻayib, yorqinroq anglanib boraverishiga shubha yoʻq.
Bashorat JAMILOVA,
filologiya fanlari nomzodi (BuxDU)
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Anvar Obidjon. Alamazon va Gulmat. T.: “Maʼnaviyat”, 1998. – B. 4-100
- Abdugʻafur Rasulov. Oʻzlik sari yoʻl. T.: “Adib”, 2012.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/anvar-obidjon-qissalarida-erk-va-ozodlik-motivlari-ifodasi/