Bir vaqtlar “Avstriyskiy” etik urf boʻlgan edi.
Chindan ham, qoshiqdek bejirim, tez toʻzimaydi… Oʻsha kezlari xizmat safari bilan Vena shahriga bordim. Tabiiyki, zimmamdagi ishlar biroz sanjob boʻlgach, etik xarid qilish uchun oʻzimiz qoʻngan musofirxona yaqinidagi magazinga kirdi. Xuddi oʻsha men xarid qilmoqchi boʻlgan etiklar yaraqlab turibdi. Narxini soʻrab, bir qadar noqulay ahvolga tushdim. Men uch juft etik olishim kerak: ayolimga, qizimga, kelinimga. Pulim esa bor-yoʻgʻi ikki juftga yetyapti.
Sotuvchi xijolat boʻlayotganimni koʻrib, tarjimondan nima gapligini soʻradi.
– Janobga uch juft etik kerak ekan, – deb tushuntirdi tarjimon. – Pullari yetmayapti.
Shunda gʻalati ish boʻldi. Sotuvchi “ayn moment” deb jilmaydi-da, tortmasidan bir varaq qogʻoz oldi. Chiroyli, tekis husnixat bilan bir nimalarni yozib, tarjimonga uzatdi. Keyin yana nimanidir shoshilmay tushuntirdi.
– Danke shyoyn! – dedi tarjimon minnatdor boʻlib. Soʻng menga qarab “ketdik” deb yoʻl boshladi. – Falon koʻchadagi falon shoppingning, falon qavatiga chiqsak, shu pulingizga shunaqa etikdan uch juftini olishimiz mumkin ekan, – dedi tushuntirib.
Chindan ham bir necha chaqirim naridagi magazinda yonimdagi pulga xuddi oʻshanday etikdan uch juftini xarid qildik…
Bir-birimizni birinchi va soʻnggi marta koʻrib turishimizga qaramay, menga yaxshilik qilgan ayolning insofiga hamon qoyil qolaman.
Oʻtkir HOSHIMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/etik-2/