Bobotoqqa borganimda qiziq voqea boʻlgan.
Yarim kechagacha choʻponlar bilan hangomalashdik. Tandirgoʻsht yedik… Mezbonlar qop-qora chayir bir yigitni koʻrsatib, mana shu Boʻrivoy kiyik bolasini qoʻli bilan tutib olgan, deganlarida toʻgʻrisi, ishonmadim. Toshkentdan kelgan “oqbilak”larga nima desang laqillayveradi, deb oʻylashsa kerak-da. Odam kiyikka yeta olarkanmi?
Shunaqa-ku, ertasiga… Hammamiz otliq, yanayam teparoq yaylovga yoʻl oldik. Ancha yurdik. Bir mahal belga uradigan oʻtloq oʻrtasidagi “qora uy” oldiga kelib hamma otdan tusha boshladi. Men ham oʻzimni yerga tashlagan edim, chap oyogʻim uzangiga qisilib qoldi. Men uchun bu kulgili holat edi. Qoʻlim yerda. Oyogʻim uzangi bilan ot qorni orasiga qisilib qolgan. Harchand uringanim bilan chiqarolmayman. Kulib yubordim.
Qarasam, otdan tushgan mezbonlar turgan joyida qotib qolibdi. Hammasining koʻzida dahshat… Oʻttiz qadamcha narida turgan Boʻrivoy, ishonsangiz, toʻrt hatlashda tepamga yetib keldi. Otimning jilovini mahkam changalladi. Shu orada boshqalar ham kelishdi. Oyogʻimni uzangidan ajratib, turgʻizib qoʻyishdi. Yoʻl boʻyi jimgina kelgan ot esa, birdan quloqlari chimrilib, kishnab yubordi. Boʻrivoy jilovni qoʻyib yuborishi bilan dumini gajak qilgancha, duch kelgan tomonga yugurib ketdi.
Men hamon hech nimaga tushunmay turardim.
– Bir oʻlimdan qoldingiz, aka! – dedi Boʻrivoy hansirab. – Oyoq uzangiga qisilib qolsa, ot hurkadi. Hurkdimi – tamom! Osilib qolgan odamni tepib, yuguraveradi. Odam tepki yeb, toshlarga urilib, bir xalta etga aylanadi… Yaxshiyam vaqtida ulgurdik…
Siyrak soqolli keksa choʻpon esa yelkamga qoqdi:
– Qudoyga bir yozganing bor ekan, ulim! Otqa minuvdan oldin tushuvni oʻylab qoʻyuv kerak…
Oʻtkir HOSHIMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/ot-minishning-qoidasi/