Bir sinfdoshim bor edi. Otasi “katta joy”da ishlar, badavlat yashashar edi. Mahallada birinchi boʻlib televizor olishgan edi. Sinfdoshim yaxshi oʻqirdi. Yettinchi sinfni bitirgan kuni mototsiklli boʻldi. Maktabni oltin medal bilan tugatdi.
Yillar oʻtdi. Bir kuni koʻrishib qoldik.
– Ishlar qalay? – desam, zarda bilan qoʻl siltadi:
– Rasvo! Domlam oʻlgudek maraz! Kandidatlik ishimni choʻzib yotibdi.
Yillar oʻtdi. Tagʻin koʻrishdik.
– Ishlar qalay?
– Rasvo! Oʻgʻlim koʻp ichadi. Kecha yap-yangi mashinaning pachagʻini chiqarib keldi!
Yillar oʻtdi. Yana koʻrishdik.
– Ishlar qalay?
– Rasvo! Qizimning turmushi notinch. Qaynonasi yomon. Sudlashmoqchiman.
Yillar oʻtdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Shifoxonaga borsam, rangi bir holatda yotibdi.
– Sogʻliq qalay?
– Rasvo! Qand kasali degan palakat adoyi tamom qildi. Oʻlib-oʻlmayman, tuzalib-tuzalmayman!
Tavba, deb gapiray-ku, farishtalar omin degan ekanmi, uzoqqa bormadi, bechora…
Yana bir sinfdoshim bor edi. Otasi urushdan yarimjon boʻlib qaytgan, toʻkilib ketay deb turgan kulbada turishardi. Yaxshi oʻqirdi. Lekin medalga “ilinmadi”.
Yillar oʻtdi. Bir kuni koʻrishib qoldik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Mebel fabrikasida ishlayapman. Kunduzi duradgorlik qilaman. Kechasi uch kunda bir qorovulman. Yaqinda velosiped oldim.
Yillar oʻtdi. Tagʻin koʻrishdik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Oʻgʻlim oʻqishni bitirib, chet elga ishga ketdi.
Yillar oʻtdi. Yana koʻrishdik.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Qizim farzand koʻrdi. Nevaramga beshik olishga ketyapman!
Yillar oʻtdi. Sinfdoshim betob deb eshitdim. Xuddi oʻsha, boshqa sinfdoshim yotgan shifoxonada ekan. Rangi bir holatda.
– Sogʻliq qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Buyrak jinday shamollabdi. Bergan dardiga shukr!
Yaqinda uni tagʻin koʻrdim.
– Ishlar qalay?
– Xudoga shukr, yaxshi! Toʻngʻich nevaramning boʻyi choʻzilib qoldi. Xudo xohlasa, besh-olti yilda nevara kuyov koʻraman. Toʻyga kelasan-a?!
Oʻtkir HOSHIMOV
https://saviya.uz/ijod/nasr/shukr-qilgan/