Sizni tushunishi uchun siz ham tushuning

Yuliya Zamelitdinova,

psixologiya fanlari nomzodi

 

Bolalarimiz bilan muomala jarayonida qiyinchiliklarga koʻp uchraymiz, baʼzida oddiy holatlarda ham xatolarga yoʻl qoʻyamiz. Aslida, koʻzimizga oʻjar, qaysar va gapuqmas boʻlib koʻrinayotgan oʻsmir bolamiz ham ich-ichidan bizga quloq solishni, biz bilan ahil-totuv boʻlishni istaydi. Biz, ota-onalar esa ana shu xohish-istakni anglay olishimiz, unga toʻgʻri munosabat koʻrsatishimiz kerak. Anglashilmovchilik holatlarida jazo uslubini qoʻllash foyda bermaydi. Xoʻsh, farzandimiz feʼl-atvoridagi yomon xulq belgilarini qanday qilib yoʻqotish mumkin?

1. Soʻz orqali tarbiyalang. Bola bilan muloqot qila olish tarbiyaning muhim jihatlaridan biridir. Bunga erishishning bir necha yoʻllari bor:

Oldin muomala oʻrnating, keyin yoʻl-yoʻriq koʻrsating. Kichik yoshdagi bolangizga biror muhim gapni tushuntirmoqchi boʻlsangiz, oldin tiz bukib oʻtiring. Koʻzingiz uning koʻzi bilan tenglashsin. Chunki, koʻz orqali axborot almashish katta ahamiyatga ega.

Bolangizga ismi bilan murojaat qiling, ayniqsa, suhbat boshida.

Qisqa, loʻnda gapiring.

Asosiy maqsadingizni soʻzingiz boshidayoq ayting. Ayniqsa, aytmoqchi boʻlgan gapingiz bitta boʻlsa yoki bolangizning yoshi kichik boʻlsa.

Oddiy tilda gapiring.

Bolangizdan aytganlaringizni qaytarishini soʻrang.

Farzandingizga rad etishi mumkin boʻlgan ishni buyuring. Masalan, “Kiyinib olsang, aylangani chiqamiz”, deb koʻring.

Tasdiq gaplarni ishlating. “Pichoqqa tegma!” deyish oʻrniga “Pichoq oʻtkir, qoʻlingni kesishi mumkin. Ehtiyot boʻl”, deb ogohlantiring.

Qoʻshni xonada turib “Ovqatga chiq!” deb baqirgandan koʻra, farzandingiz oʻtirgan xonaga kirib taklif qiling.

Taklifli murojaatlardan foydalaning. Masalan, “Bugun qaysi kiyimimizni kiyamiz: qizilinimi, yashilinimi?”

Bolaning yoshiga mos gapiring. Ikki-uch yoshli bolaga “Nimaga bunday qilding?” yoki “Nimaga gapimga quloq solmayapsan?” qabilidagi savollarni bermang. U hali bu kabi savollarga javob berish yoshiga yetmagan.

Muloyim boʻling, bolaning koʻngliga yoqadigan erkalatish soʻzlaridan foydalaning.

2. Farzandingizni taqdirlang. Bu qimmatbaho sovgʻalar boʻlishi shart emas. Masalan, “Narsalaringni tez yigʻishtirsang, bitta zoʻr ertak aytib beraman”, deb ragʻbatlantirish mumkin.

3. Hazil-mutoyiba qiling. Biroq hazilingiz oʻrinli chiqsin, haqorat va achchiq kinoyadan xoli boʻlsin.

4. Farzandingiz bilan shartnoma-kelishuv tuzing. Bu sizning ota-onalik maqomingizni pasaytirmaydi, aksincha mustahkamlaydi. Murosa usuli bilan ijobiy natijalarga erishasiz.

5. Oilaviy yigʻilishlar oʻtkazib turing. Bu oilada ichki tartib oʻrnatishga katta koʻmak beradi. Siz xotirjam, bolalaringiz uquvli-idrokli boʻladi. Bu siz uchun ham, farzandlar uchun ham fikr-mulohazalarni ayta olish imkoniyatidir. Koʻtarilgan masalalarni oydinlashtiring, ularga yechimlar toping.

 

Rus tilidan Orifjon MADVALIYEV tarjimasi

 


“Sogʻlom avlod” gazetasining 2014 yil 35-36-qoʻshma sonida chop etilgan.


 

https://saviya.uz/turfa-olam/sizni-tushunishi-uchun-siz-ham-tushuning/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x