Fargʻonada bittagina

(Kulib-kulib, jilmayib yozilgan maqola)

 

Qovun tanlashni bilmasang, xunugini ol, chiroyli qovun koʻpincha bemaza chiqadi, deyishadi.

Men ham shogird tanlashda shu usulni qoʻlladim. Fargʻona tomonlardan kelgan yozuvchi Anvar Obidjon juda menbop shogird chiqib qoldi. Oʻxshatmasdan uchratmas, deganlaridek, husnda oyni uyaltiradigan bir chiroyli ustoz-shogird boʻldik.

Anvarjon Oltiariqning bolasi. Bu yurt toʻgʻrisida qanchadan-qancha ichakuzdi latifalar toʻqigan. Futbol oʻyinida toʻp begonalar darvozasida qolib ketmasin, deb faqat oʻz darvozasiga gol uradigan, qopimni oʻgʻri olib ketmasin, deb yelkasida bir qop bodring bilan daryoda choʻmiladigan, eshagimni choʻmiltiraman, deb hammomga olib kirib, xodimgardan kaltak yegan, tovuqlari tuxum tugʻmay qoʻyganda xoʻrozni hezalak, deb soʻkkan yigit Oltiariqning Polosonidan edi. Ana shu xoʻrozni, qirqta xotinni olib qoʻyib, Xudoyorxonga oʻxshab yotaverasanmi, juvonmarg, don topib kelmaganingga yarasha anavu ochofat tovuqlaringning koʻnglini olsang-chi, qirilgur, deb qargʻagan shu polosonlikning zaifasi edi.

Men shogird tanlashda xuddi idoralarning kadrlar boʻlimiga oʻxshab ish tutaman. Boʻlgʻusi shogird qayerda tugʻilgan, qanday muhitda oʻsgan, doʻstlari kim, qarindosh-urugʻlari qandoq odamlar, hamma-hammasini bilib olishim shart.

Shogirdimning tarjimai holi bilan tanishganimda, quyidagilarni aniqladim: Anvarjon tugʻilgan Poloson qishlogʻida surunkasiga hamma dono odamlar boʻlgan ekan. Shuncha dononing bir joyga toʻplanishi koʻp bezovtaliklarga sabab boʻlarkan. Nasihat qiladigan koʻp-u, boshini egib quloq soladigan kam. Ana shundan janjal chiqib, qishloq ikkiga boʻlinib ketdi. Namanganning Gʻirvon degan qishlogʻidan bir dono vakil keldi. Bu odamni butun Gʻirvon ahli astoydil hurmat qilardi. Xuddi mana shu dono kimsa ajralishib ketgan xotinini tanimay, unga oshiqi beqaror boʻlib, yana ikki marta uylangan, har gal uylanganda, endi xotinga yolchidim, deb quvongan pishiq-puxta odam edi.

Shunday odamning vakil boʻlib kelishidan polosonliklarning boshlari osmonga yetdi. Shu dono vakilning maslahati bilan har oʻttizta donoga bittadan nodon qoʻshib roʻyxat tuzildi. Roʻyxat yozilgan qogʻoz qoq oʻrtasidan qaychi bilan qiyilib, bunisi Shakarqishloq boʻlsin, mana bunisi Shirinqishloq boʻlsin, dedi. Qoʻyilgan shartga hamma jon-dili bilan rozi boʻldi.

Kechqurun gʻirvonlik dono eshagini qoʻygan joyidan topolmaydi. U eshagini Oltiariq – Qoʻqon yoʻnalishida qatnaydigan avtobusning orqasidagi ilgagiga bogʻlab qoʻygan ekan. Shunday qilib, gʻirvonlik dono eshagidan ayrilib, qishlogʻiga piyoda qaytib ketadi.

Anvarjon toʻgʻrisida jiddiyroq bir gap aytishim mumkin edi. Biroq oltiariqliklarning jiddiy gapga uncha hushi yoʻq. Ushbu maqolani ularning iltimoslari bilan hajviyroq qilib yozyapman.

Oltiariqda kim koʻp, shoir koʻp. Ular Toshkent bozoriga bodring olib borganlarida, nashriyotlarga, redaksiyalarga sheʼriy toʻplamlarini tashlab ketadilar. Kuzda turp sotgani borganlarida, qoʻlyozmalarini qaytarib olib keladilar.

Faqat qoʻlyozmalardan iborat boʻlgan Poloson kutubxonasi javonlariga ana shunday “bosib boʻlmaydi” deb nashriyot pechati urilgan qoʻlyozmalar sigʻmay ketdi. Shakarqishloq donolarining maslahati bilan kutubxona ikkiga boʻlinmadi. “Xalq boyligi” talon-taroj boʻlmasin deb, “Qoʻshma kutubxona” nomi bilan saqlab qolindi. Kutubxona fondi yildan-yilga boyib boryapti. Afsuski, Oltiariqning faxri boʻlgan Anvar Obidjonning birorta qoʻlyozmasi fondda yoʻq. Fondga olish uchun ustida “bosilmaydi” degan pechat boʻlishi kerak…

Shakarqishloq ham, shirinqishloq ham juda obod joyga aylandi. Agar bu gaplarga ishonmasangiz, borib koʻrishingiz mumkin.

Kirza etikning tagcharmini ham teshvoradigan qirrali shagʻal toshlar toʻkilgan yoʻl boshiga “STOP! OYOQ KIYIMINGIZNI YECHIB KIRING!” degan ogohlantiruvchi belgi qoʻyilgan boʻlsa, albatta, Shakarqishloq shu joydan boshlanadi deb biling.

Agar tuprogʻi toʻpiqqa uradigan, musicha qoʻnsa qanotining shamolidan toʻzon koʻtariladigan yoʻl boshiga “STOP! OYOQ KIYIMLARINGIZNI ARTIB, TOZALAB KIRING VA YANA ESHAGINGIZNING ORQASIGA TOʻRVA OSIB QOʻYING!” degan ogohlantirish belgisi qoʻyilgan yozuvga koʻzingiz tushsa, bu, albatta, Shirinqishloq boshlanishi degan gap.

Har ikkala qishloqning bayramlarda koʻtarib chiqadigan oʻz bayrogʻi bor. Shakarqishloqning bayrogʻi oq, Shirinqishloqniki oppoq…

Anvar Obidjon oʻzi tugʻilib oʻsgan Oltiariqqa shu qadar muhabbat qoʻyganki, butun ijodi davomida oʻz yurtini ehtiros bilan, buyuk hurmat bilan kuylab keladi. Ayniqsa tugʻilib oʻsgan Poloson qishlogʻi dunyodagi eng goʻzal, eng bebaho yurt boʻlib tuyuladi unga. Bu joyning xilma-xil qiyofadagi doʻlvor, shu bilan birga, tanti, har bir gapining tagiga yana bir maʼno joylaydigan kishilari, nihoyatda shirali, hazilga moyil, eshitgan odamning yuziga tabassum purkaydigan obrazli soʻzlari…

Anvarjon shu ona qishlogʻi, quvnoq va jindek quv hamqishloqlari toʻgʻrisida qanchalab hikoyalar, latifalar, oʻqiganning yuzidagi ajinlarni dazmollab qoʻyadigan serxanda hajvlar yaratdi. Ochigʻini aytganda, Poloson qishlogʻi, uning xilma-xil tabiatli odamlari Anvarjonni yozuvchi qilgan.

Xalqda, aravasiga tushsang, ashulasini ham aytasan, degan gap bor. Oltiariq haqida yozayotganimda, ashulasini ham aytganimni sezmay qolibman. Tesha tegmagan latifalar, turli qiyofadagi quvnoq kishilar, boshqa biror joyda uchramaydigan voqealar jilmayib, goho xandon tashlab kulishimga sabab boʻldi. Shu xandalardan bir miqdori maqolaga sachragan boʻlsa, ajablanmang.

Mana, nihoyat, Anvarjon Toshkent qaydasan, deb yoʻlga otlandi. Povulgʻonu Fayziobod, Eskiarabu Qapchugʻay, Xonqizu Yangiqoʻrgʻon uning orqasidan mungʻayib qarab qolgandek boʻldi.

Nazarimda, uning ijodi buyogʻiga toshkentchasiga jiddiy boʻldi-yov, deb oʻylayman. Uning keyinchalik juda mashhur boʻlib ketgan ushbu gʻazalidan bir nechta baytni eʼtiboringizga havola qilaman:

 

Shoiringni yoʻlga boshla yamoq tushgan choriqqinam,

Vale saroy shoiridin peshonasi yoruqqinam.

 

Oʻtib Rishtonu Bagʻdoddin Qoʻqonga shom kirib borsak,

Kutib olgay Sobir malla – soch-soqoli sariqqinam.

 

Jangga telba yagʻoch otda kirgʻonidek, dalli Gulmat –

Kutar yagʻoch qalamdin rizq… Xayr, Oltiariqqinam.

 

Yurtidan chiqib ketgan shoirning taqdirini juda yaxshi biladigan oltiariqliklar:

– Bobur Andijondan chiqib ketdi, qaytmadi. Mashrab Namangandan chiqib ketdi, qaytmadi. Furqat Qoʻqondan chiqib ketdi, qaytmadi. Ana endi Anvarjon ham shunday jannatoso Oltiariqdan chiqib ketdi. Qaytib keladimi, yoʻqmi, bir xudoning oʻziga ayon. Qozondek qaynab turgan sertashvish Toshkentda bu lallaygan, boʻshashgan shoir adashib-uloqib qolib ketmasa goʻrga edi, – deb koʻp afsus-nadomatlar chekdilar. Shunda oltiariqlik mashhur tadbirkor Mamatoji ota Ibrohimov (xudo rahmat qilsin u kishini), xotirjam boʻlinglar, haqiqiy oltiariqlik boʻlsa, oʻtda ham kuymaydi, suvda ham choʻkmaydi, deb gʻamboda boʻlgan yurtdoshlarini yupatgan edi.

Ammo Anvarjon poytaxtda dovdirab qolmadi. Asli kirishimli boʻlganidan, ijod ahliga maʼqul keldi. Bitta kichkinagina xonani ijaraga olib, ishdan qaytgach, Oltiariqni, polosonlik qadrdonlar sogʻinchini sheʼrga solib, tunni oppoq tonglarga uladi.

Ketganiga biron yil boʻlib-boʻlmay, Anvarjon televizorda lop etib koʻrinib qoldi. Sochlari “popiratka” qilingan… boʻynida galstuk, koʻzida oynak, zavq-shavq bilan gʻazal oʻqidi. Televizorni koʻrib oʻtirgan polosonliklar, yopiray, oʻzimizning Anvarjonga oʻxshaydimi, deb bir-birlariga qarashdi. U boshqacha boʻlib ketibdi. Yaxshilab tikilib qaramasang, tanimaysan. Ammo oltiariqlikligini tasdiqlaydigan isparapkasi, yaʼni burni Polosonning bodringidek magʻrur koʻrinardi.

Oradan toʻrt yil oʻtib, Polosonning qoʻshma kutubxonasiga Anvarjondan oʻzi yozgan “Bezgakshamol” degan kitobi keldi. Hamqishloqlar bu kitobdan hayron boʻlishdi. Kitob muqovasiga Anvar Obidjon deb yozilgan. Ichidagi sheʼrlari Usta Gulmatniki. Oltiariqda Gulmat degan odam oʻtmagan. Anvarjon oʻziga Usta Gulmat deb taxallus qoʻyganmikin, deb oʻylashdi.

Toshkent Anvarjonning ijod bulogʻini qaynatdi. Sakson uchinchi yildan to toʻqson toʻqqizinchi yilgacha oʻn yettita kitobi bosilib chiqdi. Bu ancha-muncha shoirga nasib qilmaydigan baxt edi. Asli tagi oltiariqlik boʻlgan Erkin Vohidov nashriyotda bosh muharrir boʻlib ishlardi. Polosonlik qitmirlar, bu kitoblarni Erkin Vohidov yozib bergan, deb gap qilishdi. Qitmirlarning gapi gapligicha qolib ketdi. Bu orada Anvarjon qatorasiga uchta pyesa yozib, respublika Yosh tomoshabinlar teatrida qoʻydirdi. Albatta, televizorda koʻrgan odamlar boʻlsa kerak.

Oltiariqliklardan bittasi Anvarjonni qidirib Toshkentga bordi.

– Ukajon, temir yoʻl boshligʻi bilan gaplashib, bitta vagon olib bersang. Amerikaga turp obormoqchiman. Shu bechoralarning ham turpga ogʻzi tegsin.

– Yukni vagonga ortib, keyin paroxodga yuklab, shuncha ovora boʻlib borsangiz-u, u oliftalar turp yemasa, nima boʻladi?

– Yemasa nima boʻladi deysanmi? – dedi u belbogʻidagi qinli pichogʻini sugʻurib. Shahrixon ustalari yasagan pichoq elektr nurida yarqirab ketdi. – Yemay koʻrsin-chi, jon kerak boʻlsa, yeydi. Yemay qayoqqa borardi!

Anvarjonning hikoyalari, hajvlari, koʻproq polosonliklar toʻgʻrisida. Bitta kichkina qishloq odamlarining qanchalab adabiy asarga mavzu boʻlishi, shunchalik xilma-xil, biri biriga oʻxshamaydigan xarakterlar boʻlishi meni hayron qoldirdi. Balki vodiyning boshqa tuman va qishloqlarida ham bularga oʻxshagan odamlar bordir? Albatta, bor. Lekin ularning Anvar Obidjoni yoʻq-da!

Bu odamlarning qiyofasini yaratish uchun alohida koʻz, alohida quloq, alohida farosat kerak. Ayniqsa, Anvarjonnikidek olisdan hid biluvchi alohida burun kerak. Mana shu shartlarga javob Anvar Obidjonning oʻzidan topiladi. Nazarimda, Oltiariqda qancha odam yashasa, Anvarjon hammasini taniydigandek, ularning suvratlarini diliga chizib olgandek.

Uning “Oltiariq hangomalari”ni oʻqimagan boʻlsangiz, albatta oʻqing. Huzur qilasiz. Kitobni oʻqib boʻlgandan keyin birdan oʻsha tomonlarga borgingiz kelib qoladi. Oʻsha doʻlvor, sodda, quvnoq odamlar bilan bir piyola choy ustida suhbatlashgingiz, yerdan yiliga uch marta hosil oladigan – koʻklamda bodring, yozda makka, kuzda turp ekib, kissasini pulga toʻldiradigan asl dehqonlarning quvnoq davralarida boʻlgingiz keladi.

Oltiariqning har bitta donasi kurka tovuqning tuxumidek keladigan husayni uzumini yemabsiz, dunyoga kelmabsiz. Paykallarda yastanib yotgan, sovliq qoʻydek keladigan, yakka oʻgʻri eplab olib ketolmaydigan oq qovunlarini, labidan sharbat tomib turgan, gijda nondek qahrabo anjirlarini, har biri choynakdek keladigan, yoqut donalari ichidan turtib poʻstini yorvoradigan anorlaridan tatib koʻrmagan odam, shisha bankaga qamalgan kompotni ichib, oh, oh, deb yuraversin.

Anvarjon torgina ijara xonada mevalari gʻarq pishgan yurtini sogʻinib, alamini qogʻoz bilan qalamdan oladi. Gʻazallar bitadi. Uy egasining chugʻirlashib, bir-birini quvlab oʻynayotgan bolalariga qarab, oʻz bolaligini eslab ketadi. Ularga atab qiziq-qiziq sheʼrlar toʻqiydi. Qissalar yozadi.

Sogʻinch onlari bitilgan sheʼrlar naqadar taʼsirli. Uning bolalarga atab yozgan baʼzi sheʼrlari naqadar maʼsum. Xuddi kapalakka oʻxshaydi. Qoʻl tekkizsang, biron yeriga shikast yetadigandek. “Juda qiziq voqea” deb atalgan benihoya goʻzal, quvnoq, oʻynoqi sheʼrlar kitobi bolalar adabiyotining eng nodir asarlari qatoridan joy olib turibdi. Besh yuzdan ortiq sheʼr jamlangan bu toʻplam bolalarning eng sevimli kitobi, desam, aslo adashmayman.

Oltiariqlik yurtdoshlarining hayotini aks ettirgan 300 dan ortiq katta-kichik hajviy hikoyalari bugungi hajviyotimizning sara asarlari qatorida yaltirab turibdi. Bulardan tashqari, Meshpolvon, Alamazon haqidagi qissalari, “Qorinbotir” dostoni va qator pesalari Anvar Obidjonning ham kattalar, ham bolalar adabiyotiga mehr bilan xizmat qilayotganiga kafildir.

Anvar Obidjon qoʻshiqchiligimizga ham baholi qudrat hissa qoʻshmoqda. Toshkentdagi bir marosimda hofiz “Fargʻonada bittagina” degan qoʻshiqni ijro etayotganda, bir shinavanda sheʼrni ohangga, ohangni hofiz ovoziga nihoyatda mos kelganini qarang, sheʼrni qaysi baraka topkur yozgan ekan, deb qoldi. Hamrohi imlab, davrada oʻtirgan Anvarjonni koʻrsatdi.

– Bay, bay, bay, oʻziyam bittagina ekan-da, – dedi shinavanda maʼnoli iljayib.

Oʻzbek adabiyotining rivojiga qoʻshgan katta hissasi uchun Anvar Obidjonga “Oʻzbekiston xalq shoiri” degan faxrli unvon berildi. Oʻsha kuni Oltiariq bozorlarida turp tekin boʻldi. Qopi bilan toʻkib, kim qancha xohlasa olib ketaversin, biz choyxonada osh damlab, Anvarjonning unvonini yuvamiz, deb “bit toʻkildi” qilib bir yayrashdi oltiariqliklar.

Bir oshpaz nihoyatda hafsala bilan damlangan oshni oʻrtaga qoʻyganda, oshxoʻrlardan biri, bu osh maza qilib yeyishdan boshqa narsaga yaramaydi, deganini eshitgan edim. Endi shu gapni Anvarjonga qaratmoqchiman. Anvarjon yozgan asarlar maza qilib oʻqishdan boshqa narsaga yaramaydi.

Hazilkash yozuvchilar biz toʻgʻrimizda, shogirdi chiroyli, ustozi chip-chiroyli, degan gap tarqatishibdi. Xayriyat, shuni biladiganlar bor ekan, deb xursand boʻldik.

 

Said AHMAD,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

 

2000 yil 19 aprel

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/fargonada-bittagina/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x