Hikoya oʻqib kaltak yeganman…

Oʻzbek kishisi bolasi tugʻiliboq terak ekadi, tol koʻchat oʻtqazadi: uy qurish kerak. Topganini yigʻadi: toʻy qilish kerak. Terak, tol ekish va toʻy qilish bor ekan, bolalar bor. Bolalar bor ekan – hayot bor. Ularning kamoloti uchun esa yaxshi asarlar kerak. Bolalar uchun asar yozish bir qarashda juda osondek, negaki, undagi voqealar sodda, ravontuyuladi. Biroq, bolaning qalbiga kira bilish, uning oʻy-xayollarini samimiy ifodalash oson emas, buni bolalar yozuvchisigina teran anglaydi. Shunday yozuvchilarimizdan biri – bolalarning sevimli “doʻsti”, “sirdoshi”,“tengdoshi” Nosir FOZILOV 85 yoshga toʻldi. Shu va Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bahonasida Nosir boboni “Bolalar bekati”ga taklif qildik.

 

Bir umr bolalar adabiyotiga xizmat qilib kelgan adib sifatida bu janrning oʻziga xosligi haqida gapirib bersangiz…

– Bolalar adabiyoti – nozik adabiyot. Shuning barobarida, bolalar yozuvchisiyu shoirining ham qalbi nozik boʻladi. Bolalar ijodkori u shoir boʻladimi, yozuvchimi, bola boʻlib yashaydi, fikrlaydi. Balki, shuning uchun bolalar adabiyotining vakillari barmoq bilan sanarlidir. Menimcha, buning sababi bunday: biz hamisha oʻzimizni ulgʻaygandek tutamiz. Hatto “yosh bolasan-a”, deb xafa qilishdan ham xijolat tortmaymiz. Inson qonida ulgʻayishga tashnalik bor. Kimdir yetti yoshida yigit boʻladi, kimdir qirq yoshida ham bola. Umuman, olganda har yoshning vaqtida boʻlgani maʼqul. Bolalar haqida yozish… Bu juda koʻp takrorlangan gap. Shuni unutmaslik kerakki, asar osmondan tushmaydi, aksincha, yashab oʻtgan umrimizning kuzatuvlari, xulosalari, kerak boʻlsa bolaligidir.

Bolani aldab boʻlmaydi. Mana siz, bolaligingizda boʻlib oʻtgan qiziq bir voqeaga oʻxshash lavhani kitobdan oʻqib qoldingiz. “I-e, bunaqa boʻlgandi-ku”, deb ajablanasizmi? Shunday ekan, yozuvchi, avvalo, bola boʻlib, uning qalbiga kirib yozsin, kerak boʻlsa, oʻsha bolalar bilan chillak oʻynasin, koptok tepsin va hokazo. Biz qachon kitobga oshno boʻlganmiz – bolalikdan. Demak, kitobga mehrni bolalikdan shakllantirish lozim. Buning uchun bola qalbidagi gapni topib, bilib yozish kerak. Boʻlmasa, barchasi bekor.

Demak, oʻzingiz ham “Qorxat”da, “Qahr va Mehr”da bolaga aylangan ekansiz-da…

Xuddi shunday. “Bola”ga aylandim-u kattaligim esimdan chiqib ketdi. Albatta, bu hazil. Lekin gapning ochigʻi, oʻsha asarlarni miriqib yozganman. Shu oʻrinda aytib oʻtay, bolalar ijodkori boʻlishning eng zoʻr tomoniyam bor: bolalar yozuvchisi degani – siz hech qachon qarimaysiz degani. Sochingiz oppoq, tishlaringiz toʻkilgan boʻlsa-da, olis togʻda kitob oʻqiyotgan bolaning ham yaqin sirdoshi, tengdoshi boʻlib qolaverasiz… Buning gashti boshqacha boʻladi.

Oʻz bolaligingizni ham bir esga olsangiz…

– Mening bolaligim… Shu oʻrinda bir voqeani aytib beray: nabiramning darslari tugagach, toqqa olib chiqdim. Atrof yam-yashil. Qalbing zavqqa toʻladi. Togʻ bagʻrida oʻtlab yurgan bir qancha qoʻzichoqlarni koʻrgan nabiram: “Bobo, qarang, multfilm”, deydi. Men nima deyishimni-da bilmay jim boʻlib qoldim. Mana, sizga bolalik…

Bolaligimdan tabiatga oshno edim. Ustozim ham, mavzuim ham, oʻquvchim ham tabiat boʻlgan. Hayotning boqiyligini, umrning foniyligini tabiatdan oʻrgandim. Bekorga ona tabiat demaymiz-da.

Esimda, yettinchi sinfda oʻqib yurgan kezlarim Oybekning yangi chiqqan romanini sovgʻa qilishdi. Bir qancha vaqt kitob taʼsiridan chiqolmay togʻu toshlar, qush va suvlar bilan suhbatlashib yurganman. Abdulla Qahhorning “Qanotsiz chittak” kitobi qoʻlimga tushdiyu yeru koʻkka sigʻmay qoldim. Qalbimga bir olov kirganu goʻyo lahza sayin kuydirardi. Oʻsha paytlarda qishning uzun kechalari sandal atrofida dostonxonlik boʻlardi. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Avazxon” singari dostonlardan aytishuvlar tonggacha davom etardi. Bir safar men “Qanotsiz chittak”dan baʼzi hikoyalarni oʻqib berdim. Odamlar hayron boʻlib qolishdi. Ular bunaqa asarlarni bilmasdi, jumladan men ham. Ertasi qishlogʻimizdagi bir odam meni tutib olib rosa savaladi. “Nega urasiz, sizga nima yomonlik qildim?”, desam, “Nega men haqimda yozilgan matalni aytding”, deydi. Mening bolaligim mana shunaqa davralarda, yuragi koʻylagi ostidan koʻrinib turgan odamlar bilan oʻtgan. Orzu ham, niyat ham bolalikdan boshlanadi. Oʻsha kitoblar meni yozuvchilikka boshlagan boʻlsa, ajabmas.

Ustoz, tavallud kuningiz – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga toʻgʻri kelar ekan. Bunda qandaydir hikmat bordek tuyuladi…

Balki shuning uchun ham bolalar yozuvchisi boʻlgandirman. Bola, farzand soʻzi har birimizni nechogʻli qudratli odamga aylantiradi. Shunchaki gap deb oʻylamangu bolalarni, odamlarni yaxshi koʻraman, judayam yaxshi koʻraman.

Shu yaxshi koʻrgan bolalaringizga qanday tilaklaringiz bor?

Bobolar, momolar, ota-onalar farzandlariga qanday tilak bildirsa, duo qilsa, men ham ularga xuddi shuni tilayman. Ular borki kitob yozamiz, ular borki toʻylar qilamiz. Ilohim, bolalarning kulgisi bardavom boʻlsin. Yana bir gap, bu ota-onalarga ham tegishli: bolalarni koʻproq togʻlarga olib chiqing. Kitoblar sovgʻa qiling. Yana, mening nabiramga oʻxshab, qoʻzichoqni multfilm deb yurmasin. Hamisha salomat boʻlishsin.

Sizga ham samimiy suhbat uchun tashakkur. Umringiz yanada uzun, hamma nevaralaringiz omon boʻlsin.

 

Sanjar TURSUNOV suhbatlashdi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/hikoya-oqib-kaltak-yeganman/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x