Najot farishtasi

Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir hayotidan bir lavha

 

Hamshira Yorqinoy opaga maʼqul tushib qoldi. Yuzi issiqqina, juda jonsoʻz, kuydi-pishdi juvon ekan: xuddi oʻz onasini suygandek Yorqinoy opani aylanib-oʻrgiladi… Opa ertalab qoʻl-oyogʻi qaqshab, tanasi ogʻirlashib uygʻongan, shundan koʻngli xira tortib turgan edi. Hamshiraning qoʻli yengil ekanmi, oʻzida darhol oʻzgarish sezdi. Dili yorishib, hamshiraga minnatdor tikildi. Uning qayerdadir koʻrganday boʻldi. Eslolmadi… Shu choq hamshiraning oʻzi gap ochib qoldi.

– Bir narsa soʻrasam maylimi, opa?

– Soʻrang, qizim, bemalol.

– Bilmadim, menga shunaqa tuyulptimi, ilgari ham uyingizga kelgandayman…

– Men ham halitdan beri oʻylanaman: bu qizimni qayerdadir koʻrgandayman, deb… Balki mana shunaqa xizmat bilan kelgandirsiz-da…

– Yoʻq… Men juda yoshligimda kelgandayman. Taxminan qirq yillar avval, yetti yoshimda…* * *

Sanobar horib tolmaydigan gʻayratli juvon edi. Otasini tanib-tanimay yetim qolgan yolgʻizgina qizi gʻamida oʻzini oʻtga, choʻqqa urib tinim bilmasdi. U zavod oshxonasida xizmat qilar, kun boʻyi uch mahal ovqat tayyorlashi, uni issiq oʻchoq yonida tik turib ishchilarga tarqatishi, yana kunora tungi navbatchilikda turishi lozim boʻladi…

Kech soat oʻn birga qadar goʻsht maydalab, kartoshka-piyoz archib, qozonga solishga tayyorlab qoʻydi. Endi bir mizgʻib oladi-da, tong azondan ovqatga unnaydi. Yotishdan oldin negadir bir zum koʻchaga, toza havoga chiqqisi keldi… Shahar tun qoʻynida: chiroqli derazalar siyraklashgan, koʻchalar kimsasiz, jim-jit… Shu choq yuz ellik qadamcha naridagi bekatda turgan uch-toʻrt qorani koʻzi ilgʻadi. “Tramvay kutishayotgandir-da”, oʻyladi juvon. Osmonga tikildi. Yilt etgan yulduz koʻrinmadi. “Yogʻadi shekilli”. Qoʻshni xonadonda qoldirib kelgan qizchasiga xayoli chalgʻidi. “Egniga issiqroq narsayam oberolmadim hali…” Bekat tarafdan qattiq-qattiq ovozlar eshitilib, ayolning diqqati boʻlindi. Razm solib qarab, ahvolni tushundi-da, hovliqib ortiga qaradi. Yoʻlakda muk tushib yotgan qorovul cholni turtib uygʻotdi. – Ota, yoʻltoʻsarlar birovni tunayapti. Miltiqni olib chiqing!.. Chol koʻziniyam ochmadi. Teskari oʻgrilib yotarkan: – Bor, joyingga kirib yot, ishing boʻlmasin, – deb gʻudrandi. Keyin qoʻshib qoʻydi: – Jonim oʻzimga kerak. Shu payt juvon cholning koʻkrak choʻntagidan chiqib turgan hushtak ipiga koʻzi tushdi-da, uni olib, koʻchaga otildi. Koʻchada baqir-chaqirlar kuchaygan, ola-tasir mushtlashuv boshlangan edi. Birovning “yordam bering!” degan nolasini eshitdi-da koʻzini chippa yumib, churillatib hushtakni chaldi. Bor kuchini yigʻib chalaverdi, chalaverdi. Qarasa, yoʻltoʻsarlar tapir-tupur qilib qochib borishyapti. Dadillanib bekat tomon yugurdi. Yetib borsa, tramvay izi yonidan uzun boʻyli bir kishi choʻzilib yotar, yuz-boshi qonga boʻyalgan edi. Shoshib turtkiladi, jon asari yoʻq. Atrofga aylanib telefon budkasini koʻrdi. Oʻsha yoqqa yugurdi. “Oʻshanda oʻzimning jonim koʻzimga koʻrinmabdi, anovilar qaytib keladiyam deb oʻylamabman”, deya xotirlaydi keyinchalik juvon. Koʻp oʻtmay “tez yordam” yetib keldi. Ayni shu vaqtda Labzak tarafdan ikki bezorini oldilariga solib kelayotgan yigitlar koʻrinadi. Bu yigitlar mashgʻulotdan qaytishayotgan militsiya maktabi talabalari boʻlib, hushtak ovozini eshitib yordamga shoshilishgan va shoʻri qisgan bezorilarning roʻparasidan chiqib qolishgan ekan… Eshikda qorovul cholga roʻpara keldi. Chol darhol chetlanib, yoʻl berdi. Miltigʻini quchoqlab, junjikib turaverdi. Boshini koʻtarib qarayolmadi. Faqat u oʻtib ketayotib, zinadan koʻtarilayotganida: “Baraka top, qizim, jannati ekansan”, dedi eshitilar-eshitilmas qilib…

* * *

Vaqt yarim tundan oʻtgan, lekin domladan darak yoʻq. Toʻgʻri, ishdan keyin. Bahrom Inoyatov degan bastakor doʻstinikiga oʻtmoqchi edi. Kechroq kelsam kerak, degandi. Lekin bu mahalga qadar qolib ketadigan odati yoʻq edi. Ishqilib tinchlikmikan?!

Harchand urinmasin, Yorqinoy noxush xayollar oʻrovidan qutulolmasdi. Oxiri toliqdi-da, koʻzi ilindi. Shu orada tush koʻrdi: onasi Bibisahro jahlga mingan, hadeb uni koyib yotganmish. “Nega buncha gʻaflatdasan?!” dermish. Choʻchib koʻzini ochdi. Eshik tiqilladi. Sapchib oʻrnidan turdi. Lekin shu zahoti oyogʻidan quvvat ketib, joyiga behol oʻtirdi. Yoʻq, u kishiga oʻxshamaydi. Taqillatishi bejo!.. Derazadan qaradi. Qizi Dorojon bilan oʻgʻli Mirjalol xonalaridan chopib chiqishdi. – Kim u? Tashqaridan kelgan ovozni tanimadi chamasi, hadeganda eshikni ochishmadi. Bir mahal Dorojon eshik tirqishidan moʻraladi-da: “Voy, aya!” deganicha onasi yotgan xona tomonga chopdi. Yorqinoy jon holatda derazani ochib, qiziga roʻpara boʻldi. – Aya, aya, adamning boshlari bogʻlangan, begona odamlar ham bor!.. – Voy, oʻlay! – Yorqinoy qayoqdan kuch paydo qildi, bilmaydi, eshikka yugurdi… Eshikda rangi quv oʻchgan, boshi tangʻilgan Mirtemir (ha, shunday, oʻzimizning oʻsha benazir shoirimiz!) behol turar, yonida ikki oq xalatli va bir melisa bor edi. Mirtemir Yorqinoyni, uning ortidan jovdirashib turgan bolalarini koʻrdi-da, jilmayishga urindi. – Hech gap yoʻq qoʻrqmanglar, – dedi-da, ostonadan dadil hatladi. Soʻng ortita qarab. – Qani mehmonlar, ichkariga kiringlar. Sizlarni ham tashvishga qoʻydim – dedi jilmayib. – Dorojon qizim, choy qoʻyib yubor. Onasi, ovqatni keltir… Keyin, keyin gaplashamiz. Hammasi yaxshi!..

* * *

– Ertasi kuni istar-istamas gapirib berdilar, – dedi Yorqinoy opa be-rilib tinglayotgan hamshiraga oʻychan koʻz tikkancha. – Oʻsha bastakor doʻstlarinikidan chiqib, tramvay bekatiga kelib turgan ekanlar. Soat oʻn birlar ekan. Uchta notanish kishi oldilariga kelib papiros soʻrabdi, beribdilar. Keyin pul soʻrashibdi. Pulim yoʻq, debdilar. Uchovlashib choʻntaklarini kovlab, bor-yoʻq pullarni qoqib olishibdi. Nega aldading, puling bor ekan-ku, deb har yoqdan turtkilashibdi. Oxiri janjal chiqib, mushtlashib ketishibdi. Bitta barzangisi qoʻliga suyakdan yasalgan bir narsa taqib olgan ekan, shu bilan domlaning chakkasiga uribdi. Domla jon achchigʻida baqirib yuboribdilar. Boshqasini eslolmaydilar. Koʻzlarini ochsalar doʻxtirxonada yotgan ekanlar. Keyin darhol oʻzlarini tetiklikka olib, meni tezroq uyimga joʻnatinglar, deb turib oladilar. Uyimdagilar xavotirlanib, qoʻrqib oʻtirishmasin, deganlar-da… shu qadarlik oilaparvar, bolaparvar edilar domla rahmatli…

Bir necha kungacha oʻzlariga kelolmay yurdilar, koʻp qon yoʻqotgan ekanlar. Doʻxtirlar uyga qatnab muolaja qilishdi. Domla xiyol oʻzlariga kelgach, bir kuni qayoqqadir ketib, uyga hayajonda qaytdilar. – Bilasanmi, ayasi, mening jonimga kim oro kirgan ekan, oddiygina bir ayol… Qoyil qoldim, eshitib. Erkakning ishini qipti, omon boʻlgur!.. Koʻp oʻtmay qandaydir maʼraka qildik. Haytovur domlaning omon qolganliklari shukriga xudoyi qilgandik, chamasi. Shunga domla oʻsha juvonni ham ayttirib keldilar. Ismi Sanobarxon edi. Koʻhlikkina… Ha, esladim, xuddi sizga oʻxshab ketadigan yaxshigina juvon edilar… umrimda birinchi marta koʻrib turibmanu, koʻzimga shunday issiq chalinadiki, oʻz singlimdek bagʻrimga bosdim. U shoʻrlik boʻlsa xijolat tortadi. “Men nima qilibman, boshqa odam boʻlgandayam shu ishni qilardi-ku”, deydi. Mehmondorchilik tugab, uyiga ketayaptiyu, qoʻliga sovgʻa-salom tutamiz, qaniki olsa. Bunaqa uyatchan, kamsuqum ayolni kam koʻrganman… Domla Sanobarxonga, siz najot farishtasi boʻldingiz men uchun, endi qiyomatlik aka-singil boʻp qolamiz, tez-tez kelib turing, deb qayta-qayta tayinlagandilar. Lekin, iymandi chamasi, juvon boshqa kelmadi… Oʻshanda qizchasi yonida edi. Jajjigina, sochlari jamalak, tiyrakkina qizaloq edi. Demak, oʻsha siz boʻlgansiz-da. Uni qarang, qizim “Togʻ togʻ bilan uchrashmaydi, odam odam bilan uchrashadi”, deganlari rost-da! Aytmoqchi, otingizni soʻramabman ham… – Rahima otim, ayajon. Menam yaxshi eslayman bularning hammasini. Oʻshanda mehmonlar mana shu xonada oʻtirishgandi-a?.. Men kirmagandim. Dahlizlaringga baqamti xonada bezalgan archa bor edi. Bundan chiqdi, yangi yildan oldin yoki keyin ekan. Ayamdan ajrab, oʻsha uychaga kirib olgandim. Yosh bolalar koʻp edi, birga oʻynadik… Bu yerga kelayotib oyim rosa qulogʻimni pishitgan edilar: katta bir odamning uyiga boryapmiz, mehmon koʻp boʻladi. Hadeb dasturxonta uzanma. Iloji boʻlsa, hovlidami, boshqa xonadami, oʻtiratur, degandilar. Uyga qaytayotganimizda esa rosa xursand boʻlib, nuqul sizlarni maqtab borgandilar. “Juda yaxshi odamlar ekan. Sira kattalikni bilishmas ekan, odamning joni ekan” deb… Oyim rahmatli koʻp yillar oʻsha kunni eslab yurdilar. Keyinchalik televizorlar chiqdi. Mirtemir domla oynai jahonda koʻrinib qolsalar, oyim darhol meni chaqirardilar. “Ana, Rahima, shoir bobong. Voy tavba, shunday ulugʻ odamgayam qoʻl koʻtarishgandi-ya”, derdilar bosh chayqab… Aytmoqchi, aya, bezorilar nima boʻlgan, qamalganmidi?.. – Oʻshanda birinchi kun ikkitasini tutib olishgan ekan. Keyin uchinchisini ham qidirib topishibdi. Uchalovi ham zavod ishchilari ekan… Bir kuni uyimizga ikki xotin kirib keldi. Yigʻlab-siqtashdi. Birovi oʻsha domlani urgan barzangining xotini, birovi singlisi ekan. “Gunohidan oʻting. Uchta bolasi bor, yetim qolmasin”, deyishdi. Domla ularga qattiq gapirmadilar. “Agar, endi bezorilik qilmayman, odamlarga zararim tegmaydi, deb soʻz berishsa, ularga hech qanday daʼvoim boʻlmaydi”, dedilar. Sudda ham shu gapni aytibdilar. Lekin sud baribir uni qamabdi. Sheriklariga esa yengilroq jazo beribdi… Ha, domla ana shunaqa bagʻri keng odam edilar. Ilojini topsalar, yaxshilarni boshlariga koʻtarar edilar, lekin yomonga yomonlik qilishni ham oʻzlariga ep bilmasdilar…

 

Orziqul ERGASH

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/najot-farishtasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x