Safo Ochil

 (1942–2009)

“Safo Ochil – serqirra ijodkor. U taniqli shoir, iqtidorli adib va tarjimon, isteʼdodli adabiyotshunos va tarjimashunos olim, mohir tarbiyashunos va muallim, adolatli noshir sifatida oʻzbek xalqiga maʼlum va manzur”, deyiladi adibning “Orzular koʻkida shafaqlar” kitobining avvalida. Toʻgʻri, yuqorida aytilgan sifat va fazilatlar Safo Ochilda toʻla mujassam.

Shoir va olim Safo Ochil toʻfonli kunlarda, oʻzbek xalqi ikkinchi jahon urushining dahshatli va vahimali azob-uqubatlarini boshidan kechirayotgan davrda, yaʼni 1942 yil, 20mart kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida dunyoga keldi. U boshlangʻich taʼlimni shu tumandagi “Olgʻa” hamda Oxunboboyev nomli maktablarida oldi, keyin esa Bogʻot tumanidagi Narimonov nomli oʻrta maktabni tamomladi.

U 1958 yilda Toshkent davlat chet el tillari pedagogika institutining nemis tili fakultetiga kirib, uni nemis tili, oʻzbek tili va adabiyoti ixtisosligi boʻyicha tugatdi. Soʻngra uzoq yillar Xorazm davlat pedagogika institutida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida samarali faoliyat koʻrsatdi.

Filologiya fanlari nomzodi, pedagogika fanlari doktori, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi Safo Ochil oʻz ijodiy faoliyatini 1955 yilda bolalarbop sheʼrlar mashq qilishdan boshladi. Uning bolalar uchun yozgan asarlari “Umidvor qushcha” (1983), “Kamalak va sumalak” (1987), “Burgut” (1992) kabi sheʼriy kitoblariga jamlangan boʻlib, ularning barchasi yosh kitobxonlarga manzur boʻlgan.

Shoirning oʻsha davrdagi mashqlarida ham oʻziga xos isyonkorlik va kurashchanlik koʻzga tashlanadi. “Onam paxtakor” (1955) sheʼrida lirik qahramon onam “Oʻtgan yili koʻp Paxta terdi. Davlat unga Nishon berdi. Pul ber desa, Derlar qoch-qoch, Bizlar esa Och, yalangʻoch…” deya hayqiradi. Darhaqiqat, sheʼr yozilgan davrda paxtakor-mehnatkashlar faqat mehnat qilishgan, lekin mehnatiga yarasha haq olishmagan. Shu hayot haqiqati badiiy haqiqatga aylanganki, bu mavjud shoʻro tuzumiga nisbatan murgʻak qalbning isyonidir.

Shoir ramziy ifodalash orqali oʻzining falsafiy fikrlarini bolalar tilida jonlantirishga harakat qiladi. Bu oʻrinda “Kungaboqar” sheʼri diqqatga loyiq:

Kungaboqar muloyimdir,

Uyati bor.

Oʻziga xos qiziq, ajib

Odati bor –

Tunda yerga, kunduz esa

Kunga boqar.

Shu boisdan yer-u kunga

Birday yoqar.

Qorni toʻygach, “yigʻib olar”

U esini.

Quyoshga ham koʻrsatadi

Yelkasini…

Bu sheʼrda oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiga xos botiniy parallelizm uslubi gavdalangan. Kungaboqarning oʻziga xos xususiyatlari, oʻsishi, “yashash” tarzi yashirin ravishda insonga qiyoslanadi. Darhaqiqat, ayrim laganbardor odamlarning rahbar-u amaldorlarga yaltoqlanishi, ularning ogʻziga qarab turishi va ularga egilibbukilib turish manzaralari barchaga ayon va maʼlum. Qolaversa, hayotda baʼzi kishilar borki, ular ishi bitgach, yaxshilikni tez unutadilar, ezgulik qilgan insonga hatto “elkasini koʻrsatadi”lar. Sheʼrda shu lavhalar badiiy jihatdan yaxshi tasvirlangan.

“Soyam bilan oʻynayman” sheʼrida ayrim subutsizlar timsoli yorqin ifodalangan. Bola oʻz soyasi bilan doʻst tutinadi, oʻynaydi. Biroq soya esa bola yursa-yuradi, tursa-turadi.

Bolada qiziq bir xususiyat bor. Kimdir uning qilgan ishini, xatti-harakatini takrorlayversa, aytgan soʻzini bot-bot aytaversa, “Meni ermak qilyapti” deb undan jahli chiqadi. “Soyam bilan oʻynayman” sheʼridagi lirik qahramon ham shu holatga tushadi va oʻz soyasiga:

“ – Ey, soyajon! Qilmagin ermak. Shunday qilsang, Doʻstmassan, demak”, deya tanbeh beradi. Lekin soya “bilganidan qolmaydi”.

Shunda lirik qahramon oʻzining ichki ruhiy holatini, kichkintoylarga xos iztirobini, noroziligini toʻkib soladi:

Poʻm” desam-da,

Ergashib kelar.

Undan odam

Qanday qutular?!

Shoirning “Qoʻrqoqlik” sheʼrida yosh lirik qahramon nohaqlikka, adolatsizlikka, loqaydlikka qarshi isyon koʻtaradi. Shu isyon ruhi badiiy-publitsistik uslub orqali tasvirlanadi:

Dada, katta bir bola

Meni nohaqdan urdi.

Yordam bermay oʻrtogʻim

Qoʻrqoqlik qilib turdi.

Murgʻak bola ogʻir ahvolga tushganida oʻrtogʻining himoyasini kutadi. Shunda oʻrtogʻi koʻmaklashmasa, yonini olmasa, u iztirob chekadi. Va bola dadasidan soʻraydi:

Sizni ham men singari,

Birov nohaq urganmi?

Shunda doʻstingiz chetda

Yordam bermay turganmi?

Bu holat nafaqat bolalarga, balki kattalarga ham xosdir. Bir kishi ikkinchi kishini begunoh, adolatsiz ravishda xafa qilsa yoxud xoʻrlashga harakat qilsa, bundan ogʻiri boʻlmaydi. Darhaqiqat, shunday noxush hodisalar uchrab turadi. Shoirning “Qoʻrqoqlik” sheʼrida tasvirlangan voqea-hodisada hayot uygʻunligi bilan sheʼriy uygʻunlik bir butun yaxlitlikka ega.

Bolalar shoiri kichkintoylar hayot tarzini, ichki dunyosini, feʼl-atvorini, ruhiy kechinmalarini, fikrlash darajasi va koʻlamini, eng asosiysi, ularning shirin, chuchuk tilini yaxshi bilishi asosiy mezondir. Shoir Safo Ochil sheʼrlarini oʻqir ekanmiz, uning shu fazilatlarini kuzatamiz.

Odatda, bolalar tabiat manzaralarini, hayvonot va qushlar dunyosini boshqalardan koʻra koʻproq sevadilar, oʻzgacharoq his qiladilar va idrok etadilar. Shoir sheʼrlarida bolalarning shu xislatlari badiiy-falsafiy jihatdan aniq tahlil qilinganki, ular murgʻak qalblarning ruhiyatiga samarali taʼsir qila oladi.

“Yarador qushcha” sheʼrida ilgari surilgan badiiy-tarbiyaviy gʻoya qushlarga nisbatan mehr, gʻamxoʻrlik tuygʻularini shakllantirishga yordam beradi. Sheʼrda poetik voqea-topilma tush orqali ifodalanadi va nazmiy til orqali “soʻzlab” beriladi. Kichkintoyning oʻzi tushida uchib yuradi. Yonginasida uchayotgan qushchani otishadi va bola qulayotgan yarador qushchani ushlab oladi. Keyin yaralarini bogʻlab, unga yordam koʻrsatadi. Lirik qahramon qushchaning chekayotgan azobi, qiynalib chirqirashiga chidolmay yigʻlab yuboradi, uygʻonib ketadi va deydi:

Tushdagidek ne uchun

Uchib yura olmayman?

Yarador qushchamni men

Nahot koʻra olmayman?

Tushidagi kabi ucholmasligidan afsuslanish, yarador qushchasiga rahm-shafqat va uni sogʻinish ruhi bola vujudini qamrab olgan. Boshqacha aytganda, murgʻak qalbda sogʻinch dardini uygʻotish va shakllantirish lirik yoʻsinda talqin qilingan.

“Yarador qushcha” sheʼrining ikkinchi qismida avvalgi poetik maʼno va maqsad ravshanlashtiriladi. Yaʼni oʻyinqaroq bolaning toshbagʻirligi, ozor chekkan qushning iztirobi va nihoyat, rahmdil kichkintoyning odobliligi va mehr-oqibati sokin ohangda kuylanganki, bu turfa feʼl-atvorlar oʻquvchi ruhiga samarali taʼsir etadi.

Oʻyinqaroq bola sopqonidan tosh otib, qushni yerga qulatadi. Boshqa bir bola tipirchilab, chalajon yotgan qushchani mushukdan olib qochadi va unga in yasaydi, malham qoʻyib, yarasini bogʻlab, don-dun berib, parvarish qiladi. Qushcha esa yarasi tuzalgach, qafasda zerikadi. Rahm-shafqatli, odobli bola uning bu holatini his qiladi:

Tuzalgach asta-sekin,

Zerikdi u qafasda.

Qolgan kabi armonda,

Uchsam derdi osmonda.

Uni yaxshi koʻrardim,

Darrov qoʻyib yubordim.

Shoirning “Men”i tutqunlikda qiynalayotgan qushchani ozod qiladi. U bundan zavq-shavq oladi. Bu yerda ozodlik, erkinlik bola tilidan falsafiy yoʻsinda ifodalangan. Yuqorida aytilgan poetik maʼnoni ochib berish uchun muallif jonli hikoya uslubini tanlaganki, u sheʼrga nafis va ohangdor pafos hamda joziba bagʻishlagan.

Safo Ochil “Togʻ lavhalari” (turkum), “Mudraydi qishloq”, “Ey, qor”, “Qor bola”, “Qish”, “Oqshom”, “Koʻklam qoʻshigʻi” sheʼrlarida tabiat manzaralarini chizish orqali murgʻak bolalarning estetik didini shakllantirish, “Kurashchi bola”da sportga mehr, “Xazonlarni supurmang”da insonparvarlik, “Yaxshilikning yovlari”da ezgulikning yovuzlik ustidan tantana qilishi, boshqa koʻpgina sheʼrlarida esa Vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat singari tuygʻular rango-rang boʻyoqlarda chizilgan.

Safo Ochil bolalar qoʻshiqchiligini rivojlantirishga samarali hissa qoʻshgan shoir. Uning qoʻshiqbop sheʼrlari sodda, tili ravon, sermazmun, ohangdor, shuningdek, ularning har biri muayyan poetik maqsadga yoʻnaltirilgan. Shuning uchun shoirning aksariyat sheʼrlari osongina kuyga tushadi. Bastakor ularga qiynalmasdan kuy bastalaydi, jajjigina ijrochi osongina kuylay oladi. “Gul ekaman”, “Oʻz tilim”, “Ota-ona duosi”, “Osmonimiz tiniq boʻlsin” singari sheʼrlar shular jumlasidandir.

Masal bolalarning sevgan janrlaridan hisoblanadi. Chunki qushlar, sudralib yuruvchilar, hayvonlar va shu kabilarning xattiharakati, ularning oʻziga xos xususiyatlari goh kulgili, goh satirik yoʻsinda tasvirlanadi. Safo Ochilning “Qargʻa va Bulbul”, “Ilon va Tipratikan” “Tuya bilan Kuchuk”, “Tovuq va simob pantomimasi”, “Qurbaqa va sigaret” singari masallari badiiy yuksak mahorat bilan bitilganki, ular bolalarning diqqatini oʻziga tortadi.

Xayoliy ramz va timsollar, kutilmagan hayotiy voqea va hodisalar, odatdan tashqari oʻxshatish va istioralar, goʻzal tasnif va tasvirlar, gʻaroyib sarguzashtlar, mardlik va shu kabi badiiy unsurlar muayyan sujet chizigʻida birlashadi. Bunday hikmatlarga boy dialektik yaxlit topilma bolalar diqqat-eʼtiborini qozonadi, oʻz “bagʻri”ga ohanrabodek tortadi. Bu, koʻpincha, doston, ertak va afsonalarga xos badiiy-estetik xususiyatdir.

Shoir Safo Ochil qalamiga mansub doston va ertaklar ham shunday fazilatlarga ega boʻlib, ularda badiiy jozibasi bilan murgʻak qalblardan tez oʻrin olish qudrati mavjud. Adibning doston va ertaklarida faqatgina taʼsirchan badiiylik emas, balki ularda voqea-hodisalarni tahlil va tadqiq etish samarali koʻzga tashlanadi. Darhaqiqat, shoir har bir asariga badiiy-ijodiy va ilmiy-nazariy jihatdan yondashadi.

Shoirning “Gavhartosh” ertak-dostoni xalq ichida tildan tilga koʻchib yurgan bir afsonaning sujet-voqeasi asosiga qurilgan boʻlib, unda ota qadri, uning maʼnaviy-axloqiy hikmatlari badiiy ifodasini topgan. Dostonning lirik qahramoni muayyan jamiyatda asrlar osha axloqiy qonuniyatga aylanib qolgan urf-udum va anʼanalarga qarshi bosh koʻtaradi.

Chambil degan mamlakatda ota yoxud ona qarigach, ular togʻ ortiga – ilonlar makoniga olib borib tashlangan. Jurʼat shohlarning udumga aylangan bu farmonidan nafratlanadi:

Farmoningga ming laʼnat, ey Shoh,

Farmoningdan oʻrgildik, tojdor.

Udumlaring tufayli, e voh,

Nahot bola Otaga agʻyor!

Shoir “oʻrgildik” soʻzini koʻchma maʼnoda ishlatgan boʻlib, u nafratlanish maʼnosini ifodalaydi. Bu, oʻz navbatida, sheʼrga poetik effekt (samara, pafos) baxsh etgan va fikr taʼsirchanligini oshirishga xizmat qilgan.

Lekin Jurʼat ham taqdirga tan berib, otasini yelkasiga ortib, ilonlar saltanatiga yaqin joyda bir xarsangtoshga oʻtqizib, dam oladi. Shu yerda otasining aytgan soʻzlari farzand qalbini, uxlab yotgan tuygʻusini uygʻotadi:

Men ham senday sher kabi olgʻir,

Kuchga toʻlgan yigit boʻlganman.

Qirq yil burun bobongni, axir,

Shu tosh uzra olib kelganman”.

Shu toʻrtlik maʼnosida “Qaytar dunyo”, “Keyinchalik bu qismat sening ham boshingga keladi” degan hikmat yashirin. Biroq bu hikmat bolalar tafakkuriga, dunyoqarashiga va ichki dunyosiga mos keladigan til va sodda badiiy uslub bilan berilganki, uni yosh kitobxon tez va aniq tushuna oladi.

Xalqimizda “Qari bilganni – pari bilmas” degan maqol bor. Uning maʼnosi ertak-dostonda hayot haqiqati orqali ilmiy jihatdan asoslanadi. Johil shohga dengizning oqmas qismi – chuqur soy tubida gavhar koʻrinadi. Oʻsha hududdagi yosh yigitlar gavharni olib chiqishga majbur qilinadi. Biroq uni hech kim olib chiqolmay, suvga choʻkib, halok boʻlishadi. Navbat Jurʼatga yetadi va boʻlgan voqeani yertoʻladagi otasiga bayon qilib beradi. Ota “Dedi soʻngra nosni tupurib: – Bormi oʻsha joyda bir daraxt? Jurʼat dedi: – Ha, bitta chinor”. Soʻngra ota gavhar chinor tepasidagi burgut uyasida ekanini aytadi. Darhaqiqat, suv ostida koʻringan gavhar burgut uyasidagi gavharning aksi edi. Bu yerda hayot voqeasi bilan badiiy toʻqima uygʻunlashib, singishib ketganki, u bolaning fikrini teranlashtiradi va shu bilan birga unda asar davomida oʻqishga qiziqish ortadi. Bu badiiy tafakkurning qudratidir.

Ertak-doston boshqa ertaklarga xos lirik qahramonning gʻalabasi, ijtimoiy Haqiqat va Adolat tantanasi, buyuk kelajakka ishonch tuygʻularining ifodasi bilan yakunlanadi. Yaʼni inson hayoti va turmushini oyoqosti qiluvchi gʻoyalar ustidan insonparvarlik, qariyalarga gʻamxoʻrlik, vatanparvarlik gʻoyalarining muborak tantanasi asarning asosiy salmogʻini tashkil qiladi.

Safo Ochilning “Burgut”, “Nodir pahlavon”, “Temirchi boy va boyoʻgʻli” kabi ertaklari ham bolalarning maʼnaviy-axloqiy va estetik tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Umuman olganda, shoir va olim Safo Ochilning deyarli barcha asarlari milliy istiqlol gʻoyasi bilan sugʻorilgan boʻlib, ular milliy bolalar adabiyotining ravnaq topishida muhim oʻrinni egallaydi. Bunda shoirning filolog va pedagog olim sifatidagi isteʼdodi qoʻl kelgan. Safo Ochilning bolalar uchun yozilgan asarlari badiiy va pedagogik jihatdan oʻz tadqiqotchilarini kutmoqda.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/safo-ochil/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x