Bir-birimizni asraylik

Hamkasb doʻstlarimga ochiq xat

 

Doʻstlar, keling, bir lahza yuzma-yuz oʻtirib, oʻzimizni qiynayotgan masalalarni baqamti gaplashib olaylik. Jahl qilmasdan, ehtiroslarga berilmasdan… Bilaman, biz – yozuvchi xalqi hissiyotli odamlarmiz. Biroq ehtiros bilan aytiladigan fikrlarni osoyishta gaplashsa ham boʻladi-ku, toʻgʻrimi?

Oʻtgan yili Qoʻqon yaqinida – Buvaydada kitobxonlar bilan uchrashuv boʻlgan edi. Yodimda, ming kishilik zalni toʻldirib oʻtirgan odamlarning koʻzidagi hayajon, adabiyotga, yozuvchilarga boʻlgan cheksiz ehtirom meni qattiq larzaga solgandi. Shunchalik kitobsevar xalqimiz bor. Oddiy mehnatkashlar yozuvchiga shu qadar qattiq ishonadi, shu qadar ixlos bilan qaraydi. Bunday samimiy mehrni oqlash uchun yaxshi kitob yozishning oʻzi kifoya qilmaydi. Buning uchun qalamkash oʻz xalqining fidoyi farzandiga aylanishi kerak… Ammo oʻshanda yana bir narsa xayolimga kelgan edi. Mana shu zalda oʻtirgan ming kishi, mabodo imkon topsa-yu, qalamkashlarimiz davrasida tez-tez boʻlib turadigan suhbatlarga aralashib qolsa, nima boʻlardi? Oʻz nazarida eng ziyoli qatlam hisoblangan biz – yozuvchilarning “dahanaki janglarimiz”ni, mayda janjallarimizni koʻrsa nima qilgan boʻlardi? Nechtasining adabiyotdan ixlosi qaytardi! Nechtasi kitob doʻkoni yonidan oʻtsa, teskari qaraydigan, “yozuvching shu boʻlsa, kitobini oʻqimaganim boʻlsin”, degan qarorga kelardi! Oʻsha iztirobli savollar hamon dilimni oʻrtaydi.

Birodarlar, oʻylab koʻraylik, majlislarimizdagi gaplarimiz maydalashib ketmayaptimi? Yozuvchining xalq oldidagi burchi haqida, ijodkor mahorati haqida qachon, qaysi yigʻinda professional suhbat qildik?! Buning oʻrniga qaysidir anjumanda kimgadir soʻz berilmay qolgani, qaysi bir uchrashuvda kimgadir koʻproq, kimgadir ozroq gul tutqazilgani, kimdir sheʼr oʻqib, kimgadir navbat tegmagani, qaysi bir yigʻilishda kimgadir balandroq, kimgadir pastroq qarsak chalingani, kimningdir ijodiy kechasida kimdir maqtabroq, kimdir maqtamayroq gapirgani, kimningdir kitobiga koʻproq, kimnikigadir kamroq taqriz chiqqani asosiy mavzu boʻlmayaptimi? Oʻzingiz tanangizga oʻylab koʻring: xalq mehrini, kitobxon muhabbatini zoʻrlik bilan qozonib boʻlmaydi-ku. Har qanday asarning bahosini eng xolis ikki hakam – kitobxon bilan vaqt belgilaydi. Qolaversa, adabiyot degani yoʻlovchilar bilan toʻlgan avtobus emaski, bir eshikdan birov kirganida ikkinchi eshikdan boshqa birov tushib qolsa. Ijod osmoni keng. Unga xohlagancha yulduz sigʻadi. Yulduz boʻlish esa isteʼdodga, faqat isteʼdodga bogʻliq. Ijodda birovning oʻrnini birov egallay olmaydi. Adabiyotimizning tamal toshini qoʻygan mumtoz adiblarimizdan tortib, bugungi oqsoqollargacha, oʻrta avloddan to eng yosh ukalarimizgacha hammaning oʻz oʻrni bor. Kimni koʻproq yaxshi koʻrish masalasini esa kitobxonning oʻzi hal kiladi. Buning uchun minbarga chiqib, obroʻ talashish shart emas. Bu oddiy haqiqatni tushunish unchalik qiyin emasdir axir!

Hayotimizda oshkoralik zamoni boshlanganidan xursandmiz. Ammo baʼzi hamkasblarimiz oshkoralikni suiisteʼmol qilmayaptimikin? Rostini aytganda, hozir gazetalarda, jurnallarda, nashriyotlarda ishlash oson emas. Bu bilan men eski zamonda ishlash maʼqul edi, demoqchi emasman. Aksincha, bugungi kunda boʻsh asarlarning oldini toʻsish, chinakam badiiy mahorat bilan yozilgan kitoblarga keng yoʻl ochish imkoni tugʻildi. Albatta bu sohada hali qilinishi lozim boʻlgan ishlar, yoʻl qoʻyib kelinayotgan kamchiliklar oz emas. Bular haqida bahamjihat oʻylashimiz kerak. Biroq oshkoralikni faqat oʻz manfaati yoʻlida tushunayotganlar ham yoʻq emas.

Shunday qalamkashlar borki, asar yaratishga qancha noʻnoq boʻlsa, shikoyat yozishga shuncha usta. Asarni epaqaga keltirib yozolmaydi, yuqori idoralarga ariza bitishni esa qoyil qilib tashlaydi. Shuncha odamni ovora qilish oʻrniga asarini puxtaroq yozsa-ku, olam guliston! Yoʻq, u “oʻz huquqi”dan unumli foydalangisi keladi. Hozir ijodiy tashkilotlarda zamonaviy matal paydo boʻlgan: “Asar yozolmagan odam shikoyat yozishni qoyil qiladi”. Nachora, bu ham – achchiq haqiqat!

Yana bir misol. Aytaylik, bir tanqidchi doʻstimiz gazeta yoki jurnalga maqola olib keladi. Maqolada tadqiqotdan koʻra andishasizlik bilan aytilgan daʼvolar, hatto aybnomalar koʻproq boʻladi. Taxminan mana bunday: “Falonchi yozuvchi falon yoshga kirib hech nima yarata olmadi. Mana endi biz uning haqiqiy basharasini fosh qilamiz”. Maqola muallifiga tushuntirmoqchi boʻlasiz. “Jon birodar, agar oʻsha yozuvchi yoki shoir bu yorugʻ dunyoda shuncha yil yashab, shuncha ijod qilib, bir satr ham durust narsa yozolmagan boʻlsa, shuni ilmiy asosda isbotlab bering. Qolaversa, bu gaplarni bechoraning yuziga tarsakilab urgandek qilib aytish shartmikin…” Maqola muallifi darhol “hujum”ga oʻtadi. “Nima, siz uni himoya qilyapsizmi?! Kimingiz boʻladi? Agar maqolani qisqartirsangiz, shunday qilganingiz haqida boshqa joyga yozaman. Bu mening shaxsiy fikrim, hozir oshkoralik zamoni, fikrimni aytishga haqqim bor”. Nachora, maqola bosilib chiqadi. Oradan oʻn kun oʻtar, oʻn besh kun oʻtar… “Poʻstagi qoqilgan” yozuvchi yoki shoir javob maqolasini koʻtarib keladi. “Falonchi tanqidchi meni haqorat qilibdi. Mana javob”. Oʻqib koʻrasiz. Endi yozuvchi yoki shoir boyagi tanqidchining changini chiqarib yuborgan boʻladi. Adolat, haqiqat daʼvo qilayotgan xuddi oʻsha tanqidchi qaysi katta amaldor haqida nechta maqola yozganligi, hozir jinoyati ochilgan qaysi shaxs nomiga bir vaqtlar qanday maqtov gaplar aytgani… Yana tushuntirmoqchi boʻlasiz. “Hoy, birodar, qoʻyaqoling endi, mayda gaplarni koʻpaytirishning nima keragi bor”, desangiz javob tayyor. “Oʻsha tanqidchi sizning kimingiz boʻladi? Nega u meni haqorat qiladi-yu, men indamay turishim kerak? Agar maqolamni bermasangiz oʻzingizni sharmanda qilaman, siz guruhbozlik qilyapsiz”. Nachora, bu maqola ham chiqadi. Oradan yana oʻn kun, oʻn besh kun oʻtadi. Endi tanqidchining shogirdlari oʻz ustozini himoya qilib keladi. Bu maqola ham chiqqudek boʻlsa, yozuvchining shogirdlari undan ham kattaroq javob yozadi. Qarabsizki, zanjirli reaksiya boshlanib ketadi. Adabiyotning tub masalalari bir chekkada qolib, ikki guruhning jiqqa-musht jangi boshlanadi.

Doʻstlar, toʻgʻri tushuninglar. Men hech kimga nasihatgoʻylik qilmoqchi emasman. Birovga aql oʻrgatish niyatim ham yoʻq. Bu gaplarni azbaroyi jonim kuyganidan aytyapman.

Keyingi paytlarda paydo boʻlgan yana bir odat haqida toʻxtalishga toʻgʻri keladi. Nima uchundir talay qalamkashlarda adabiyotni faqat men yarataman, mengacha boʻlgan adabiyot – adabiyot emas, deganga oʻxshagan tushuncha bordek koʻrinadi. Bu oʻrinda gap yoshlar haqida ketyapti, deb oʻylamang. Umuman hamma avlod vakillarida ham shunday fikrlaydigan hamkasblarimiz yoʻq emas. Toʻgʻri, odam oʻziga ishonmaguncha katta ijodkor boʻlolmaydi. Biroq bu ishonch oʻziga bino qoʻyishga aylansa, xohlasak-xohlamasak bir avlodni ikkinchi avlodga, bir qalamkashni ikkinchi qalamkashga qarshi qoʻyish boshlanadi. Bu esa oʻz navbatida yana guruhbozlikka olib keladi. Bu – masalaning bir tomoni.

Ikkinchi tomondan esa biz koʻp yillik adabiy tajribalarimizga, ustozlarimizga bepisandlik bilan qarasak, gumrohlik qilgan boʻlamiz. Xohlaymizmi-yoʻqmi, hammamizning unib-oʻsgan ijod tuprogʻimiz bitta. Xohlaymizmi-yoʻqmi, hammamizning tanglayimiz u yogʻi Hazrat Alisher Navoiy, bu yogʻi 20-yillardan boshlangan realistik adabiyot namoyandalarining asarlari bilan koʻtarilgan… Agar bir avlod oʻzidan oldingi avlodlarning izlanishlarini inkor etsa, keyingilar ham bu avlod izlanishlarini bemalol yoʻqqa chiqarishi mumkin. Qolaversa, yetmish yil mobaynida ijod qilgan otalarimiz va akalarimizning qanday sharoitda yashagani, qay alpozda asar yozganini ham unutmaylik.

Baʼzi misollarni eslab koʻraylik. “Obid ketmon” yaxshi asar. Ammo badiiy mahorat jihatidan “Oʻtkan kunlar”dan ancha orqada (bu mening shaxsiy fikrim). Xoʻsh, nega shunday? Nazarimda, Qodiriy bu asarini qalb zarurati darajasiga aylanmasidan turib, dardi pishib yetmasidan turib yozgan. Toʻgʻrirogʻi, Qodiriyni oʻtmishni ulugʻlashda ayblashganidan keyin, zamonaviy mavzuda kitob yozmasang, ahvoling chatoq, deb peshonasiga nuqiyverishganidan keyin asar qogʻozga tushgan. Ehtimol, ulugʻ adibimiz bu qissani oradan oʻn yillar oʻtib yozganida, “Obid ketmon”ning badiiy quvvati “Oʻtkan kunlar”dan kam boʻlmas edi. Yoki Gʻafur Gʻulomni olaylik. Gʻafur Gʻulomdek buyuk sanʼatkor ehtirosi, falsafasining bir qismi “ulugʻ ogʻa”lar va “ulugʻ dohiy”ni madh etishga sarf boʻldi. Buning sababini bilish qiyin emas. Shunday davrlar boʻlganki, begunoh odamni, ustiga-ustak xalq yaxshi koʻrgan odamni “xalq dushmani” deb qamoqqa tiqqanlar. Sibirda oʻrmon kestirganlar, oʻsha begunoh qamalgan odamning begunoh oʻgʻilchasi yoki qizchasi esa “Baxtli bolaligimiz uchun dohiymiz Stalinga rahmat!” deb baqirishga majbur boʻlgan. Yoinki, Abdulla Qahhorning “Qoʻshchinor chiroqlari” romanini sinchiklab oʻqib koʻring. Aslida romanning birinchi varianti boshqacha yozilgan. Biroq zamon tazyiqi bilan Qahhordek odam, har bir soʻzni zargar singari taroziga tortib ishlatadigan sanʼatkor bu asarni oʻz iborasi bilan aytganda, “yozish emas, yasashga” majbur boʻlgan.

Shularni dastak qilib “Oʻtkan kunlar”dek shoh asar yozgan Qodiriyni, “Vaqt”, “Sogʻinish”, “Sen yetim emassan” singari yoniq falsafiy asarlar yaratgan Gʻafur Gʻulomni, mumtoz hikoyalar, “Sarob” romanini bitgan Qahhorni, “Navoiy”ni yaratgan Oybekni oz boʻlsa ham kamsitishga haqqimiz bormi? Oybek domla “Qutlugʻ qon”dek romaniga allaqanday Petrov degan obrazni kiritishga majbur boʻlganini, bu obraz asarga mutlaqo “yopishmay” koʻrichakdek osilib yotganini tushunish uchun katta aql kerak emas-ku! Biz bunday ustozlarga taʼzim qilishimiz, ularning mahoratini chuqurroq oʻrganishimiz joiz emasmi?

Bugun yoshi yetmishning nari-berisida boʻlgan yoki umri vafo qilmay hayotdan koʻz yumgan “ikkinchi avlod” deb atalmish oqsoqollarimiz haqida “bu avlod vakillari hech nima yaratmadi”, degan fikrni ham eshitib qolamiz. Insof qilinglar, avvalo bu adiblar boshiga tushgan kunlarni unutmaylik. Ular endi yigit yoshiga yetganida – 37-yillarda qirgʻinbarot boʻldi. Ketidan urush boshlandi. Endi yengil nafas olaman, deb turishganida “kalla olish” boshlanib ketdi… Hozirgi talay “etmishvoylar” koʻnglidagi gaplarni ochiq-oydin yozolmasligi, isteʼdodi toʻla roʻyobga chiqmaganligi oʻsha zamon toʻfonlariga bogʻliq emasmi? Nima boʻlganda xam bu ustozlarimiz orasida isteʼdodli adiblar, shoirlar yoʻq emas-ku. Biz bu avlod vakillarining oʻziga xos ijodiy tajribalarini oʻrganishimiz, yaxshi asarlaridan quvonishimiz, ular yoʻl qoʻygan kamchiliklardan xulosalar chiqarishimiz foydali boʻlmaydimi?

Birodarlar! Yozuvchi – xalq vijdoni degan gap bejiz aytilgan emas. Ayniqsa bugungi kunda kimning qanday ijodkor ekanligi xalq dardini, mamlakat tashvishini qanchalik chuqur his etayotganiga, bu yumushlarga yelkasini qanchalik tutib berayotganiga bogʻliq. Keling, achchiq boʻlsa ham bir hakiqatni eʼtirof etaylik: biz katta tashvishlarni qoʻldan kelgancha hal etish, bu ishda jamiyatga yordam berish oʻrniga mayda-chuydalar bilan oʻralashib qolyapmiz.

“Qayta qurish”, “Turgʻunlik” bahonasida bizning yurtimizga otilmagan tosh qolmadi. Markaz matbuoti bizni “qoʻshib yozuvchi” dedi, “tekinxoʻr”, dedi, “oʻzbek ishi” degan “tarixiy jinoyat” dunyoga doston qilindi. Avval soʻrab koʻraylik: qoʻshib yozishga kim majbur qildi? Butun boshli xalqni badnom qilish kimga shunchalik kerak boʻlib qoldi? Eng achinarlisi, shunday ogʻir pallada “xalq vijdoni” hisoblanmish biz – yozuvchilar xalqni himoya qilish uchun nima karomat koʻrsatdik? Bunday tuhmatlarga oʻzbek adiblari emas, Chingiz Aytmatov zarba berdi.

Qadimgi Vizantiya madaniyati qadimgi Rossiya madaniyati taraqqiyotiga qanchalik hissa qoʻshgan boʻlsa, qadimgi oʻzbek madaniyati ham oʻrta Osiyo xalqlari madaniyati taraqqiyotiga shunchalik hissa qoʻshdi, degan gapni biz yozmadik, Chingiz Aytmatov yozdi!

Shaxsga sigʻinish toʻfonlari-ku eng sara gullarimizni yer bilan yakson qilib ketdi. Hali aytganimdek, qolganlarning ham qalamini ozmi-koʻpmi toʻmtoq qildi. Keyingi 20-30 yil-chi? “Turgʻunlik davri” deb atalmish pallada nimalar boʻldi? Biz bir-birimizni qadrlashni unutib qoʻydik. Eslab koʻring. Binafshadek nozik, binafshadek goʻzal Mirtemir domlaning hurmatini har doim ham oʻrniga qoʻydikmi? Tarixning ulugʻ bilimdoni Mirkarim Osim hayotida biron marta rahmat eshitdimi? Ajoyib adib Yavdat Ilyosovning qadriga yetdikmi? Turgʻun Poʻlat, Xayriddin Saloh bilan Yusuf Shomansurning-chi? Axir ular koʻcha changitib yurgan bezorilar emas – Shoir edi-ku! Mirzakalon Ismoiliy bir chekkaga surib qoʻyilganda birontamiz gʻing dedikmi?.. Ular hayotdan oʻtdi.

Ustoz Abdulla Qahhorga sabot bilan sodiq qolgani uchun Shuhrat aka kamsitilganida, Ozod Sharafiddinov kitoblarini chiqarish paysalga solinganida bizlar nima qildik? Oʻzimizning oshigʻimiz olchi turishi payida boʻlmadikmi?

Loqaydlik bir karra gunoh boʻlsa, ichqoralik ming karra gunoh!

Ijodkor – yosh boladek gap. Bir ogʻiz shirin soʻz bilan yetti qavat osmonga chiqib ketadi, bitta sovuq gap eshitsa, yetti qavat yer tagiga kirib ketishi mumkin. Qalamkash kayfiyati avvalo hamkasblarining munosabatiga bogʻliq. Isteʼdod – xalq mulki, deymiz. Yozilgan har bir yaxshi hikoya, har bir jiddiy tanqidiy maqola, har bir goʻzal sheʼr xalq boyligi deymiz, biroq oʻzimiz baʼzan oʻsha mulkka gʻashlik bilan qaraymiz. Hamkasbining yutugʻidan quvonish oʻrniga hasaddan yorilib ketgundek azob chekuvchilar haliyam oz emas.

Birodarlar, jinday bagʻrikeng boʻlaylik, axir! Yorqin isteʼdodlar har kuni tugʻilavermaydi. Hozir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida olti yuzdan ortiq aʼzo bor. Endi kitobxonlardan soʻrab koʻring. Shulardan qanchasining asarlarini chin dildan sevadi, ixlos bilan oʻqiydi, asari chiqishini intiqlik bilan kutadi? Nari borsa ellik, boring ana yuztadir.

Oʻzbekistonda yigirma millon aholi yashaydi. Shunday qilib, yigirma million odam yuz nafar qalamkashga ayricha ehtirom bilan qaraydi?! Aqalli oʻsha millionlar hurmati uchun yuz nafar yorqin isteʼdodlarga biz ham ehtirom koʻrsataylik. Hech boʻlmasa ularga halaqit bermaylik. Ming xil gʻiybatlaru shikoyat xatlari bilan asabini qaqshatmaylik. Oʻzimizning ikki pulga qimmat “roman”, “doston”, “hikoya” yoki tanqidiy maqolamiz qaysi nashriyot yoki jurnaldan qaytsa, oʻsha tashkilot rahbarlari boshidan magʻzava agʻdarishni bas qilaylik.

Albatta, adabiyot faqat katta isteʼdodlar uchun ajratilgan maydon emas. Isteʼdod darajasi har xil boʻlishi mumkin. Yuzta daraxt, hatto chinor boʻlganida ham, oʻrmon boʻlolmaydi. Ijod olamida har kimning oʻz oʻrni bor. Badiiyati oʻrtacharoq asarlar doim boʻlgan va bundan keyin ham boʻladi. Bunday asarlar ham nashr etilishi tabiiy. Gap bunda emas.

Gap shundaki, lovullab yongan isteʼdodlarni xalq qanchalik koʻp sevsa, unga gʻashlik qiladiganlar ham shunchalik koʻpayib boraveradi. Bundaylar kitobxonlar orasidan emas, oʻzimizning oramizdan chiqadi. Holbuki, bugun biz bir-birimizni qanchalik ardoqlasak, ertaga el-yurt mehr qoʻygan qalamkashlar shuncha koʻpayaveradi.

Komil ishonch bilan ayta olamanki, keyingi oʻn yillar orasida adabiyotimizga nihoyatda baquvvat, isteʼdodli avlod kirib keldi. Bu ukalarimizning har jihatdan ravnaq topishi hammamizning bagʻrikengligimizga bogʻliq emasmi? Shubhasiz, yoshlar maksimalist boʻladi, oʻz yoʻlini topib olguncha allaqancha koʻchalarga kirib chiqadi. Ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, samimiy maslahat berish bizning – ozmi-koʻpmi tajribali adiblarning vazifamiz-ku!

Doʻstlar! Tagʻin bir andishani aytmay ilojim yoʻq. Toʻgʻri, bu – eski kasal. Ammo hozir ham davom etyapti. Oramizda shunday hamkasblarimiz borki, xalq sevgan qalamkashlardan, qanday qilib boʻlmasin, biron illat topishga urinadi. Erinmasdan qachon, qanday kamchilikka yoʻl qoʻyganini oʻrganadi (tabiiyki, izlangan odam xato qilmay iloji yoʻq). Mabodo, bu sohada hech nima tololmasa, shaxsiy hayotidan illat izlaydi. Bundan ham ishkal topolmasa, anchayin tayyor qurolni ishga soladi. Falonchi pismadon joyda ishlashidan foydalanib, oʻz kitoblarini chiqaryapti, deydi-da, shu dalilni dov-dastgoh qilib anjumanlarda shovqin koʻtaradi, moʻtabar tashkilotlarga ketma-ket igʻvo yozishdan oʻzini toʻxtata olmaydi. Shubhasiz, amalini suiisteʼmol qilgan qalamkashlar avval ham boʻlgan, hozir ham yoʻq demaymiz. Biroq bir narsani ham unutmaylik. Asar avvalo kitobxon uchun yoziladi-ku! Agar asar chindan ham yaxshi boʻlsa, uni kitobxon intiqlik bilan kutsa, nega endi chiqmasligi kerak?! Oddiy oʻquvchiga kimning qayerda ishlashidan koʻra yoki kimning qayerda ishlaganini bilishdan koʻra asarini oʻqish muhimroq emasmi? Xalqimiz, aytaylik, Oybek qachon qaysi lavozimda ishlagan, deb soʻramaydi: nima asar yozgan, deydi… Men bu bilan talay taniqli adiblarimiz oʻz zimmasidagi burchni sidqidildan bajarayotganini kamsitmoqchi emasman. Boshqa narsani aytmoqchiman. Insof bilan, adolat bilan oʻylab koʻring: Asqad Muxtor yoki Odil Yoqubov, Oʻlmas Umarbekov, Halima Xudoyberdiyeva… (bu roʻyxatni ancha davom ettirish mumkin) biron tashkilotda ishlayotgani uchun, ertadan kechgacha ming xil gʻalvalar bilan ovora boʻlayotgani, ijodga esa uyqusi, dam olishi, boringki sogʻligi hisobidan amallab vaqt ajratayotgani uchun bu qalamkashlarga malomat toshlari otishimiz insofsizlik emasmi? Buning uchun ularga, aksincha, rahmat deyishimiz kerak emasmi? Yoki ular bir joyda ishlamasa tirikchiligi chatoq boʻlib, kuni oʻtmay qoladimi? Asari chiqmaydimi? Kuni oʻtadi, asari ham chiqadi, ammo toʻda va toʻdachalarga birlashib olgan isteʼdodsizlarning oʻz moʻljali bor. Ular nashriyot, gazeta va jurnallarda oʻrtacharoq isteʼdod oʻtirishini, iloji boʻlsa, umuman haqiqiy ijoddan yiroq odam boshliq boʻlishini xohlaydi. Negaki shunday qilinsa, oʻziga yoʻl ochilishini moʻljallaydi. Aslida bu – amalga oshmaydigan xomtama. Ijodga aloqador har bir tashkilot rahbari, oʻzi roman yoki doston yozish-yozmasligidan qatʼi nazar, asarga talabchanlik bilan yondoshaveradi.

Bilmagan odam hayron boʻlishi mumkin. Isteʼdodsizlar nima uchun tez birlashadi-yu, isteʼdodlilar nega guruh tuzmaydi? Buning sababi juda oddiy. Isteʼdoddan mosuvo ijodkor yakka holda hech kim emas. Birlashganda esa maʼlum kuchga aylanadi. Shuning uchun ular tez til topishadi. Katta isteʼdodlar esa yulduzga oʻxshaydi. Odatda har bir yulduzning oʻz mehvari boʻladi. Ammo ular hech qachon bir-birini rad etmaydi. Ayni paytda bir-biriga oʻxshamaydi ham. Shu oʻrinda bir narsani aytgim keladi. Birodarlar, ishoninglar, isteʼdod qancha katta boʻlsa, shuncha himoyasiz ham boʻladi. Bir qarashda bu gap gʻalati tuyulishi mumkin. Biroq aslida, baribir shunaqa. Katta isteʼdodlarning qalbi hamisha zirillab turadi. Chunki unda dard koʻp boʻladi. Isteʼdodlar nuqul oyogʻining tagiga qarab ivirsib yurmaydi. Nigohi uzoqlarda boʻladi. Mayda-chuyda, gʻirrom “kurash usullari”ni bilmaydi. Xohlamaydi ham. Shunday ekan, uni chalib yiqitishdan osoni yoʻq. Tarixda bunga misollar juda koʻp. Qodiriy bilan Usmon Nosirlarni ichiqora odamlar qurbon qilishgan. Oybek va Qahhorni baxillar mayib qilishgan. Esimizni yigʻaylik, birodarlar! Shuncha qurbonlar yetmaydimi?! Shu holda ketsak, ertangi kunning Qodiriylarini, Usmon Nosirlarini boy berib qoʻymasmikinmiz? Ertangi kunning Oybeklarini, Qahhorlarini mayib qilmasmikinmiz?

Qahhor domla aytgandek, adabiyotning atomdek kuchini oʻtin yorishga, aniqrogʻi, bir-birimizning boshimizni yorishga sarflamaylik.

Bilaman, bu gaplarni oʻqigan hamkasblarimiz orasida taʼna qiluvchilar topilishi, “Nima, siz qayta qurishga, oshkoralikka qarshimisiz?” degan eʼtirozlar bildirilishi mumkin. Nachora, hayotda har xil odam boʻlgani kabi ijod olamida ham ming turfa odam bor. Birovning qoʻliga yaxshi niyatda gul tutsangiz, minnatdor boʻladi, boshqa birov esa siz tutgan gulni olib, axlatga tashlaydi. Bundaylar bizning oramizda yoʻq, deyolmayman. Hatto, mana shu oddiy haqiqatga, yozuvchi degani avvalo inson boʻlmogʻi kerak, degan fikrga ham gʻashlik bilan qaraydiganlar oʻz oramizdan chiqmaydi, deb kafolat bera olmayman. Bundaylar oshkoralikni roʻkach qilib, ming xil eʼtiroz bildirishi mumkin. Ular, xoʻsh, nega endi, oʻtmishdagi illatlardan koʻz yumishimiz kerak, nega isteʼdodlilar bilan isteʼdodsizlarni baravar koʻrishimiz kerak, deb ayyuhannos solishiga ishonaman. Jindek vijdoni bor odam men bunday fikrlardan tamomila uzoqligimni his etib turgan boʻlishi kerak.

Doʻstlarim! Takror aytaman, meni toʻgʻri tushuninglar, bu gaplarni azbaroyi kuyunganimdan aytyapman. Yakdil boʻlaylik, xayrli maqsadlar yoʻlida bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaylik! Modomiki yozuvchi xalq farzandi ekan, shu nomga loyiq ish qilaylik. Bir yoqadan bosh chiqarib, ulkan vazifalarni bajarishda jafokash xalqimizga, Vatanimizga yordam beraylik!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

1988 yil

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bir-birimizni-asraylik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x