Hikoyaning sehrli dunyosi

Men bolaligimda yozuvchi boʻlishni orzu qilardim. Mendan yozuvchi chiqmadi. Ammo tanlagan kasbimni sevaman. Badiiy matn ustida tadqiqotlar olib boraman. Ilmiy izlanish olib borayotgan kishi badiiy matnni his qila olmasa, uni koʻngildagidek, aniq va atroflicha, tayinli tahlil eta olmaydi. Adabiyotshunosga badiiy matnni his eta bilish qobiliyatidan tashqari katta bilim, tezkorlik, oʻylaganlarini qogʻozga tushira bilish salohiyati, kuchli iroda ham kerak. Prozani oʻqish, uni tahlil etish jonu dilim. Zamonaviy oʻzbek hikoyachiligi yuz yildan ziyod umrini yashab qoʻydi. Albatta, bu janrning shakllanishi, taraqqiyotida koʻpdan-koʻp adiblarimizning adabiy-ijodiy tajribaliri toʻplanib, bugungi qiyofaga ega boʻldi. Oʻzbek hikoyachilik maktabini yaratgan namoyandalardan Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Shukur Xolmirzayev, shuningdek, Ahmad Aʼzam, Normurod Norqobilov, Shoyim Boʻtayev, Sobir Oʻnar, Isajon Sulton kabi yozuvchilarimizning oʻziga xos ijodiy tajribalari bugungi yoshlarga ham katta saboq boʻladi. Hikoya prozaning eng kichik janri boʻlgani bilan uning bagʻrida juda katta badiiy dunyo yashaydi. Hikoyaga har xil taʼrifu tavsiflar berilgan. Ammo har bir hikoyaning taʼrifi, Erkin Aʼzam taʼbiri bilan aytganda, oʻzi bilan birga tugʻiladi. Shu maʼnoda, men aziz mushtariylarimizga quyidagi hikoyalarni mutolaa etishni tavsiya qilar ekanman, ularning har biri alohida adabiy hodisa, alohida dunyosiga, qahramon va xarakterlariga ega nodir asarlar deya olaman. Bu sehrli dunyodan bahramand boʻling!


 

Abdulla Qahhor.

“Toʻyda aza” hikoyasi

 

Oʻzbek adabiyotida hikoyachilik maktabini yaratgan Abdulla Qahhorning 1956 yili yozilgan “Toʻyda aza” asari oradan roppa-rosa oltmish yil oʻtgan boʻlsa-da, hamon yangiligicha turibdi. Eskirmaydigan hikoya. Leonid Lench: “Oʻlim toʻgʻrisida kulgili qilib yozish juda qiyin gap, bu faqat Chexovning, fransuzlarning qoʻllaridan kelgan edi. Bizda buning uddasidan chiqadiganlar kam. Abdulla Qahhor esa, buning uddasidan chiqqan. Kichik hikoyada siyqaday tuyulgan voqea uning qalami tufayli hayotning barcha jonli ranglari bilan tovlanib koʻrinadi”, degan edi. Bu hikoya haqida bundan ortiq baho, ajoyib taʼrif boʻlmasa kerak. Haqiqatan ham “Toʻyda aza” Leonid Lench aytganidek, “dramaturgning dadil qoʻli bilan” yozilgan. Hikoya qahramoni yoshi oʻtib qolgan dotsent Muxtorxon Mansurov yosh “xoʻrozqand”ga uylanib, hayotini kulgiga qoʻyadi. Domlaning butun umr toʻplagan obroʻ-eʼtibori bir kunda shamolga sovuriladi. Abdulla Qahhor uslubiga xos satira, karikatura tasvir, oʻtkir kinoya, tanqidiy ruh hikoyaning har bir satrida boʻrtib turibdi. Yozuvchi qahramonining ayanchli taqdiri orqali kitobxonga saboq beradi. Hurmatli kitobxon! Mohir hikoyanavis Abdulla Qahhorning “Toʻy”ida qanday aza roʻy berganini bilmoqchimisiz?! Unda erinmasdan hikoyani oʻqib, fikrlang…

 

Gʻafur Gʻulom.

“Hiylayi sharʼiy” hikoyasi

 

Gʻafur Gʻulom zamondoshi Abdulla Qahhordan farqli ravishda zaharxanda kulgi turidan foydalanmaydi. Uning asarlarida yengil, quvnoq, ayyorona kulgi koʻzga tashlanadi. Adibning 20-30-yillarda yaratilgan qator hikoyalari: “Elatiyada bir ov”, “Farzandi solih” va “Hiylayi sharʼiy”da folklorga xos badiiy shartlilik vositalari boʻrtib koʻrinadi. Harholda, Gʻ. Gʻulomning shu yillarda yaratilgan hikoyalarida xalq ogʻzaki ijodining fosh etish, sarguzashtlilik, satirik sahnalarni uyushtirish kabi shartlilik tabiati ustuvorlik qiladi. Qolaversa, adib ijodida xalq latifalari, askiya janrining maʼno nozikliklari zuhur topgan. Xususan, “Hiylayi sharʼiy”da 20-30-yillardagi baʼzi ilmsiz din peshvolari va ularning qora ishlarini fosh etish uchun satira, xalqona nozik yumor, yengil, quvnoq kulgi ustunlik qiladi. Masalan, “Hiylayi sharʼiy”da Mulla Dilkash va Mulla Abdulboqi Margʻiloniy satirik kinoyaviy obraz, ular xotin ustiga yana xotin olishning yangi bir yoʻlini oʻylab topishadi. Mulla Dilkash xatti-harakatlari kitobxonda yengil kulgi hosil etadi. Bu kulgi, ayni paytda asosiy badiiy shartlilik vositasi oʻlaroq istifoda etilgan. Asar qahramonlari oʻz maqsadlarini amalga oshirish uchun qanday hiylalar qilganini bilishni istasangiz, Gʻafur Gʻulomning “Hiylayi sharʼiy” hikoyasini oʻqing…

 

Shukur Xolmirzayev.

“Qariya” hikoyasi

 

Oʻzbek hikoyachilik maktabining dargʻalaridan yana biri Shukur Xolmirzayevning “Qariya” hikoyasi 1975 yili yozilgan. Vaqtning oʻtishini qarang. Bu hikoyaning yaratilganiga ham roppa-rossa 42 yil boʻlibdi. Ammo hikoya hamon yosh va yangiday turibdi. Shukur Xolmirzayevning qahramonlari koʻpincha oddiy odamlar boʻladi. Masalan, “Qariya”ning qahramoni Qoʻziboy chol singari. Qoʻziboy cholning kasbi-kori tayin emas, yolgʻiz va miskin odam. Ammo oʻlguday chayir, mehnatkash, halol odam. Bilmadim, gapim biroz kulgili tuyular. Qoʻziboy chol ruhi mening ruhimga juda yaqin. Balki u – mendirman… Qiziq bir paradoks! Abdulla Qahhor qahramoni Muxtorxon domla oʻlimni oʻylamasdan, toʻsatdan oʻlib qolgan boʻlsa, Shukur Xolmirzayevning qahramoni oʻlimga tayyorgarlik koʻradi, lekin oʻlmaydi. Qoʻziboy chol oʻlimligi uchun yiqqan pulidan ayrilib qolsa-da, tushkunlikka tushmaydi. Betoblik va aldovdan soʻng, shahd bilan supurgisini koʻtarib, bozorga yoʻl oladi. Aynan shu nuqta kitobxonni ruhlantirib yuboradi. Jarchi, ravoch olib-sotar, choʻgʻ tayyorlab beruvchi, farrosh kabi xilma-xil yumushlar bilan tirikchilik qilib yurgan miskin bir cholda bu qadar hayotsevarlik va kurashchanlikni koʻrib, har safar hayratlanaman! Shuning uchun ham “Qoʻziboy chol – menman!” deyishga jazm etdim. Adib ezgu niyat bilan ekkan nur qahramon tiynatida balqib turibdi. Odam qanday boʻlishi kerak? Qoʻziboy choldek boʻlabilish kerak, degan boʻlar edim! “Qariya” hikoyasini oʻqib, albatta, Qoʻziboy choldan hayotiy dars olishni tavsiya etaman.

 

Ahmad Aʼzam.

“Oyning gardishi” hikoyasi

 

Ahmad Aʼzam asarlari oʻzining yoqimli badiiy uslubi, quyma, jonli tili, qishloq hayoti va odamlarinig ishonarli tasvirlari bilan meni doim maftun etadi. Adib hikoyalari orasida “Oyning gardishi” kompozitsion qurilmasi, favqulodda badiiy topilmasi bilan ajralib turadi. Fikrimcha, Ahmad Aʼzamning bu hikoyasi oʻzbek hikoyachiligining nodir namunasi. Hikoyani qayta-qayta oʻqiyman. Har safar hayratlanaveraman. Yozuvchining badiiy mahorati, sof realizm qoʻynida ramziylik naqadar ustalik bilan berilganini koʻrib quvonib ketaman. “Shunday asar yaratish mumkin ekan-ku!” – hayajon qalbimni chulgʻab oladi. Hikoyada biografik detallar, qishloq tasviri, qorongʻida eshak minib ketayotgan bolaning oy bilan muloqoti, bola oʻylaridagi lirik kayfiyat, shuningdek, xalqona qarashlar, hissiy kechinmali mulohazalar yurak-yuragingizning ichiga chuqur oʻrnashadi. Nazarimda, eshak minib keta turib, bolaning oy bilan suhbati, uning ichki monologlari, turli mavzular haqida surgan oʻy-xayollari hikoyaning badiiy kompozitsiyasini tamomila yangilagan. Hikoyani oʻqirkansiz, tun qorongʻisida, eshak ustida, qabriston biqinidan oʻta turib, bolaning qoʻrqinchlari-yu, oydek pokiza xayollari bilan baqamti yashaysiz. Nihoyatda tiniq, tabiiy, jonli tasvirlarga toʻliq hikoya bu! “Qoʻtonlangan oy” tasvrida badiiy shartli timsolni koʻraman. Muallif “qoʻtonlangan oy” badiiy tasviri orqali aslida “qoʻton ichiga qamalib qolgan oʻzbek millati” haqida yozmayaptimikan, deb oʻylab qolasan kishi. Xullas, “Oyning gardishi” hikoyasi qayta-qayta oʻqishga, fikrlashga, zavqlanishga imkon beradigan goʻzal asar!

 

Normurod Norqobilov.

“Qoʻshnilar” hikoyasi

 

Zamondosh adiblarimiz orasida hayvonot olamini nihoyatda tiniq, jonli tasvirlayotgan yozuvchilardan biri – isteʼdodli adib Normurod Norqobilovdir. Binobarin, yozuvchining “Qoʻshnilar” hikoyasida ham odamlar va boʻrilar haqida hikoya qilinadi. Hikoya qahramoni Koʻkan tabiatning haqiqiy himoyachisi. Boʻrilarni ovlashni maqsad qilgan jiyani Sogʻintoyning qabih niyatidan qoʻrqqan Koʻkan boʻrilarni oʻz inidan koʻchishga majbur qiladi. Natijada, qoʻshnichilik buziladi. Ammo bu qoʻshnichilikning buzilishi boʻrilarning hayotini saqlab qolishga qaratilgan. Umuman olganda, boʻridek yirtqich, yovvoyi jonzot haqida hamma ham jurʼat qilib yoza olmaydi. Normurod Norqobilov boʻrilar hayotini, xarakterini, yashash tarzini juda yaxshi biladi. Yozuvchi tabiat va hayvonlar hayotining teran kuzatuvchisi ekani “Qoʻshnilar”da juda tabiiy va ishonarli koʻringan. Goʻzal tabiat, hayvonot olami, inson va tabiatning sir-sinoatlari haqida oʻqishni istaysizmi? Marhamat, unda, albatta, adibning “Qoʻshnilar” hikoyasini oʻqishni unutmang!

 

Shoyim Boʻtayev.

“Otam nega jim?” hikoyasi

 

Shoyim Boʻtayevning qator roman, qissa, hikoya va esselarida oʻziga xos badiiy mahorati koʻzga tashlanib turadi. Jumladan, “Otam nega jim?” hikoyasi nimagadir qalbimga oʻrnashib qolgan asarlardan biri. Uncha katta boʻlmagan hikoyada ortiqcha tafsilot, illyustratsiya, keng voqelik ham yoʻq. Ikki xil xarakter juda tiniq va aniq yaratilgan. Xidir buva va Ota xarakteri. Tasvirda koʻproq ikki urush ishtirokchisining suhbati beriladi. Asosan Xidir buva gapiradi, muallif-hikoyachining otasi esa eshitadi. Uzun qish kechasidagi gurunglar bola nigohi, bola hissiyotlari bilan baholanadi, hikoya qilinadi. Xidir buva urushda koʻrgan-kechirganlarini mubolagʻa qilib oshirib-toshirib gapiradi. Hikoyachi bolaning tasavvurida Xidir buva juda ulugʻlashib ketadi, otasi esa uning “geroyliklari” oldida juda kichrayib qoladi. Hikoyada urushning ikki ishtirokchisi Xidir buva bilan Ota qarshilantiriladi. Bolalikda ulugʻvor boʻlib koʻringan hissiyotlar vaqti kelib aldamchi hislar ekani hikoyachi tomonidan aniq eʼtirof etilmagan boʻlsa-da, hikoyadagi badiiy oʻzan oʻsha tarafga qarab burilib ketadi. Asl haqiqat oydinlashadi. Shoyim Boʻtayev “Otam nega jim?” hikoyasida asl inson bilan soxta, iymonsiz odam obrazini juda mahorat bilan yaratgan. Yaxshisi, hikoyani oʻzingiz oʻqib xulosa chiqaring!

 

Isajon Sulton.

“Shamolli kecha” hikoyasi

 

Isajon Sulton asarlariga xos yoqimli lirizm, Sharq adabiyotiga xos sokin bayon, xalq ertaklarining rivoyaviy uslubi, baʼzan esa mashhur jahon adiblarining asarlariga ergashish kabi koʻpdan-koʻp xususiyatlar mening diqqatimni tortadi. Jumladan, yozuvchining “Shamolli kecha” hikoyasini olaylik. Nazarimda, bu asarda xalq ertaklariga xos (oʻgay ona va oʻgay bolalar motivi) stilizatsiya koʻzga tashlanadi. Hikoyani oʻqir ekansiz, shamolli kechada oʻgay onaning javrashlaridan qochib, buvinikiga yoʻl olgan aka-singilning hissiyotlarini rosmana his etasiz. Ular bilan qadam-baqadam toʻqayzordan, qoʻrqinchli tun qoʻynidan buvining uyigacha yetib borasiz. Yarim yoʻlda orqada qolib ketgan singil uchun qaygʻurasiz. Buvi bilan qoʻshilishib, akani soʻkasiz. Odamzod doim ezgu niyat bilan yashaydi. Hikoya garchand akaning singilni topgan-topmagani noaniq xulosa bilan yakunlagan boʻlsa-da, uning topilishini ich-ichimizdan istaymiz.

Yozuvchi hikoyada Fargʻonaning qator qishloqlari nomlarini sanaydi. Nazarimizda, hikoyada istifoda etilgan kuchli shamol nafaqat tabiat hodisasi, balki ramziy maʼnoda jamiyatdagi turli talotoʻplar, gʻalayonlar, ruhiy zoʻriqishlarning ham timsoli deyishimiz mumkin. “Shamolli kecha”ni oʻqing-da, oʻzingiz bir xulosaga keling!

 

Sobir Oʻnar.

“Farishta” hikoyasi

 

Sobir Oʻnar oʻz dastxati va uslubiga ega yozuvchi. Adib bir qator qissa va hikoyalari bilan keng kitobxonlar mehrini qozongan. U asarlarida asosan qishloq odamlari va ularning xilma-xil xarakterini mahorat bilan chizadi. Xususan, yozuvchining “Farishta” hikoyasi nomaʼlum boʻlib qolgan badiiy yechimi bilan diqqatimni oʻziga tortdi. Hikoyada Eshboy sariqning qizi Magʻfirat yetim bola Tursunboyga turmushga chiqadi. Uch yildan soʻng gʻoyib boʻladi. “Farishta”dek goʻzal “Magʻfirat qayga ketdi?”, “Nimaga gʻoyib boʻlib qoldi?”, “Birontasi bilan qochib ketdimi?”, “Yoki Tursunboy uni oʻldirib qoʻydimi?” (aslida bunday boʻlishi mumkin boʻlmagan gap! Chunki, Tursunboy yumshoq tabiatli, kitobsevar, mulla bir odam) kabi har xil gaplar fikru oʻyingizni chulgʻab oladi. Sobir Oʻnar asarlarida oʻz juftidan ayrilgan qahramon ruhiyati, taqdiriga koʻp bora murojaat qilinadi. “Farishta” hikoyasi Sharq adabiyotiga xos rivoyaviy, sokin uslubi bilan kitobxon eʼtiborini oʻziga jalb etadi. Va yana oʻsha eski gapni eslaymiz: “Adabiy asar javob emas, muqarrar savoldir”. Buni bilishni istasangiz, albatta, “Farishta”ni oʻqing, javobdan ogʻir savolga JAVOB izlaysiz.

 

Marhabo QOʻChQOROVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2017–4

https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/hikoyaning-sehrli-dunyosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x