Baxtli tasodif

Baxtli tasodif

 

Ular avtobusda yonma-yon oʻtirib qolishdi. Yigit telefon titkiladi, oʻyin oʻynadi, musiqa eshitdi, zerikdi. Qiz kitob oʻqidi, koʻzlari tindi, biroz toliqdi. Derazaga boqdi. Avtobus manzilga yetib keldi. Qizning koʻzoynagi yerga tushib ketdi.

Yigit olib berdi:

– Siz ham shu atrofda turasizmi?

– Yoʻq, mehmonga kelgandim.

Koʻp oʻtmay bu mahallada yor-yor sadolari yangradi. Juda koʻp mehmonlar kelishdi.

 

Bahs

 

Yigit oʻsha goʻzal qizni “ilintirish” uchun oʻrtoqlari bilan bahs boyladi. Ozgina vaqt oʻtib “reja”si amalga oshdi. Ammo yigitning oʻzi taqdir tuzogʻiga ilinib, qizni chinakamiga sevib qoldi. Ular muhabbat gashtini surishardi. Ammo bir kuni…

– Doʻstim sizni sevmaydi, biz bahs boylashgan edik.

– Nahotki?!

Munosabatlarga chek qoʻyildi. Oʻrtadagi doʻstlikka putur yetdi. Aybsiz muhabbat esa yetim qoldi.

 

Sabab

 

Yosh er-xotin ajrashishmoqda. Sudya ularni soʻroqqa tutdi:

– Turmush qurganingizga atigi ikki yil boʻlibdi. Ajrashish uchun birorta jiddiy sababingiz bormi?

– Bir-birimizni ortiq sevmay qoʻydik!

– Biz bir-birimizdan zerikdik!

Sudya “Bu sabablardan qay biri jiddiy?” deya chuqur oʻyga toldi va ularni savolga tutdi:

– Zerikish paydo boʻlmasdan oldin, oʻzi, bir-biringizni sevganmidingiz?

Er-xotin bir-biriga qaradi.

 

Baxt ustunlari

 

Nimanidir izlab koʻchaga chiqdim-u… oʻzimni uchratib qoldim.

– Qayerga ketyapsan?

– Baxtimni izlab yuribman.

– Uyga qayt, haqiqiy baxt oiladan boshlanadi.

Qaytdim. Ota-onam yaqingacha meni sabr bilan kutgan ekan.

Qalbim iztirobda, chunki baxtimning qoʻshaloq ustunlarini yoʻqotganimni anglab yetdim…

 

Oʻt oʻchiruvchi

 

Yarim tunda oʻt oʻchiruvchilar alanga domida qolgan uyga yetib kelishdi. Ichkarida qizaloq chinqirib yigʻlardi. Oʻt oʻchiruvchilardan biri oʻzini eshikka urdi.

Qizaloq omon qoldi, ammo oʻt oʻchiruvchi halok boʻldi.

Qutqarilgan qizaloq marhumning oʻgʻilchasi bilan tengdosh ekan.

Yillar oʻtib, oʻt oʻchiruvchi begonani emas – oʻz kelinini qutqargani maʼlum boʻldi…

 

 

Qoidabuzarlar

 

Nigina qulogʻiga telefonni tutdi-yu, gapga berilib ketdi. Uch yoshli qizalogʻi koptok oʻynab darvozadan katta koʻchaga chiqdi. Koptogini qoʻldan tushirib yuborgan qizcha serqatnov yoʻlga talpindi…

Mashina boshqarib kelayotgan haydovchi ham bamaylixotir telefonda gaplashib kelayotgan edi…

 

Taajjub

 

Uni “qalami oʻtkir yozuvchi” deyishardi. Bir umr qalamhaqi evaziga kun koʻrdi. Juma tongida vafot etdi.

Jurnalist marhum yozuvchi haqida koʻrsatuv tayyorlashga qaror qildi. Shu niyatda uning xonadoniga bordi. Ijodxonasini koʻzdan kechira turib hayratini yashira olmadi:

– Qiziq, yozuvchining hamma narsasi bor, ammo bir dona ham qalami yoʻq ekan!

 

Dostonbek RAHMATULLAYEV

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti talabasi

 

“Yoshlik”, 2017–4

https://saviya.uz/ijod/nasr/baxtli-tasodif/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x