Ota
Men – sizning ortingizdan shamoldek uchgan odam,
Yoningizda biroz dam olgani keldim, ota!
Siz – Haqning saroyidan sayrga tushgan odam,
Koʻnglingizni ziyorat qilgani keldim, ota!
Oʻzimni oqlagani guvohlarim yoʻq mening,
Dunyosida yolgʻizman, panohlarim yoʻq mening.
Sochdan tirnogʻimgacha gunohlarim koʻp mening,
Koʻnglingizda ibodat qilgani keldim, ota!
Koʻksimga qayerdandir toʻkilayapti bir his,
Dunyoning quvonchlari poyingizga choʻkar tiz.
Sizning eng baxtli ota, oʻzimni eng baxtli qiz
Boʻlishimni bashorat qilgani keldim, ota!
Men – sizning ortingizdan shamoldek uchgan odam,
Yoningizda biroz dam olgani keldim, ota!
Ertak kitob
Hamidulloga
Bor ekan-da yoʻq ekan,
Och ekan-da toʻq ekan.
Aslida buvimdayin
Ertak kitob yoʻq ekan.
Mezon. Oqshom. Soʻritok.
Teraklar orasida,
Berkinmachoq oʻynardi
Yulduzlar norasida.
Ertakka koʻmilardik,
Uyiga qaytgach oftob.
Sen, men, Mirahmad, Bahri
Va buvim – ertak kitob.
Tushlarimga kirardi,
Uch ogʻayni botirlar.
Bugun koʻnglimni buzdi
Oʻsha shirin xotirlar.
Endi yulduzsiz osmon,
Unutilgan soʻritok.
Biz ulgʻaydik… Men ketdim
Toshshaharga – kayfim chogʻ.
Garchi kitobga doʻstman,
Garchi koʻpdir ermaklar.
Endi oʻshandagiday
Sehrlimas ertaklar.
…Bir bor boʻldi – yoʻq boʻldi,
Bir och boʻldi – toʻq boʻldi.
Buvimdayin sehrli
Ertak kitob yoʻq boʻldi…
Hozir tutlar gʻarq pishgan mahal…
Hozir tutlar gʻarq pishgan mahal,
Yuragimda yetilgan soʻzday,
Shoʻrtepaning dalalarini
Kelinchakday bezantirmish may.
Goʻyo qizlar toʻyga oshiqqan –
Bir-birini quvar bulutlar.
Shira-sharbat bogʻlagan shoxda,
Askarlardek tizilmish tutlar.
Tabassumlar, qaygʻular sunʼiy,
Sizni beton uy allalaydi.
Qani, turing, yoʻlga otlaning,
Ey umrimning avj pallalari.
Boring, momiq boʻztuproqlarda
Oyoqyalang choping boladay.
Charchasangiz, hu-u-uv otamdayin
Yelkamga opichlab olaman.
Otquloqlar koʻnglingiz olar,
Yuzingizdan oʻpar yalpizlar.
Shunda… yuz beradi moʻjiza,
Uygʻonadi tabiiy hislar.
Va toʻkilar gʻarq pishgan tutday,
Qogʻozlarga samimiy soʻzlar…
Qishloq sogʻinchi
Singlimga
Bizni qishloq tugʻdi!
Yashil dalalar,
Koʻnglimizni varrak qilib uchirdi!
Bulutlarni yordik sodda bolalar,
Osmon koʻzimizga hayrat koʻchirdi.
Tobora balandlab uchdik,
Varrakning
Ipi chuvalashdi.
Qishloq mungʻaydi.
Soʻng topa olmadi izlab, daraklab,
Quyoshga yoʻl oldik biz – ikki daydi.
Quyosh – boʻydoq shahar –
Olifta va tund!
Orzularni ekdik – xuddi yulduzlar.
Endi biz shaharlik,
bolalik – unut,
Sochlariga popuk qadalgan qizlar.
Har oqshom yoʻllarga koʻz tikar qishloq,
Kutvolgani chiqar baqateraklar.
Bizlar sheʼr toʻqiymiz unga bagʻishlab,
Shaharda adashgan sodda varraklar.
Poyiga tiz choʻkib soʻraylik uzr,
Shoʻrtepa – yoʻlimiz poylagan vatan.
Varrakday bagʻriga uchaylik,
Axir,
Bizni qishloq tuqqan!
***
Tun. Sukunat. Sepkilli osmon.
Bir tilim oy. Bezovta xayol.
Sakson yoshli momodek mudrab,
Bogʻkoʻchada sudralar shamol.
Tashvishlardan charchagan qishloq,
Bir zumgina uyquga choʻmar.
Sukunatdan zerikkan dala,
Keksa kuzni savolga koʻmar…
… Olislarda jilmayar bahor,
Quyosh kular baxtga egizak.
Hozir esa… Izgʻiydi bedor,
Koʻylaklari yirtilgan kuzak…
Bashorat OTAJONOVA
Yoshlik”, 2017–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/konglingizni-ziyorat-qilgani-keldim/