Nastarin voqeasi

Aleksandr KUPRIN

 

Xotini eshikni ochishiga zoʻrgʻa sabri yetgan Nikolay Yevgrafovich Almazov palto va furajkasi bilan darrov xonasiga kirib ketdi. Uning chimirilgan qoshlari va asabiy pirpirayotgan pastki labiga koʻzi tushgan xotini qandaydir noxush voqea sodir boʻlganini anglab yetdi… Indamasdan erining orqasidan kirib bordi. Xonaning qaysidir burchagida Almazov tek qotib turardi. Keyin u qoʻlidagi portfelini polga itqitib, oʻzini kresloga tashladi va barmoqlarini asabiy qisirlatib qoʻydi. Ochiq portfelning qogʻozlari sochilib ketgandi.

Almazov bosh shtab akademiyasida maʼruzalar tinglovchi yosh, oʻrtahol ofitser boʻlib, hozirgina oʻsha yerdan qaytdi. Bugun u professorga oʻzining soʻnggi va eng murakkab amaliy ishini, yaʼni hududlarning chizmalarini koʻrsatib kelgandi.

Almazov va uning xotini qanday qiyinchilik­larni boshidan kechirgani yolgʻiz xudoga va yolgʻiz oʻzlariga ayon. Harholda, barcha toʻsiqlar yengib oʻtildi… Avval boshidayoq akademiyaga kirishning oʻzi imkonsizday koʻringan edi. Ikki yil mobaynida Almazov tantanali tarzda imtihonlardan yiqildi va faqat uchinchi urinishdagina hamma sinovlarni yengib oʻtishga erishgandi. Agar yonida xotini boʻlmaganida, irodasi boʻshlik qilib, qoʻlini qoʻltiqqa urishi aniq edi. Biroq Verochka uni ruhan tushmaslikka undadi va doimo qoʻllab-quvvatlab turdi. U har qanday omadsizlikni ochiq chehra bilan qarshilashni oʻrgandi. Oʻzini unutib, eri uchun odmi boʻlsa-da, ziyoli odamga xos qulaylik yaratishga kirishdi. Eri uchun ham kotiba, ham qiroatchi, ham tarjimon va eslatma daftari vazifasini bajara boshlagandi.

… Ogʻir sukunat bilan besh daqiqa oʻtdi. Bu orada ikkalasigayam tanish boʻlgan soatning chiqillashi, asabni oʻynovchi oʻsha bir, ikki, uch-uch: bir juft tekis zarb, soʻng uchinchi xirilloq bong jimjitlikni buzayotgandi… Almazov egnidagilarni yechmay teskari oʻgirilib oʻtirardi. Undan ikki qadam narida esa Vera miq etmasdan, asabiy, goʻzal chehrasiga iztirob zuhur etib turardi. Nihoyat u ogʻir betob odamning karavotiga ehtiyotkorona yaqinlashgan kabi birinchi boʻlib soʻz qotdi:

– Kolya, ishlaring qanaqa, oʻzi? Yomonmi?

U yelkasini qimirlatdi va indamadi.

– Kolya, ish rejangni qabul qilishmadimi? Aytaqol, baribir birga muhokama qilamiz-ku.

Almazov darrov xotiniga oʻgirildi va yonib, toshib gapira boshladi.

– Ha, ha, qabul qilishmadi, juda bilging kelayotgan boʻlsa, bilib qoʻy. Nahotki koʻrmayotgan boʻlsang? Bari chappasiga ketdi! Bular endi hech narsaga yaramaydi, – deb portfelini oyogʻi bilan turtkiladi, – bularni pechkaga tashlab yuborsang ham mayli endi! Mana, koʻrib qoʻy akademiyani! Bir oydan soʻng tagʻin polkda boʻlaman, yana sharmandalarcha, shov-shuv bilan. Yana arzimagan shu laʼnati dogʻ tufayli-ya… Jin ursin!

– Qanaqa dogʻ, Kolya? Hech nimaga tushunmayapman.

U kresloning chetiga oʻtirib, Almazovning boʻynidan quchdi. Er qarshilik qilmadi, lekin hamon maʼyus qiyofasini burchakka tikib oʻtirardi.

– Qanday dogʻ, axir, Kolya? – soʻradi xotini yana.

– E-e, haligi, oddiy dogʻ-da, yashil boʻyoq. Kecha soat uchgacha uxlamay ishlaganimni bilasan-ku, ishni oxiriga yetkazishim kerak edi. Rejam chiroyli qilib chizildi, bezaldi. Bu haqida hamma gapirdi. Biroq kecha tunda oʻtiraverib charchab ketdim, qoʻllarim qaltiray boshladi – va oqibatda rejani dogʻ qilib qoʻydim… Ha, yana quyuq dogʻ-a… kattaligini ayt. Tozalayman deb battar chaplashtirib yubordim. Keyin u haqida oʻylayverib, boshim qotdi, axiyri undan nimanidir chizmoqchi boʻlib, dogʻli nuqtada daraxtlarni chizib qoʻyaverdim… Juda yaxshi chiqdi, dogʻ borligini birov payqamaydigan darajada edi.. Bugun esa professorga olib borsam:

“Xoʻsh, xoʻsh, mm-yaxshi. Poruchik, manavi joydagi butalar qayerdan paydo boʻla qoldi?”dedi.

Unga bor gapni aytishim kerak edi. Balki shunchaki ustimdan kulib qoʻyardi. Yoʻq, kulmasdiyam. Axir, u quruq, rasmiyatchi nemis boʻlsa. Unga: “Bu joyda haqiqatan ham butalar oʻsadi” dedim. U esa: “Yoʻq, men bu hududni besh qoʻlimday yaxshi bilaman. U yerda butalar boʻlishi mumkin emas”, dedi. Shu tarzda suhbatimiz alanga ola boshladi. Yonimizda boshqa ofitserlar ham turgandi. “Mayli, siz bu gapni juda ishonch bilan aytayotgan ekansiz, unaqada ertagayoq oʻsha togʻlar orasidagi joyga boramiz. Koʻramiz, butalar bormikan. Shubhasiz, behafsala ishlaganingiz yoki gʻira-shira xaritadan koʻchirib olganingiz fosh boʻladi.

– Ammo nega u butalar yoʻq deb ishonch bilan gapiryapti?

– E, xudo, nega deganing nimasi? Yana bemaʼni savollarni beryapsan. Axir, u bu hududni yigirma yildan buyon yaxshi biladi. Oʻz uyidan ham… Bunisi yetmaganday, u odam dunyodagi eng ashaddiy rasmiyatchi, yana millati nemis-a… Axir, men yolgʻon gapirib, behuda tortishyapman-ku… Undan tashqari…

U gapirayotganda kuldondagi kuygan gugurt choʻplarini asabiy sindirib turar, jimib qolganda esa ularni polga itqitardi. Bu irodali odamning rosa yigʻlagisi kelayotgan edi.

Er-xotin ogʻir oʻyga choʻmib, sukut saqlab oʻtiraverdilar. Ammo Verochka toʻsatdan oʻrnidan irgʻib turdi.

– Quloq sol, Kolya, hoziroq borishimiz kerak! Tezroq kiyin.

Nikolay Yevgrafovich ruhiy ogʻriqdan aftini bujmaytirib tikildi.

– Eh, Vera, bemaʼni gapni qoʻy. Nahotki, meni borib, xatomni tan oladi deb oʻylasang. Axir, bu oʻzim oʻzimga hukm chiqarishim bilan teng-ku. Oʻtinaman, tentaklik qilma.

– Yoʻgʻ-e, tentaklikmas, – dedi Vera depsingancha qarshilik koʻrsatib. – Hech kim seni uzr soʻrash uchun majburlayotgani yoʻq… Agar u hududda butalar boʻlmasa, ularni hoziroq oʻtqazish kerak.

– Oʻtqazish? Butalarni-ya?.. – Nikolay Yevgrafovichning koʻzlari olayib ketdi.

– Ha, oʻtqazish. Agar haqiqatni yashirgan boʻlsang, demak, uni tuzatish lozim.

“Qani otlanaylik, shlyapamni uzatib yubor… Koftochkamni ham… U yerda emas, shkafni qara… Soyabonimni ham!”

Almazov uning gapidan norozi boʻlsa-da, beixtiyor harakatlanar, shlyapa va koftochkalarni qidirardi. Vera boʻlsa stolning tortmalarini ochib yopar, qutichalarni bittama-bitta titkilab, soʻng polga tashlab, nimanidir izlayotgandi.

– Ziraklar… lekin bular hech nimaga arzimaydi-ku… Ularga hech vaqo bermaydi… Ha, manavi, brilliant koʻzli uzuk qimmatbaho… Darhol garovdan qaytarib olish lozim… Yoʻqolib qolsa, yaxshi boʻlmaydi. Braslet… bungayam oz toʻlashadi. Chunki eskirib, qiyshayib qolgan… Kolya, kumush portsigaring qayerda qoldi?

Oradan besh daqiqa oʻtib, barcha qimmatbaho buyumlar ridikyul[1]ga joylandi. Vera tayyor boʻlib, soʻnggi bor uyga qayta koʻz yugurtirib chiqdi. Hech nimani unutmaganiga ishonch hosil qilgach:

– Ketdik, – dedi qatʼiy ohangda.

– Qayoqqa boramiz, axir? – Almazov qarshilik qilmoqchi boʻlib koʻrdi. – Hozir qorongʻi tushadi, ishxonamgacha esa oʻn vyorst[2] masofa bor.

– Shuyam gapmi?!. Ketdik!

Almazovlar dastavval lombard[3]ga kirib oʻtishdi. Garovchi, aftidan, odamlarning kundalik baxtsizlik­lariga duch kelaverib, bunday holatlarga koʻnikkani yuzida aks etib turardi. U keltirilgan buyumlarni shunchalik sinchiklab tekshirdiki, Verochka oʻzini yoʻqotib qoʻyayozdi. Ayniqsa, uni ranjitgan holat, brilliant uzugini oʻlchab, atigi 3 rublga baholagani boʻldi.

– Axir bu sof brilliant-ku, – eʼtiroz bildirdi Vera, – u oʻttiz rubl turadi, bilsangiz agar.

Garovchi horgʻin beparvolik bilan koʻzlarini yumdi.

– Bizga buning farqi yoʻq, xonim. Biz qimmat toshlarni umuman qabul qilmaymiz, – javob qildi u, navbatdagi buyumni taroziga qoʻyib, – biz faqat metall buyumlarnigina baholaymiz.

Eski va qiyshiq braslet kutilmaganda qimmat baholandi. Xullas, jami 23 rubl toʻplandi. Bu pul esa ularga yetib ortardi.

Almazovlar bogʻbonnikiga kirib borishgan paytda allaqachon Peterburg uzra sutday tun pardasi yoyilib boʻlgan edi. Tilla koʻzoynakli bogʻbon, millatli chex boʻlgan miqti qariya endigina oilasi bilan kechki ovqatga oʻtirayotgan ekan. U bemahaldagi tashrif va gʻalati iltimosga hayron boʻlib, norozilik bildirdi. Aftidan, bogʻbon qandaydir firibgarlikdan shubhalanayotgandi, shu sababdan Verochkaning qatʼiy savoliga quruqqina qilib javob qildi:

– Ming bor uzr. Biroq yarim oqshomda men ishchilarga ish buyura olmayman. Agar istasa­ngiz ertalabdanoq ixtiyoringizda boʻlaman.

Endi faqat bitta yoʻl qolgandi: u ham boʻlsa bogʻbonga bor gapni yotigʻi bilan tushuntirish edi. Verochka shunday qildi ham. Maʼshum dogʻ bilan bogʻliq bu voqeani bogʻbon dastlab ishonqiramay, hatto yovsirab tinglab turdi. Ammo Veraning koʻchat oʻtqazish haqidagi taklifi haqida eshitgach, uning qiziqishi ortdi va bir necha bor xayrixohlik bilan jilmayib ham qoʻydi. Vera hikoyasini tugatgach:

– Xoʻp, nimayam derdim, – deb oʻzicha rozilik bildirdi bogʻbon. – Ayting­lar-chi, qaysi navdagi butani oʻtqazishni maʼqul koʻrasizlar?

Bogʻbon bisotidagi butalarning hech qaysisi chizmadagi dogʻga mos tushmas edi. Noiloj nastarin butasini tanlashdan oʻzga chora topa olmadilar.

Almazov rafiqasini uyga joʻnataman deb behuda urinaverdi. U shahar tashqarisiga eri bilan birga yoʻl oldi, butalarni oʻtqazisharkan, oʻzicha kuyib pishar, ishchilarga xalaqit berardi. Nihoyat, butalar ostidagi chimlarga razm solib, ularni togʻ yon bagʻridagi chimlardan ajratib boʻlmasligiga ishonch hosil qilgach, uyga ketishga qaror qilishdi.

Vera ertasi kuni hayajondan oʻz uyiga sigʻmadi va eriga peshvoz chiqish niyatida koʻchaga otlandi. Hali uzoqda turgan esa-da, erining irgʻishlab kelayotgan gavdasidan buta voqeasi muvaffaqiyatli yakun topganini fahmladi… Haqiqatan ham, Almazov alanga boʻlib yonar, horgʻinlik va ochlikdan oyoqda bazoʻr turar, biroq chehrasida qozonilgan gʻalaba yolqini aks etayotgandi.

– Hammasi aʼlo! Juda zoʻr boʻldi! – deya oʻn qadam naridan shodon qichqirdi u bezovtalanayotgan xotiniga qarata. – Shunday qilib, biz ular bilan birga koʻchatlar yoniga bordik. U butalarni koʻrib hayron boʻlib qoldi. Hatto barglarini yulib, chaynab koʻra boshladi.

“Bu qanaqa daraxt boʻldi?” – deb soʻradi.

Men: “Bilolmadim, janoblari”, deb javob qildim.

“Qayin, shekilli?” – soʻradi yana.

Men esa: “Qayin boʻlsa kerak, janoblari”, dedim. Shundan soʻng u men tomon oʻgirilib, hatto qoʻlini uzatdi. “Uzrimni qabul qiling, poruchik. Modomiki, shu butalarni unutib qoʻygan boʻlsam, demak, rosdanam qariyapman”. Axir, u atoqli, zakiy professor edi. Ochigʻi, uni aldaganim uchun vijdonim qiynalyapti. U odam professorlarimiz orasida eng kuchlisi. Bilimi – dahshat! Hududlarni besh qoʻlday bilishini koʻrib hayron qolasan.

Uning hikoyasi Veraga qisqadek tuyuldi. Professor bilan boʻlib oʻtgan suhbatni ipidan ignasigacha aytib berishini eridan qayta-qayta soʻrayverdi. Uni eng mayda ikir-chikirlar ham qiziqtirayotgandi: yaʼni professorning afti qanday alpozda boʻlgani, oʻzining qariligini qay ohangda tan olgani, Kolyaning oʻzi nimalarni his etgani…

Nihoyat, ular goʻyo koʻchada oʻzlaridan boshqa hech bir tirik jonzot yoʻqdek, shoʻx-shodon bir-birining qoʻlidan ushlab, tantanavor uyga qaytishardi. Yoʻlovchilar esa bu gʻalati juftlikka taajjub bilan qarab toʻxtab qolishardi…

Nikolay Yevgrafovich hali hech qachon bugungidek zoʻr ishtaha bilan ovqat yemagan edi. Tushlikdan soʻng esa Vera erining xonasiga stakanda choy olib kirdi va kulib yubordi. Qizigʻi, u bilan bir paytda eri ham kulib yuborgandi.

– Nega kulyapsan? – soʻradi Vera.

– Oʻzing-chi?

– Yoʻq, avval sen ayt, men keyin…

– Oʻzim, shunchaki: Nastarin voqeasi esimga tushib ketdi. Senda-chi?

– Oʻzim… Men ham shu… Nastarin voqeasini esladim. Bundan buyon nastarin mening eng sevimli gulim boʻladi, demoqchiydim…

 

Ruschadan Temur TANGRIBERGANOV tarjimasi

 

Yoshlik”, 2017–5

 


[1] Xotin-qizlar sumkachasi

 

[2] 1,06 km.ga teng masofa oʻlchovi

 

[3] Garovxona.

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/nastarin-voqeasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x