Odam qanday qariydi?

Murodboy NIZANOV,
Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi

 

Sizningcha, odam qanday qariydi? Yoshi ulgʻayadi, tani toʻziydi, shundaymi? Yoʻq, topolmadingiz? Bilsangiz, odamni odam qaritadi!

– Seytekni yaqin orada koʻrdingmi? – soʻradi Mustafo bir maʼrakada uchrashib qolganimizda mendan.

– Yoʻq.

– Bechora juda qarib, choʻkib qolibdi.

– Qanaqasiga? Uchovimiz institutda birga oʻqidik. Sen bilan men dingillab yuribmiz-ku?

– U armiyadan kelib oʻqishga kirgan edi-ku! Shuning uchun uni “starosta” qilib saylagan edik.

– Bor-yoʻgʻi ikki yosh katta edi. Demak, ikki yildan keyin biz ham… – u yogʻini gapirishga tilim bormadi.

– Kim bilsin, – dedi u bosh chayqab. – Xullas, borib koʻrib qoʻyganing maʼqul. Keyin armon qilib yurma.

Mustafoning gapiga qaraganda, Seytek koʻpga bormaydiganga oʻxshaydi. Besh yil bir tishlam nonni boʻlishib yegan edik, keyinroqqa qoldirishga vijdonim chidamadi. Ertasi kuni tong azonda yoʻlga tushdim.

Mustafoning aytganicha bor ekan. Seytek menga koʻzi tushib oʻrnidan turmoqchi boʻlgan edi, kampiri tizzasidan bosib joyiga qayta oʻtqazdi:

– Yiqilib tusharsiz, oʻtiring.

Men tiz choʻkib, u bilan salomlashdim. Boyoqish quchoq ochgani bilan oʻrnidan turishga holi kelmadi.

– Seytek joʻra, bu nima ahvol? – dedim salom-alik qilib, bir choynak choy ichib olgandan soʻng. – Ogʻrib qoldingmi?

– Xudoga shukr, tani-jonim sogʻ, – dedi u ovoziga kuch berib.

– Unda nega qoʻling qaltiraydi? Yoki… koʻp ichayapsanmi?

– Xudoga shukr, bunaqa ishlarni yigʻishtirganimga ancha boʻldi.

Men bu yogʻiga nima deyishni bilmay, unga savol nazari bilan tikildim.

Seytek nuri qochib qolgan koʻzlarini mendan olib qochdi.

– Yaqingacha koʻp qatori oʻz suyagimni oʻzim koʻtarib yurgan edim, – deya gap boshladi u birozdan soʻng. – Toʻgʻrisi, meni odamlar xarob qildi. Manavi kampir ham shularning qatorida…

– Bu kishi dardini ham birovlardan koʻradi, – deb uning xotini yuzini ters oʻgirib oldi.

– Toʻgʻri-da! – Seytek biroz nafasini rostlab olib, gapida davom etdi. – Oʻzing bilasan, odam yoshi oʻtgan sari qushuyqu boʻp qoladi. Azonda kampirdan bir, bolalardan ikki soat burun uygʻonaman. Hamma dasturxon boshida jam boʻlguncha qoʻl qovushtirib oʻtiramanmi? Mol-holga, ekin-tikinga qarayman. Bir kuni ertalab qovun polizini ketmon bilan chopiq qilayotgan edim. Kimdir:

– Seytek ogʻa! – deb chaqirdi. Bundoq qarasam, Tursunboy degan inimiz chelning boshida qaqqayib turibdi.

– Bu yoqqa keling! – dedi u.

– Tinchlikmi?

– Kelavering!

Bordim.

– Sizda kampir yoʻqmi?! – dedi u salomlashish uchun qoʻl uzata turib.

– Bor, – dedim hayron boʻlib.

– Oʻgʻillar yoʻqmi?

– Bor.

– Qizlar yoʻqmi?

– Nega buncha tergab qolding, Tursunboy inim? Tinchlikmi, ishqilib?

– Ogʻa, yoshingiz paygʻambar yoshidan oshdi, bundan bu yogʻiga dunyoning tubiga yetmoqchimisiz?

– Tagini chopsak, qovun yaxshi pishadi-da…

– Ey, padariga laʼnat shu qovunlarning! Shu yoshgacha qora mehnatning tagida yashaganingiz kammidi?

Tursunboy shu gaplarni aytdi-da, katta ishni qoyillatganday ortiga burilib joʻnadi. Men anqayib qolaverdim. Uning achchiq-tiziq gaplari yuragimga botib ketdi. Ketmonni bir chekka otib yubordim-da, uyga kirib yotib oldim. Shu boʻldi-yu, qovun polizi chopilmay, mollarning tagi tozalanmay qoldi. Eshakning oxuriga vaqtida oʻt solinmadi. Sabrim chidamay taraddudlanib turaman-da, Tursunboyga oʻxshagan bitta-yarimtasi kelib qolib, dashnom berishidan hadiksirab oʻzimni tiyaman. Bolalar bilan kelinlar ishda, kampir bola boqishdan ortmaydi.

Bir kuni ovulda maʼraka boʻldi. Pishqirib turgan sur eshagim bor edi, oʻzing ham bir-ikki marta koʻrgansan. Shu jonivorni egarlab, maʼrakaga minib bordim. Uyning oldidagi stolda Pirimbet, Gulman, Sherboy – uchalasi oʻtirgan ekan. Darvoqe, sen ularni tanimaysan.

– Senda oʻgʻil yoʻqmi? – dedi Pirimbet.

– Xudoga shukr, bor, – dedim qovoq uyib.

– Borligini biz ham bilamiz. Bir bolangda “Neksiya”, boshqasida “Lasetti”, sening bu yurishing nimasi? Shu zamonda eshak minib yurgan odam qoptimi?

– Nima qipti? Eshak oʻzimniki…

– E, qoʻysang-chi!

– Undan koʻra bolalar gapimga kirmaydi deb toʻgʻrisini aytaver!

– Oʻzi, Seytek bolalarini yoshligidan erka qilib oʻstirdi. Mana, oqibati.

Xullas, ular meni “bolalarini durust tarbiyalamagan, qartayganida ham jonining rohatini bilmaydigan jonsabil”ga chiqarishdi.

Ovulda Oʻtaboy degan qariya eshak arava axtarib yurgan edi. Ertasi kuni “Aravasini oʻzingiz topib olarsiz”, deb eshakni shu odamga berib keldim. Eshakka oʻt berish, dalaga bogʻlab kelish, sugʻorish men uchun yaxshigina ermak edi, shundan ham qutuldim.

Bir kuni kechqurun turmushga chiqib ketgan qizim mehmon boʻlib keldi. Kurka soʻyib, joʻxori gurtik pishirtirdim. Ovqat pishgan mahal oʻrnimdan turayotgan edim, qizim soʻrab qoldi:

– Qayoqqa, ota?

– Qoʻlimni yuvib kelaman, qizim.

– Nima, sizda kelin yoʻqmi?

– Hov… Joʻmrakni burasam, suv sharillab oqadi. Kelinni ovora qilib nima qilaman?

– Ana, aytmadimmi! Dadang qarib, yosh bolaga oʻxshab qoldi, – dedi manavi kampir qiziga. – Oʻzi hurmatini bilmasa, kelin ham siylamaydi-da.

Noiloj joyimga qaytib oʻtirdim. Kelin obdasta olib kelib, qoʻlimga suv qoʻydi. Hovlida u yoq-buyoqqa yursam, oyogʻimning chigili yozilib, qonim yurishar edi. Shundan ham mosuvo boʻldim.

Kampir namoz oʻqiyotganida kenja nabiramiz uygʻonib, yigʻlashga tushdi. Turib, uni qoʻlimga oldim. Biroz koʻtarib, yupatmoqchi edim.

– Qoʻying joyiga! Yiqitib qoʻyasiz! – deb kampir joynamozini naridan-beri yigʻishtirib, oldimga yugurdi. Jonholatda chaqaloqni qoʻlimdan tortib oldi. – Siz oʻzingizning holingizni biling.

Asta-sekin oyoq-qoʻlim uvishadigan odat chiqardi. Tashqariga chiqib kelsam, hansirab qolaman. Bu ahvolda biratoʻla yotib qolishim mumkin, har kuni bir-ikki chaqirim piyoda yursam yaxshi boʻlar, degan qarorga keldim oʻzimcha.

Ertalab koʻchada ketayotsam, Ortiqboy qarshimdan chiqib qoldi.

– Ha, Seytek ogʻa, yoʻl boʻlsin? – dedi u.

– Bir muddat oyoqning chiligini yozay degan edim.

– Biratoʻla yugura qolmabsiz-da! – deya tirjayib yonimdan oʻtib ketdi.

Oʻn-oʻn besh odim yurgan edim hamki, Soatboy doʻkonchiga roʻpara keldim.

– Tinchlikmi, Seytek ogʻa? – dedi u ham.

– Biroz oyoqning chiligini yozay deb…

– Yuzga kirmoqchisiz, shekilli! – deya hiringladi u.

Bunaqa gap-soʻzlardan yuragim bezillab qoldi. Oxiri hammasini biratoʻla yigʻishtirdim. Polizni chopiq qilmayman, mollarning tagini tozalamayman, beda yeydigan eshak ham yoʻq. Toʻy-maʼrakalarga mashinada borib kelaman. Uyda esa hojatga chiqishdan boshqa qiladigan ishim yoʻq. Mana, oqibati. Qimirlasam, boʻgʻinlarim zirqiraydi. Oʻn qadam yursam, oʻpkam qisiladi. Piyolani qoʻlimda tutib turolmayman. Yoshim yetmishga yetmay, tanim toʻzidi. Meni ogʻriq emas, odamlar qaritdi, inim. Shularning orasida manavi kampir ham bor.

– Oʻzingni qoʻlga ol, hali ham kech emas, – deb men oʻrnimdan turdim.

– Shoshma, eshikkacha kuzatib qoʻyaman, – deb Seytek qaltiragancha oʻrnidan turayotgan edi, kampiri yana etagidan yerga bosdi.

– Oʻtiring joyingizda! Tagʻin yiqilib-netib bir baloni boshlamang.

Meni Seytekning oʻrniga kampiri kuzatib qoʻydi. Darvozadan biroz uzoqlashgan edim, kampirning gʻudrangan ovozi qulogʻimga chalindi:

– Teng-toʻshlari qilichday qarsillab yuribdi, shoʻrqisgan bizning chol kun sayin orqaga ketayapti. E, xudoyim-yey!..

 

Gʻafur Eshmurodov oʻzbekchalashtirdi.

 

Yoshlik”, 2017–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/odam-qanday-qariydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x