Bir mashhur poyabzal firmasi mahsulotlarini issiq iqlimli oʻlkalardan biriga sotish boʻyicha loyiha qabul qildi. Ikki xodim bozorni oʻrganish uchun ushbu mamlakatga joʻnadi. Ular alohida holda viloyatlarga yoʻl oldi. Mahalliy bozor va istiqboldagi xarid imkoniyatini oʻrgana boshlashdi.
Bir necha kun oʻtdi va tahlilchilardan biri qaytib keldi:
– U yerda hech kim poyabzal kiymas ekan. Bu bozorni egallayman deb behuda vaqt sarflamaslik kerak!
Ikkinchi tahlilchi haliyam viloyatlarni kezib yurar, sherigining xulosasidan bexabar edi. Biroz vaqt oʻtib firmaga undan faks-xabar keldi:
– Doʻstlar! Moʻljaldagi ekport hajmini uch barobarga koʻpaytirish kerak. Bu joylarda hali hech kim oyoqkiyim kiymas ekan!
Bir vaziyat kimgadir yengib boʻlmas toʻsiq boʻlib koʻrinsa, kimgadir beqiyos imkoniyatlar eshigi vazifasini oʻtaydi. Hayotda imkonlarni ilgʻab, ulardan foydalana olganlargina yutadi.
Orif Tolib
“Yoshlik”, 2017–5
https://saviya.uz/ijod/nasr/ikki-nuqtai-nazar/