Tanosib

Aslida, koʻplab badiiy sanʼatlar soʻzlarning sheʼriyatdagi maʼnaviy aloqadorligiga tayanadi. Shoirning mantiqan bir-biriga bogʻliq va bir-birini taqozo etadigan soʻzlardan foydalanishi tanosib deyiladi. Masalan, bir baytda “gul” soʻzi ishtirok etsa, u oʻz-oʻzidan “tikan”, “guliston”, “shabnam”, “bulbul” kabi soʻzlarning boʻlishini taqozo etadi.

Olma yanoqing koʻrgach, men bandi nechuk oʻlmay?

Bodom koʻzi fitna, pista dahani nozuk.

Lutfiy bu oʻrinda yanoq, koʻz, dahan kabi kishi tanasi qismlarini, shuningdek, olma, bodom, pista singari meva nomlarini bir baytga jamlagan. Ayni paytda olmadek yanoq, bodomdek koʻz, pistadek dahan tasvirlari bayt mazmuniga taʼsirchanlik ham berib turibdi.

Atoyining quyidagi misralarida ham tanosib mavjud:

 

Uzun sochingdin uzmasmen koʻngulni,

Ayogʻing qanda boʻlsa boshim anda.

 

Bu yerda soch, koʻngil, oyogʻ, bosh soʻzlari oʻrtasida mutanosiblik bor. Quyidagi baytda esa Atoyi cherik (askar), mulk (mamlakat), oldi (bosib oldi), ittifoq (ikki mamlakatning oʻzaro kelishishi) kabi soʻzlarning maʼno yaqinligidan foydalangan:

 

Zulfung cheriki jamol mulkin

Oldi koʻzung ittifoqi birla,

 

yaʼni sening zulfing cherigi (sochlaring askarlari – qoʻshini) koʻzing bilan ittifoq tuzib jamol mulkin egallab oldi.

 

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tanosib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x