Tardi aks ham soʻz takroriga bagʻishlangan lafziy sanʼatlardan hisoblanadi. Shuning uchun ham soʻzlar takroriga tayangan boshqa sanʼatlarga – tasdir, tasbe, ishtiqoqqa yaqin turadi. Bu yaqinlik tardi aksda ham soʻzlarning takrorlanishidir. Biroq shunga qaramay bu sanʼat ulardan tubdan farq qiladi. “Tard”ning maʼnosi “qaytarib berish”, “qochirish”, “uzoqlashtirish” demakdir. Aks esa “zid”, “teskari”, “chappa” maʼnolarini bildiradi. Yuqorida tasdir va tasbelarning xususiyatlari bilan tanishdik, shuning uchun ham bu yerda ularning tardi aksdan farqini izohlashga oʻrin yoʻq. Faqat bir narsani taʼkidlash muhimki, soʻzlar takroriga asoslangan sanʼatlarning hammasida ham takrorlangan soʻzlar oldingi tartibni saqlab qoladi. Faqat tardi aks va aks sanʼatlaridagina soʻzlarning birinchi joylashish tartibi keyingi misrada almashib keladi. Tardi aksda takrorlangan soʻzlarning oʻrni qatʼiy emas, unda takrorlanayotgan soʻzlarning miqdori ikki yoki undan ortiq boʻlib, ular oʻrinlarini almashtirgan holda qoʻllangan boʻlishlari shartdir:
Menga dushvor erur sensiz tirilmoq,
Senga men boʻlmasam, ey jon, ne gʻamdur.
(Atoyi)
Alisher Navoiyning:
Koʻzung ne balo qaro boʻlubtur
Kim, jongʻa qaro balo boʻlubtur.
Misralari bilan boshlanadigan gʻazali boshdan oyoq mana shu sanʼatning qoʻllangani bilan ajralib turadi. “Balo” va “qaro” soʻzlari dastlabki oddiy tartibida koʻzning qoraligini taʼkidlash uchun boʻysundirilgan. U “shunchalik”, “nihoyatda” kabi soʻzlarning oʻrnida kelgan deyish mumkin. Ammo ularning oʻrni almashganidan keyin, ikkinchi misrada mutlaqo boshqa maʼno va mazmun yuzaga keladi. “Qaro balo” baloning rangini emas, balki uning darajasini, dahshatini ifodalaydi.
Quyidagi baytda tardi aks “davo”hamda “dard” soʻzlari vositasida yaratilgan:
Majmuʼi davoni dard qildi,
Dardingki, manga davo boʻlubtur.
Ishq ichra oning fidosi yuz jon,
Har jonki, sango fido boʻlubtur.
Baytda “fidosi”, “jon” soʻzlari oʻrin almashtirib qoʻllangan. Shu tariqa shoir maʼnoning yangi-yangi qirralarini kashf etishga muyassar boʻlgan. Birinchi misradagi “jon” “yuz” soʻzi bilan qoʻshilgan holatda ham “yuz kishi”, ham “yuzta jon” maʼnolarini anglatadi. Keyingi misrada esa “jon”, asosan, “shaxs”, “kishi” maʼnosini anglatib kelgan.
Begona boʻlubtur oshnodin,
Begonagʻa oshno boʻlubtur.
Bu baytda “boʻlubtur” va “oshno” soʻzlari istifoda etilgan. Natijada maʼnoda kutilmagan yangi bir qirra koʻzga tashlangan. Bu shoir uchun oʻzbek tilining oʻziga xos ifoda imkoniyatini koʻrsatishiga ham keng maydon ochib bergan.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/tardi-aks/