Shoir, tarjimon va essenavis Muzaffar Ahmadning nomi adabiyot nashrlarida oʻtgan asrning 80-yillaridan boshlab koʻrinib kelmoqda. U adabiyotda ustoz Mirtemir, Asqad Muxtor, Nosir Fozilov, Ibrohim Gʻafurov, Tursunboy Adashboyev anʼanalarini tarjimonlik faoliyatida muvaffaqiyat bilan davom ettirib kelayotgan noyob qobiliyatli ijodkorlardan hisoblanadi, yaʼni u rus tili orqali jahon xalqlari adabiyotidan tarjimalar qilsa, oʻzi yaxshi bilgan qozoq, qoraqalpoq, turkman, tatar, uygʻur, qirgʻiz, boshqird, ozarbayjon kabi turkiy tillardan asliyatdagi asarlarni oʻz ona tiliga – oʻzbek tiliga muvaffaqiyat bilan oʻgirib, oʻzbek oʻquvchilariga tuhfa qilib kelmoqda.
Ijodkor 1956 yil 12 avgust kuni Qoraqalpogʻistonning Mangʻit shahrida, mashhur oʻzbek xalq dostonchisi Ahmad baxshi Matnazar oʻgʻli (1891–1938) xonadonida tavallud topdi. Binobarin, Muzaffarning ijodkor sifatida shakllanishida xonadondagi kitob bilan, mutolaa bilan oshnolik muhiti katta oʻrin tutdi. U otasi, fidoyi adabiyotshunos Usmonjon Ahmedovning boy kutubxonasini oʻqib-oʻrganib, ota-bobolarining ziyokorlik faoliyatini davom ettirib kelayotgan ijodkordir. Muzaffar Mangʻitda 1-sonli oʻrta maktabni aʼlo baholar bilan tugatgach, 1973–1977 yillarda Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika universitetining filologiya fakultetida taʼlim oldi. Oʻtgan asrning 80-yillaridan boshlab poytaxtda yashab, ijod qilib kelayotir. Shu paytgacha Muzaffar Ahmedovning nomi tarjimalari, sheʼrlari, esselari, adabiy maqolalari orqali oʻquvchilar orasiga keng tarqalib, adabiyot muxlislari diqqatini jalb qilib kelmoqda. Oʻtgan yigirma yillar mobaynida u respublikamizning qator adabiy-badiiy nashrlarida xizmat qilib, oʻzining mutolaa olamini, qiziqishlarini, ijodiy maydon doirasini yanada kengaytirdi. Mustaqillik yillaridagi adib va ijodkorlarga berilgan keng imkoniyatlar, respublika Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi nashri – “Jamiyat va boshqaruv” jurnalidagi muharrirlik xizmati Muzaffar Ahmedovning ijodkor sifatida shakllanishida keng oʻrin tutdi. U yaratgan sheʼrlar, ertak-dostonlar, esselar, turli tillardan qilingan tarjimalar oʻquvchilarga manzur boʻldi, asarlari turli tillarga oʻgirildi. Uning “Ikki doʻst dostoni”, “Saragul”, “Feruz va Kaufman”, “Berdaq shoirning tugʻilishi” kabi asarlari oʻquvchilar diqqatini tortdi, adabiy mukofotlarga sazovor boʻldi.
Muzaffar Ahmadning poliglotlik (koʻp tillarni bilish) qobiliyati uning ijodiga xos boʻlgan qanchalik noyob xususiyat boʻlsa, shu tillarda yaratilgan asarlarni oʻzbek tiliga muvaffaqiyat bilan pishiq-puxta oʻgirishi – shunchalik zargarona sanʼatdir, deb eʼtirof etish oʻrinli boʻlar edi. U qoraqalpoq mumtoz shoirlari ijodini mukammal tarzda oʻgirib chiqdi, turkman xalqining ulugʻ shoiri Maxtumquli ijodiyotini oʻzbek tiliga toʻla oʻgirdi. Endilikda u jahon donishmandlari, adib va shoirlarining aforistik ijodini toʻplash, tarjima qilish, keng ommalashtirish ishlari bilan ham shugʻullanib kelmoqda. Ijod olamidagi keng faoliyat, turli qardosh va jahon xalqlari tillaridan qilingan tarjimalar, adabiyot, sanʼat, madaniyat, maʼnaviyatning ham nazariy, ham amaliy muammolari bilan qiziqish, jahon xalqlari ijodidagi shoh asarlarni oʻzbek oʻquvchilari orasida keng targʻib qilish, badiiy asarlarni yuksak mahorat ila tahrir etish – Muzaffar Ahmadning ijodkorlik, tarjimonlik faoliyatidagi boʻrtib turgan xususiyatlardir. “Adabiyotlar doʻstligi – xalqlar doʻstligi” shiori uning faoliyatida ham bosh ijodiy tamoyilga aylandi, uning nomini ilgʻor oʻzbek ijodkorlarining oldingi qatoriga olib chiqdi.
Muzaffar Ahmad jahonga mashhur bolalar shoirlarining asarlarini oʻzbekchalashtirish, ularning ijodi va faoliyatini keng ommalashtirish ishlarida ham jon-dili bilan xizmat qilib kelmoqda. U yaratgan “Qaynona va kelin haqida ertak”, “Uylanish”, “Arslon va kampir” kabi ertaklari oʻz vaqtida matbuotlarda nashr qilinib, oʻz oʻquvchilariga yetib borgan. Koʻrinadiki, adabiyot olamidagi voqealardan keng xabardorlik, xalqlar doʻstligi, hozirgi zamon sharoitidagi adabiy aloqalar, badiiy tarjima muammolari, tillarning oʻzaro bir-birini boyitish masalalari, bolalar adabiyotining muhim masalalari, kitob targʻiboti – Muzaffar Ahmad ijodidagi yetakchi motivlardan sanaladi.
Quyida Muzaffar Ahmad tarjimonlik faoliyatidagi amalga oshirgan asosiy ishlaridan namunalar keltirildi.
Rus tilidan:
- “Muqaddassan, Ayol”. Oila, ayol, tarbiya haqida jahon xalqlari maqollari, aforizmlar, hikmatlar toʻplami. “Yozuvchi” nashriyoti – 1999 yil.
- “Konfutsiy”. Hayoti va faoliyati haqida tarixiy-biografik qissa-ocherk.
- “Budda”. Hayoti va faoliyati haqida maʼrifiy-biografik qissa-ocherk.
- “Xon Kildon”. Koreys xalq qissasi.
- “Shalom, Isroil!”. Isroil mamlakati erishayotgan iqtisodiy-ijtimoiy yutuqlar haqidagi asar. “jahon adabiyoti” jurnalida 2000 yil chop etildi.
- Jahon fozillarining maʼnaviyat haqida aforizmlari (toʻplash va tarjima qilish ishlari davom etayotir).
Turkman tilidan:
- Maxtumquli. “Saylanma”. “Oʻzbekiston” nashriyoti – 1996 yil.
- Maxtumquli. “Elga yoydim nasihat”. “Yangi asr avlodi” – 2008 yil.
- Maxtumquli. 3 jildlik toʻla asarlar toʻplami (tayyor).
- Mullanafas. “Tohir va Zuhro” (doston va sheʼrlar) “Choʻlpon” nashriyoti – 2010 yil.
- Shaydoyi. “Gul va Sanovbar” (dostonlar, sheʼrlar).
- Andalib. “Oʻgʻiznoma” (doston).
- Xalq ijodi. “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi”. Doston (tayyor).
- Xalq ijodi. “Gʻarib va Shoxsanam”. Doston.
- Tirkish Jumageldiyev. “Oʻtda yongan kelinlar”. Qissa. “Sharq yulduzi” jurnalida 1990 yil eʼlon qilingan.
- Otajon Togʻon. “Begona”. (Roman). “Jahon adabiyoti” jurnalida nashrga tayyorlandi.
- “Zamonaviy turkman shoirlari ijodidan” (Annageldi Ogʻageldiyev, Otamurod Otaboyev, Qurbonyoz Doshqin sheʼrlari). “Jahon adabiyoti” jurnalida nashrga tayyorlandi.
Qozoq tilidan:
- “Dildagi ohim mening”. Sobit Doʻsanov. Qissa va hikoyalar toʻplami. Gʻ. Gʻulom nashriyoti – 2008 yil.
- Ersin Qoʻyboqar oʻgʻli. “Yoshligim – beboshligim”. Qissa va hikoyalar toʻplami. Gʻ. Gʻulom nashriyoti – 2008 yil.
- Nurgʻali Qadirboyev. “Koʻprik quramiz”. Bolalarga atalgan hikoyalar. “Oʻzbekiston” nashriyoti – 2005 yil.
- Esongʻali Ravshanov. “Qushlar bizning doʻstimiz”. Hikoyalar. “Sharq” nashriyoti – 2010 yil.
- Qulbek Ergoʻbek. “Yozuvchi laboratoriyasida”. Ilmiy-adabiy maqolalar. “Chimkent-Turkiston” universiteti nashriyoti – 2008 yil.
- Isroil Saparboyev. “Amir Temur” (drama). Tayyor.
- Qozoq adiblari va shoirlarining aforizmlari, hikmatli soʻzlari.
- Derbis Ali. “Qurʼoni Karim taʼlimoti” (ilmiy-diniy tadqiqotlar).
- Magʻjon Jumaboyev. Sheʼrlar toʻplami.
- Mekemboy Oʻmarov. Bolalarga atalgan sheʼrlar.
Tatar tilidan:
- Qul Ali. “Yusuf va Zulayho” (doston). Tayyor.
- Abdulla Toʻqay. Sheʼrlar. (bolalarga).
Qoraqalpoq tilidan:
- “Xalq uchun”. Jiyan jirov, Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, Oʻtesh shoir sheʼrlarining mukammal toʻplami. “Noshir” nashriyotida bosmaga tayyorlandi – 2011 yil.
- Berdaq. “Tanlangan asarlar”. “Oʻzbekiston” nashriyoti – 1998 y., yubiley nashri.
- Ibroyim Yusupov. Mustaqillik davridagi ijodidan. Sheʼrlar – 1999–2007 yillar.
- Murodboy Nizanov. “Oʻzga sayyorada yetti kun”. Hajviy qissa va hikoyalar. “Yosh gvardiya” nashriyoti – 1992 y.
- Murodboy Nizanov. “Pora”. Hajviy qissa. “Yoshlik” jurnali – 1993 yil.
- Ollonazar Abdiyev. “Ajinalar uyasi”. Roman (jurnal nusxasi “Subhidam” nomi ostida “Sharq yulduzi”da eʼlon qilindi) 2007 yil.
- Qoraqalpoq shoiralari (Nabiyra Toʻreshova, Guliston Shomurodova, Minayxon Jumanazarova, Guliston Davletova, Gulnora Nurlepesova, Fotima Mirzaboyeva, Sharigul Payzullayeva, Shinargul Paxratdinova ijodidan namunalar). 2008 yil.
- Xolmurod Saparov. Bolalarga atalgan sheʼrlar. 2006 yil.
- Zamonaviy qoraqalpoq shoirlari (Xolilla Davlatnazarov, Minayxon Jumanazarova, Jiyanboy Izboskanov, Jumaniyoz Oʻtaniyozov ijodidan sheʼriy turkumlar). “Jahon adabiyoti”, 2011 yil, №8.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/muzaffar-ahmad-1956/