Gulixonning gulzorchasi

Gulixon oynavand ayvonda nonushta qilib boʻlib, tashqiga chiqdi-yu, toʻgʻri gulzorcha tomonga chopqilladi. Bu – oʻz-oʻzining gulzorchasi. Buvisi erta bahorda ariqcha yoqasidagi yerning supradekkina joyini ketmonda yumshatib berdi. Gulixon gul urugʻlarini sepib, yogʻoch sopli qushtirnoqda ularni tuproqqa aralashtirdi. Mana, kunlar zuvillab oʻtib, pechakgul-u sapsarlar, chinnigul-u qistakoʻzlar ranggo-rang boʻlib ochildi. Uzoqdan qarasang, atlas roʻmolchaning oʻzginasi.

Gulixon gulzorchasining chiroyidan koʻz uzolmay, zavqi toshib turganda, “viz-z” etgan tovush eshitildi. Qayoqdandir uchib kelgan durbinkoʻz asalari surnaychalarni eslatuvchi pechakgullardan biriga qoʻnib, ichiga shoʻngʻidi. Bundan Gulixonning zardasi qaynadi:

– Hey, Gʻizgʻizqori, nima qilyapsan? Kish!

Oʻzi toʻgʻrisida “Gʻizgʻizqori – ogʻzi toʻla dori”, degan matal borligini kichkinaligidayoq bilib olgan asalari: “Ie! Nega meni haydamoqchi boʻlyapsan?” – deb soʻragan edi, Gulixon: “Bu gullarni men ekkanman, ularga tegma!” – deya oʻshqirib berdi.

– He atta-a-ng! – deb bosh tebratdi, ogʻzi shiralashib turgan Gʻizgʻizqori. – Oʻzing ekkan gullarga oʻzing yomonlik tilayapsan-a.

Gʻizgʻizqorining tushuntirishiga qaraganda, asalari gulga qoʻngan chogʻda gʻunchadagi changlar ogʻzi-yu oyogʻiga yopishib qolarkan, keyin boshqa gullarga qoʻnib, bu changlarni ularga yuqtirar ekan. Agar chechaklardagi changlar bir-biriga yuqtirilmasa, gʻunchalar nimjonlashib, ochilmasdanoq toʻkilib tusharkan.

Gʻizgʻizqorini bilmasdan xafa qilib qoʻyganini anglab yetgan Gulixon oʻzicha pushaymonlanib turganida, yana bir gala asalarilar “vozira-vuzur” uchib kelishib, biri biridan goʻzal gullarni achom-achom qilishga tutindilar.

– Hey, oshnalar! – deya sheriklariga soʻz qotdi Gʻizgʻizqori. – Gulixon bilan tanishib qoʻyinglar. Bu gullarni shu qiz ekkanakan.

Asalarilar Gulixonga birin-ketin salom bera boshlashdi:

– Salo-o-m, Gulixon!

– Salo-o-m, yaxshi qiz!

– Tanishganimdan niho-o-yatda xursandman, Gulixon!

Oxirida eng mitti asalari qanotini koʻksiga bosib, chuchuklandi:

– Achchalomalaytim…

– Gulzorchamga xush kelibsizlar! – deya asalarilarga quvnoqlanib boqdi Gulixon. – Mayli, gullarimga qoʻnib, mazza qilib oʻynayveringlar.

– Biz kapalak emasmiz, biz guldan gulga qoʻnib oʻynamaymiz, – deb, yana gap uqtirdi Gʻizgʻizqori. – Chechaklarning tubida shirin totqilar bor. Biz oʻsha totqilarni simirvolib, asalga aylantiramiz.

Bu gapdan Gulixonning labi choʻpillab, chehrasi ochildi:

– Voy! Qani oʻsha asallar? Chapira-chup, chapira-chup qilib yalagim kelyapti.

Gʻizgʻizqori: “Yalaging kelayotgan boʻlsa, egamizdan soʻrab koʻr”, deb manzilni aytdi. Mahallaning etagida yashovchi Turdibek ota asalarilarga yogʻoch uyacha qurib bergan ekan. Asalarilar asallarni oʻsha uyachaga eltib toʻplasharkan.

Ertasi kuni Gulixon yana gulzorchasiga chiqdi. Ariqchadan suv ochib, gullarni sugʻorayotganida, “viz-z, viz-z” qilganlaricha tagʻin oʻsha asalarilar kelib qolishdi:

– Salo-o-m, yaxshi qiz!

– Qaytib koʻrishganimizdan niho-o-yatda xursandman, Gulixon!

– Achchalomalaytim…

Kecha Gulixon roppa-rosa toʻrt yoshga toʻlgan kun edi. Gʻizgʻizqoridan daragini bilib olganidan soʻng, tugʻilgan kuniga Turdibek otaning asalidan sovgʻa qilishlarini soʻradi. Dadasi: “Xoʻp boʻladi, oposh qizim”, dedi-yu, bir kosa asal olib keldi. Buni asalarilarga aytib maqtanishi bilanoq, Gʻizgʻizqori: “Xoʻsh, asalimiz senga yoqdimi?” – deya shoshib savol bergan edi, atrofidagi asalarilar qanday javob boʻlishini kutib, Gulixonning ogʻziga hayajonlanib tikilishdi. Gulixonning: “Shunaqayam shirin ekanki, mazasi haliyam tanglayimda turibdi”, deganini eshitib, shodlikdan “Hayuv-v!” deb yuborishdi. Keyin chechaklarga yopishib, totqilarni talashib-tortishib soʻrib olishgach, yaxshi kayfiyatda uylariga qayta boshlashdi:

– Xayr, Gulixon!

– Koʻrishguncha omon boʻl, qizaloq!

– Yachchi qol, Gulliy…

Gulixon asalarilar bilan qoʻl silkitib xayrlashayotib: “Oʻrtoqlaring bugun rosa xursand koʻrinishyaptimi?” – deb soʻradi Gʻizgʻizqoridan.

– Asalimizni maqtab, barimizni quvontirib yubording, – dedi Gʻizgʻizqori. – Ota-buvamizdan qolgan odatimiz bor – doimo boshqalarga foydasi tegadigan ish qilishga urinamiz. Qilgan ishimiz oʻzgalarga yoqsa, suyungandan suyunib ketamiz. Shunaqa oqkoʻngilligimiz uchun hamma bizni yaxshi koʻradi.

Gʻizgʻizqorining bu soʻzlari Gulixonning diliga chuqur oʻrnashib qoldi-yu, oʻsha kundan boshlab xulq-atvori ancha oʻzgardi. Endi u biron-bir yumushga qoʻl urayotib, bu ishimdan boshqalarga naf bormi, qilgan ishim birovlarga yoqarmikin, deya ichida oʻylab qoʻyadigan, oyisining qoʻldoshiga aylanib uy supurayotganida, idish yuvayotganida yoki tovuqlarga don sochayotganida yuragi yashnab-yashnab ketadigan boʻldi.

 

Anvar Obidjon

 

2007-yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/gulixonning-gulzorchasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x