Oʻzbek xotin-qizlari orasidan yetishib chiqqan adiba Oydin (Manzura Sobirova) 1906 yili Toshkentda, hunarmand oilasida tugʻilgan. Oydin 1919 yili Toshkent xotin-qizlar bilim yurtiga oʻqishga kiradi. Uni 1923 yili tamomlab, oʻqituvchilik qiladi.
Yoshlikdan adabiyotga havas qoʻygan Manzura kichik-kichik sheʼrlar bilan matbuotda koʻrina boradi. Samarqanddagi Pedagogika akademiyasida oʻqib yurgan paytlarida (1927–1933) Hamid Olimjon, Uygʻunlar bilan yaqindan tanishuvi uning ijodida katta rol oʻynaydi. Uning diniy bidʼatlarni fosh etuvchi “Yangilikka qadam” nomli birinchi pyesasi 1925 yilda bosilib chiqadi.
Shundan soʻng “Tong qoʻshigʻi” (1931), “Chechan qoʻllar” (1932), “Oydin sheʼrlar” (1937) kabi sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilinadi. Oydin 30-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab hikoya janrida ijod qila boshlaydi. Uning “Eslash yoki vigovor” (1938) nomli dastlabki hikoyasida mehnatning insonni tarbiyalashdagi roli ifodalangan. “Chaqaloqqa chakmoncha”, “Shirin-shakar”, “Uyaldi shekilli, yerga qaradi”, “Sadagʻang boʻlay, komandir” hikoyalarida sevgi-muhabbat, sadoqat mavzulari aks ettirilgan. Adibaning “Yamoqchi koʻchdi”, “Hazil emish”, “Gulsanam” (1938) asarlarida oʻzbek xalqining yaqin oʻtmishi, ishchi-dehqonlarning ogʻir hayoti tasvirlangan.
Oydinning urush va undan keyingi tinch qurilish yillarida nashr etilgan “Qizlarxon” (1943), “Mardlik – mangulik” (1947), “Hikoya va ocherklar” (1952), “Hikoyalar” (1954) kabi toʻplamlarida kishilarning vatanparvarligi, qahramonlik fazilatlari, front va mamlakat ichkarisidagi jonbozliklari, tinchlik davridagi mehnati oʻz ifodasini topgan.
Oydin bu davrda ocherknavis sifatida ham tanildi. Uning “El quvonchi”, “Mening qahramonim”, “Vatan uchun jon fido” kabi ocherklarida fidoyi oʻzbek ayollari obrazi yaratilgan. Oydin “Oʻzbekiston xotin-qizlari” (“Saodat”) jurnalining birinchi muharriri boʻlgan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.
https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/oydin-1906-1958/