Sichqonga aylangan yoʻlbars

Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, koʻm-koʻk oʻrmon yoqasida bir uy bor ekan. Bu uyda bir keksa kampir yolgʻiz yashar ekan. Bir kuni kampir eshik yonida ip yigirib oʻtirganda, qargʻa quvlab kelayotgan sichqonni koʻrib qolibdi. Kampir oʻrnidan turib, qargʻani kaltak bilan haydabdi. Sichqonni uyga olib kirib, oldiga bir kaft guruch toʻkibdi.

Sichqon kampirning non-tuzini yegach, uning uyida qolibdi. Endi kampir yolgʻizlikdan qutulibdi. Biroz muddat oʻtibdi, kampir eshik oldida oʻtirib, guruch tozalayotgan ekan, sichqon uning atrofida aylanib oʻynabdi. Kampir unga baʼzi-baʼzida bir necha dona guruch sochibdi. Shu payt bir mushuk kampirning uyi yonidan oʻtib qolibdi va oʻynab yurgan sichqonni koʻribdi. Kampir mushukning kelganini sezgach ichida: “Agar sichqonni koʻzdan qochirsam, mushuk uni olib ketadi”, – deb oʻylabdi. Oh chekkancha oʻziga-oʻzi debdi: “Qaniydi sichqon mushukka aylansa-yu, men bexavotir oʻtirsam”. Koʻz ochib yumguncha uning orzusi amalga oshibdi. Sichqon katta, bahaybat mushukka aylanibdi. Uni koʻrgan haligi mushuk esa dumini qisgancha qochib ketibdi.

Kechqurun kampir tinchgina uxlabdi, mushuk tomga chiqib sayr qilibdi. Yarim kechada bir itning vovullaganini eshitgan mushuk qoʻrqib, tomdan sakrab tushibdi. Uyning ichiga yugurib kiribdi, sandiq orqasiga yashirinibdi. It vovullabdi, mushuk qaltirabdi. Kampir mushukning holiga achinib oʻziga-oʻzi debdi: “Koshki mushukcham katta itga aylansa-yu, unga hech qanday it ozor bera olmasa”. Kampirning orzusi yana amalga oshibdi. Uning mushugi katta, kuchli itga aylanibdi. Boshqa itlarning vovullaganini eshitganda, ularga javob qaytaribdi. Uyni qoʻriqlabdi.

Oradan biroz vaqt oʻtib kampirning uyi atrofida och yoʻlbars paydo boʻlibdi. U oʻlja izlab aylanib yurgan ekan. It oldinga chiqib, unga vovullabdi. Yoʻlbars itga qarab naʼra tortibdi. Shunda kampir faryod chekibdi: “Qaniydi, itim katta yoʻlbarsga aylansa. Shunda boshqa hayvonlar unga hamla qila olmas edi”.

Bu safar ham kampirning tilidagi roʻyobga chiqibdi. Uning iti katta, haybatli yoʻlbarsga aylanibdi. Endi u oʻrmonda viqor bilan yuradigan boʻlibdi. Uni koʻrgan boshqa jonzotlar qoʻrqqanlaridan butalar orasiga yashirinishar yoki daraxt tepasiga chiqib olishar ekan. Har safar oʻzidan kichikroq hayvonni koʻrsa, vajohat bilan naʼra tortibdi. Kampir uning qilayotgan ishlarini koʻrsa ham indamabdi. Oxir-oqibat bir kuni yoʻlbars kichkina sichqonni qoʻrqita boshlabdi. Uning ishidan kampirning hafsalasi pir boʻlib, yoʻlbarsga debdi: “Nega bunchalik manmansan? Bir paytlar oʻzing ham kichkina sichqon boʻlganing esingdan chiqdimi?” Yoʻlbarsning jahli chiqibdi. Kampirning unga koʻrsatgan mehr-u muhabbatini unutibdi.

– Hech kim meni bir paytlar sichqon boʻlganimni bilmaydi, – debdi u.

– Sen noshukr hayvon ekansan. Qaniydi, yana avvalgiday sichqonga aylanib qolsang, qargʻa ortingdan quvib yursa.

Kampir gapini tugatmasidan yoʻlbars kichkinagina sichqonga aylanib qolibdi. Qoʻrqqanidan qaltirab, kampirning atrofida gir aylanibdi. Oxiri oʻrmon tarafga qochibdi. Kampir uni boshqa koʻrmabdi. Qissadan hissa: Boylik bitsa yomonga, oʻzin sanar xoqonga.

 

Fors tilidan Bahriddin Turgʻunov tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/xalq-ogzaki-ijodi/sichqonga-aylangan-yolbars/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x