Onasi nima derdi

Lyubov Voronkova

 

Grinka bilan Fedya shovul tergani adirga yoʻl olishdi. Vanya ham ular bilan birga ketdi.

– Mayli boraqol, – dedi buvisi. – Koʻproq shovul olib kelsangiz, shoʻrva qilib beraman.

Hali oʻti oʻrilmagan dala nihoyatda chiroyli edi. Hammayoq qizil, oq, havorang, sariq gullar bilan qoplangan.

Bolalar gullarga mahliyo boʻlgancha yugurib ketishdi.

Birdan Fedya:

– Bu yerda negadir asalari koʻp ekan! – deb qoldi.

– Ha, negadir juda koʻp, tinmay gʻuvillashyapti, – dedi Vanya ham.

– Bolalar, orqaga qaytdik. Biz ari uyasiga kelib qolibmiz, – dedi Grinka.

Bu yerda akatsiya va lipa gullari qiygʻos ochilgan edi.

– Arilarga tegmay jimgina ketaylik. Boʻlmasa ularning jahli chiqib, chaqib tashlaydi, – dedi Fedya.

Bolalar sekingina ari galasidan uzoqlashishdi. Ular asta qadam tashlar, qoʻllarini ham qimirlatmasdilar, chunki arilarning jahlini chiqarishdan qoʻrqishardi.

Shu payt orqa tomondan kimningdir yigʻlagan ovozi eshitildi. Bu asalarichining kichkina oʻgʻli Vasenka edi.

Kichkintoy asalari qutisi ustiga chiqib olgan va ular bolakayni tinmay chaqardi.

– Bolalar, – qichqirdi Vanya, – Vasenkani ari talayapti, uni qutqarish kerak!

– Nima, endi biz ari uyasiga boramizmi? – koʻnmadi Grinka. – Bizlarni ham talaydi-ku.

– Otasini chaqirish kerak, – dedi Fedya, – ularning uyiga yaqin qoldi, aytib ketamiz.

Fedya bilan Grinka yoʻlda davom etishdi. Vanya esa orqasiga qaytib ari uyalari tomon yurdi.

Ariga talanayotgan Vasenkani qoʻlidan ushlab qutidan tushirdi. Tez-tez yurgancha bolakayni uyiga olib borib qoʻydi. Uning onasi hovlida kutib oldi.

– Quloqsiz bola, nega ari uyasiga bording? Qara, qanday chaqib tashlaganini! – u Vanyaga yuzlanib qichqirib yubordi:

– Voy, Vanya, Vasenkaning kasriga arilar seni ham rosa talabdi-ku!

– Hechqisi yoʻq, – dedi Vanya ortiga qaytarkan.

Uyga yetib kelguncha peshonasi, qovoqlari shishib ketdi, hatto koʻzlari yumilib qoldi.

– Voy, oʻlmasam! – dedi buvisi. – Seni kim bu ahvolga soldi?

– Arilar, – javob berdi Vanya.

– Nega ular Grinka bilan Fedyaga tegishmadi?

– Chunki ular qochib ketishdi-da, – dedi Vanya, – hechqisi yoʻq, ogʻriq tezda oʻtib ketadi.

Tushlikka uyga kelgan otasi Vanyaning ahvolini koʻrib nima boʻlganini soʻradi.

– Bizning qahramon Vanya arilardan Vasenkani qutqarib olibdi. Fedya bilan Grinka esa qochib ketishibdi, – dedi buvisi, – Vanyaning ahvolini onasi koʻrsa, nima derkin?

Vanya yumilib ketgan koʻzlari bilan otasiga qarab uning javobini kutardi. Otasi Vanyaning yelkasiga qoqib:

– Nima ham derdi: barakalla, oʻgʻlim! Juda toʻgʻri qilibsan! – deydi-da.

 

Ruschadan Barno Lutfullayeva tarjimasi

 

“Gulxan”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/onasi-nima-derdi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x