Poyezd tayyor joʻnamoqqa,
Vokzal toʻla yigitga:
Ona bu kun uzatadi
Oʻz oʻgʻlini frontga.
– Xayr oʻgʻlim, oq yoʻl boʻlsin,
Xayr, koʻzim qorasi.
Bilkim, jangda bilinadi
Mard yigitning sarasi.
Bola ekan tish chiqardim,
Yovlarni tishlasin, deb.
Togʻday ogʻir bilak berdim,
Dushmanni mushtlasin, deb.
Yana ikki koʻz ham berdim,
Yov kelganda koʻrgani.
Oyoq berdim lozim kelsa
Yov ustiga yurgani.
Aql berdim, yov bosganda
Yengishga yoʻl topsin, deb.
Ot ham boqdim, mavrid kelsa
Jangga minib chopsin, deb.
Mana bu kun buyuk xalqing
Seni chaqirdi jangga:
Fashist degan bir ajdaho
Yov kelibdi Vatanga.
Otangning nomini aytib,
Bolam, mard boʻl, jangga kir.
Dushmanni quv elimizdan,
Ketidan yelday yugur.
Koʻkdan kelsa, qilich bilan
Oyogʻini qirqib ol;
Yordan chiqsa, qoʻndogʻ bilan
Ablahning boshiga sol.
Hamla qilsa gavdasini
Tank bilan majagʻlab oʻt.
Koʻkka chiqib oʻlim yogʻdir,
Qolsin begoʻr, betobut.
Hujum chogʻi chekinma hech,
Tulkini sher boʻlib bos.
Tirnoq bilan bagʻrini yirt.
Qoʻlingni dor qilib os.
Agar jangda ish bermasang,
Olmasang botir deb nom,
Dushmanni yengib qaytmasang
Bergan sutlarim harom.
Xayr, oʻgʻlim, oq yoʻl boʻlsin,
Xayr, koʻzim qorasi.
Bilkim, jangda bilinadi
Mard yigitning sarasi.
Yigit qasamyod qiladi
Miltiqni olib qoʻlga.
Parovoz ham qichqiradi,
Poyezd tushadi yoʻlga.
Ona yoʻlga tikiladi:
– “Bolam, yoʻling boʻlsin oq…”
Poyezd koʻzdan yoʻqolguncha
Tikiladi u uzoq.
Hamid OLIMJON
https://saviya.uz/ijod/nazm/yigitlarni-frontga-jonatish/