Shaxdam qadamli insonlarni koʻrdim

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atambayevning taklifiga binoan 5-6 sentyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Qirgʻizistonda boʻldi. Tashrif doirasida siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan qator kelishuvlarga erishildi.

Davlat va jamoat arboblari bilan uchrashuvda ikki qardosh xalqning birodarligi, madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga doir takliflar bildirildi. Prezident Shavkat Mirziyoev yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash va ijodini ragʻbatlantirish maqsadida qirgʻiz oqini Idris Aytbayevni mukofotladi. Oqinga “Malibu” avtomobili hamda Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanidan uy sovgʻa qilindi.

Bu xushxabarni eshitib, Idris Aytbayevning quvonchu hayajonlari, taassurotlari bilan oʻrtoqlashdik.

– Idris, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoevning sovgʻalari qutlugʻ boʻlsin! Oʻzbek va qirgʻiz xalqining doʻstligini mustahkamlash yoʻlida ijod qilishdan tolmang! Bunday yuksak eʼtibor va ragʻbatga munosib koʻrilganingizda qalbingizdan nimalar kechdi?

Rahmat. Taqdir – inson uchun doimo sirli, jozibali. Qurʼoni karimda Allohga tavakkal qilish kerakligi aytiladi-ku, bu yogʻi shunday boʻldi. Katta yigʻinlarda koʻp qatnashganman, sahnalarda soatlab qoʻshiq aytganman. Sira hayajonlanmayman. Qaytaga, oʻzimni kuchli his qilaman.

Oliy darajali uchrashuvda kuylayotganimda ham shunday edi. Ammo qoʻshigʻim tugashi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev chaqirganida hayajondan titrab ketdim. “Idris oʻgʻlim, barakalla!” deb bagʻriga bosgan paytidagi holatimni esa tasvirlab berolmayman. Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Sharshenovich ham xuddi shu soʻzlarni aytib bagʻriga bosdi. Bu uchrashuvda mendan baxtliroq odam yoʻq edi. Ikki mamlakatning Prezidentlari oʻz farzandidek koʻrishi bir ijodkor uchun ulkan baxt, albatta.

Oʻsha qisqa uchrashuvda juda koʻp narsalarni oʻyladim. Har ikki davlat rahbari – yurtining, xalqining timsoli. Mening zimmamga juda zalvorli va oʻta masʼuliyatli vazifalar yuklangan, deb aytsam boʻladi. Ijodim ikki xalq oʻrtasida koʻprik boʻlishini orzu qilaman, men bu yoʻlda hech charchamayman. Oʻzbek va qirgʻizning jigarlik ildizlari Oʻshdagi Sulaymon togʻidan ham qadimiy boʻlsa kerak.

Mana, necha kundirki, shodiyonalar toʻxtagani yoʻq. Qayerga bormay, meni qutlashadi, tabriklashadi. Bunday paytlarda Yaratganga shukr aytaman. Yaratgan Egam oʻzbek va qirgʻiz xalqining quvonchini bardavom, orzu-istaklarini ijobat qilsin!

 

– Oqin va baxshilar zamondoshlarining oʻy-fikri, quvonchu tashvishlaridan aytadi, ulugʻ ajdodlardan meros eposlarni ham baralla kuylaydi. Ayting-chi, Siz bu ikki xalqning ildizlarini tutashtiruvchi qaysi eposlarni ijro etib kelasiz?

Gapingiz toʻgʻri. Ajdodlardan kelayotgan maʼnaviy merosni zamondoshlarimizga yetkazishda baxshi shoirlarning benihoya katta xizmatlari bor. Oqinlarning yoʻrigʻi esa biroz boshqacharoq – ular koʻrganidan aytadi, ayni paytdagi voqelikni chechanlik bilan sozga joʻr etadi. Oʻnlab dostonlarni biladigan oqinlar ham bor. Eshitganda beixtiyor hayratlanasiz, “Buncha gapni qanday biladi”, deb hayron boʻlasiz.

Oʻzimga kelsak, “Manas”ni aytganimda doim tinglovchilarga eʼtibor qilaman. Xalq shu eposni jon qulogʻi bilan eshitadi. Davraning sel boʻlishi oqinni yanada ilhomlantiradi. “Alpomish”ni oʻqib oʻrganganman. Bu doston baxshilar tilida boshqacha joziba bilan jaranglaydi. Ikki alp – Alpomish bilan Qorajonning doʻstligidek doʻstlikni, jigarlikni boshqa biror eposda uchratgan emasman. Bu doʻstlikni Xudo koʻngilga solgan-da! Shu oʻrinda yana bir gap: Xudo koʻngilga solmasa, oqinning ham, baxshining ham tiliga hech bir soʻz koʻchmaydi.

 

– Siz oʻtgan yili Oʻzbekistondan Oʻshga borgan mehmonlarni kutib olishda ham qatnashgan edingiz…

Qirgʻizistonliklar oʻzbek qardoshlarini quchoq ochib, katta samimiyat bilan kutib olishdi. Et bilan tirnoqning yanada jipslashganini, ota va qizning, aka va singilning diydorlashuvini koʻrib bagʻrimiz toʻlgandek boʻldi. Bu holat mehmonlar uchun ham begona emas edi. Oʻzi, mehmonlar begona emas-da (kuladi). Oʻzbeklar mehnatda chiniqqan, shaxdam qadamli insonlar. Eslagan uchrashuvimizda shirinsoʻz, olijanob oqsoqollar, qadamidan oʻt chaqnaydigan yoshlar bilan tanishdim, qadrdon boʻldim.

“Doʻstlik” chegara majmuasidagi uchrashuv katta bayramga, xalq sayliga aylanib ketdi. Bir-birini sogʻinib qolgan ogʻa-inilarning diydorlashuvi oʻzgacha boʻlar ekan. Endilikda ikki mamlakat oʻrtasida siyosiy-iqtisodiy sohalar qatori maʼnaviy-maʼrifiy jabhada ham hamkorlik mustahkamlanmoqda. Bu borda Siz qanday tashabbus koʻrsatmoqchisiz?

Shu savolingiz bolaligimni esga soldi. Bolaligimda bojxonachi boʻlishni orzu qilganman. Negaki, otam Oʻzbekistonda tugʻilgan, onam esa Qirgʻizistonda. Oilamiz haqidagi bu gaplarni eshitgan doʻstlarim: “Idris, sen chegarada tugʻilmaganmisan?” deb hazillashardi. Ana endi, oʻylang, qarindoshlar toʻy yo maʼraka qilsa, yoki qarindoshlar bir-biridan xabarlashmoqchi boʻlsa, chegaraga ishimiz tushishi aniq. Onam yaqinlari oldiga borishda koʻp noqulayliklarga duch kelganida bojxonachi boʻlishni orzu qilganman. Goʻyo “Bu kishi mening onam”, desam, oʻtib-qaytishi osonlashadiganday. Ulgʻayganimda bildimki, qonun hamma uchun barobar ekan.

Oqsoqollarning bir gapi bor-ku: “Har gapga farishtalar omin deydi”. Mening bolalik orzumga ham farishtalar omin degan ekan. “Doʻstlik” chegara majmuasining ochilish marosimida qoʻshiq kuylab, odamlarning shodu xurramligiga tariqdek boʻlsa-da hissa qoʻshdim. Bunday xizmatni peshonamga yozgani uchun Xudoyimga shukrona keltiraman. Yurt egalariga rahmatlar aytaman. Ikki xalq intiboqchiligi yoʻlida yelkamga qanday vazifa yuklansa, sidqidildan ado etaman.

“Doʻstlik” chegara majmuasi ochilganidan buyon Qirgʻizistonga kelgan qoʻnoqlar ham, Oʻzbekistonga borgan mehmonlar ham qoʻngʻiroq qilib, davralariga chorlashadi. “Telefonda boʻlsa ham qoʻshigʻingni eshitaylik”, deydilar. Yaqinda Qoʻrgʻontepa tumaniga borib, paxtakorlar xizmatida boʻlmoqchiman. Nasib etsa, kattaroq konsertlar ham beramiz. Kezi kelganda aytib oʻtay, yaqinda “ETNO-OʻSh” folklor ansamblini tuzdim.

 

– Siz uchun Oʻzbekistondagi eng qadrli, xalq tili bilan aytganda, “belingizga quvvat boʻlib turadigan” narsa nima?

Ota-onam, yaqinlarim… Sanayversam, adogʻi yoʻq. Bolaligim shu yurtda – Qoʻrgʻontepa tumanidagi Namuna qishlogʻida oʻtgan. Odam yolgʻiz qolganda oʻzi bilan oʻzi suhbatlashadi, bolalik kunlariga xayolan sayohat qiladi. Men bunday damlarda doimo qishlogʻim koʻchalarini kezaman. Bu yoʻllarning har bir qarichigacha menga tanish, qadrdon. Bir soʻz bilan, jondek aziz, deb qoʻyaqolay…

 

Idrisbek, samimiy suhbatingiz uchun jurnalxonlar nomidan minnatdorlik bildiraman. Kelgusidagi ijodiy ishlaringizga zafarlar tilayman. Siz bilan necha marotaba telefon yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali bogʻlangan boʻlsak, doim tildan qoʻymay aytgan gapingizni mendan ham eshiting: oʻzbek va qirgʻiz xalqining doʻstligi abadiy boʻlsin! Bu soʻzlarni qancha koʻp takrorlasak, koʻngilda shuncha chuqur ildiz otadi.

Toʻgʻri aytasiz. Bu doʻstlikni qoʻshiq qilib kuylashdan charchamaylik!

 

Nurilla Choriyev suhbatlashdi.

 

“Yoshlik”, 2017 yil 9-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/shaxdam-qadamli-insonlarni-kordim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x