Post Views:
1
TOSHKENT ShEVASI – o‘zbek adabiy tiliga asos bo‘lgan yetakchi shevalardan biri, o‘zbek tilining qarluq-chigil lahjasiga kiradi. Unda qipchoq lahjasi elementlari ham uchraydi: yur-jur, ayrim-ajrim (semantik differensiatsiya mavjud), yo‘nalish-jo‘nalish, ayrilmoq-ajralmoq. Toshkent shevasi singarmonik emas, masalan, tegiz va taqiz, o‘tqaz, kirg‘iz va h.k.; Toshkent shevasida adabiy tildagi kabi 6 unli, singarmonik-qishloq shevalarida – 9 unli. Singarmonik bo‘lmagan shevalar va adabiy tilda indifferent shakllar, leksik omonimiya mavjud (bo‘l, o‘z va shu kabilar).
Toshkent shevasining ayrim fonetik xususiyatlari:
Unlilar:
1. Barcha unlilar, baʼzi fonetik farqlari bo‘lsa-da (qiyoslang: kirish, bilish, qilish) fonologik jihatdan indifferentdir. Toshkent shevasida leksik omonimiya (“bo‘l” kabi) yo‘q.
2. Cho‘ziq unli o (bosh) kuchsiz lablangan (qiyoslang: Namangan shevasida lablangan). Bu holat tajribada tasdiqlangan. Ushbu so‘zlardagi lablangan unlining talaffuz etilishini qiyoslang: to‘m – tom (kitob tomi) – tom (uy tomi); to‘k (narsani to‘kmoq) – tok (elektr toki) – tok (o‘simlik).
3. I unlisi “qitiq” kabi so‘zlarda fonetik jihatdan rus tilidagi i unlisiga juda yaqin.
4. Ikki tilda so‘zlashish sharoitida ye(e) unlisini rus tilidan kirgan so‘z bo‘g‘inlarida ham qo‘llash o‘zlashtirilgan: telefon (“tilifon-tilfon” emas), student va h.k.
5. Cho‘ziq o unlisining, ayniqsa so‘z oxirida ishlatilishi xarakterli emas: amaldor, Abdulla (qiyoslang: Abdullo). Tojikcha so‘zlarni qiyoslang: balo, jazo, davo.
6. U unlisi keyingi bo‘g‘inlarda ishlatilganda (uru:g‘) oxirgi undosh juda kuchsiz talaffuz etiladi, buning hisobiga undan oldingi unli cho‘zib talaffuz qilinadi, har doim lablangan garmoniya bilan boshlanavermaydi (qiyoslang: etuv-etik, chochu:g‘).
7. Muayyan fonetik holatda tor unli (i, u)ning tushib qolishi (odatda ikkinchi urg‘usiz ochiq bo‘g‘inda: o‘rin+im – o‘rnim, bag‘ir+i – bag‘ri, ko‘ngil+i – ko‘ngli, buyur+ –uq – buyruq) rus tilidan kirgan so‘zlarda kuzatilmaydi (satin+im – satinim). Keng a unlisining “shahar” so‘zidan tushib qolishi adabiy tilning yozma shaklida uchraydi (shahar+i – shahri), shevada kuzatilmaydi (shahari).
8. O tovushi o‘zlashib ketgan [zontik, tom (jild), nomer. Ilgari esa: zo‘ntiy – zo‘ntuv, to‘m, numʼr shaklida ishlatilgan].
Undoshlar:
1. Rus tilidan o‘tgan so‘zlar tarkibidagi s undoshi o‘zlashtirilgan (tovush va affikslar odatda so‘zlar tarkibida o‘tadi): protsent, konsert, sifra (ular avval pʼrasen, kensert, sʼpʼr shaklida ishlatilgan).
2. В lab-tish undoshi o‘zlashtirilgan (vagon, samovar; avval esa: vogon samavor; v–lab-lab). Avtomobil, sostav so‘zlarida fonetik jihatdan f rus tilidagidek talaffuz etiladi; avval esa: eptemebil, sestep. Qiyoslang: forma-po‘rma. Toshkent shyevasida v undoshi a unli tovushi bilan hatto yonma-yon kelganda ham lab-lab shaklida talaffuz etiladi (savzi, lavang. Qiyoslang: kovla, ovvol).
3. H undoshi ko‘pincha x deb talaffuz etiladi (xamma, ixtimol, shaxar), lekin har doim emas (hid, himmat, bihi, ho‘l, Hidoy – ism). Omonimiya hodisalari: xol (hol, xol).
4. So‘zning boshlang‘ich bo‘g‘inida undoshlar to‘plangan bo‘g‘inlarning yangi tiplari o‘zlashtirilgan va bu hodisa normal hol bo‘lib qolgan (front), muayyan tiplari oxirgi bo‘g‘inda (punkt); so‘zga unli qo‘shish hodisalari endi uchramaydi: istansa (stansiya), turuba (truba), isparapka (i, a; spravka), ishtarap (shtraf) va b.
5. Bir bo‘g‘inli bo‘lmagan o‘rtoq tipidagi so‘zlarda shevada oxirgi tovush kuchsiz F (k – y, v) sifatida talaffuz qilinadi: o‘rto:g‘, etay (etak), etuv, etiy (etik), bʼlduv (bildik). Qiyoslang: bʼlsovuz; bilsamiz (bu shakl qadimgi yozma yodgorliklardagi elementlar shakliga yaqin). Eslatilgan fonetik hodisa feʼl va taqlidiy so‘zlarda kuzatilmaydi. Qiyoslang: ochu:g‘ (ochiq) – ochʼq (ochiq – ochiqmoq), chʼnʼq (chiniq), shereq – shuruq.
Toshkent shyevasining rivojlanishi leksika sohasida ko‘zga tashlanadi. Toshkent shyevasi internatsional so‘zlar hisobiga boyib bormoqda, adabiy til va boshqa shevalarga ko‘proq yaqinlashmoqda; barcha o‘zgarishlarni, ijtimoiy hayot, madaniyat taraqqiyotini izchil aks ettirib bormoqda. Toshkent shyevasi o‘zbek-ruscha zullisonayn (bilingvizm)ning rivojlangan shaklidir.
“Toshkent” ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/toshkent-shevasi/