XX asr turk sheʼriyatida shoirlar sultoni deya ulugʻlangan Najib Fozil Qisakurak 1904 yilda Istanbulda tugʻilgan.
Bolalalik yillari shu shaharda oʻtdi. 1924–1925 yillarda Fransiyada falsafadan tahsil oldi. Biroq oʻqishni tugatmasdan qaytgandan soʻng har xil ishlar bilan shugʻullandi. Universitetda dars berdi (1939–1943). 1945 yildan soʻng faqat nashriyot ishlariga berildi. 1922 yildan eʼtiboran nashr etilgan sheʼrlari shakl va mazmunan yangiligi va chuqurligi bilan juda mashhur boʻldi.
“Oʻrgimchak toʻri” nomli ilk sheʼriy kitobi 1925 yilda nashr qilindi.
Najib Fozil 30-yillarda chuqur falsafiy izlanishlar yoʻliga kirdi. Uning fikriy dunyoqarashi oʻsha yillarda keng shakllana boshladi. Oʻsha davrda turk dramasining shoh asarlari orasidan joy olgan “Bir odam yaratmoq” pyesasi bilan birgalikda boshqa sahna asarlarini ham yozdi. 1936 yilda “Ogʻoch” nomli sanʼat va adabiyot oynomasini nashr qildi.
Najib Fozil shoir va sanʼatkor, mutafakkir sifatida, ayniqsa, 1943 yilda nashr etilgan “Buyuk Sharq” oynomasi bilan keng tanildi. Bu oynomani turli vaqtlarda umrining oxirigacha nashr ettirdi.
Najib Fozil oʻzi yashagan davrning siyosiy tizimiga qarshi jiddiy tanqidiy qarashlari bilan ham ajralib turardi. U baʼzi mansabdorlarning diniy va milliy unsurlarni rad etgan fikrlariga qarshi matbuotda chiqishlar qildi. Shu sababli uni vaqti-vaqti bilan ayblab, jazoladilar. 1983 yilda vafot etmaganida qamalishi mumkin edi.
Najib Fozil – XX asr turk sheʼriyatining eng ulugʻ vakillaridan biri. Turkiyada Najib Fozilchalik taʼsiri boʻlmagan, biroq gʻoyaviy sabablar tufayli koʻproq tanilgan Nozim Hikmat bilan qiyoslaganda Najib Fozil sheʼrlarining teranligi va maʼnodorligi bilan ajralib turadi.
Najib Fozil faqat koʻplab sheʼriy toʻplamlari, “Saylanma”lari qayta-qayta nashr etilgan buyuk shoirgina boʻlib qolmay, balki “Bir odam yaratmoq”, “Rais bey” kabi asarlari bilan peshqadam dramaturglardan biri hisoblanadi. Uning hikoyalari ham sheʼr va daramlari kabi maʼnodor va taʼsirlidir.
Ayni paytda Najib Fozil oʻz davri turk ijtimoiy tafakkur tarziga kuchli taʼsir etgan shaxs sifatida ham nom qozongan. Ayniqsa, u Turkiyada ziyolilar orasida yangicha diniy qarashlarning peshvolaridan biri sanaladi. Unga hayotining soʻnggi yillarida Sultonushshuaro (shoirlar sultoni) unvoni berilgan.
Najib Fozilning 100ga yaqin kitoblari nashr etilgan. Sheʼrlari asosan “Chila” (“Gʻussa”) kitobida jamlangan boʻlib, bu kitob keyingi davr turk sheʼriyatining eng muhim asarlaridan biridir. Dramalari, hikoyalari bilan bir qatorda juda koʻp ijtimoiy-siyosiy fikrlari, esse va xotiralari ham kitob holida nashr etilgan.
Manba: Saviya.uz
Maqola yoqdimi! Uni tezroq do’stlaringizga ma’lum qiling: